Mavzuni takrorlash uchun savollar:
1. Ma`muriy huquq tushunchasini izohlab bering.
2. Davlat boshqaruvi nima?
3 Ma`muriy huquq tizimini tushuntiring
4. Ma`muriy huquq predmetini ayting
5. Ma`muriy huquq manbalariga nimalar kiradi?
6. Ma`muriy huquq normalariga nimalar kiradi?
7. Ma`muriy-huquqiy munosabatlar deganda nimani tushunasiz
8. Ma`muriy huquqning asosiy tamoyillari nimalardan iborat?
9. Ma`muriy huquqning sub`yektlariga nimalar kiradi?
10.Davlat boshqaruvi organlari tushunchasini izohlab bering
11.Davlat boshqaruvi organlari tizimini tasniflab bering
12.Ma`muriy javobgarlik nima?
13.Ma`muriy jazo tushunchasi.
14.Ma`muriy jazo turlarini ko`rsating
Adabiyotlar:
- O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. Toshkent, 2003 yil
- O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksi.Toshkent,1999y
- O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksiga sharhlar.Toshkent, 1999 yil
- Huquqshunoslik. O`quv qo`llanmasi. Toshkent, 2002 yil.
- O.Husanov. Davlat organlari. Toshkent, 1996 yil
4- MAVZU. FUQAROLIK HUQUQI ASOSLARI.
Reja:
1. Fuqarolik huquqi tushunchasi, tamoyillari va tizimi.
2. Fuqarolarning huquq layoqati va muomala layoqati.
3. Yuridik shaxslar, ularning turlari.
4. Mulk huquqi, vorislik huquqi va mualliflik huquqi.
Tayanch iboralar:
Fuqarolik huquqi tushunchasi, fuqarolik huquqiy munosabatlar, huquqiy layoqat, muomala layoqati, jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar, bitimlar, mulk huquqi, vorislik huquqi, mualliflik huquqi.
Fuqarolik huquqi tushunchasi. Fuqarolik huquqi-huquqiy munosabatlar sub`yektlari o`rtasida tenglik, xohish-iroda muxtoriyligi va mulkiy mustaqillik asoslarida yuzaga keladigan mulkiy munosabatlar hamda ular bilan bog`liq bo`lgan yohud bog`liq bo`lmagan shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladi.
Fuqarolik huquqi-insonning kundalik hayoti va faoliyati bilan chambarchas bog`liq bo`lgan huquq sohalaridan biridir. U fuqaroga mulkiy va shaxsiy nomulkiy munosabatlar sohasida katta huquqlar beradi va bu huquqlarni boshqa fuqarolar tomonidan buzilishidan muhofaza qiladi. Har bir fuqaro qonunga binoan xususiy mulkka ega bo`lish, mulkni meros qilib olish va vasiyat qilib qoldirish, ijodiy faoliyati va hokazolar bilan bog`liq ravishda vujudga keladigan huquqlarni qo`lga kiritishga haqlidir.
Fuqarolik huquqining predmeti – huquq subyektining muayyan bir mol-mulkka aloqasi mohiyatini aniqlovchi, ashyoning (mulkning) bir xil shaxslardan boshqalarga o`tishini tartibga soluvchi, fuqarolik-huquqiy shartnomalarini tuzish va ular bo`yicha olingan majburiyatlarni bajarish qoidalarini belgilovchi, shuningdek, yetkazilgan mulkiy va ma`naviy zararni qoplash tartibini ko`rsatib beruvchi ijtimoiy munosabatlarning keng doirasidan iborat.
Fuqarolik huquqi normalari bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar:
1. Mulkiy munosabatlar. Mulkning muayyan shaxslarga tegishliligi yoki mulkning bir shaxsdan boshqasiga o`tishi yoxud ishlarni bajarish, xizmat ko`rsatish bilan bog`liq munosabatlar.
2. Shaxsiy huquqiy munosabatlar. Nomulkiy xarakterga ega bo`lgan, mulk, qiymat, ekvivalent bilan bog`liq bo`lmagan, shaxslardan boshqa shaxslarga “o`tkazib va berib bo`lmaydigan” munosabatlar.
