|
Fermer xo‘jaliklarining tashkiliy-iqtisodiy va huquqiy asoslari
|
bet | 5/9 | Sana | 15.05.2024 | Hajmi | 210,5 Kb. | | #235413 |
Bog'liq Fermer xo’jaliklarining tashkiliy-iqtisodiy asoslari Mundarija 2Fermer xo‘jaliklarining tashkiliy-iqtisodiy va huquqiy asoslari
Har qanday xo‘jalik yuritish shakli muayyan bir ijtimoiy -iktisodiy tizimda vujudga kelish va rivojlanish jarayonida tashkiliy iktisodiy, huquqiy, ijtimoiy va psixologik xarakterdagi bir qator omillar ta’sirida shakllanib, o‘ziga yo‘l ochib boradi.
Fermer xo‘jaligining vujudga kelishi va shakllanishida uning tashkiliy-iqtisodiy asoslari muhim ahamiyat kasb etadi. Fermer xo‘jaligi uni tuzayotgan a’zolar xohishiga ko‘ra, ixtiyoriy tashkil etilib, o‘z ishlab chiqarishini belgilangan qonunchilik doirasida yuqori foyda olishni ko‘zlab tashkil etadi.
Fermer xo‘jaligi tuman (shahar) hokimligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs maqomini oladi va o‘z nomidan shartnomalar tuzish, mulkiy va mulkiy tusda bo‘lmagan huquq va majburiyatlarga ega bo‘lishi mumkin.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra femer xo‘jaligi tashkiliy-huquqiy jihatdan:
- xo‘jalik a’zolarning birgalikdagi faoliyatiga asoslangan;
- o‘ziga uzoq muddatli ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda tovar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi bilan shug‘ullanuvchi;
- o‘z nomi o‘yib yozilgan hamda gerb tasviri tushirilgan muhrga hamda shtampga ega, yuridik shaxs maqomidagi;
- bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa hisob varaqalar ochadigan;
- boshqa korxonalar, tashkilotlar, birlashmalar hamda muassasalar bilan o‘zaro teng huquqli munosabatlarga kirishuvchi mustaqil xujalik yuritish subyekti hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligida Fermer xo‘jaliklarining boshqa xo‘jalik yuritish shakllari bilan teng sharoitlarda va sog‘lom raqobat asosida rivojlanishi uchun mustahkam huquqiy-me’yoriy baza yaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Bosh Qomusi, «Fuqarolik Kodeksi», «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlar, respublika Prezidentning bir qator farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Fermer xo‘jaliklari faoliyatining mulkiy daxlsizligi va tadbirkorlik erkinligini ta’minlashga hamda qo‘llab-quvvatlash vazifalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Fermer xo‘jaligi faoliyatining qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- ustavda nazarda tutilgan doirada va ijara shartnomasida belgilangan ixtisoslashuvga muvofiq o‘ziga berilgan yer uchastkasida ishlab chiqarish faoliyatini mustaqil tashkil etish;
- ajratilgan yer va suv resurslaridan oqilona foydalangan holda mustaqil ravishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, ularni qayta ishlash va sotish, shuningdek, xizmatlar ko‘rsatish;
- tijorat faoliyati va marketing tadqiqotlarini tashkil qilish;
- yuridik va jismoniy shaxslarga pulli xizmatlar ko‘rsatish;
- tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
- yetishtirilgan mahsulotni sotish yuzasidan yuridik va jismoniy shaxslar bilan, shu jumladan, davlat ehtiyojlari uchun sotish yuzasidan qonun hujjatlariga muvofiq xo‘jalik shartnomalari tuzish;
- o‘zi yetishtirgan mahsulotga egalik qilish, shu jumladan, uni o‘zi xohlagan iste’molchilarga sotish va xarid qilinadigan mahsulotga oldindan haq to‘lanadigan fyuchers bitimlari tuzish;
- tadbirkorlikdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq solinadigan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish;
- kreditlar olish, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki hamda pul mablag‘larini ixtiyoriylik asosida va shartnoma shartlariga muvofiq jalb qilish;
- kredit olish uchun yer uchastkasidan foydalanishni ijaraga berish huquqini va yetishtirilgan mahsulotni garovga qo‘yish;
- kichik va xususiy korxonalar uchun berilgan imtiyozlarning barcha turlaridan foydalanish;
- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni ishga yollash (doimiy va vaqtinchalik asosda) va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish;
- ixtiyoriy ravishda birlashish, shu jumladan, ulush (pay) asosida birlashish, jamiyatlar, ittifoqlar, uyushmalar hamda boshqa birlashmalarga kirish;
- huquqlarini himoya qilish uchun o‘z faoliyatining har qanday masalalari bo‘yicha sudga murojaat qilish.
- faoliyatning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlarini amalga oshirish.
Qonunga muvofiq Fermer xo‘jaligi zimmasiga quyidagi majburiyatlar ham yuklatiladi:
- yer uchastkasidan ijara shartnomasida belgilangan maqsad va shartlarda maqsadli, samarali va oqilona foydalanilishini ta’minlash;
- ekologiya talablariga va atrof-muhitni muhofaza qilishning boshqa qoidalariga rioya etish;
- yerning meliorativ holatini yaxshilash va yer uchastkasining unumdorligini oshirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, biznes-rejalarda ushbu maqsadlar uchun mablag‘lar ajratilishini nazarda tutish;
- yer uchastkasidan, basharti ijara shartnomasida boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, bir yil mobaynida foydalanish;
- paxta va g‘allani navlar bo‘yicha joylashtirishning belgilangan talablariga rioya qilish;
- suvdan limit asosida foydalanish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq suv resurslaridan foydalanish;
- xo‘jalik ichki melioratsiya tarmog‘ini tozalash va ta’mirlash; servitutlarga rioya etish;
- Fermer xo‘jaligining majburiyatlari va qarzlari yuzasidan to‘liq javob berish;
- qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash;
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa mahsulotlar yetishtirishda standartlar talablariga rioya qilish;
- qishloq xo‘jaligi zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurash olib borish.
