• Bitiruv malakaviy ishining tuzilishi.
  • Axborot aktivlarini sug‘urtasi




    Download 0,85 Mb.
    bet6/46
    Sana21.03.2017
    Hajmi0,85 Mb.
    #793
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   46
    Bitiruv malakaviy ishining ob’ekti sifatida sug‘urta faoliyati bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi OAJ “ALSKOM” SK olingan.

    Bitiruv malakaviy ishining predmeti sifatida aloqa operatorlari va internet provayderlar mulkiy manfaatlarini sug‘urtalash sohasida vujudga keladigan munosabatlarni o‘rnatish olingan.

    Bitiruv malakaviy ishining tuzilishi. Bitiruv malakaviy ishi tarkibiy jihatdan kirish, to‘rtta bob, xulosalar, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovadan iborat.
    I. MILLIY SUG‘URTA BOZORIDA SUG‘URTA MUNOSABATLARINI TASHKIL ETISH ASOSLARI

    1.1. Milliy sug‘urta bozorida sug‘urta munosabatlarini

    tashkil etish asoslari

    Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq yangicha bozor mexanizmining shakllanish davri boshlandi, bu esa o‘z navbatida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida zaruriy ichki infratuzilmani yaratishni davr talabiga aylantirdi. Xususan, respublika axborot – kommunikatsiya tizimidagi korxona va tashkilotlarning funksional faoliyatini barqaror yuritilishini ta’minlash, ularni tasodiflar va baxtsiz hodisalar oqibatida yetkazilayotgan ziyonlarni tez va samarali bartaraf etish hamda tizimda qo‘shimcha investitsion resurslarni yaratish zaruriyati tug‘ildi. Ko‘rilgan zararni qoplashning eng oddiy shakli sug‘urtadir.

    Sug‘urta faoliyati bozor munosabatlarining eng muhim unsuriga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuning 3 – moddasida sug‘urtaga quyidagicha ta’rif berilgan:

    “Sug‘urta deganda yuridik va jismoniy shaxslar to‘laydigan sug‘urta mukofotlaridan shakllantiriladigan pul fondlari hisobidan muayyan voqea (sug‘urta hodisasi) yuz berganda ushbu shaxslarga sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovonini (sug‘urta pulini) to‘lash yo‘li bilan ularning manfaatlarini himoya qilish tushuniladi.

    Sug‘urta faoliyati deganda sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining sug‘urtani amalga oshirish bilan bog‘liq faoliyati tushuniladi.”

    Sug‘urta faoliyati iqtisodiy infratuzilmaning ajralmas qismi sifatida ijtimoiy kafolatni ta’minlaydi hamda shartnomaviy majburiyat va tariflar orqali turli sug‘urta risklaridan ogoh etish negizida iqtisodiyot sub’ektlari manfaatlarining himoyasini ham o‘z zimmasiga oladi.

    Sug‘urta faoliyati jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini himoya qilish, ularning risklar yuz berishi oqibatida ko‘rishi ehtimol bo‘lgan zararlarni qoplashning zaruriy vositasi sifatida paydo bo‘ldi hamda rivojlandi. Shunday anglashilgan zarurat – aniq sug‘urta manfaatlari negizida sug‘urta munosabatlari yuzaga keldi.

    Sug‘urta munosabatlari, ularning tashkiliy shakllaridan qat’iy nazar, sug‘urta fondini yaratish va undan foydalanish jarayonidir. Ta’kidlash lozimki, sug‘urta munosabatlari – murakkab va keng qamrovli moliyaviy – pullik iqtisodiy munosabatlar bo‘lib, ular yuzaga kelishi uchun o‘zaro bog‘liq shart – sharoit majmuasi mavjudligi ham muhim hisoblanadi.

