|
I. Bob. Sotsiologik tadqiqot metodining nazariy metodologiyasi va usullari
|
bet | 7/16 | Sana | 19.11.2023 | Hajmi | 79,33 Kb. | | #101274 |
Bog'liq ANKETA SOʻROVI TUSHUNCHASI, USLUBIY AFZALLIKLARI VA KAMCHILIKLARINI (2)I.3. Anketa tuzish qoidalari
Inson tomonidan beriladigan savol shunchalar turli, aqlli yoki aksincha, bir-biriga zid va safsatali bo‘lishi mumkin. Undan tashqari, ba’zi hollarda, biz tomonimizdan shoshilinch, o‘ylamasdan, asoslanmasdan tuzilgan savollar biror-bir javobni talab qilmasligi va hatto, ba’zi hollarda so‘ralayotgan shaxsni mushkul ahvolga yoki mantiqqa to‘g‘ri kelmasligi bilan taajjubga solishi mumkin.
Ushbu xilma-xillikni tahlil qilib, anketa so‘rovida nimani so‘rash mumkin, nimani esa hech qanday holatda so‘rash mumkin emasligini aniqlab olish juda muhimdir. Savollar berish san’ati – bu murakkab ish. Aynan qaysilarini, aynan kimga, qaerda va qaysi vaqtda berish mumkinligini bilish darkor. Kundalik hayotda qaytadan so‘rash, aniqlashtirib olish, suhbatga kirishish imkoniyati doim bor. Respondentlar bilan anketa so‘rovini o‘tkazish esa – boshqa narsa22.
Anketa savollarini shakllantirishda e’tiborga olish kerak bo‘lgan eng birinchi maslahat: dastlab respondentlardan qanday axborot olish mumkinligini belgilang va ularni anketa savollariga aylantirishning samarali texnologiyasini toping23.
Anketa savolini tuzishdan avval, o‘zingiz uchun, muammolarning barcha jihatlari, hattoki, hech qanday javob talab qilmaydiganlari ham inobatga olinganligini aniqlashtirib oling. So‘ngra keyingi bosqichga o‘tsa bo‘ladi – savollarni shakllantirish, iboralarni to‘g‘rilash, anketadagi savollar ketma-ketligini belgilash. Shuni e’tiborga olish kerakki, savol mazmuni avvalambor manfaatdor shaxs (tadqiqotchi, tahlilchi)ni qiziqtiradi, uning shakli, tili va uslubi esa – respondentni! Sizni odamning xabardorligi darajasi qiziqtiradi, unga esa aynan shuni tan olish noqulay. Demak, maqsadingizni bir oz yashiring, uni o‘z suhbatdoshingiz uchun tanish ko‘rinishda ifodalang (masalan, ochiq savol o‘rniga yopiq yoki to‘g‘ridanto‘g‘ri savol o‘rniga bilvosita savol bering).
Anketa so‘rovnomasi agar quyidagi uchta (indikatorlik, kommunikativ va instrumental) funksiyani bajara olsa, o‘shandagina samarali texnologiya asosida shakllantirilgan bo‘ladi.
Indikatorlik funksiyasi shuki, har bir savol boshqa muammoga aloqador bo‘lgan axborot emas, balki qidirilayotgan ma’lumot olinishini ta’minlashi kerak. Bu borada har bir savolni tuzayotganda unga indikator, ya’ni miqdoriy ko‘rsatkichga qaragandek yondashish kerak. Bunda har bir savol bo‘yicha olingan javoblarni umumlashtirganda tadqiqot uchun kerak bo‘lgan ma’lumot hosil bo‘lishi kerak. Masalan, agar respondentlarga “yoshingiz nechada?” yoki “jinsingiz nima?” degan oddiy savollar berilsa, ushbu savollar bo‘yicha olingan javoblar respondentlarining ijtimoiydemografik tuzilishi to‘g‘risidagi birlamchi ma’lumotlarni hosil qiladi.
Savolning kommunikativ funksiyasi respondent bilan tadqiqotchi o‘rtasida virtual ijtimoiy-psixologik muloqotni o‘rnatish va rivojlantirish bilan ifodalanadi. Bu borada anketadagi savollar orqali ko‘proq respondentga murojaat, iltimos qilish yoki uning halolligiga urg‘u berish kerak. Buning uchun “Ayting-chi, ...”, “Sizningcha...”, “Nima deb o‘ylaysiz, ...”, “O‘z fikringiz bilan o‘rtoqlashing”, “Iltimos, bu boradagi o‘z samimiy fikringizni bildiring” kabi murojaat so‘z iboralaridan foydalanish mumkin24.