Mulkiy munosabatlar mol-mulkning muayyan shaxslarga tegishli ekanligi, mol-mulkning bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o`tishi bilan bog`liq bo`ladi. Mulkiy munosabatlarning birinchi guruhiga mulkka egalik qilish, foydalanish va uni tasarruf etish sohasidagi munosabatlar kiradi. Mulkiy munosabatlarning ikkinchi guruhiga, avvalo, ko`pdan ko`p shartnoma munosabatlari ( mol yetkazib berish shartnomasi, pudrat shartnomasi, yuklarni tashish shartnomasi munosabatlari) kiradi. Biroq bu munosabatlar shartnoma asosida paydo bo`lmasligi ham mumkin. Xususan, yetkazilgan zararning o`rnini qoplashda, asossiz ravishda qo`lga kiritilgan yoki saqlangan mol-mulkni qaytarib berishda, meros mulkning merosxo`rga o`tishida shunday bo`ladi.
Ishtirokchilari sub`yektiv huquq va majburiyatlar sohiblari bo`lgan hamda fuqarolik huquqi normalari bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarga fuqarolik-huquqiy munosabatlar deyiladi.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilari o`rtasidagi nizolar xo`jalik sudi yoxud hakamlik sudi tomonidan da`vogarlik tartibida hal etiladi, bunda fuqarolik prosessual qonunlar belgilangan alohida qoidalarga rioya qilinadi. Qonunda maxsus ko`zda tutilgan hollarda fuqarolik huquqlarini himoya qilish ma`muriy tartibda amalga oshiriladi.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarining asosiy xususiyati uning ishtirokchilarining yuridik tengligidan iborat. Fuqarolik-huquqiy munosabat tarkibi quyidagilardan iborat:
a) huquqiy munosabat ishtirokchilari sub`yektiv huquq va majburiyatlari;
b) huquqiy munosabat ob`yektlari;
v) huquqiy munosabat sub`yektlari.
Sub`yektiv huquqlar-fuqarolik-huquqiy munosabati sub`yektining ijozat berilgan hatti-harakati ko`lamidir.
Sub`yektiv majburiyatlar-muayyan hatti-harakatlarni sodir etish shartligi yoki qandaydir hatti-harakatlarni sodir etishdan tiyilib turish shartligidir.
Majburiyatlarning ikki turi mavjud:
1. Passiv xildagi majburiyatlar. Ular fuqarolik-huquqiy taqiqlardan vujudga keladi va qonuniy huquqli taraf yoki davlat manfaatlariga zarar keltiruv harakatlarni sodir etishning yuridik mumkin emasligini bildiradi.
2. Faol xildagi majburiyatlar. Uning mazmuni ijtimoiy foydali hatti-harakatlarni sodir etishga undashdan iborat. Odatda ularda mulkni topshirish yoki muayyan ishlarni bajarish va hokazolarni sodir etish talabi o`z ifodasini topadi.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlar ob`yektlari. Bular mazkur huquqiy munosabatlar vujudga kelishiga sabab bo`lgan, ushbu huquqiy munosabatlar sub`yektlarining huquq va majburiyatlari yo`naltirilgan narsalardir yoki harakat nimaga qaratilgan bo`lsa hamda nimalar asosida vujudga kelgan bo`lsa, bu munosabatlar ob`yekt deb ataladi.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlar ob`yektlari 2 guruhga bo`linadi:
1.Nomulkiy ob`yektlar-ijodiy faoliyat natijalari, axborotlar, shuningdek, shaxsiy nomulkiy ne`matlar.
- Intellektual mehnat natijalari;
- Kompьyuterlarni dasturiy ta`minlash;
- Ixtirolarga mualliflik;
- San`at asarlariga mualliflik huquqi kabilar ijodiy faoliyatga kiradi.
2. Mulkiy ob`yektlar – konkret ashyolar, pullar, qimmatli qog`ozlar, ishlar, xizmatlar, shuningdek, mulkiy huquq va majburiyatlar.
Ashyolarning quyidagi turlari mavjud:
1. Xususiy alomatlari va o`ziga xos turlari bilan belgilangan ashyolar;
2. Bo`linadigan va bo`linmaydigan ashyolar;
3. Iste`mol qilinadigan va iste`mol qilinmaydigan ashyolar.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlari sub`yektlari – bular huquqiy munosabatda qatnashuvchi shaxslar bo`lib quyidagilardan iborat:
- jismoniy shaxslar;
- yuridik shaxslar;
- o`z organlari va mahalliy o`zini –o`zi boshqarish organlari timsolida davlat.
