|
Yer surilishining sabablari va talofatlari
|
bet | 120/309 | Sana | 14.05.2024 | Hajmi | 6,07 Mb. | | #232173 |
Bog'liq hfhYer surilishining sabablari va talofatlari.
Tog’ jinslari qatlamlarini qiya sath bo’ylab o’z og’irligi, gidrodinamik gidrostatik seysmik kuchlar ta’sirida surilishiga yer surilishi deyiladi. Yer surilishining vujudga kelish qonuniyatlarini, ularning dinamikasini o’rganish katta ahamiyatga ega. Bu — qurilish ishlarini olib borish sharoitini aniqlashda, halq xo’jaligi inshootlarini va inson hayotini saqlashda muhim omil hisoblanadi. Yer surilishi oqibatida halq xo’jaligi katta zarar ko’radi, ba’zi yirik inshootlar, yo’llar bir necha yuz metrga surib tashlanadi, katta-katta ekin maydonlari foydalanishga butunlay yaroqsiz bo’lib qoladi, bir necha qishloqlar, shaharlar vayron bo’ladi, minglab kishilar boshpanasiz qoladi, halokatga uchraydi.
Er surilishi — tog’ jinsining surilish tezligi hamda suriluvchi tog’ jinsini miqyos darajasiga ko’ra turli xilda bo’lishi mumkin. Jumladan, tog’ jinslari surilish tezligining sekin, o’rtacha va kuchli xillari bo’lib, birinchi surilishda bir necha santimetrga, o’rtacha surilishda bir necha metrga, kuchli bo’lganda esa tog’ jinslari soatiga bir necha kilometrga suriladi. Ayni kuchli yer surilishi halokatli bo’lib, ko’plab odamlarning o’limi kuzatiladi. Yer surilishida suriluvchi tog’ jinsining massasi bir necha million, ba’zan milliard kub metrga yetadi.
Amerika mutaxassisi F.Jensning ma’lumotiga ko’ra, AQSH da tog’ jinslari surilishlari va cho’kish hodisasi natijasida 1925-1971 yillar mobaynida 75 mld. dollar zarar ko’rilgan, bu esa yiliga 1,63 mld. dollar mablag’i yo’qotish demakdir*.
Markaziy Osiyo Respublikalari hududlarida ham hozirgi kungacha juda ko’p yer surilishlari kuzatilgan. Jumladan, 1911 yil 18 fevral kuni Pomirning Mo’zkul tog’ tizmasida 9 ballik yer silkinishi natijasida Usoy yer surilishi sodir bo’lgan. Bu yer silkinishi ta’sirida 2,5 km3 g’ovak tog’ jinsi Mypg’ob daryosiga surilib tushgan. Bunda surilish 2,5 km masofani bosib o’tib daryo o’zanini to’sib qo’ygan. Yer surilishi bo’lgan joyga qalinligi 450-500 m, uzunligi 2 km, kengligi 1 km qumtosh, ohaktosh, gips va boshqa tog’ jinslaridan iborat massa surilgan. Talafot natijasida Usoy qishlog’i yer surilmasi ostida qolib, 54 kishi nobud bo’lgan. Yer surilishi natijasida daryo o’zani to’silib, balandligi 703-788 m, eni 4,3-5,3 km bo’lgan tabiiy to’g’on vujudga kelgan. Hozirgi paytda bu yerlar dunyoga mashhur Sorez ko’li mavjud va yig’ilgan suv miqdori taxminan Norak suv ombori suvi hajmiga to’g’ri keladi.
1973 yili Respublikamizning, Ohangaron vodiysida kuzatilgan tog’ jinslarining surilishi XX asrning eng kuchli yer surilishi hisoblanib, u adabiyotlarda «ATCHI» surilishi deb nomlanadi.
Bu surilishda tuproqning hajmi 700 mln m3 ni tashkil etgan. Bu fojianing ro’y berishiga asosiy sabab, Ohangaron daryosining chap qirg’og’idagi 100-130 m chuqurlikdagi ko’mir qatlamlarining yer qa’rida yondirilishidir. Yondirilgan ko’mir qatlamlari-ning qalinligi 5-15 metr bo’lib, umumiy hajmi 3.700000 m2 ni tashkil etgan.
1987 yil 7 dekabrda Tojikistonning SHarora qishlog’ida ro’y bergan yer surilishi natijasida, taxminan kengligi 900 m, qalinligi 70 m ga yaqin bo’lgan tog’ jinsi harakatga kelib, 540 dan ortiq insonning yostig’ini quritgan.
Bu surilishning yuzaga kelishiga asosiy sabab, yer qa’rida tarqalgan g’ovak tog’ jinslarining suv bilan to’yinishi, yer sathi suvlarining ko’tarilishi, hamda 7 ballik yer silkinishidir.