Anketa so‘rovi davomida respondent o‘zini o‘z qiyofasida his qilishi uchun savol mazmuni va bayon qilish usuli respondentning kundalik leksikasiga aylantirilishi kerak. Undan tashqari, savollarni hajm nuqtai nazariga ko‘ra, respondentlarning ayrim psixologik xususiyatlari: ularning xabardorligi va bilishi, xotirasi va tahliliy qobiliyatiga moslashtirish maqsadga muvofiq sanaladi. Nazarimizda, savollar tuzishda tajribali marketologlar tomonidan berilgan quyidagi maslahatlarga quloq tutishimiz kerak: anketa savollari aniq bo‘lishi kerak; savol taqozo etadigan javoblar shakli yozish uchun qulay bo‘lishi lozim; savol faqat bitta predmet haqida berilishi lozim; savol imkon qadar qisqa va lo‘nda bo‘lishi lozim, agar savol uzunroq tuzilsa, unda uning asl mohiyati tushunarli tilda bayon etilishi lozim; savollar to‘g‘ri va aniq javoblarni keltirib chiqarishi lozim.
Sotsiologik anketaning kommunikativ funksiyasiga savollarning shakllari katta ta’sir ko‘rsatadi. Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ldiki, anketa so‘rovi asosan yopiq savollar asosida o‘tkazishga yo‘naltirilgan. Anketa tuzilayotganda imkon qadar ochiq savollarni ko‘paytirib yubormaslik kerak. Agar ochiq savollar ko‘payib ketsa, unda anketa so‘rovini o‘tkazish befoyda. Chunki bu og‘zaki suhbat tartibiga o‘xshab qoladi, ya’ni respondent faqat o‘zi fikrlab, o‘zi javoblarni shakllantirishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa, ular uchun ma’lum vaqt va mashaqqatni talab etadigan ish bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Yopiq savollar esa ularga fikrlarni jamlash va tizimlashtirishga yordam beradi.
Shkalalar asosida tuziladigan yopiq savollarning afzalligi shundaki, respondentlarning ma’lum savol yuzasidan o‘z fikrini yashirish yoki aytmaslik imkoniyati cheklangan. Chunki shkalalardagi darajalar ularni o‘z baholarini berishga undaydi va har qanday shkaladagi baho ham tadqiqot bo‘yicha muayyan ma’lumotni shakllantiradi.
Umuman olganda, anketa so‘rovnomasining kommunikativ funksiyasi so‘rovda ishtirok etayotgan tahlilchi va respondent o‘rtasida simpatiya, hurmat va ishonch his-tuyg‘ularini yaratishga yo‘naltirilgan25.
Savolning instrumental funksiyasi, savolning o‘lchov imkoniyatlari, savollar bloklari asosida shakllantiriladigan shkala va indekslarni tuzishga qo‘yiladigan maxsus talablarga rioya qilish bilan bog‘liq. Ya’ni savollarga ilova qilinayotgan javoblar variantlari ma’lum ko‘rsatkich, indeks yoki shkala asosida o‘lchanadigan bo‘lishi lozim. Buning uchun anketa savollari va javoblari quyidagi instrumental talablarga javob berishi lozim:
1. Anketadagi muayyan savol bo‘yicha javoblar ishlab chiqilayotganda barcha ehtimoliy variantlar ishlab chiqilishi hamda to‘g‘ri joylashtirilishi lozim. Aks holda, respondentlar o‘zi xohlagan javobni variantlardan topa olmasa, boshqa bir javob variantini belgilashi yoki anketaning ushbu savolini umuman belgilamasligi mumkin. Bunday holatda esa, javobni o‘lchash qonuniyati buziladi.
2. Javoblar mazmuni yuzasidan bir o‘lchamli bo‘lishi kerak. Masalan, savol sifatida “bir oyda qancha maosh olasiz?” savoliga javob variantlari sifatida “1) 500 ming so‘m; 2) 1 million so‘m; 3) bir oylik yashashim uchun yetarli miqdorda” javoblari berilgan bo‘lsa, bunda ushbu variantlarda 3-javob o‘lchov qonuniyatini buzib kelmoqda. Chunki 1- va 2-javoblar pul hajmini bildirsa, 3-javob oylik maoshidan qoniqish darajasini bildirmoqda.
3. Javoblar bir-birini rad etuvchi xususiyatga ega bo‘lishi lozim. Buning uchun bitta savolga beriladigan javob variantlari birbiridan prinsipial farq qilishi lozim. Savollar bir-biriga juda o‘xshash bo‘lsa, respondent chalg‘ishi va to‘g‘ri javobni ko‘rsatishga ikkilanishi mumkin. Agar ushbu xato tufayli respondent rostdan ham noto‘g‘ri javob ko‘rsatsa, unda ushbu javob varianti bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlarni noto‘g‘ri tahlil qilishga olib keladi26.
