|
Globallik mezonlari. Global muammolarning tasnifi Asosiy global muammolar tizimi
|
bet | 2/3 | Sana | 13.05.2024 | Hajmi | 62,37 Kb. | | #228839 |
Bog'liq Global muammolarning mezonlari va darjalariGloballik mezonlari. Fan va falsafada global muammolarni yanada aniqroq tavsiflash uchun yuqorida zikr etilgan «geografik» mezondan tashqari bu muammolarni boshqa tomondan – ularning sifati, va muhim xususiyatlari nuqtai nazaridan tavsiflovchi qo‘shimcha mezonlar qo‘llaniladi.Birinchidan, global muammolar o‘z mohiyatiga ko‘ra nafaqat ayrim kishilarning manfaatlariga, balki butun insoniyat taqdiriga daxldordir.Ikkinchidan, ularni bartaraf etish uchun butun sayyora aholisi hech bo‘lmasa aksariyat qismining kuch-g‘ayratini birlashtirish va ular bahamjihat, izchil ish ko‘rishi talab etiladi. Uchinchidan, bu muammolar dunyo rivojlanishining ob’ektiv omili hisoblanadi va biron-bir mamlakat ularni e’tiborga olmasligi mumkin emas.To‘rtinchidan, global muammolarning echilmagani kelajakda butun insoniyat va uning yashash muhiti uchun jiddiy, balki tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Qayd etilgan mezonlardan tashqari ba’zan global muammolarning boshqa bir qator xususiyatlari ham ko‘rsatiladi. Xususiy, mahalliy va mintaqaviy muammolardan farqli o‘laroq, global muammolar nisbatan turg‘unroqdir. Ular globallikning yuqorida sanab o‘tilgan barcha mezonlariga mos kelishdan oldin zimdan va uzoq shakllanadi, echilishiga qarab esa (nazariy jihatdan) quyiroq darajaga tushib, dunyo miqyosida o‘z ahamiyatini yo‘qotishi mumkin. Ammo tendensiyalarni teskari yo‘nalishda o‘zgartirish kamida butun jahon hamjamiyatining izchil harakatlarini talab etuvchi o‘ta og‘ir ish bo‘lib, hali bunga erishilganicha yo‘q. Global muammolar mavjudligining nisbatan qisqa tarixiga nafaqat ularning quyiroq darajaga tushishi, balki susayish hollari ham ma’lum emasligining sababi ana shundadir.
Global muammolarning boshqa bir muhim xususiyati – ularning barchasi bir-biriga shu darajada bog‘liqki, ulardan birini echish hech bo‘lmasa unga boshqa muammolarning ta’sirini hisobga olishni nazarda tutadi.
Global muammolarning tasnifi. Global muammolarning keltirilgan mezonlari va o‘ziga xos xususiyatlari asosan mazkur sohadagi aksariyat tadqiqotchilarning qarashlarini aks ettiradi va global muammolarni boshqa barcha muammolardan farqlab, aniq aytish imkonini beradi. Bunda u yoki bu muammoning keskinlik va muhimlik darajasini belgilash, uning boshqa muammolar bilan o‘zaro nisbatini aniqlash uchun odatda turli tasniflashlar amalga oshiriladi, ular alohida guruhlarga ajratiladi. Tasniflash birdan-bir maqsad hisoblanmaydi, balki hozirgi davrning o‘ta keskin ziddiyatlarini kompleks o‘rganishning muhim elementi sifatida amal qiladi va mazkur muammolarni ularning o‘zaro aloqasi va bir-birini taqozo etishi nuqtai nazaridan o‘rganish imkonini beradi. U muhim aloqalarni