Jismoniy shaxslar – O`zbekiston Respublikasi fuqarolari, boshqa davlatlarning fuqarolari, fuqaroligi bo`lmagan shaxslar. Fuqarolik-huquqiy munosabati sub`yekti bo`lish uchun huquqiy sub`yektlikka ega bo`lish kerak. Uning mazmuni huquq layoqati va muomala layoqati tushunchalari orqali ochiladi.
Fuqarolik-huquqiy layoqati. Fuqarolik huquq va majburiyatlarga ega bo`lish layoqatiga fuqarolik-huquqiy layoqati deyiladi. Bu layoqat inson tug`ilgan paytdan vujudga keladi va vafot etishi bilan tugaydi.
Fuqarolik muomala layoqati. Fuqaroning o`z harakatlari bilan fuqarolik huquqlarini egallash va amalga oshirish, o`zi uchun fuqarolik majburiyatlarini yaratish va ularni bajarish layoqatiga fuqarolik muomala layoqati deyiladi. Bu layoqat inson balog`at yoshiga to`lgandan keyin, ya`ni o`n sakkiz yoshga to`lgandan keyin to`la hajmda vujudga keladi. O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga ko`ra muomala layoqatining quyidagi turlari belgilanadi:
1. to`la hajmdagi muomala layoqati;
2. balog`at yoshiga etmaganlar muomala layoqati;
3. kichik yoshdagi bolalar layoqati.
Emansipatsiya –fuqaroning o`n sakkiz yoshga etmasdan to`la muomala layoqatiga ega bo`lishidir. U fuqaro 16 yoshga to`lgan kundan boshlanadi.
Fuqaroning muomalaga layoqatsiz deb topilishi. Fuqarolik kodeksining 30-moddasiga binoan quyidagi hollarda bunga yo`l qo`yiladi: ruhiy kasalligi yoki aqliy zaifligi oqibatida o`zini boshqara olmaydigan va o`z harakatiga javob berolmaydigan fuqarolar sudning hukmi bilan muomalaga layoqatsiz deb topilishi mumkin.Bunday fuqaroga vasiylik belgilanadi.
Vasiylik - u kichik yoshdagi bolalar, shuningdek, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar ustidan o`rnatiladi.
Homiylik – u 14 yoshdan 18 yoshgacha, balog`at yoshiga yetmaganlar ustidan, shuningdek, muomala layoqati sheklangan fuqarolar ustidan o`rnatiladi. Vasiydan homiyning farqi nima? Vasiydan farqli o`laroq, homiy fuqarolik huquqiy munosabatlarga kirishmaydi, balki faqat fuqaroning o`z huquqlarini amalga oshirishiga ko`maklashadi.
Yuridik shaxslar. Ularning turlari. Yuridik shaxs o`z mulkida, xo`jalik yuritishda yoki operativ boshqaruvda alohida mol-mulkka ega bo`lgan hamda o`z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, o`z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo`la oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da`vogar va javobgar bo`la oladigan tashkilotdir.
Yuridik shaxsning huquq layoqati. Bu layoqat u tashkil topgan paytdan boshlanib, yuridik shaxsni tugatish tamomlangan paytdan to`xtaladi.
Yuridik shaxsning muomala layoqati. Bu yuridik shaxsning o`z harakatlari bilan fuqarolik huquq va majburiyatlarni yaratish, egallash va bajarish layoqatidir. Jismoniy shaxslardan farqli o`laroq, yuridik shaxsning muomala layoqati uning huquq layoqati bilan bir vaqtda boshlanadi va tugaydi.
Yuridik shaxs faoliyati – uning muassislari va ishtirokchilarining ongli irodali harakatlaridan iborat.
Muassislar – yuridik shaxsni tashkil etish to`g`risida qaror qabul qilgan shaxslar.
Ishtirokchilar- muassislarni ham qo`shgan holda yuridik shaxs tarkibiga kiruvchi barcha shaxslar.
Yuridik shaxslar ikki turga bo`linadi.
1. Tijoratchi yuridik shaxs-asosiy maqsadi foyda olishga qaratilgan tashkilotlar.
Ularning turlari quyidagilar:
1. Xo`jalik shirkatlari;
a) to`liq shirkat; b) kommandit shirkat.
2. Xo`jalik jamiyatlari:
a) mas`uliyati cheklangan jamiyat;
b) qo`shimcha mas`uliyatli jamiyat;
v) aksiyadorlar jamiyati: oshiq va yopiq;
g) sho``ba jamiyat;
3. Ishlab chiqarish kooperativlari;
4. Unitar korxona:
a) xo`jalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korhona;
b) tezkor boshqaruv huquqiga asoslangan davlat unitar korhonasi.
