Mavzuni takrorlash uchun savollar:
1. Fuqarolik huquqi tushunchasini izohlang
2. Fuqarolik huquqi predmeti nima?
3. Fuqarolik-huquqiy munosabatlar nima?
4. Fuqarolik-huquqiy munosabatlar ob`yektlariga nimalar kiradi?
5. Fuqarolik-huquqiy munosabatlar sub`yektlariga nimalar kiradi?
6. Jismoniy shaxslarni tushuntiring.
7. Yuridik shaxslar qanday tashkil topadi?
8. Fuqarolik muomala layoqati nima?
9. Huquqiy layoqat nima o`zi?
10.Bitimlarning turlarini ayting.
11.Mulk huquqi nima?
12.Vindikatsion da`vo nima?
13.Majburiyat huquqini tushuntiring.
14.Mualliflik huquqining mazmuni.
15.Vorislik huquqi tushunchasini izohlang.
Adabiyotlar:
- O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. Toshkent., 2003yil
- O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi.Toshkent., 1996 yil
- O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik huquqi. Toshkent., 1996 yil
- I.Zokirov, M.Barotov. O`zbekiston Respublikasida fuqarolarning huquq
va muomala layoqati. Toshkeht., 1998 yil.
- B.Toshev. Mualliflik huquqi. Toshkeht., 1997 yil.
- O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga sharhlar. Toshkent., 1998 yil
- O`zbekiston Respublikasi “Mulkshilik to`g`risida”gi qonunga sharhlar.Toshkent., 1996yil
- Merosning ochilishi. //Hayot va qonun. 2004 yil, № 5.
5-MAVZU: ISTE`MOLCHILAR HUQUQINI HIMOYALASH ASOSLARI.
Reja:
1. Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish tushunchasi.
2. Iste`molchilarning tovar to`g`risida ma`lumot olish huquqi.
3. Iste`molchilarga sifatsiz mahsulot chiqarish yoki sotish oqibatlari.
4. Iste`molchilaring huquqlarini sud tomonidan himoya qilinishi.
Tayanch iboralar:
Iste`molchi, Iste`molchi huquqi, tovarning sifati, Iste`molchi huquqini himoya qilish, sifatsiz mahsulot chiqarish oqibati.
Iste`molchilarning tovar (ish va xizmat) to`g`risida ma`lumot olish huquqi.
1996 yil 26 aprelda O`zbekiston Respublikasining «Iste`molchilarning huquqlarini himoya kilish to`g`risida»gi qonun qabul kilindi. Xo`sh, ushbu qonunning qabul qilinishidan ko`zlangan asosiy maqsad nimadan iborat? Eng avvalo ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar tomonidan sotilayotgan tovarlarni normativ hujjatlarga asosan tayyorlanishi, tovarlarning xavfsizligini, ya`ni tovarni iste`mol qilish, undan foydalanish, saqlash, tashash yoki utilizatsiya (tovarni yaroqsiz deb topish) qilinishi, shuningdek, ish yoki xizmat natijalaridan foydalanishda Iste`molchilarning hayoti, sog`ligi yoki mol-mulkiga, atrof muhitga zarar yetkazilishi ehtimoli bilan bog`lik xavf-xatarning yo`qligini ta`minlash kabi iste`molchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Iste`molchi kim, kimlarni iste`molchi deb hisoblash mumkin. Iste`molchilar – foyda chiqarib olish bilan bog`liq bo`lmagan shaxsiy iste`mol yoki xususiy xo`jalikda foydalanish maqsadida tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi, yohud shu niyatdagi fuqarolardir. Demak, biz kundaltik hayotimizda ehtiyojimizni qondirish maqsadida, savdo do`konlaridan iste`mol tovarlarni sotib olishimiz bilan Iste`molchi nomini olamiz. Boshqacha qilib aytganda ushbu jarayonni oldi-sotdi shartnomasi deb hisoblash mumkin. «Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonun»da belgilangan huquq va majburiyatlarga amal qilmaslik, ayrim sotib olingan tovarlar va ko`rsatilgan xizmatlarning iste`molga yaroqsizligiga e`tibor bermaslik bir qator huquqiy muammolarni keltirib chiqaradi.
Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonunning IV- moddasida iste`molchilarning asosiy huquqlari berilgan. Ushbu qonunga ko`ra iste`molchilar quyidagi huquqlarga ega:
- tovar va xizmatlar, shuningdek ishlab chiqaruvchi (ijrochi sotuvchi) haqida to`g`ri va to`liq ma`lumot olish.
- Tovar va xizmatni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli va xavfsiz bo`lishi, hayoti, mol-mulki ushun xavfi nuqsoni bo`lgan tovar, shuningdek ishlab chiqaruvchining g`ayri-qonuniy harakati yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma`naviy zararning to`liq hajmda qoplanishi, buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so`rab sudga boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqiga ega.
Qonunning 6-moddasiga ko`ra ishlab chiqaruvshi (ijrochi sotuvchi) iste`molchiga realizatsiya qilayotgan tovarlar haqida o`z vaqtida zarur, to`g`ri va tushunarli ma`lumot berishi shart. Demak, tovar to`g`risidagi ma`lumotlarda quyidagilar ko`rsatilishi lozim:
- tovarning majburiy talablarga muvofiq kelishi shart bo`lgan normativ hujjatning nomi.
- Tovarning asosiy iste`mol hususiyatlari, shu jumladan o`ziga xos xususiyatlari ro`yxati.
- Bahosi va sotib olish shartlari.
- Ayrim turdagi tovarlarning ishlab chiqarilgan sanasi, tayyorlovchining kafillik majburiyatlari, tovardan samarali hamda xavfsiz foydalanish qoidalari va shartlari, tovarning xizmat muddati, ushbu xizmat tugagandan keyin iste`molchi nima ishlar qilishi zarurligi, shuningdek bunday ishlarni bajarmaslik natijasida kelib chiqishi mumkin bulgan oqibatlar to`g`risidagi ma`lumotlar, ishlab chiqaruvchining nomi va mulkchilik shakli, ro`yxatga olish va litsenziya guvohnomasining raqami.
Tovarning sifati. Fuqarolik kodeksining 402-moddasiga ko`ra sotuvchi iste`molchiga sifatli oldi-sotdi shartnomasiga mos keladigan tovarni topshirishi shart. Shartnomada tovarning sifati to`g`risidagi shartlar ko`rsatilmaganda sotuvchi iste`molchiga belgilangan maqsadlar uchun yaroqli bo`lgan tovarni topshirishi shart.
Agar iste`molchi shartnoma tuzish paytida sotuvchiga qanday aniq maqsad uchun sotib olinayotganini xabar qilgan bo`lsa sotuvshi iste`molchiga ushbu maqsadlarda foydalanish uchun yaroqli bo`lgan tovarni topshirishi shart. Bundan tashqari tovar o`z namunasi yoki tarifi bo`yicha sotilganda sotuvchi iste`molchiga namuna yoki tarifga mos keladigan tovarni topshirishi lozim.
Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining tovar sifatiga kafolat berishi nazarda tutilgan taqdirda sotuvshi iste`molchiga shartnomada belgilangan muayyan vaqtda yoki kafolat muddatida qonunda nazarda tutilgan talablariga javob beradigan tovarni topshirishi lozim. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa kafolat muddati tovar iste`molchiga topshirilgan paytidan o`ta boshlaydi. Biroq iste`molchiga bog`lik bo`lgan holatlar tufayli oldi-sotdi shartnomasida kafolat muddati belgilangan tovardan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo`lsa sotuvchi tegishli holatlarni bartaraf yetmaguncha kafolat muddatining o`tishi boshlanmaydi.
Fuqarolik Kodeksining 404-moddasiga ko`ra agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa butlovchi buyumning muddati asosiy buyumning kafolat muddatiga teng hisoblanadi va asosiy buyumning kafolat muddati bilan bir vaqtda o`ta boshlaydi shuni ham hisobga olish kerakki tovar yoki butlovshi buyum almashtirilganda kafolat muddati yangidan o`ta boshlaydi.