    Bugungi kunda mamlakatimizda sug‘urta munosabatlarini, sug‘urta bozorini rivojlantirish va tizimni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda sug‘urta xizmati bozorini rivojlantirish, shuningdek aholining keng qatlamlari va xo‘jalik sub’ektlarini sug‘urtada ishtiroklarini rag‘batlantirish maqsadida sug‘urta kompaniyalari va iste’molchilarga qulay sharoitlar yaratilgan. Sohaga bo‘lgan e’tibor tarmoqda faoliyat olib borayotgan kompaniyalar soni o‘sib borayotganligi ko‘rsatmoqda. Ayni payda respublikamizda 30 dan ortiq sug‘urta kompaniyalar va ularning filiallari faoliyat olib borayotgani hamda aholiga 200 dan ortiq sug‘urta xizmatlarini taklif etayotgani bunga dalildir.

    Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarishning uzluksizligini ta’minlashda va aholini ko‘ngilsiz hodisalardan himoya qilishda sug‘urtaning o‘ziga xos muhim o‘rni bor. Sug‘urta ishlab chiqarishning zarur unsurlaridan biri sifatida bozor iqtisodiyotiga o‘tishning muhim iqtisodiy dastaklaridan hisoblanadi. Sug‘urta bozori mulkchilikning deyarli barcha shakllarini tabiiy ofatlardan saqlashda, xilma-xil falokatlar natijasida odamlarga yetkazilgan zararlarni qoplashda moddiy jihatdan yordam beradi.

    Respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyotga, moliyaga, pul muomalasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, iqtisodiy qarashlarda ijobiy fikrlarning shakllanishiga sabab bo‘ldi. Endilikda har bir xo‘jalik ob’ektining tashkilotchisi o‘z ixtiyoridagi mol-mulkdan samarali foydalanish uchun fidokorona harakat qilish bilan cheklanib qolmay, favqulodda va tasodifiy zararlarning natijasida yetkazilishi mumkin bo‘lgan kamomadlarni tiklash, ularning oldini olish tadbirlarini ko‘rishga ham intilmoqda. Shuning natijasida bozor iqtisodiyoti sharoitida sug‘urtaga bo‘lgan talab kuchaya boshladi. Sababi Prezidentimiz aytganlaridek: “Shu narsa aniqki, bugungi kunda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ... sug‘urta tizimisiz samarali ishlash, investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanish, kredit olish imkoniyatiga ega emas”.5

    Sug‘urtaning iqtisodiy mohiyatiga uning funksiyalari mos keladi. Ular sug‘urtani moliya tizimining bir bo‘g‘ini sifatida xususiyatlarini oydinlashtirishning tashqi shakllari hisoblanadi.

    Sug‘urtaning to‘rtta funksiyasi mavjud:


    1. Tavakkalchilik

    2. Oldini olish

    3. Jamg‘arma

    4. Nazorat

    Asosiysi tavakkalchilik funksiyasi hisoblanadi, chunki sug‘urtaviy tavakkal zarar ehtimolligi sifatida talofat ko‘rgan xo‘jaliklarga pullik yordam ko‘rsatish bo‘yicha sug‘urtaning asosiy yo‘nalishi bilan bevosita bog‘liq. Aynan tavakkalchilik funksiyasining amal qilish doirasida sug‘urta ishtirokchilari o‘rtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan sug‘urta hodisalari oqibatlari bilan bog‘liq pul shaklidagi qiymatning qayta taqsimlanishi ro‘y beradi.

    Oldini olish funksiyasi sug‘urta fondi mablag‘larining bir qismi hisobidan sug‘urta tavakkalchiligini kamaytirish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.

    Hayot sug‘urtasida sug‘urta kategoriyasi kredit kategoriyasi bilan hayotni ma’lum muddatgacha sug‘urtalash shartnomalari bo‘yicha mablag‘larni jamg‘arishda ancha yaqinlashadi. Hayot sug‘urtasi orqali pul mablag‘larini jamg‘arish oilaviy sharoitda sug‘urtaviy himoyaga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liqdir. Shu bilan sug‘urta jamg‘arish funksiyasini ham bajarishi mumkin.