2. Tijoratchi bo`lmagan yuridik shaxslar –foyda olishni asosiy maqsad qilib qo`ymaydigan va o`z ishtirokchilari o`rtasida foydani taqsimlamaydigan, ijtimoiy, xayriya, madaniy-ma`rifiy va boshqa faoliyat yuritish maqsadida tuzilgan tashkilotlardir.
Tijoratchi bo`lmagan yuridik shaxslarning turlari quyidagilardan iborat:
1) matlubot kooperativi;
2) jamoat birlashmalari;
3) ijtimoiy fondlar;
4) muassasalar;
5) yuridik shaxslar birlashmalari;
6) fuqarolarning o`zini-o`zi boshqarish organlari.
Yuridik shaxsni tashkil etish usullari:
1) farmoyish berish usuli;
2) ruhsat etish usuli;
3) murojaat qilish usuli:
Yuridik shaxsni qayta tashkil etish shakllari:
1) ikki va undan ortiq yuridik shaxsning qo`shilishi;
2) qo`shib olish;
3) bo`linish;
4) ajralib chiqish;
5) bir shakldan ikkinchi shaklga aylantirish.
Yuridik shaxsni tugatish – bu yuridik shaxs faoliyatini, uning huquq va majburiyatlarini fuqarolik huquqiy munosabatlarning boshqa sub`yektlariga o`tkazmagan holda to`xtatish harakatlaridir.
Yuridik shaxsni tugatish ikki usulda amalga oshiriladi. Ihtiyoriy-yuridik shaxs tashkil etilgan faoliyat muddatining o`tib bo`lishi, uning faoliyat maqsadiga erishilgani, ustavsiz(nizom) maqsadlariga erishib bo`lmasligi asos qilib olingan usul.
Majburiy tugatish – yuridik shaxsning tegishli ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) faoliyat yuritishi, nizom maqsadlariga zid faoliyat yoki faoliyatning ta`qiqlangan turlari bilan shug`ullanish, shuningdek, qonunni qo`pol ravishda buzgan holda faoliyat yuritish asos qilib olingan usul.
Nochorlik(bankrotlik) tugatishning maxsus holatiga kiradi. Yuridik shaxsning bankrot (nochor) deb e`tirof etilishi uni tugatilishiga olib keladi.
Bitimlar, ularning turlari, shakllari. Bitim- fuqarolar va tashkilotlarning fuqarolik huquqlari va vazifalarini belgilash, o`zgartirish, to`htatishga qaratilgan harakatlardir. Lekin har qanday harakat ham bitim bo`lavermaydi. Qonun doirasida amalga oshirilishi lozim bo`lgan, ya`ni huquqiy harakat bitim bo`ladi. Ashyoni sotib olish, sotish, xizmat ko`rsatish, ashyoni vaqtincha foydalanish uchun topshirish, hadya qilish kabi harakatlar bitimlar mezonini tashkil etadi.
Bitimlarning turlari:
1) Bir tomonlama, ikki tomonlama va ko`p tomonlama bitimlar;
2) Haq baravariga va tekin bitimlar;
3) Real va konsensual bitimlar;
4) Shartli va shartsiz bitimlar;
5) Muddatli va muddatsiz bitimlar;
6) Birja bitimlar.
Bitimlarning shakllari:
1) og`zaki bitimlar-shaxs xohish irodasini og`zaki ifodalash yo`li bilan tuziladi.
2) konklyudent bitimlar-so`zsiz harakatlar, imo-ishoralar, mimika yo`li bilan tuziladigan shartnomalar. Bu bitimlar ham og`zaki bitimlarga tenglashtiriladi.
3) yozma bitimlar-yozma hujjat ko`rinishida tuziladi va agar ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa, taraflar yoki ularning vakillari imzolashi kerak.
4) notarial tasdiqlangan bitimlar-notarius yoki bunday notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega bo`lgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan tasdiqlovchi ust xat yozib qo`yish yo`li bilan amalga oshiriladi.
5) bahsli bitimlar-tan olinishi uchun sud qarori kerak bo`ladigan bitimlar.
6) ahamiyatsiz bitimlar-haqiqiy emasligi sud orqali tasdiqlanishi talab yetilmaydigan bitimlar.
