57
4. Ularning yuzasi berk bo’lgani uchun ular kam ifloslanadi, ularning miqdori, xossasi
va tarkibi kam o’zgaradi.
Karst suvlari. Yer ostida hosil bo’lgan bo’shliq-karstlardagi suvlar karst suvlari
deyiladi. Bu suvlar tog’ jinslarida gorizontal va vertikal yo’nalishda harakat qilib, tutash
oqimlar hosil qiladi. Karst suvlarining satxi va sarfi keskin o’zgarib turadi. Yer yuzasida
karst bo’shliqlari ko’p bo’lsa, suvning yutilishi ko’payib va tezlashib ketadi. Natijada
karst rayonlaridagi buloqlarning suv sarfi suv toshqini yoki ko’p yomg’ir yog’ishi bilan
tez ko’payadi va aksincha.
Karst suvlari tarqalgan xududlarda, bu suvlar axoli yashaydigan qishloqlarni,
shaxarlarni, sanoat korxonalarini suv bilan ta’minlashda foydalaniladi. Shu bilan birga
karst suvlari foydali qazilma konlarida ishlashda, to’g’onlar va suv omborlari qurishda
ko’pgina qiyinchiliklar ham keltirib chiqaradi.
Tog’ jinslari yoriqlaridagi suvlar. Mustaxkam metamorfik, magmatik va
cho’kindi tog’ jinslari yoriqlari orasida harakat qiladigab suvlar yoriqlarda joylashgan
suvlar deb ataladi. Yoriqlarning bir-biri bilan qo’shilishi va bog’lanishi sababli
bulardagi suv, grunt suvlaridan farqli o’laroq, har tarafga oqishi, pastga oqishi yoki
yuqoriga ko’tarilishi mumkin.
Tog’ jinslari ichidagi nurash natijasida paydo bo’lgan yoriqlar bir necha metrdan
100-200 m gacha, tektonik yoriqlar esa yuz va minglab metr chuqurlikkacha borishi
mumkin. Shu sababli yoriqlarda joylashgan suvlar ham har xil chuqurlikda, bosimli
yoki bosimsiz bo’ladi. Bosimsiz suvlar jarlik va daryo o’zanlarida yer yuzasiga tinch
buloqlar ko’rinishida chiqib yotadi. Bunday suvlar xalq xo’jaligida suv bilan ta’minlash
uchun ishlatiladi. Lekin bu suvlar tarqalgan xududlarda tabiiy qurilish xom ashyolarini
qazib olishni qiyinlashtiradi.