Iste`molchilar uchun tovarning sifati uning sifatiga berilgan kafolat muddati bilan bir qatorda tovarning yaroqlik muddati ham muhim kasb etadi. Sotuvchi yaroqlik muddati belgilangan tovarni iste`molchiga shunday mo`ljal bilan topshirishi kerakki toki iste`molchi undan yaroqlilik muddati tugagunga qadar o`z vazifasi bo`yicha foydalanishi mumkin bo`lsin. Tovarning yaroqlilik muddati tovar tayyorlangan kundan boshlab foydalanish uchun yaroqli bo`lgan davr bilan yoki tovar foydalanishi uchun yaroqli bo`lib turadigan sana bilan belgilanadi. (Fuqarolik kodeksi 406-modda).
Tovarlar to`g`risida noto`g`ri ma`lumot berilganda iste`molchilarning huquqlari. Tovardar to`g`risida noto`g`ri ma`lumot berilishi oqibatida iste`molchi zarur iste`mol xossalariga ega bo`lmagan tovarni sotib olgan bo`lsa u shartnomani bekor etishi va o`ziga yetkazilgan zararni qoplanishini talab qilishga, xarid qilingan tovardan ko`zlangan maqsadda foydalana olmagan vaziyatda iste`molchi tegishli ma`lumotni oqilona qisqa muddatda berilishini talab qilishga haqlidir. Qonunga binoan ko`pi bilan uch kunlik muddat belgilanadi. Mabodo ma`lumot aytilgan muddatda berilmasa, iste`molchi shartnomani bekor qilib, zararning undirilishini talab qilishga haqlidir.
Hozirgi kunda raqobatni kuchaytirish maqsadida zo`r berib reklamalar e`lon qilinmoqda. Haqiqatdan ham ular reklamada aytilayotgan xususiyatlarga egami? Afsuski bu holatga hech qaysi iste`molchi e`tibor bermaydi.
Mazkur qonunning 7-moddasining 6-bandida bu haqida shunday deb yozib qo`yilgan: «Noto`g`ri reklama oqibatida sotib olingan tovar tufayli iste`molchiga yetkazilgan zarar ishlab shiqaruvchi tomonidan to`liq hajmda qoplanishi lozim».
Iste`molchining nuqsonli tovar sotilgandagi huquqlari.
Qonunning 13-moddasiga muvofiq, tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul, sifatli tovarga almashtirib berish, uning xarid narxini qayta hisob-kitob qilish, tovarning nuqsolarini bepul bartaraf etish yoki iste`molchining yohud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash, xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish, shartnomani bekor qilib, qurilgan zararni qoplash kabi talablarni sotuvchiga qo`yish bilan iste`molchilar o`zlarining huquqlarini himoya qila oladilar. Mabodo yuqoridagi holatlar sodir etilgan taqdirda nima kilish mumkin? Iste`molchilarning bu talablari u kassa yoki tovar chekini, kafolat muddati belgilangan tovar bo`yicha esa, tegishlicha, rasmiylashtirilgan texnik pasport yoki uning o`rnini bosuvchi boshqa hujjatni taqdim etganda ko`rib chiqiladi.
Iste`molchiga nuqsonli tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirishi qo`shimcha ravishda tekshirishi zarur bo`lganida esa, iste`molchi talab qo`ygan paytdan e`tiboran 20 kun ichida almashtirib berishi shart.
Ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar bo`lmagan takdirda, almashtirib berish xususidagi talab da`vo qilingan paytdan e`tiboran bir oy ichida qondirilishi kerak. Cho`l va olis joylarda esa bu vaqt 2 oydan oshmasligi lozim. Qonunga ko`ra, shu muddatlarning o`tkazilib yuborilgan har bir kuni uchun sotuvchi, tovarning almashtirib berilishi bilan birga tovar bahosining 1%i miqdorida iste`molchiga penya to`laydi. Qonunning 17-moddasiga ko`ra, nuqsonli tovar ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirilgan vaqtida uning narxi o`zgargan bo`lsa, qayta hisob-kitob qilinmaydi.