7) asoratga soluvchi bitimlar-juda og`ir holatlar oqibatida o`zi uchun g`oyat noqulay shartlarga ko`nishga majbur bo`lgan shaxs tuzgan bitimlar.
Restitutsiya-bitimni haqiqiy emas deb topish paytida taraflarning bitim tuzishdan oldinga qaytishi.
Mulk huquqi – o`z egasiga unga tegishli mulkka nisbatan egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish bo`yisha vakolatlar beruvchi ashyoviy huquqdir.
Mulk huquqi uch tarkibiy qismdan iborat:
1. mulkka egalik qilish;
2. undan foydalanish;
3. mulkni tasarruf etish.
Egalik qilish huquqi – bu amalda ashyoga ega bo`lish, unga bevosita ta`sir o`tkazish imkoniyati. Egalik qilish huquqi qonuniy va noqonuniy bo`lishi mumkin.
Foydalanish huquqi – bu ashyolar vositasida u yoki bu ehtiyojlarni qondirish, ashyodan uning foydali xususiyatlarni hamda daromadni olish huquqidir.
Tasarruf etish huquqi- yuridik hujjatlar asosida ashyoning taqdirini tasarruf etish yo`lidagi qonuniy huquqlikdan foydalanish bo`lib ifodalanadi.
Birgalikdagi mulk. Bunda birgalikdagi mulk ishtirokchilari mulkdorlari ulushlarini aniqlamagan holda birgalikda egalik qiladilar va foydalanadilar. Er-xotinlar mulki va dehqon fermer xo`jaligi mulki shunday mulk hisoblanadi.
Mulk huquqi vujudga kelishining boshlang`ich usullari:
1) mulkni yaratish va ko`paytirish;
2) ko`char va ko`chmas mulkka ochiq, uzoq va uzluksiz egalik qilish natijasida mulkni egallash;
3) hamma yig`ib olishi mumkin bo`lgan ashyolarni mulkka aylantirish;
4) egasiz ashyolar, topilma, qarovsiz hayvonlar va xazinaga mulk huquqini egallash.
Mulk huquqi vujudga kelishining hosila usullariga quyidagilar kiradi:
1. Shartnoma asosida (oldi-sotdi, almashish, hadya qilish va h.k.)
2. Meros qilib qoldirish asosida.
3. Natsionalizatsiya (milliylashtirish) asosida.
4. Xususiylashtirish asosida.
5. Rekvizatsiya asosida.
6. Musodara asosida.
Mulk huquqining bekor bo`lishi. Mulk huquqi mulkdorning ixtiyoriy suratda majburiyatni bajarishi, mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiladigan bir tomonlama qaror qilishi, sud qarori asosida mol-mulkni olib qo`yish (sotib olish) yo`li bilan, shuningdek, mulk huquqini bekor qiluvchi qonun hujjatlariga asosan bekor bo`ladi.
Mulk huquqini muhofaza etish usullari. Vindikatsiya da`vosi-bu mulkdorning o`z mol-mulkini boshqa har qanday shaxsning qonunsiz egaligidan qaytarishni sud orqali talab qilib olish huquqi.Vindikatsiya da`vosi bilan chiqish uchun quyidagi shartlar bo`lishi kerak:
- talab qilinayotgan mulk amalda boshqa shaxsning egaligida bo`lishi kerak;
- faqat boshqasiga almashtirib bo`lmaydigan ashyolar va turga xos alomatlari bo`lgan ashyolar da`vo predmeti bo`lishi mumkin;
- mulkdor mahrum bo`lgan mulk o`zining asosiy xususiyatlarini va sifat belgilarini yo`qotmagan bo`lishi lozim;
- mulkiga ega bo`lmagan mulkdor va uni qonunsiz egallovshi shaxs da`vo qilinayotgan mol-mulk bo`yisha bir-birlari bilan shartnoma yoki boshqa majburiyatli huquqiy munosabat bilan bog`lanmagan bo`lishlari kerak.
Vindikatsiya da`vosini qondirishda tegishli hisob-kitoblar amalga oshirilishi kerak. Da`vogar mol-mulkni asli holida qaytarish bilan birga, agar javobgar shu mol-mulkni insofsiz egallab turgan bo`lsa, undan mol-mulkka egalik qilgan butun vaqti davomida olgan foydalari (hosil-daraht)ni qaytarishni yoki to`lashni talab qilishga haqlidir. Ayni paytda insofli egallovshi ham, insofsiz egallovshi ham mol-mulkdan qancha vaqt davomida olingan daromad mulkdorga qaytarilishi kerak bo`lsa, shuncha vaqt davomida mol-mulkka qilingan zaruriy harajatlarni to`lashni mulkdordan talab qilishga haqlidir.