    Sug‘urtaning nazorat funksiyasi sug‘urta fondini qat’iy maqsadli shakllantirilishi va uning mablag‘laridan to‘g‘ri foydalanishdan iborat. Mazkur funksiya yuqoridagi uch spetsifik funksiyalardan kelib chiqadi va konkret sug‘urta munosabatlarida ular bilan birga namoyon bo‘ladi. Nazorat funksiyasiga mos ravishda qonunchilik va instruktiv hujjatlar asosida sug‘urta amallarini to‘g‘ri bajarilishi ustidan moliyaviy sug‘urta nazorati amalga oshiriladi.

    Sug‘urta ixtisoslashtirilgan sug‘urta tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Ular davlat va nodavlat mulkchiligidagi tashkilotlar bo‘lishi mumkin. Ularning faoliyat doirasi ichki, tashqi yoki aralash sug‘urta bozorlarini qamrab olgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga rivojlangan sug‘urta bozori sharoitida ham davlat ichkarisida, ham chetda amalga oshirilishi mumkin. Bu sug‘urtaning tashkiliy turkumlanishidir. Ammo, sug‘urta munosabatlarining mazmuni sug‘urta ob’ekti va xavf – xatar turlari bo‘yicha turkumlanishi yordamida namoyon bo‘ladi.

    Sug‘urta sug‘urtalanuvchilarning turli toifalarini qamrab oladi. Uning shartlari sug‘urta ma’suliyatining hajmlari bo‘yicha farq qiladi. U qonun kuchida va ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi mumkin. Sug‘urta munosabatlarining turlichaligini tartibga solish va o‘zaro bog‘liq yagona tizimni shakllantirish uchun sug‘urtani turkumlash zarurdir.

    Sug‘urtaning mohiyatini to‘laqonli namoyon qilish, u bo‘yicha maqsad va manfaatlarni yetarlicha aks ettira olishga sug‘urta kategoriyasini ob’ektlari bo‘yicha turkumlash xizmat qiladi. Sug‘urtani ob’ektlari bo‘yicha turkumlanishi natijasida bo‘g‘inlar hosil bo‘ladi. Barcha bo‘g‘inlar shunday joylashganki, har bir navbatdagi bo‘g‘in avvalgisining tarkibiy qismi hisoblanadi. Yuqori bo‘g‘in sifatida – soha, o‘rta bo‘g‘in – tarmoq, quyi bo‘g‘in – sug‘urta turlari hisoblanadi.

    Sug‘urtani sohalarga bo‘lish asosida ularning ob’ektlari bo‘yicha farqlanishi yotadi. Bu omilga mos ravishda barcha sug‘urta munosabatlari mazmuni bo‘yicha to‘rtta sohaga bo‘linadi:



    1. Mulkiy sug‘urta.

    2. Fuqarolar hayot darajasi sug‘urtasi.

    3. Javobgarlik sug‘urtasi.

    4. Tadbirkorlik tavakkalchilik sug‘urtasi.

    Mulkiy sug‘urtada ob’ekt bo‘lib moddiy qiymatliklar hisoblanadi; fuqarolar hayot darajasi sug‘urtasida – ularning hayoti, sog‘lig‘i, mehnatga layoqati; javobgarlik sug‘urtasida ob’ekt bo‘lib sug‘urtalanuvchining turli javobgarliklari, ma’suliyatlari, majburiyatlari hisoblanadi; tadbirkorlik tavakkalchiliklari sug‘urtasida esa, ob’ekt vazifasini tadbirkorlik ishlari bo‘yicha turli tavakkalchiliklar bajaradi.

    Biroq, sug‘urtani yuqorida sanab o‘tilgan sohalarga bo‘linishi korxonalar, tashkilotlar va fuqarolarning sug‘urtani amalga oshirish imkoniyatlarini beruvchi aniq sug‘urta manfaatlarini ochib bera olmaydi. Bu manfaatlarni aniqlashtirish maqsadida sug‘urta sohalarini sug‘urta tarmoqlari va turlariga bo‘lish zarur.