Nuqsonli tovar boshqa markali (modelli, artikulli) tovarga almashtirib berilayotganda, agar almashtirilishi kerak bo`lgan tovar narxi uning o`rniga berilayotgan tovar narxidan past bo`lsa, iste`molchi narlardagi qo`shimcha narxlarni to`lashi lozim, agar almashtirilishi lozim bo`lgan tovarning narxi uning o`rniga berilayotgan tovar narxidan yuqori bo`lsa, unda iste`molchiga o`rtadagi tovarning farqi qaytariladi. Bunday hisob-kitob chog`ida almashtirilishi kerak bo`lgan tovar narxi olingan taqdirda, uning talab qo`yilgan paytdagi narxi, narxi pasaygan taqdirda esa, xarid qilingan paytidagi bahosi qo`llaniladi.
Oldi-sotdi shartnomasi bekor qilinib, tovarning puli qaytarib olinayotganida esa agar tovar narx oshgan bo`lsa, iste`molchi bilan hisob-kitob tovarning tegishli talab qo`yilgan paytdagi qiymatiga qarab narxi pasaygan taqdirda esa, xarid qilingan paytdagi qiymatiga qarab amalga oshiriladi.
Iste`molchilarga sifatsiz mahsulot sotish oqibatlari.Tovar uchun to`langan pul summasini iste`molchiga qaytarish vaqtida sotuvchi undan tovardan to`liq, qisman foydalanganligi, tovar ko`rinishi yo`qolganligi yoki boshqa shunga o`xshash xolatlar tufayli tovar qiymati qancha pasaygan bo`lsa, shunsha summani ushlab qolishga haqli emas (Fukarolik kodeksi, 434-modda..).
Tegishli darajada sifatli bo`lmagan tovarni sifati tegishli darajada bo`lgan boshqa tovarga almashtirish shog`ida sotuvchi tovarning chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan bahosi bilan tovarni almashtirish yoki sud tomonidan tovarni almashtirish to`g`risidagi qaror chiqarish paytida mavjud bo`lgan tovarning bahosi o`rtasidagi farqni to`lashni talab qilishga haqli emas (Fuqarolik kodeksi 435-modda).
Tegishli darajada sifatli bo`lmagan tovarni xuddi shunday, biroq o`lchami, andazasi, navi va boshqa belgilari o`zgacha bo`lgan tegishli darajada sifatli tovarni almashtirish chog`ida almashtirilayotgan tovarning almashtirish paytidagi bahosi bilan sifati tegishli darajada bo`lmagan tovar o`rniga berilayotgan tovarning bahosi o`rtasidagi farq to`lanishi lozim. Agar iste`molchining talabi sotuvchi tomonidan qondirilmasa, bu baholar sud tovarni almashtirish to`g`risida qaror chiqargan payt bo`yicha aniqlanadi.
Tovarning xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirish to`g`risida talab qo`yilgan taqdirda tovarning bahosini pasaytirish to`g`risida talab qo`yilgan paytdagi, agar sotib oluvchining talabi ixtiyoriy suratda qondirilmagan bo`lsa, sud bahoni mutanosib ravishda kamaytirish to`g`risida qaror chiqargan paytdagi bahosi inobatga olinadi.
Sotuvchiga sifati tegishli darajada bo`lmagan tovarni qaytarib berish chog`ida iste`molchi chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan tovarning bahosi bilan uning talabi ixtiyoriy suratda qondirilgan vaqtdagi, agar talab ixtiyoriy suratda qondirilmagan bo`lsa, sud qaror chiqargan paytdagi tegishli tovarning bahosi o`rtasidagi farqni to`lashni talab qilishga haqli.
Mavzuni takrorlash bo`yicha savollar:
1. Iste`molchi kim?
2. Iste`molchi huquqlariga nimalar kiradi?
3. Iste`molchining tovar to`g`risida ma`lumot olish huquqini tushuntirib bering.
4. Iste`molchiga sifatsiz mahsulot chiqarish oqibatlarini izohlab bering
5. Iste`molchining huquqlarini sudda himoyalash qanday amalga oshiriladi?
6. Iste`molchi huquqini himoya qilishning huquqiy asoslarini tushuntiring.
Adabiyotlar:
- O`zbekiston RespublikasiningKonstitutsiyasi. Toshkent, 2003yil.
