Fikrlash jarayonida anglab yetishning tafakkur anglanmagan komponentlariga ta’sirini baholash




Download 12,26 Mb.
bet12/17
Sana19.05.2021
Hajmi12,26 Mb.
#14551
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17
2.2. Fikrlash jarayonida anglab yetishning tafakkur anglanmagan komponentlariga ta’sirini baholash
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, tadqiqotimizda biz A.V.Brushlinskiy tomonidan taklif etilgan hamda N.N.Pletenevskaya o‘z tadqiqotlarida foydalangan psixodiagnostik tekshiruv uslubi va yondashuviga asoslanishga qaror qildik. N.N.Pletenevskaya tomonidan olingan xulosalarni, tafakkurning anglanmagan umumpsixologik mexanizmlari haqidagi tasavvurlarni yanada kengaytirish maqsadida ushbu metodik va metodologik nuqtai nazarga asoslangan holda empirik tadqiqotni qayta tashkillashtirdik. Bu esa bizga tafakkurning anglanmagan umumpsixologik komponentlari shakllanish xususiyatlarini o‘rganish hamda N.N.Pletenevskaya tomonidan olingan natijalarni o‘zbek milliy muhitida tekshirish, shuningdek, ularni to‘ldirish va kengaytirish imkoniyatini beradi.

Eksperimental tadqiqot bosqichlari ustida batafsilroq fikr yuritib, ularning aytib turish xarakteri bo‘yicha o‘zaro farqlanishiga oydinlik kiritamiz. Mazkur bosqichlarning o‘xshash va umumiy tomoni shundaki, barcha bosqichlarda sinaluvchilardan A.V.Brushlinskiyning quyidagi klassik intellektual masalasining yechimini topish so‘raladi: “Fazoviy kemada vaznsizlik sharoitida sham yonadimi?” Bu masalaning to‘g‘ri javobi quyidagichadir: “Vaznsizlik sharoitida konveksiya hodisasi bo‘lmaydi va yonish mahsuloti alangadan ajralmaganligi hamda kislorodning yo‘qligi sababli u o‘chib qoladi, bunda yonish sodir bo‘lmaydi”. Tadqiqot bosqichlarining bir-biridan asosiy farqi turli xarakterdagi aytib turishlardan, ya’ni qo‘shimcha tarzda berilgan, savollar, vazifalar ma’lumotlar berilishidan iboratdir. Masalan, verbal xarakterdagi aytib turishlar sifatida yordamchi aytib turish vazifalaridan foydalanilib, ularning yechimi ham konveksiya va diffuziya prinsiplariga asoslangan. Masalan:

- “Nima uchun suv bilan isitish batareyalari xonada yuqorida emas, pastda joylashgan bo‘ladi? (Konveksiya)”;

- “Nima uchun sut sovuq joyda tezroq qaymoq bog‘laydi? (Diffuziya).

Ushbu tadqiqot doirasida konveksiya hodisasi deganda havoning yuqorigi va pastki qatlamlari harorati orasida farq yuzaga kelganda ularning o‘rin almashinishi tushuniladi. Shuningdek, diffuziya hodisasi deb gaz yoki suyuq holatdagi modda zarralarining harorati o‘zgarishi natijasida bir-biriga tegib turgan zarralarning aralashib yoki bir-biriga qo‘shilib ketishiga aytiladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu vaziyatda sinaluvchilarga qo‘yilgan vazifani yechishlarida ob’ektiv jihatdan topilayotgan yechim to‘g‘riligining oldindan ma’lum va aniq bo‘lgan mezonlari yo‘q, zotan bu yerda yechim bitta emas, balki bir nechta bo‘lishi ham mumkin. Demak, sinaluvchilar qanchalik ishonarli dalillarni topa olishsa, shunchalik o‘z javoblari to‘g‘ri ekanligini himoya qilishadi.

Eksperimentning birinchi bosqichi doirasida 45 nafar sinaluvchi ishtirok etdi. Ularga yuqorida ta’rifi keltirilgan intellektual masalani yechish taklif etilgan bo‘lib, uni yechish davomida sinaluvchilarga verbal xarakterdagi aytib turishlar taqdim etilgan. Fikrlashning borishi keyinchalik tahlil qilish uchun qayd etib borilgan. Eksperimental ishlarning ushbu qismi tafakkurning ongli komponentlarining ongsiz tuzilmalarga ta’sirini tadqiq etishga yo‘naltirilgan edi.

Eksperimentning ikkinchi bosqichida 60 nafar kishi ishtirok etgan. Sinaluvchilar xuddi o‘sha intellektual masalani yechishgan, biroq aytib turishlar subsensor darajada (kinofilmni tomosha qilish davomida) taqdim etilgan. Bu guruh sinaluvchilarning fikrlash jarayoni ham xuddi birinchi bosqichdagi kabi qayd etib borilgan.