    Mulkiy sug‘urta mulkchilik shakli va sug‘urtalanuvchilar toifalaridan kelib chiqib, bir nechta tarmoqlarga bo‘linadi: davlat korxonalari mulki sug‘urtasi, jamoa xo‘jaliklari, ijarachilar, shirkatlar. Xissadorlik jamiyatlari va jamoatchilik tashkilotlari mulki sug‘urtasi hamda fuqarolar mulki sug‘urtasi.

    Fuqarolarning hayot darajasi sug‘urtasi ikkita tarmoqqa ega: ishchilar, xizmatchilar va jamoa xo‘jaliklari a’zolarining ijtimoiy sug‘urtasi hamda fuqarolar shaxsiy sug‘urtasi. Ba’zi adabiyotlarda fuqarolarning hayot darajasi sug‘urtasi shaxsiy sug‘urta deb ham ataladi.

    Javobgarlik sug‘urtasi esa quyidagi tarmoqlarga ega: qarz sug‘urtasi hamda yetkazilgan zararni qoplash sug‘urtasi. Bu fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi ham deb yuritiladi.

    Tadbirkorlik tavakkalchiliklari sug‘urtasida ikkita tarmoq mavjud: daromadlarni bevosita hamda bilvosita yo‘qotilish tavakkalchiliklari sug‘urtasi.

    Sug‘urtalanuvchilarni sug‘urtalovchilar bilan sug‘urta munosabatlariga kirishishi va sug‘urtalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida sug‘urta tarmoqlarini konkret sug‘urta turlariga bo‘lish zarurati paydo bo‘ladi.

    Mulkiy sug‘urtaning bunday konkret turlariga qurilmalar, chorva hayvonlari, ro‘zg‘or buyumlari, transport vositalari, qishloq xo‘jalik ekinlari hosili va boshqa turli xo‘jalik kategoriyalari sug‘urtasi misol bo‘la oladi.

    Ijtimoiy sug‘urtaning konkret turlariga pensiya va turli nafaqalar sug‘urtasi kiradi.

    Shaxsiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urtaning quyidagi turlari amalga oshiriladi: hayotni aralash sug‘urtasi, o‘lim holati va mehnatga layoqatini yo‘qotishdan sug‘urtalash, bolalar sug‘urtasi, qo‘shimcha pensiya sug‘urtasi, baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash va boshqalar.

    Javobgarlik sug‘urtasi bo‘yicha – kreditni yoki boshqa qarzlarni qaytara olmaslikdan sug‘urtalash, yuqori xavf – xatar manbalari egalarining egalarining fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi, xo‘jalik faoliyati jarayonida zarar yetkazish holati bo‘yicha fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi va boshqalar.

    Tadbirkorlik tavakkalchiliklari sug‘urtasi dastgohlarni to‘xtab qolishi, savdodagi to‘xtalishlar natijasida zarar ko‘rish yoki foyda ololmaslik sug‘urtasi, yangi texnika va texnologiyalarni qo‘llash tavakkalchiliklari sug‘urtasi va boshqa turlarga bo‘linadi.

    O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonunchiligida sug‘urta sohalari va turlariga ham tushuntirishlar berib o‘tilgan. Unga ko‘ra sug‘urta quyidagi sohalarga bo‘linadi:


    • hayotni sug‘urta qilish (jismoniy shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i, mehnat qobiliyati va pul ta’minoti bilan bog‘liq manfaatlarini sug‘urta qilish, bunda shartnoma bo‘yicha sug‘urtaning eng kam muddati bir yilni tashkil etadi hamda sug‘urta pullarining sug‘urta shartnomasida ko‘rsatib o‘tilgan oshirilgan foizni o‘z ichiga oluvchi bir martalik yoki davriy to‘lovlarini (annuitetlarni) qamrab oladi);

    • umumiy sug‘urta (shaxsiy, mulkiy sug‘urta, javobgarlikni sug‘urta qilish hamda hayotni sug‘urta qilish sohasiga taalluqli bo‘lmagan boshqa sug‘urta turlari).

