|
DAVLAT MEXANIZMIDA HOKIMIYATLAR BO‘LINISHI PRINSIPI
|
bet | 2/19 | Sana | 26.01.2024 | Hajmi | 37,61 Kb. | | #146348 |
Bog'liq HOKIMIYATLAR BO\'LINISHI PRINSIPIDAVLAT MEXANIZMIDA HOKIMIYATLAR BO‘LINISHI PRINSIPI
Hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi - bu davlat hokimiyatini qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga taqsimlanishidir.
Davlat hokimiyati vakolatlarining taqsimlanishi (mohiyati)- bu uchala hokimiyatning muvozanatini, tengligini hamda ularning o‘zaro bir-birini tiyib turishini va qarama-qarshi ta’sir etishini ta’minlovchi tizimdir. Ayni paytda ushbu organlar vakolatlari shundayki, ular bir-biridan xoli harakat qila olmaydi va davlat hokimiyati uch mustaqil tarmoq kooperatsiyasi jarayonida amalga oshiriladi.
Hokimiyat bo‘linishi prinsipi mazmunini tavsiflochi quyidagi jihatlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin:
demokratik davlatlarda hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlari o‘zaro yagona davlat mexanizmi bilan chambarchas bog‘lanibgina qolmay, balki ular nisbatan mustaqil hamdir;
qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat organlari o‘rtasida hokimiyatlarning muayyan nisbati mavjud bo‘ladi hamda cheklovlar va muvozanat tizimi amal qiladi.
Hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi davlat va huquq nazariyasining asosiy kategoriyalaridan biri bo‘lib, unga ko‘ra yagona davlat hokimiyati mustaqil va bir – biriga bo‘ysunmaydigan qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linadi (ular bilan bir qatorda ba’zan ta’sis etuvchi, saylovchi va nazorat hokimiyati ham ajratiladi). Ushbu prinsipning vazifasi davlat hokimiyati to‘laligicha bir shaxs yoki organ qo‘lida jamlanishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat. Zero, hokimiyatning to‘liq bir shaxs yoki organ qo‘lida jamlanishi demokratiya va inson huquq va erkinliklariga bevosita xavf tug‘diradi, avtoritar tuzum o‘rnatilishiga olib keladi.
Hokimiyatlar bo‘linishi nazariyasi fransuz mutafakkiri SH.L.Monteskening “Qonunlar ruhi haqida” asarida bayon etilgan. Uning fikricha, adolatli qurilgan davlatda hokimiyat yagona emas, balki aksincha bir biriga tobe bo‘lmagan uchta hokimiyat: qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati mavjud bo‘lishi shart. Ularning har qanday ko‘rinishda biron-bir organ yoki shaxs qo‘lida mujassamlanishi umumiy manfaatlarga putur etkazadi, suiiste’molliklarga olib keladi va shaxsning siyosiy erkinligi bilan aslo kelishmaydi. Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning bir qo‘lda birlashtirilishi qonunning ustun bo‘lishiga zarar etkazadi, bordi-yu, sudyalar faqat sudlov bilan mashg‘ul bo‘lmay, qonun yaratish ishi bilan shug‘ullansalar, u holda insonlar hayoti nohaqlik qurboniga aylanishi mumkin1.
Hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi ilk bor 1787 yilgi AQSH Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topgan. Ushbu prinsipga ko‘ra hokimiyat vakolatlari nafaqat uning turli tarmoqlari o‘rtasida taqsimlanadi, balki “o‘zaro muvozanat va cheklovlar tizimi” orqali ular bir – birini nazorat qiladilar. Hokimiyatlar bo‘linishi tamoyili O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasida konstitutsiyaviy tuzumning asoslaridan biri sifatida mustahkamlab qo‘yilgan. Unga ko‘ra “O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatning qonun chiqaruchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi”.
Hokimiyatlar taqsimlanishi prinsipini O‘zbekiston Respublikasida joriy qilishdan maqsad mamlakatda demokratiyalashtirish jarayonini tezlashtirish, davlat mexanizmini takomillashtirish, umuminsoniy qadriyatlarni qayta tiklash, inson huquqlari va erkinlarining ustuvorligini tan olish va pirovardida huquqiy davlat barpo etishdir. Hokimiyatlarning taqsimlanishi prinsipi hokimiyatning sui’stemol qilinishidan, byurokratizmdan va siyosiy hayotdagi bosh-boshdoqlikdan qutulish, hokimiyat organlarining muvozanati va tengligini ta’minlash, ularning o‘zaro munosabatlarini tartibga solish imkoniyatini beradi.
|
| |