farqlash, ustuvorliklarni va ob’ektiv mavjud global muammolarning keskinlashuv darajasini aniqlash imkonini beradi. Bundan tashqari, tasniflash global muammolarning tizimli o‘zaro aloqasini yanada teranroq tushunishga ko‘maklashadi va amaliy qarorlar qabul qilish ketma-ketligini belgilashga yordam beradi.Izchil va aniq amalga oshirilgan tasniflash bilishning mazkur sohasidagi avvalgi tadqiqotlarni ma’lum darajada sarhisob qiladi va ayni vaqtda bunday tadqiqotlarning rivojlanishida yangi bosqich boshlanganini qayd etadi. Hozirgi zamonda global muammolarni tasniflashga nisbatan har xil yondashuvlar orasida ayniqsa keng e’tirof etilgan tasnifga muvofiq global muammolarning barchasi ularning keskinlik darajasi va echimining ahamiyatiga, shuningdek real hayotda ularning o‘rtasida qanday sababiy bog‘lanishlar mavjudligiga qarab uch katta guruhga ajratiladi. Birinchi guruh eng katta umumiylik va muhimlik darajasi bilan tavsiflanadigan muammolar. Ular turli davlatlar o‘rtasidagi munosabatlardan kelib chiqadi. Ayni shu sababli ular interijtimoiy global muammolar deb ataladi. Bu erda jamiyat hayotidan urushni bartaraf etish va adolatli dunyoni ta’minlash; yangi xalqaro iqtisodiy tartib o‘rnatish kabi ikki o‘ta muhim muammo farqlanadi:Ikkinchi guruh jamiyat va tabiatning o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga keladigan muammolar bo‘lib, ular odamlarni energiya, yonilg‘i, chuchuk suv, xom ashyo resurslari va shu kabilar bilan ta’minlash kabilardir. Bu guruhga ekologik muammolar, shuningdek Jahon okeani va kosmik fazoni o‘zlashtirish ham kiradi. Uchinchi guruhni «inson – jamiyat» tizimi bilan bog‘liq muammolar ya’ni demografiya muammosi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, xalqaro terrorizm tahdidi ma’naviyat masalalari va shu kabilardir. U yoki bu muammoning muayyan guruhga kiritilishi ma’lum darajada shartli xususiyat kasb etadi va muhim omillarga, ularni ajratish asoslariga bog‘liq bo‘ladi. SHu sababli har qanday tasnif masala echimining uzil-kesil varianti sifatida emas, balki murakkab tizimni qayta tuzishning global muammolar o‘zaro aloqasi tabiatini yaxshiroq tushunishga ko‘maklashadigan usullaridan biri sifatida qaralishi lozim. Endi butun insoniyatga jiddiy xavf tug‘dirayotgan eng muhim muammolarga qisqacha tavsif beramiz. Asosiy global muammolar tizimi. Hozirgi davrning global muammolari o‘z holatini zamonda tinimsiz o‘zgartiradigan yagona, faol va ochiq tizim hisoblanadi, chunki unga umuminsoniy ahamiyatga molik bo‘lgan yangi muammolar kirishi, avvalgi muammolar esa, ularning echilishiga qarab, yo‘qolishi mumkin. Rim klubining asoschisi va birinchi prezidenti A.Pechchei bu holatga e’tiborni qaratib, insoniyat qarshisida ko‘ndalang bo‘lgan aksariyat muammolar «bir-biri bilan mahkam chirmashib oldi, ulkan sprut changali yanglig‘ butun sayyorani o‘z iskanjasiga olmoqda... echilmagan