    Sug‘urta tavakkalchiliklari yoki ular guruhlarining va ular bilan bog‘liq majburiyatlarning umumiy xususiyatlariga muvofiq sug‘urta sohalari sug‘urta turlariga (klasslariga) bo‘linadi. Sug‘urta turlari (klasslari) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 27 noyabrdagi 413-sonli “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 1-ilovasida sug‘urta faoliyatining klassifikatori berilgan bo‘lib, unga muvofiq hayotni sug‘urta qilish sohasi 4 ta klassga va umumiy sug‘urta sohasi 17 ta klassga ajratilgan (1 – 2 ilovalar).

    Turkumlanishning barcha bo‘g‘inlari sug‘urtani amalga oshirish shakllarini qamrab oladi, ya’ni majburiy va ixtiyoriy.

    Tomonlarning xohish-irodasiga ko‘ra amalga oshiriladigan sug‘urta ixtiyoriy sug‘urta hisoblanadi.

    Ixtiyoriy sug‘urtaning shartlari tomonlarning kelishuviga asosan belgilanadi. Sug‘urtalanuvchi va sug‘urtalovchining huquqlari hamda burchlari, shuningdek, har bir sug‘urta turining aniq shartlari tegishli sug‘urta shartnomalari bilan belgilab quyiladi.

    Ixtiyoriy sug‘urta turlarining umumiy shartlari va uni amalga oshirishning tartiblari sug‘urta qoidalarida o‘z aksini topadi. Ixtiyoriy sug‘urta turlarining qoidalari sug‘urtalovchilar tomonidan qonunchilik talablariga muvofiq tarzda mustaqil ishlab chiqiladi hamda sug‘urta faoliyatini amalga oshirish huquqini olish uchun sug‘urta faoliyatini davlat tomonidan nazorat qiluvchi organdan litsenziya olish paytida kelishilinadi.

    Sug‘urtaning ixtiyoriy shakli quyidagi tamoyillar asosida qurilgan.



    1. Ixtiyoriy sug‘urta qonunchilik asosida va ixtiyoriy ravishda amal qiladi. Qonunchilik ixtiyoriy sug‘urtaga tegishli ob’ektlarni va sug‘urtaning umumiy shartlarini belgilab beradi. Konkret shartlar esa, sug‘urtalovchilar tomonidan ishlab chiqiladigan sug‘urta qoidalari orqali tartibga solinadi.

    2. Sug‘urtada ixtiyoriy qatnashish to‘la holda faqat sug‘urtalanuvchilar uchun xarakterlidir. Agar sug‘urtalanuvchining xohishi sug‘urta qoidalariga zid kelmasa, sug‘urtalovchi ob’ektni sug‘urta qilishdan bosh tortish huquqiga ega emas. Bu tamoyil sug‘urtalanuvchining birinchi talabi bo‘yicha sug‘urta shartnomasi tuzilishini kafolatlaydi.

    3. Ixtiyoriy sug‘urtani tanlab qamrab olishi. Barcha shaxslar ham unda ishtirok etish istagini bildiravermaydilar. Bundan tashqari, shartnomalar tuzishda sug‘urta shartlari bo‘yicha chegaralashlar ham amal qiladi.

    4. Ixtiyoriy sug‘urta doimo sug‘urta muddati bilan chegaralanadi. Bunda muddatning boshlanishi va tugashi shartnomada qat’iy kelishib olinadi. Shundan kelib chiqib, sug‘urta qoplamasi yoki sug‘urta summasi sug‘urta holati faqatgina sug‘urta davrida sodir bo‘lgandagina to‘lanadi. Ixtiyoriy sug‘urtaning uzluksizligini faqatgina yangi muddatga qayta shartnoma tuzish yo‘li bilangina ta’minlash mumkin.

    5. Ixtiyoriy sug‘urta faqatgina bir martalik yoki davriy sug‘urta badallari to‘langandagina amal qiladi. Ixtiyoriy sug‘urta shartnomasining kuchga kirishi bir martalik yoki birinchi sug‘urta badalini to‘lanishi bilan asoslanadi. Uzoq muddatli sug‘urta bo‘yicha navbatdagi badalning to‘lanmasligi natijasida shartnomaning amal qilishi to‘xtaydi.