- O`zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi. Toshkent, 1996yil.
- V.Topildiev. Iste`molchilar huquqini himoya qilish kursi bo`yicha o`quv uslubiy qo`llanma.
- O`zbekiston Respublikasining «Iste`molchilarinig huquqlarini himoya qilish to`g`risida»gi qonuni. 1996 yil 26 aprelь, Xalq so`zi gazetasi.
- H.R.Rahmonqulov. «Oldi sotdi shartnomasi» Toshkent, 2000 yil.
- Iste`molchilar, huquqingizni bilasizmi. Qonun himoyasida. 1998 yil ,7-son
6- MAVZU. MEHNAT HUQUQI.
Reja:
1. Mehnat huquqi tushunchasi, tamoyillari, tizimi.
2. Mehnat shartnomasi tushunchasi.
3. Ish vaqti, dam olish vaqti, ta`tillar, ish haqi.
4. Mehnat muhofazasi, mehnat nizolari va ularni ko`rib chiqish tartibi.
Tayanch iboralar:
Mehnat huquqi, shartnoma va kelishuvlar, mehnat shartnomasi, mehnat intizomi, mehnat nizolari, mehnat muhofazasi, mehnat nizolari komissiyasi, ish vaqti, dam olish vaqti, mehnat ta`tili.
Mehnat huquqi tushunchasi, uning tomonlari va sub`yektlari. Mulkchilik shakllaridan qat`iy nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va xususiy tadbirkorlar bilan mehnat shartnomasi (kontrakti) bo`yicha ishlayotgan barcha shaxslar mehnat munosabatlarini tartibga solib turuvchi huquq tarmog`i mehnat huquqi hisoblanadi. Mehnat huquqi mehnat munosabatlarining vujudga kelishi, amal qilishi va bekor qilinishini tartibga soladi, xodimlarning birgalikdagi mehnatlari rejimini belgilaydi, mehnat mezoni, mehnatni muhofaza etish qoidalari va mehnat nizolarini ko`rib chiqish tartibini o`rnatadi.
Mehnat huquqi mehnatni ijtimoiy-iqtisodiy tashkil etishdagi mehnat bo`yicha munosabatlarni tartibga soladi, ya`ni jamiyatda mavjud bo`lgan birgalikdagi mehnat jarayonidagi kishilar o`rtasidagi aloqani tartibga soladi.
Mehnat huquqining asosiy mazmunini mehnatga oid munosabatlar tashkil etadi. Mehnat huquqining sub`yektlari 2ga bo`linadi: 1) Asosiy sub`yektlar; 2) Qo`shimcha sub`yektlar. O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 14,15-moddalariga binoan, xodim va ish beruvchi mehnat munosabatlarining asosiy sub`yektlaridir.Mehnat jamoasi kengashi, mehnat nizolari bo`yicha komissiyalar, kasaba uyushmalari, mehnat organlari, korxonalardagi huquqiy xizmatlar(huquqiy maslahat) va ishlab chiqarishning normal ishlashini ta`minlovchi boshqa tartibotlar qo`shimcha sub`yektlarni tashkil etadi.