muammolar soni o‘sib bormoqda, ular yanada murakkabroq tus olmoqda, ularning chirmashuvi yanada chigallashmoqda, ularning «iskanjasi» esa sayyoramizni o‘z changalida tobora qattiqroq siqmoqda», 1 deb yozgan edi. Ammo global ziddiyatlar tuguni qanchalik chigal bo‘lmasin, uni fan va falsafa yordamida echish, ya’ni sababni oqibatdan, muhim tafsilotlarni ikkinchi darajali tafsilotlardan, ob’ektivni sub’ektivdan farqlash uchun nazariy jihatdan anglab etish lozim. Dunyo miqyosidagi jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish uchun odamlarning imkoniyatlari va resurslari cheklanganini hisobga olib, muammolarning qaysi biri darhol echishni talab qilishi va qaysi biri ikkinchi darajali ahamiyat kasb etishini ham farqlash muhimdir. Demografik muammo.Hozirgi zamonda insoniyatning eng muhim muammolari orasida, aksariyat davlatlar va mintaqalarda aholi haddan tashqari ko‘payishiga sabab bo‘layotgan aholining nazoratsiz o‘sishi qayd etiladi. Ayrim mutaxassislarning baholashlariga ko‘ra, sayyorada mavjud energetika, xom ashyo, oziq-ovqat va boshqa resurslar Erda faqat bir milliardga yaqin kishi («oltin milliard») munosib hayot kechirishini ta’minlashi mumkin. Vaholanki, oxirgi ming yillik mobaynida sayyoramiz aholisi 15 baravar ko‘paydi va bugungi kunda 6 milliard kishidan oshib ketdi. Bunda nafaqat miqyos, balki aholining o‘sish sur’atlari ham aqlni lol qoldiradi. Xususan, birinchi ikki baravar ko‘payish 700 yil ichida, ikkinchisi – 150 yil ichida, uchinchisi – 100 yil ichida va oxirgisi – 40 yildan kamroq vaqt ichida yuz berdi. SHuni alohida ta’kidlash lozimki,, XX asrning birinchi o‘n yilligida Er yuzida jami bir milliard, 1956 yil Erda 2,8 milliard , 1985 yilda 5 milliard aholi yashagan bo‘lsa XXI asrning 2015 yilida er yuzida yashovchi aholiningumumiy soni 7,5 millarddan oshib ketdi. Futurologlarnnig fikricha 2050 yilda er da 15 millarddan ortiq aholining yashashi bashorat qilinmoqda.
XX asrda er kurrasi aholisining «demografik portlash» deb nomlangan mislsiz darajada o‘sishi biologik qonunlarning emas, balki stixiyali, notekis ijtimoiy rivojlanish va insoniyat katta mashaqqatlar bilan bartaraf etishga harakat qilayotgan chuqur ijtimoiy ziddiyatlar mahsuli bo‘ldi. Bu avvalo rivojlanayotgan mamlakatlarga tegishli bo‘lib, ularga jahon aholisi o‘sishining o‘ndan to‘qqiz qismidan ko‘prog‘i to‘g‘ri keladi. Bu erdagi vaziyat rivojlangan mamlakatlarga XX asr boshidayoq xos bo‘lgan o‘lim darajasining yuqoriligi va butun insoniyatga XVIII asrga xos bo‘lgan tug‘ilish darajasining yuqoriligi bilan tavsiflanadi. Ayni vaqtda mehnat unumdorligi darajasi va aholi jon boshiga olinadigan daromad miqdoriga, qishloq xo‘jalik ekinlarining hosildorlik darajasi va qishloq xo‘jaligining samaradorligiga, aholining savodxonlik darajasi va umumiy madaniy saviyasiga ko‘ra bu mamlakatlar xalqlarining aksariyati hali XIX asrda yashamoqda.