    6. Ixtiyoriy sug‘urta bo‘yicha sug‘urta ta’minoti sug‘urtalanuvchi istagidan kelib chiqadi. Mulkiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urtalanuvchi sug‘urta summasini sug‘urta bahosi chegarasida belgilashi mumkin. Shaxsiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urta summasi shartnomada tomonlar kelishuvi orqali belgilanadi.

    Majburiy sug‘urtalash yurtimiz moliya bozorini rivojlantirish aholining ijtimoiy muhofazasini yanada mustahkamlashda ham katta rol o‘ynaydi. Shu bois, ishonch bilan ayta olamizki, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida sug‘urta amaliyoti, xususan, majburiy sug‘urtaning ahamiyati kattadir. Majburiy sug‘urta turlarining keng qamrovligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu, o‘z o‘rnida sug‘urtaning rivojlanishiga va omma orasida keng ko‘lamda tarqalishiga imkoniyat yaratadi.

    Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida pul mablag‘larining yetishmaslik muammosini davlat byudjeti mablag‘larini jalb qilmasdan turib yechish asosiy muammodir. Bunda sug‘urtaning investitsiya faoliyatidan foydalanish maqsadga muvofiqdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ta’kidlaganidek, «inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish, avvalo, ichki manbalarni safarbar etish hisobidan iqtisodiyotimizning muhim tarmoqlarini jadal modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, transport kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini barpo etish hal qiluvchi ustuvor yo‘nalishga aylandi»6.

    Xorijiy mamlakatlarning sug‘urta bozorida javobgarlikni sug‘urtalashdan yig‘ilgan sug‘urta mukofotlari salmoqli o‘rinni egallaydi, shuningdek, javobgarlikni sug‘urtalash uning daromadli turlaridan biridir.

    Ularni takomillashtirish orqali sug‘urta tashkilotlari investitsion imkoniyatlari oshishiga erishiladi. Bu, o‘z navbatida, sug‘urta tashkilotlari moliyaviy imkoniyatlarini oshiradi va respublikaning pul mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojlarini qisman bo‘lsada qondirishi mumkin.

    O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq majburiy sug‘urta amalga oshiriladi. Majburiy sug‘urta turlari, shartlari va uni amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

    Majburiy sug‘urtani amalga oshirish huquqiga davlat sug‘urta tashkilotlari ega bo‘lib kelganlar, biroq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 27 noyabrdagi 413-sonli “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ustav kapitali hajmini 500 ming AQSh dollariga teng miqdorga yetkazgan har qanday sug‘urta kompaniyasi litsenziya asosida majburiy sug‘urta bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lgan edilar. Biroq “Sug‘urtachilarning moliyaviy barqarorligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora – tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 31 may 2011 yildagi 1544 – sonli qaroriga muvofiq majburiy sug‘urtalash sohasida sug‘urta kompaniyalarining ustav kapitali 2012 yil 1 iyuldan 5000 yevro deb belgilandi. 2014 yil 1 iyuldan boshlab esa majburiy sug‘urta sohasida sug‘urta kompaniyalarining ustav kapitali 6000 ming yevro deb belgilanadi. Shu bilan birga sug‘urta tashkilotlari majburiy sug‘urta qilinishi lozim bo‘lgan ob’ektlarning but saqlanishi ustidan nazorat o‘rnatishga haqlidirlar.

    Majburiy sug‘urta sug‘urta bo‘lgan ijtimoiy (umumdavlat) talabni aks ettiradi. Davlat qonunchilik asosida ushbu maqsadlar uchun sug‘urtaning majburiyligini o‘rnatadi. Buning natijasi o‘laroq, tegishli majburiy sug‘urta turi haqidagi qonun qabul qilinadi. Shunday qilib, majburiy sug‘urta – qonun kuchidagi sug‘urtadir.