Eksperimentning uchinchi bosqichidagi empirik amallar 35 nafar sinaluvchi bilan ishlashni nazarda tutgan. Xulosalarimizning asosli bo‘lishi uchun biz sinaluvchilarga asosiy vazifadan tashqari hech qanday yordamchi vazifa va aytib turishlarni taklif etmagan holda eksperiment o‘tkazdik. Ushbu guruh sinaluvchilari fikrlash jarayoni ham xuddi oldingi bosqichlardagi kabi qayd etib borildi.

Eksperimentning to‘rtinchi bosqichida 15 nafar sinaluvchi ishtirok etdi. Sinaluvchilarga yana o‘sha intellektual masalani hal etish vazifasi topshirilgan, biroq bunda kinofilmdan parcha ko‘rsatilishi davomida aytib turishlar taqdim etilmagan. Ushbu guruh sinaluvchilarining fikrlash jarayoni ham yuqorida ko‘rsatilgan tartibda qayd etib borilgan.

Tafakkur kechishi davomida uning anglanmagan komponentlarida o‘zgarishlarni ob’ektiv tarzda o‘rganish maqsadida sinaluvchilar oldiga qo‘yilgan masalani hal etishning turli bosqichlarida ulardan bir necha marta vazifaning asosiy komponentlariga tegishli bo‘lgan semantik differensial matrisasini to‘ldirish so‘ralgan (birinchi marta matrisa eksperiment boshlanganidan keyin to‘ldirilgan bo‘lsa, ikkinchi marta tadqiqot oxiriga yaqinlashganda). Ularni qayta ishlash orqali qo‘yilgan vazifani hal etish jarayonida tafakkur anglanmagan komponentlarining, ongli faoliyat ta’sirida o‘zgarish xarakterini tahlil etish nazarda tutilgan edi. Dastlabki bosqichda, ya’ni o‘tkazilgan tadqiqot bosqichlari to‘g‘risida chuqurroq mushohada yuritamiz. Eksperimentning 1-guruh ishtirokchilari (45 kishi)ga yordamchi savol berilgan: “Nima uchun suv bilan isitish batareyalari pastga joylashtiriladi?” Ular bu muammoni asosiy vazifa bilan aloqasiga e’tibor bermasdan yechishga kirishishgan. Ushbu yordamchi savolning yechimi muvaffaqiyatli topilgan taqdirda sinaluvchilarga sham haqidagi vazifaga qaytish taklif etilgan.

2-guruhda (60 kishi) kinofilmning epizodlaridan biriga joylashtirilgan “subsensor” aytib turishdan foydalanilgan. Bu yonayotgan sham va uning atrofida yo‘naltiruvchi chiziqlar bilan (“strelkalar” orqali) ko‘rsatilgan konveksiya jarayonining ramziy tasviridan iborat bo‘lib, asosiy vazifani hal etishga bo‘lgan bilvosita aytib turish sifatida qo‘llandi (1-ilovaga qarang). Sinaluvchilarga kinofilmni ko‘rishdan oldin: “Hozircha Sizning fikrlash tarzingiz bizga tushunarli, marhamat, endi monitorga qarang, hozir Sizga tanish bo‘lgan kinofilmdan kadrlar ko‘rasiz, vazifadan biroz dam oling, biroz vaqtga uni yechishdan chalg‘ing, so‘ng biz suhbatlashishni davom ettiramiz”, deb aytilgan.

3-guruhda (35 kishi) ovoz chiqarib fikrlash jarayoniga aralashilmadi va masalaning yechimini fikran izlashga imkon qadar hech qanday ta’sir ko‘rsatilmadi.

Nihoyat, eksperiment “sofligi”ni tekshirish uchun bizning tadqiqotimizda 4-guruh sinaluvchilari (15 kishi) ham ishtirok etishdi. Bu guruh ishtirokchilariga aytib turish joylashtirilmagan kinofilmdan parcha ko‘rish taklif etildi (2-ilovaga qarang).

Ushbu holda nafaqat sinaluvchilarning o‘y-fikrlari jarayonlariga aralashilmadi, balki videomaterialni tomosha qilishning imkon qadar “sof” ta’sirini tadqiq etishga harakat qilindi. Mazkur tadqiqot jarayonida sinaluvchilarning barcha mulohazalari ham qayd etib borildi.