1991 yil Ohangaron vodiysida yana bir kuchli «Jigariston» yer surilishi ro’y berdi. Ma’lumotlarga qaraganda, bu yer surilishida hajmi 30 mln m3, g’ovak tuproq 7 soniya davomida surilib, 50 dan ortiq inson hayotini olib ketdi. Bu yer surilishining asosiy sababi katta qalinlikdagi serg’ovak jinslarning mavjudligi va bu tog’ jinslarining uzoq yillar davomida olib borilgan portlatish ishlari natijasida silkinib turishi hamda yog’ingarchilikning ko’p bo’lganligidadir. 1994 yil 16 aprelda Ohangaron tumanining Qoraqishloq hududida ham shunday holat kuzatilib, bu falokatda ham insonlar aziyat chekdilar. Yuqorida keltirilgan yer surilishlari yuzaga kelishining asosiy sababi tabiiy omillar bo’lib, bunday hodisalar insonlarning muhandislik faoliyati natijasida ham sodir bo’lishi mumkin.
Er surilishining yuzaga kelishiga quyidagi omillar sabab bo’ladi:
tog’ yon bag’ri etaklarining tabiiy holatini oqar suvlar, suv omborlari ta’sirida buzilishi hamda rejasiz olib borilgan qurilish ishlari;
qiya sathlarda tarqalgan tog’ jismlarining xossa va xususiyatlari, mustahkamlik darajasining o’zgarishi, sug’orish ishlari, qor - yomg’ir suvlari ta’sirida namligining oshishi;
tog’ jismlariga yer osti suvlari (gidrodinamik) va yer ustki suvlari (gidrostatik) bosimining ta’siri;
tog’ jinsi zichligini va mustahkamligining burg’ilash hamda tog’ kovlash ishlari natijasida buzilishi;
tektonik va seysmik kuchlar ta’siri. Surilishlarni yuzaga kelishida hududning iqlim hamda, gidrogeologik sharoitlari va boshqalar.
Tog’ jinslarining qiya sath bo’ylab surilishida iqlim sharoiti eng muhim omillaridan biri bo’lib, u sekin, davomli yog’ingarchiliklar kuzatiladigan yerlarda keng tarqalgan bo’ladi. Bunga sabab yomg’ir suvlari tog’ jinslari qa’riga singib (shimilib) ularning zarrachalari orasidagi bog’lanishni, ishqalanish qarshiligini kamaytiradi, og’irligini oshiradi. Qiya sathlardagi tog’ jinsining og’irligi, mustahkamligi o’zgarishi bilan ularning muvozanat holati buziladi va past tomonga surilish yuzaga keladi. SHuning uchun surilishlar asosan qorlar erib, yog’ingarchilik ko’paygan mart oylarida boshlanib, may, iyunda to’xtaydi. Yog’ingarchilik qorlar va muzliklarning erishi natijasida daryo va suv havzalarida suv sathining ko’tarilishi, qirg’oqlarning yuvilishiga, ya’ni qiya sathlardagi muvozanat holatlarining buzilishiga sabab bo’ladi. Misol sifatida, Amudaryo, Zarafshon daryosi qirg’oqlarida, CHorvoq suv ombori atrofida kuzatilgan surilmalarni sanab o’tish mumkin.
Respublikamizda surilish hodisalari asosan dengiz sathidan 800-1800 m balandlikda, lyoss jismlari tarqalgan, qiyaligi 15-35° bo’lgan tog’ yon bag’rilarida kuzatiladi.Ma’lum shart-sharoitlar mavjud bo’lgan hollarda (ketma-ket yer silkinishi, gillik va bo’shoq lyoss tog’ jinslari suv bilan to’yinishi) bundan ham baland sathlarda kuzatilishi mumkin.
Er surilishida uchta bosqich kuzatiladi:
1-bosqich. Surilishning tayyorlanish bosqichi. Bu bosqichda qiya sathlardagi tog’ jinsi turg’unligi susayadi, yer sathida turli kenglikdagi yoriqlar paydo bo’ladi.
2-bosqich. Tog’ jinslarining katta tezlik bilan yoki sekin-asta surilishi kuzatiladi. Surilish tezligi yuqorida qayd etilgan omillarning ta’sir darajasiga bog’liq bo’ladi.
3-bosqich. Surilishning so’nish bosqichi. Bunda tog’ jinslari surilishdan to’xtaydi.
Er surilishlarni chuqur o’rganish — ularni oldindan bashorat qilish imqonini beradi. Buning uchun kompleks muhandis-geologik qidiruv ishlari o’tkaziladi. Surilishi kuzatiladigan maydonlarning tabiiy sharoiti va geologik muhiti fizik andozalarda o’rganiladi, hisoblash ishlari bajariladi.
Er surilishi ofatining oldidan kuzatiladigan belgilari quyidagilardan iborat:
uer yuzasida yoriqlarning paydo bo’lishi;
yo’llarda uzilishlarning yuzaga kelishi;
daraxtlarning to’g’ri o’smasligi (qiyshayib o’sishi);
uylarning devorlari yorilishi;
binolar, inshootlar tuzilishida muvozanatining buzilishi va boshqa belgilar paydo bo’ladi.
Mabodo, hududlarda yer surilishi xavfi bo’lsa yoki harakatdagi surilish kuzatilsa, ularni bartaraf qilish, oldini olish ishlari bajariladi, chora-tadbirlar belgilanadi.
Er surilishini vujudga kelishi va harakatdagi surilishlarga qarshi olib boriladigan ishlar mazmuniga qarab ikki guruhga bo’linadi:
surilishlarning oldini olish usullari;
er surilishi harakati va ta’sirini bartaraf etish usullari.
|
| |