    Majburiy sug‘urta, sug‘urtani tashkil etish shakli sifatida, umumiylik sifatidagi muhim xususiyatga egadir. Majburiy sug‘urtaning ob’ekti hayot, sog‘lik, mol-mulk, fuqarolik javobgarligi bilan bog‘liq bo‘lgan mulkiy manfaatlar hisoblanadi.



    Majburiy sug‘urtani ajratib turuvchi tamoyillar quyidagilar.

    1. Majburiy sug‘urta qonun yo‘li bilan o‘rnatiladi. Shunga mos ravishda sug‘urta qildiruvchi tegishli ob’ektlarni sug‘urtalashga, sug‘urtalovchilar esa, sug‘urta hodisalari ro‘y berganda tegishli sug‘urta to‘lovlarini to‘lashga majburdirlar.

    Qonunchilik odatda quyidagilarni belgilab beradi:

    • majburiy sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan ob’ektlar tarkibini;

    • sug‘urta javobgarligi hajmini;

    • sug‘urta ta’minoti darajasi va me’yorlarini;

    • tarif stavkalari miqdorlari va ularni o‘rnatish tartibini;

    • sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchilarning asosiy huquq va majburiyatlarini.

    1. Qonunda ko‘rsatilgan majburiy sug‘urta ob’ektlarini yoppasiga sug‘urtaga qamrab olish. Buning uchun sug‘urta organlari mamlakatda har yili sug‘urtalangan ob’ektlarni, hisoblangan sug‘urta badallarini va ularni o‘rnatilgan muddatlarda undirilishini hisobga olib boradilar.

    2. Qonunda ko‘rsatilgan ob’ektlarga majburiy sug‘urtaning avtomatik ravishda qo‘llanilishi. Sug‘urtalanuvchi yangi ob’ekt paydo bo‘lganligi haqida sug‘urta organlariga xabar berishi shart emas. Bu ob’ekt sug‘urta sohasiga avtomatik ravishda qo‘shiladi. Navbatdagi ro‘yxatga olish davrida hisobga olinadi va sug‘urtalanuvchiga to‘lanishi kerak bo‘lgan sug‘urta badallari ko‘rsatiladi.

    3. Majburiy sug‘urtani sug‘urta badallari to‘lanishidan qat’iy nazar amal qilishi. Agarda sug‘urta qildiruvchi tegishli sug‘urta badallarini to‘lamagan hollarda, badallar sud orqali undirib olinishi mumkin. Sug‘urta badallari to‘lanmagan ob’ektga nisbatan sug‘urta javobgarligi amal qilaveradi, faqatgina sug‘urta badallari bo‘yicha qarz va kechiktirilgan kunlar uchun jarima summasi ushlab qolinadi.

    4. Majburiy sug‘urtaning muddatsizligi. Majburiy sug‘urta sug‘urtalangan ob’ekt mavjud bo‘lgan davrning to‘la qismida amal qiladi.

    5. Majburiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urta ta’minotining me’yorlashtirilishi. Sug‘urtaviy baholash va sug‘urtaviy qoplash tartibini soddalashtirish maqsadida sug‘urta bahosiga nisbatan foizlarda yoki bir ob’ektga so‘mlarda sug‘urta ta’minotining me’yorlari belgilanadi.

    Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan majburiy sug‘urta turlariga quyidagilar kiradi: yo‘lovchilarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi; parvozlarda qatnashuvchilarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi; harbiylarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi; ko‘mir, neft, gaz konlarida ishlovchilarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi; soliq organlari xodimlarining davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi; temir yo‘l texnika xizmat ko‘rsatuvchi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi; transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi; auditorlarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi; notariuslarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi va boshqalar.

    Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi sug‘urta xizmatlari bozorida rivojlanish imkoniyatlari yaratilayotganligi va mazkur sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yaqin kelajakda sug‘urtaning mamlakat iqtisodiyotidagi rolini sezilarli darajada oshishidan dalolat bermoqda. Bu esa, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini bartaraf etishda, O‘zbekiston sharoitida uni yumshatishda yordam beradi.




    Download 0,85 Mb.
    1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   46




    Download 0,85 Mb.