Mazkur chizmada ko‘rsatilganidek, tadqiqot natijalarini tahlil qilish jarayonida quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutilgan edi. 1)eksperimentning birinchi va ikkinchi bosqichlari borishida olingan asosiy vazifani yechish tahlilining natijalarini solishtirish; 2) verbal va “subsensor” aytib turishlar berilganidan keyin kechuvchi fikrlash jarayonining sifatiy o‘ziga xosligini aniqlash; 3) eksperimentning barcha bosqichlarida olingan semantik differensial matrisalarini faktorli tahlil yordamida qayta ishlash; 4) fikrlab izlashni turli bosqichlarda amalga oshirishda semantik fazolarda vazifa komponentlarining taqsimlanishini solishtirish; 5) eksperimentning dastlabki ikkita bosqichida vazifani yechishning mikrosemantik tahlil natijalarini eksperimentning uchinchi bosqichi natijalari bilan solishtirish; 6)aytib turishlardan keyin vazifa komponentlarini semantik fazolarda taqsimlanishini eksperimentning uchinchi bosqichi natijalari bilan taqqoslash.

Eksperimentimizning barcha bosqichlarida yuqorida aytib o‘tganimizdek, sinaluvchilarga A.V.Brushlinskiyning sham bilan bog‘liq klassik vazifasi taklif etilgan bo‘lib, bunda sinaluvchilarda ob’ektiv jihatdan izlanayotgan yechimning oldindan ma’lum va aniq mezonlari mavjud bo‘lmagan holatida tafakkurning o‘ziga xos muhim xususiyatlari o‘rganiladi, chunki bu yerda yechim bitta emas, balki bir nechta bo‘lishi mumkin. Ta’kidlab o‘tish joizki, bunday masalalarning yechimini topishda ongli jarayonlar bilan bir qatorda ongsiz kechinmalar, anglanmagan aqliy xatti-harakatlar ham ishtirok etishi, ob’ektiv natijalarga muayyan hissalarini qo‘shishlari tabiiydir. Shu munosabat bilan, tafakkurning anglangan va anglanmagan komponentlarini ob’ektiv ravishda tahlil va tadqiq etish muammosi haqida quyidagicha mulohaza yuritish mumkin.

Yechimni topish jarayonining ongli qismini o‘rganish A.V.Brushlinskiy maktabi uchun an’anaviy bo‘lgan - eksperiment qaydnomalarini mikrosemantik tahlil qilish metodi yordamida amalga oshirilishi mumkin. Buning uchun sinaluvchilarning “ovoz chiqarib fikrlash”lari maxsus bayonnomalar tuzib, qayd etib borilgan. Bir qarashda bunday usul oddiy kuzatish natijalarini qayd etishga o‘xshab ketadi. Biroq bu yerda gap sinaluvchilar fikrlash jarayonini bir chetdan (passiv) kuzatishdan farqli o‘laroq, aytib turishlardan foydalanib ularning fikrlash jarayoniga bevosita ta’sir ko‘rsatish bilan bog‘liq eksperiment haqida ketmoqda. Albatta, kuzatishning bu jarayondagi o‘rni, hissasi juda muhim ekanligini inkor etmalan holda bu yerda ancha murakkab tarzda tashkil etilgan (shu jumladan, kuzatishni ham o‘z ichiga olgan) eksperiment amalga oshirilayotganligini alohida qayd etish lozim.

A.V.Brushlinskiy fikriga ko‘ra, har qanday aytib turish ichki, fikrlash jarayoni kechishiga maqsadga yo‘naltirilgan va tashqaridan nazorat qilinuvchi ta’sir bo‘lib hisoblanadi. Aytib turishlar yordamida, fikrlash faoliyatining ob’ektiv ravishda kuzatilmaydigan xususiyatlari va qonuniyatlari haqida yetarli darajada aniq tahliliy mulohazalar yuritish mumkin.

Sinaluvchilarga berilgan masalaning yechimini topishning ilk bosqichlarida taqdim etilgan aytib turish sinaluvchilar tomonidan mustaqil vazifa sifatida qabul qilingan bo‘lsa, keyingi bosqichlarda sinaluvchilar asosiy va yordamchi vazifalarni yagona aloqa va munosabatlar tizimiga kiritganlar. Sinaluvchilar vazifaning shartlari va talablarini doimiy ravishda bir-biri bilan solishtirib qayta shakllantirganlar, bu holat qiyosiy tahlil hamda umumlashtirish jarayonlarining bayonnomada qayd etilishini fikrlash dinamikasining ob’ektiv ko‘rsatikichi sifatida tadqiq etishga asos bo‘lishi mumkin.




Download 12,26 Mb.
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17




Download 12,26 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Fikrlash jarayonida anglab yetishning tafakkur anglanmagan komponentlariga ta’sirini baholash

Download 12,26 Mb.