Mehnat jarayonidagi ijtimoiy munosabatlarda asosan, ikki tomon: xodim va ish beruvchi ishtirok etadi. Xodim sifatida mehnat qilish huquqi va muomala layoqatiga ega bo`lgan, ya`ni muayyan yoshga yetgan, o`zining jismoniy va aqliy qobiliyatiga ko`ra yollanib ishlashi mumkin bo`lgan fuqaro sub`yekt bo`lib qatnashadi. Xodimning mehnat huquqi mavqei O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Mehnat Kodeksi (14,16,20,21,23-moddalar) va boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
Mehnat munosabatlari sub`yekti sifatida ikkinchi tomondan ish beruvchilar, ya`ni fuqarolarni ishga yollashga, ular mehnatini qonun talablari asosida tashkil etishga, mehnatga haq to`lashga layoqatli bo`lgan tijorat, tijoratga aloqasiz tashkilotlar, muayyan hollarda ayrim fuqarolar qatnashdilar. Ish beruvchining yuridik mavqei O`zbekison Respublikasining Konstitutsiyasi, Fuqarolik Kodeksi, Mehnat Kodeksi, O`zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik va tadbirkorlik faoliyati erkinliklarining kafolatlari to`g`risida”gi qonuni va qonunchilik hujjatlariga ko`ra belgilanadi. Shu o`rinda ta`kidlash lozimki, yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik bilan shug`ullanuvchi yakka tadbirkorlar faoliyati o`zlarining shaxsiy mehnatlari bilan tadbirkorlik faoliyati olib borishlari mumkin, ya`ni ular yollanma mehnatdan foydalanishlari mumkin emas va shu sababli mehnat huquqining sub`yekti bo`lolmaydilar.
Mehnat huquqining manbalari. Mehnat huquqining manbalari,bu-sohadagi huquqiy munosabatlarga tadbiq etiladigan qonunlar va boshqa qonun hujjatlaridan iborat. Shu sababli muayyan hayotiy vaziyatlarga mos keluvchi me`yoriy hujjatlarni tanlay bilish, ularni to`g`ri tadbiq etish ko`p jihatdan ushbu mavzuni to`liq o`zlashtirishga, talaba mehnat huquqiga oid me`yoriy-huquqiy hujjatlarning turlari, yuridik kuchi va ta`sir doirasini to`liq tushunib etganligiga bog`liqdir.
Mehnat huquqining tamoyillari. Ular ikkiga bo`linadi: a) umumhuquqiy; b) tarmoqlararo.Umumhuquqiy tamoyillar O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilangan. Tarmoqlararo tamoyillar esa mehnat, tadbirkorlik, ijtimoiy-ta`minot , ma`muriy va boshqa huquq sohalariga oid huquq me`yorlarida aks ettirilgan.
Mehnat shartnomasi tushunchasi. Mehnat shartnomasini bekor qilish. Mamalakatimizda Fuqarolarning mehnat qilishi huquqini amalga oshirishning asosiy shakli-mehnat shartnomasi. Mehnat Kodeksining 72-moddasiga binoan mehnat shartnomasi xodim bilan ish beruvchi o`rtasida muayyan mutaxassislik, malaka, lavozim bo`yicha ishni ichki mehnat tartibiga bo`ysungan holda taraflar kelishuvi, shuningdek mehnat to`g`risidagi qonunlar va boshqa me`yoriy hujjatlar bilan belgilangan shartlar asosida tegishli haq evaziga bajarish haqidagi kelushuvdir. Mehnat shartnomasi fuqarolarning mehnatga bo`lgan konstitutsiyaviy huquqini ro`yobga chiqarishning asosiy tashkiliy-huquqiy shaklidir. Mehnat shartnomasi asosida mehnatga jalb qilishi, xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarini ko`zlagan holda har bir kishiga erkin kasb tanlash imkonini beradi.
Mehnat shartnomasini tuzish-uning taraflari bo`lib hisoblanadigan xodim va ish beruvchi o`rtasida o`zaro huquqlar hamda majburiyatlarni belgilab olish, hujjatlashtirishdan iborat erkin, irodaviy jarayondan iboratdir.
Mehnat shartnomasini tuzish jarayoni qo`yidagicha amalga oshiriladi:
I. Bo`lg`usi ishning shart-sharoitlari haqidagi boshlang`ich muzokaralar, o`zaro tanishuv jarayoni;
II. Xodim tomonidan shaxsi, malakasi, salomatligi ahvoli va boshqa talab etiladigan hujjatlarni taqdim etish;
III.Xodim va ish beruvchi tomonidan mehnat shartnomasining zaruriy va qo`shimcha shartlarini muhokama etilishi, shu asosda yozma shaklda mehnat shartnomasi loyihasining tuzilishi;
IY.Mehnat shartnomasini xodim tomonidan ish, beruvchi (uning vakolatli vakili) tomonidan imzolash.