Fermer xo‘jaligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham o‘z zimmasiga oladi.
Fermer xujaligi faoliyatining iqtisodiy asoslari mulkchilik munosabatlariga borib taqaladi. Fermer xo‘jaligi o‘ziga qarashli xo‘jalik imoratlari, qishloq xo‘jaligi ekinzorlari va ko‘chatzorlari, dov-daraxtlar, mahsuldor chorva mollari, parrandalar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, inventar, asbob-uskunalar, transport vositalari, pul mablag‘lari, intellektual mulk obyektlari, shuningdek, Fermer xo‘jaligi balansida bo‘lgan boshqa mol-mulkning, ishlab chiqarish faoliyati natijasida yetishtirilgan mahsulotning, olingan daromad (foyda)ning va qonunda taqiqlanmagan asoslarda olingan boshqa mol-mulkning egasi hisoblanadi.
Fermerning pul va moddiy mablag‘lari, tovarlarni sotishdan, ishlarni bajarishdan, xizmatlar ko‘rsatishdan, shuningdek, faoliyatning boshqa turlaridan olingan daromad (foyda), qimmatli qog‘ozlardan olingan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning beg‘araz xayriya va boshqa badallari, ehsonlari va qonun hujjatlarida taqiqanmagan boshqa manbalar Fermer xo‘jaligi mol-mulkini shakllantirish manbalari bo‘lishi mumkin.
Fermer xo‘jaligining mol-mulki Fermerga tegishlidir, u qonunga muvofiq ushbu mol-mulkka egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
Fermer xo‘jaligining mulki umumiy (ulushli yoki birgalikdagi) egalik asosida uning a’zolariga tegishli bo‘ladi. A’zolarning istagiga ko‘ra xo‘jalik har bir a’zosining mulkdagi ulushi pay asosida belgilab qo‘yilishimumkin. Mol-mulkdan foydalanish a’zolarning kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi. Xo‘jalik faoliyati natijasida olingan foydaning Fermerlar ixtiyorida qoladigan yakuniy qismi ham, a’zolarning mulkdagi ulushiga mos holda taqsimlanishi mumkin.
Mulkdan foydalanish buyicha shartnoma tuzilishi xo‘jalik a’zolari orasida kelib chiqadigan turli ixtiloflarning oldini oladi. Yerga egalik masalasi Fermer xo‘jaligining mulkchilik munosabatlarida asosiy o‘rinni egallaydi. Negaki, butun agrar siyosatning muhim masalasi, negizi - yerga mulkchilik masalasidir.
Fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalari tanlov asosida ijaraga beriladi. Ijara muddati qonunga muvofiq kamida 30 va ko‘pi bilan 50 yil qilib belgilangan. Yer uchastkasining ijara muddati tamom bo‘lgandan keyin Fermer xo‘jaligi ijara shartnomasini yangi muddatta uzaytirish (muddatini cho‘zish) huquqiga egadir.
Fermer xo‘jaligi rahbari vafot etgan taqdirda, yer uchastkasiga ijara huquqi va ijara shartnomasini yangi muddatta uzaytirish (muddatini cho‘zish) huquqi qonun hujjatlariga muvofiq meros bo‘yicha o‘tadi.
Fermer xo‘jaligiga berilgan yer uchastkasi xususiylashtirilishi, oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash, garov obyekti bo‘lishi, shuningdek, ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin emas.
Fermer xo‘jaligining muassisi bo‘lgan shaxs uning rahbari hisoblanadi. U o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli, qishloq xo‘jaligida tegishli malaka va ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Fermer xo‘jaligi boshlig‘i xo‘jalik faoliyatini boshqarishga oid barcha masalalarni yakkaboshchilik tamoyili asosida mustaqil hal etadi.
Fermer xo‘jaligining faoliyati Fermerning va mehnat shartnomasi bo‘yicha unda ishlovchi shaxslarning shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Fermer xo‘jaligida mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqidan oz bo‘lmagan miqdorda, tomonlarning kelishuviga binoan ham pul tarzida, ham natura tariqasida to‘lanadi. Fermer xo‘jaligida ishlangan vaqt mehnat stajiga qo‘shiladi. Ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha nafaqalar va pensiyalar tayinlash hamda to‘lash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda amalga oshiriladi.
Fermer xo‘jaligining ishlab chiqarish va boshqa faoliyati natijasida olingan daromad (foyda) soliqlar, yig‘imlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar to‘langandan keyin butunlay Fermer xo‘jaligining ixtiyoriga o‘tadi.
Fermer xo‘jaligi quyidagi hollarda tugatiladi:
- yer uchastkasini ijaraga olish huquqidan ixtiyoriy ravishda voz kechilganda, xo‘jalik faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan merosxo‘r bo‘lmaganda;
- Fermer xo‘jaligi kreditorlik qarzlarini to‘lashga noqobilligi tufayli bankrot deb e’lon qilinganda;
- yer uchastkasini davlat ehtiyojlari va boshqa jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish zarur bo‘lganda;
- yer to‘g‘risidagi qonunlar Fermer xo‘jaligi tomonidan buzilganligi oqibatida yer uchastkasining ijara shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinganda;
- davlat ehtiyojlari uchun kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilmagan ekinlar ekilganda;
- Fermer xo‘jaligi rahbari (Fermer) ning qaroriga binoan;
- qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda sudning qaroriga binoan
Respublikamizda Fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish davrini shartli ravishda 4 bosqichga bo‘lish mumkin.
|
| |