Demografik muammolar juda murakkab va o‘ta turg‘un bo‘lib, ularni tez bartaraf etish mumkin emas. Ularni echish kechga surilgani sari, yanada murakkabroq va chigalroq tus oladi. SHu sababli rivojlanayotgan mamlakatlarda barcha hukumatlar tug‘ilish darajasini pasaytirishga qaratilgan demografik siyosatni amalga oshirishga harakat qilmoqda. Jumladan O‘zbekistonda 1995 yilda “Oilani rejalashtirish” davlat dasturi qabul qilindi. Bu dasturda har bir oilada farzand tug‘ilishini rejalashtirishning ona va bola sog‘ligini asrashga yo‘naltirilgan sa’y harakatlardan biri bo‘lishi bilan bir qatorda, mamlakatda demografik portlashning oldini olish vazifasini bosqichma-bosqich amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu borada barcha viloyatlarda, qishloq va ovullarda reproduktiv salomatlik bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. SHuni alohida ta’kidlash joizki, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda aholining o‘rtacha yoshi erkaklar orasida 73, ayollar oraisda 75 yoshga teng. Mazkur muammo rivojlangan mamlakatlarda ham keskinlashdi, lekin bu erda uning aks ko‘rinishiga duch kelish mumkin. Umr uzunligining va keksa odamlar sonining o‘sishi jarayonida hatto aholining oddiy ko‘payishini ham ta’minlamaydigan tug‘ilish darajasining pasayishi kuzatilmoqda. Ayni holda depopulyasiya, ya’ni aholi sonining kamayishi to‘g‘risida so‘z yuritiladiki, (Rossiya aholisi o‘rtacha 54 yoshni tashkil qiladi,) bu ham milliy manfaatlar, ijtimoiy dasturlarni amalga oshirish, pensiya ta’minoti va shu kabilarga tegishli qo‘shimcha qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Rossiyadagi so‘nggi 20 yillikdagi demografik jarayonlar bunga yorqin misol bo‘ladi. Biroq, keyingi besh yilda bu masalada ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jumladan aholi soni ortishi va o‘rtacha umrguzaronlik 4 yilga oshdi.
Ta’lim muammosi. Demografik portlash sabablari ta’lim muammosi bilan uzviy bog‘liq. So‘nggi yillarda jahonda savodsizlar soni foiz hisobida kamaygan bo‘lsa, mutlaq hisobda o‘sishda davom etmoqda. Bunda ma’lumotsiz odamlarning hayoti amalda ko‘p bolalikni xurofiy aqidalar bilan oqlaydigan arxaik oilaviy an’analarga bo‘ysunadi. Pirovardda rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi tafovut bu jihatdan ham ortishda davom etmoqda. Hozirgi vaqtda ajabtovur vaziyatni kuzatish mumkin: savodxonlik mutlaq raqamlarda o‘sayotgan bir paytda, savodsizlar, ya’ni o‘qish, yozish, oddiy arifmetik amallarni bajarishni bilmaydigan odamlar soni ham o‘sib bormoqda (Hindiston aholisining 70%, Pokiston aholisining 60%, Afrika mamlakatlari aholisining 80% savodsiz).
SHu bilan bir qatorda aksariyat odamlarning ma’lumot darajasi yangi texnologiyalar va kompyuter texnikasidan keng foydalanuvchi hozirgi jamiyatda to‘laqonli yashash va mehnat qilish imkonini bermasligi bilan bog‘liq funksional savodsizlik ham o‘sib bormoqda. Bu muammoning boshqa bir jihati shundan iboratki, jahonning aksariyat davlatlarida ta’lim olish imkoniyati barchaga teng darajada ta’minlanmagan bo‘lib, bu ijtimoiy keskinlikning qo‘shimcha manbai hisoblanadi. SHuningdek hozirgi davrda ta’lim sifatini yaxshilash, uning mazmunini ijtimoiylashtirish masalasi ko‘ndalang bo‘lib turmoqda. SHuni alohida ta’kidlash lozimki ta’limning ijtimoiylashuvi o‘quv jarayonida gumanitar fanlarning o‘quv soatlari yoki fanlar sonini ko‘paytirish emas balki, tabiiy ilmiy fanlar mazmunini gumanitarlashtirish, har qanday ilmiy kashfiyotni inson manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirishi lozim. SHundagina inson o‘z mavjudligini saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi. SHu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda 1997 yilda qabul qilingan “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida” aynan shu maqsadlarni o‘zida ifodalaydi. “O‘zbekistonda har yili ta’lim uchun sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etadi. Holbuki, jahon tajribasida bu ko‘rsatkich 3-5 foizdan oshmaydi”1. Zero, insonning nafaqat bilim olishi, balki kasbiy malakalarga ega bo‘lishi ijtimoiy savodsizlikni bartaraf qilishning muhim omili hisoblanadi.
|
| |