Mehnat shartnomasi tuzishdan ish beruvchi g`ayri qonuniy ravishda bosh tortishi mumkin emas. Ishga kiruvchi shaxs mehnat shartnomasi tuzilishidan oldin qonunda talab etiladigan hujjatlarni taqdim etishi lozim(80-modda). Qonun hujjatlarida ko`rsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Mehnat shartnomsida qo`shimcha shart sifatida dastlabki sinov qo`llashlik nazarda tutilgan bo`lsa, u holda bu haqda ishga qabul qilish haqidagi buyruqda ko`rsatib qo`yiladi. Sinov muddati uch oydan oshib ketmasligi kerak. Agar dastlabki sinovni o`tash haqida mehnat shartnomasida shartlashuv bo`lmasa, dastlabki sinovsiz ishga qabul qilingan, deb hisoblanadi (84-modda). Ayollarda (yoshga to`lmagan bolasi bo`lsa), homilador ayollar, korxonaning talabi bilan ishga kelganlar, 6 oylik muddatga mehnat shartnomasini tuzganlar uchun dastlabki sinov qo`llanilmaydi.
Mehnat shartnomasi uch xil muddatga tuziladi: 1) nomuayyan muddatga; 2) muayyan muddatga (5yilgasha); 3) vaqtinshalik, mavsumiy ishlar ushun.
Mehnat shartlari o`z ichiga mehnat jarayonidagi barcha ijtimoiy va ishlab chiqarish omillarini oladi. Ijtimoiy omillar: mehnat haqi miqdori, ish vaqtining, ta`tilning muddati va boshqa shartlardan iborat. Ishlab chiqarish omillariga esa texnika, sanitariya,gigiyenaga oid ishlab shiqarish, maishiy va boshqa shartlar kiradi.
Mehnat shartlarini shartnoma taraflaridan birining tashabbusi bilan o`zgartirilishiga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yo`l qo`yiladi (89-modda). Mehnat shartlarini o`zgartirish hollarining eng muhimi boshqa ishga ko`chirishdir. Xodimni doimiy boshqa ishga o`tkazish faqat uning roziligi bilangina amalga oshiriladi (92-modda).
Mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan paytida xodimlarning huquqlari ustuvor himoyalanishi tamoyillari belgilangan bo`lib, bu masalada xodimlar uchun ish beruvchilarga nisbatan kengroq huquqlar, qo`shimcha kafolatlar berilgan. Mehnat shartnomasi quyidagi asoslarda bekor qilinadi (97-modda):
1) Taraflarning kelishuviga ko`ra;
2) Taraflardan birining tashabbusi bilan;
3) Mehnat shartnomasi muddatining tugashi bilan;
4) Mehnat shartnomasi taraflari (xodim yoki ish beruvchi)ga bog`liq bo`lmagan holatlar;
5) Mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga ko`ra;
6) Xodimning saylovdan yoki tanlovdan o`ta olmay qolganligi yoki unda qatnashishni istamaganligi.
Ish vaqti, dam olish vaqti, ta`tillar va ish haqi. Ish-vaqti qonun bilan uning asosida belgilangan vaqt bo`lib, bu vaqt mobaynida xodim yoki mehnat tartibi asosida belgilangan qoidalariga muvofiq suratda, o`z mehnat vazifalariga mos ravishda xizmat burchini bajarishi lozim.
Ish vaqtining muddati muhim mehnat sharoitlaridan biri bo`lib, barcha mehant qiluvchilarga dahldor. Shuning uchun ham qonun sutka va hafta davomidagi ish vaqti muddati normasini normal, qisqartirilgan, to`liqsiz, normalanmagan va hokazo qilib belgilaydi. Ish vaqtining normal muddati haftasiga 40 soatdan oshiq bo`lishi mumkin emas. Ish haftasi bir va ikki dam olish kunlari bilan besh kunlik, olti kunlik bo`lishi mumkin. Sutka davomidagi ish vaqti muddati ish kuni deb atalib, etti soatni tashkil etadi. Besh kunlik ich haftasida esa ishning muddati sakkiz soatdan ortib ketmasligi lozim(114-modda). Bayram(ishlamaydigan) kunlari arafasida ish kuni muddati ( smena) kamida bir soatga qisqartiriladi(121-modda).