Negator da`vo – o`z mulkiga qilayotgan mulkdorning shu mulkdan foydalanishi va uni tasarruf etishdagi qonuniy huquqlarini amalga oshirishdagi to`sqinliklarni bartaraf etish talabidir. Negator da`vosi bo`yicha da`vogar-mol-mulkning amaldagi va qonuniy egasi bo`lgan, lekin undan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo`lgan shaxs. Negator da`vosi bo`yicha javobgar – o`zining g`ayri huquqiy hatti-harakatlari bilan mulkdorning o`z qonuniy asosda foydalanish huquqini to`la amalga oshirishiga imkon berayotgan shaxs.
Majburiyat huquqi. Bu huquqning mazmuni ashyoviy huquqlarning bir shaxsdan boshqasiga o`tishi bilan bog`liq fuqarolik huquqiy munosabatlardan iborat. Majburiyat huquqi mulkning harakati va qayta taqsimlanishi jarayonini muvofiqlashtiradi. Majburiyat huquqining asosida majburiyat tushunchasi yotadi. Majburiyat – fuqarolik huquqiy munosabat bo`lib, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, muayyan harakatdan o`zini saqlashga majbur bo`ladi, kreditor esa, qarzdordan o`zini o`zining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega bo`ladi. Demak, majburiyatda ikki taraf-qarzdor va kreditor qatnashadi. Majburiyatlar quyidagi asoslarda kelib chiqadi:
- shartnomalardan;
- yetkazilgan zarar oqibatida;
- sud qarori asosida;
- fuqarolik qonunshiligi fuqarolik-huquqiy oqibatlarning vujudga kelishi bilan bog`laydigan boshqa harakatlar va hodisalar natijasida.
Fuqarolik –huquqiy shartnoma-bu ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquq va burchlarini vujudga keltirish, o`zgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvidir.
Shartnoma tuzishdan asossiz bo`yin tovlagan taraf shu tufayli yetkazilgan zararni boshqa tarafga to`lashi kerak.
Majburiyatlar ijrosini ta`minlash quyidagi usullar bilan amalga oshiriladi:
1.Neustoyka – shartnoma bilan belgilangan qarzdor majburiyatni bajarmagan taqdirda kreditorga to`lashi shart bo`lgan pul summasi.
2.Garov – bir shaxsning boshqa shaxsga mol-mulkni yoki unga bo`lgan huquqni majburiyatlarni bajarishni ta`minlash uchun berishi.
3.Zakalot- garovga qo`yiladigan mulkni garovga qo`yuvchi tomonidan garovga oluvchiga o`tkazilishi.
4.Kafillik-bu kelishuv bo`lib, unga ko`ra, kafil boshqa shaxs majburiyatini to`la yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni o`z zimmasiga oladi.
5.Kafolat-unga binoan bank, boshqa kredit muassasasi yoki sug`urta tashkiloti (kafil)boshqa shaxs (prinsipal)ning iltimosiga ko`ra kafil o`z zimmasiga olayotgan majburiyat shartlariga muvofiq prinsipalning kreditori (benefitsar) pul summasini to`lash haqida prinsipalga yozma majburiyat beradi.
Mualliflik huquqi. Mualliflik huquqi instituti o`z ta`sir doirasiga mualliflar huquqlarini himoya qilish bilan birga, jamiyatni yetuk badiiy, adabiy, san`at va ilm-fan asarlari bilan ta`minlash vazifasini ham qamrab oladi. Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 42-moddasiga binoan, barcha fuqarolar uchun ilmiy va tehnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlangan. 1996 yil 30 avgustda qabul qilingan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida”gi qonunda mualliflik huquqining ob`yektlari, belgilari va turlari ko`rsatilgan. Shunga ko`ra, mualliflik huquqi ob`yekti bu – aqliy mehnat natijasi bo`lmish fan, adabiyot va san`at asarlaridir.
Mualliflik huquqining ob`yekti ma`naviy boyliklar, ya`ni ma`naviy ijod predmetlaridir. Boshqacha aytganda, inson his-tuyg`ulari, aqli-zehni, bilimi, tafakkuri, dunyoqarashi, qobiliyatini ifodalovchi asarlar mualliflik huquqi ob`yektlari sirasiga kiradi.