4. Agar javoblarni darajalashtirish zaruriyati tug‘ilsa, ular respondent uchun tushunarli shaklda asoslangan bo‘lishi lozim. Masalan, “Siz “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi xodimlari tomonidan Toshkent shahar xalqaro aeroportida fuqarolarni qabul qilish jarayonini tashkillashtirish sifatiga qanday baho berasiz?” degan savol bilan murojaat qilib, javob sifatida 1) a’lo; 2) yaxshi; 3) qoniqarli; 4) qoniqarsiz variantlari berildi, deylik. Respondentlar samolyotda qatnaganligi bilan “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi xodimlari faoliyatining yo‘riqnomasi bilan tanish bo‘lmasligi yoki havo qatnovida 146 charchaganligi, kayfiyatining yo‘qligi sababli har qanday savolga salbiy javob berishi mumkin. Kimningdir nazarida aeroportda qaysidir ishlarni tashkillashtirish muammo bo‘lib ko‘ringan bo‘lsa, kimdir uni umuman payqamagan bo‘lishi mumkin. Shu sababli, bu kabi darajali savollarga respondentlar asoslanmagan va noxolisona javob berishi mumkin. Shuning uchun, anketada bunday savollardan qochish kerak, ularni boshqacha matnli ko‘rinishda bergan ma’qul. Agar vaziyat talab etib, bunday savollar kiritilsa, unda har bir daraja nimani anglatishini yozma yoki og‘zaki tartibda tushuntirilishi lozim27.
5. Savollar va javoblar imkon qadar kodlangan bo‘lishi lozim. Anketadagi savollar taqsimlanganidan so‘ng, anketadagi savollar va javoblar variantlari kodlashtiriladi. Kodlashtirish – bu savollarga va javoblarning u yoki bu ifodalariga sonli kodlar berish demakdir. Uning vazifasi birlamchi axborotni tartibga solish va keyinchalik statistik ishlov beriladigan kompyuterdagi ma’lumotlar bazasiga kiritishni qulaylashtirishni ta’minlashdan iborat28.
Kodlashtirishni tamomlagandan so‘ng o‘zgaruvchanlar kodlarining ketma-ketligi raqamlari tartibining to‘g‘riligini tekshirish kerak. Agar siz bir yoki ikkita raqamni o‘tkazib yuborgan bo‘lsangiz (masalan, 23 raqami ostidagi o‘zgaruvchandan keyin 26 kelayotgan bo‘lsa), bu ma’lumotlar bazasida har bir anketada (qatorda) bir nechta pozitsiyalarni nollar bilan to‘ldirish kerakligiga olib keladi. Ancha katta hajm bo‘lganda (so‘ralganlar soni bir necha yuz bo‘lsa), bu ancha jiddiy mehnat va vaqt bo‘yicha natijasiz xarajatlarni yuzaga keltiradi29.
Anketadagi barcha savollar shakllantirib bo‘lingach, anketa so‘rovnomasi tuzilishi quyidagi mezonlar asosida qayta ko‘rib chiqilishi va zarur hollarda qayta tahrir etilishi maqsadga muvofiq:
respondentlarni javob berishdan bosh tortishga undovchi “javob berishga qiynalaman”, “bilmayman” kabi javob variantlari anketada ko‘payib ketmaganmi, agar bunday variantlar bo‘lsa, unda boshqa savollar orqali ushbu masala yuzasidan ma’lumot olish imkoniyati yaratilmaganmi? 147 ayrim yopiq savollarga respondentlar tomonidan qo‘shimcha fikrini bayon qilish uchun “boshqa javob” yoki “o‘zingiz ma’lum qiling” kabi bandlarni kiritish shart emasmi?
savol so‘rovda ishtirok etayotgan barcha respondentlar uchun taalluqlimi yoki filtr-savollarni joylashtirish kerakmi?
respondentga javob variantini belgilash texnikasi keraklicha tushuntirilganmi?
savol va javob variantlarini o‘lchash shkalasi o‘rtasida mantiqiy nomuvofiqlik yo‘qmi?
anketada respondent uchun tushunarsiz bo‘lishi mumkin bo‘lgan atamalar yo‘qmi, agar bo‘lsa qanday qilib savol yoki javobning mazmunini buzmasdan o‘zgartirsa bo‘ladi?
savollarga berilayotgan javob variantlari juda ko‘p emasmi (agar rostdan juda ko‘payib ketsa, unda savolni boshqa tematik bloklarga ajratish zarur)? savollar respondentlarga salbiy emotsiya yoki psixologik diskomfort chaqirmaydimi?
|
| |