Mehnat sharoiti ishlab chiqarishning zararli omillari bilan birga kechadigan ishchi va xizmatchilar uchun, oliy va o`rta o`quv yurtlarining o`qituvchilari, muallimlari, tibbiy xodimlar, maktabgacha muassasalar xodimlari hamda katta ruhiy va aqliy mehnat sarflash talab etiladigan joylarda ishlovchilar uchun qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi(116,117,118-modda).
Qonunga binoan tungi ish muddati bir soatga qisqartiriladi(soat 22dan ertalab 6ga qadar).
18 yoshga yetmagan shaxslarni tungi va ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etish taqiqlanadi.
Dam olish vaqti xodim mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod qilingan vaqt bo`lib, bu nafaqat xodim ushun ahamiyatga ega bo`lgan hodisa bo`lmay, balki ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan voqelikdir.
Dam olish vaqtining quyidagi turlari mavjud:
1) ish kuni davomidagi dam olish vaqti;
2) ish kunlari orasidagi dam olish vaqti;
3) ish haftalari o`rtasidagi dam olish vaqti (dam olish kuni);
4) bayram kunlaridagi dam olish vaqti;
5) yillik mehnat ta`tili.
Dam olish kunlarida ishlatish taqiqlanadi. Xodimlarni ular dam oladigan kunlari ishga jalb etish mehnat qonunchiligi yo`l bergandagina amalga oshiriladi(220,228,245-modda) va buning uchun alohida kompensatsiya va haq to`lanadi(157-modda). Ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishga ikki hissadan kam bo`lmagan miqdordagi haq to`lanadi. Xodimning roziligi bilan boshqa dam olish kuni (otgul berish) berish yo`li bilan ham hal qilinishi mumkin.
Yillik mehnat ta`tili xodimlar uchun kafolatlangan dam olish vaqtining asosiy shaklidir. Barcha xodimlarga ish joyi (lavozimi) saqlangan holda har yili 15 ish kunidan kam bo`lmagan miqdorda yillik mehnat ta`tili beriladi.
Mehnat sharoiti zararli yoki noqulay joylarda qo`shimcha mehnat ta`tili berish, xodimlarning ayrim toifalariga (18 yoshga to`lmaganlar, nogironlar, maorif, sog`liqni saqlash va boshqa ayrim muassasalarning hodimlari va boshqalar) uzaytirilgan mehnat ta`tili berish nazarda tutilgan.
Mehnat qonunchiligida xodimlarga oilaviy va boshqa sabablarga ko`ra ijtimoiy ta`til berish ham belgilangan bo`lib, ularga quyidagilar kiradi:
1. Ish haqi saqlangan holdagi;
2. Homiladorlik va farzand ko`rish;
3. Bolani parvarishlash davri uchun;
4. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta`lim olayotgan xodimlarga beriladigan o`quv ta`tili;
5. Ijodiy ta`til.
Mehnat qonunchiligida xodimlar va ularning oila a`zolari huquqlarini himoya qilish maqsadida ish haqininigeng kam miqdori belgilab qo`yilgan(155-modda). Bu miqdor narx-navoning oshib borishiga qarab indeksatsiyalanib, oshirib boriladi.
Ish beruvchi o`zining moliyaviy holatidan qat`i nazar xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan muddatlarda to`lashi shart. Mehnat shartnomasining taraflar kelishuvi bilan belgilangan mehnat haqi miqdori jamoa shartnomasi yoki kelishuvida o`rnatilgan miqdordan kam bo`lishi mumkin emas(154-modda).
Mehnatga haq to`lashning yakka shartlarini xodim uchun noqulay tomonga o`zgartirishga uning roziligisiz yo`l qo`yilmaydi. Istisno tariqasida o`zgartiriladigan bo`lsa bu haqda xodim kamida ikki oy oldin ogohlantirilishi lozim(156-modda).
|