Qonunning 5-moddasi 5-qismiga binoan:
Mualliflik huquqi e`lon qilingan asarlarga nisbatan ham, e`lon qilinmagan asarlarga nisbatan ham tadbiq qilinadi.
Asar kimning ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo`lsa, ana shu fuqaro asar muallifi deb e`tirof etiladi.
Ikki yoki undan ortiq fuqaroning birgalikdagi ijodiy mehnati natijasida yaratilgan asarga bo`lgan mualliflik huquqi, mazkur asar bo`linmas bir butun yoki har biri ham mustaqil mazmunga ega qismlardan iborat ekanligidan qat`iy nazar, hammualliflarga birgalikda tegishli bo`ladi.
Alohida mualliflik huquqining egasi o`z huquqlaridan habardor etish uchun asarning har bir nusxasida aks ettiriladigan va qo`yidagi uch unsurdan iborat mualliflik huquqining himoya belgisidan foydalanishi mumkin:
- aylana ichiga olingan lotinsha “S” harfi;
- alohida mualliflik huqulari egasining ismi;
- asar birinchi marta e`lon qilingan yil.
Mualliflik huquqining himoya belgisida ko`rsatilgan shaxs, bashorati boshqa hol isbotlanmagan bo`lsa huquq egasi hisoblanadi.
Muallifning o`zi yaratgan asari bo`lgan mualliflik huquqi boshqa shaxslarning ayni shu asarga bo`lgan mualliflik huquqi e`tirof qilinishini istisno etadi.
Ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga mualliflik huquqi va maxsus nom berish huquqi ixtiro, foydali model, sanoat namunasining muallifiga tegishlidir.
Qonunga binoan, turdosh huquqlar sahna asarlariga, ijroga, ijroning audio va videoyozuviga (ijro yozuviga), efir va kabel orqali ko`rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotning ko`rsatuv va eshittirishlariga tatbiq etiladi.
Ijrochi quyidagi huquqlarga egadir:
- ijro vaqtida, ijro yozuvining nusxalarida, ijro translyatsiya qilinayotganda yoki takrorlanayotganda uning ismi-sharifini ko`rsatish;
- asarni buzib ijro etishdan himoya qilish;
- ijrodan foydalanishni amalga oshirish yoki foydalanishga ruhsat berish.
Mualliflik huquqida ayrim yechimini kutayotgan muammolar ham mavjud, yaqin kelajakda bu hal yetilishi kerak.
Vorislik huquqi. Vorislik huquqi deyilganda vafot etgan fuqaroning mol-mulki uning merosxo`rlariga o`tishi tushuniladi. Vorislik huquqi fuqarolar vafot etgandan keyin ularning mulkiy va ayrim nomulkiy huquqlari va majburiyatlarining boshqa shaxslarga o`tishi natijasida kelib chiqadigan munosabatlarni tartibga soladi.
Fuqarolarning shaxsiy va hususiy mulkiga taaluqli bo`lgan mol-mulk meros qilib olish ob`yekti hisoblanadi. Bularga fuqarolarning daromadlari va jamg`armalari, uy-joy, xonadon, uydagi yordamshi xo`jalik, uy-ro`zg`or buyumlari va ashyolari, shaxsiy iste`mol buyumlari va jihozlar kiradi.
Quyidagilar meros bo`lib o`tadi:
- vafot etgan kishining xususiy mulk huquqi;
- ayrim majburiyat huquqlari(bankda amonatni talab qilib olish, sug`urta puli, qalam haqi olish huquqi);
- mualliflik huquqi, ixtiro qilish huquqi.
Quyidagilar meros ochilgan joy hisoblanadi:
- meros qoldiruvchining keyingi yashagan joyi;
- keyingi yashash joyi no`malum bo`lgan taqdirda meros qilib olinadigan mol-mulk yoki uning asosiy qismi joylashgan manzil.
Meros qilib olish qonun va vasiyat bo`yicha amalga oshiriladi. Qonun bo`yicha meros qilib olish vasiyat bilan almashtirilmagan holda sodir bo`ladi. Qonun bo`yicha vorislarning ulushlari tengdir. Meros qoldiruvchi bilan birga yashovchilar (vorislar) ayrim ustunliklarga ega bo`ladi.
|