3. Texnik xizmat ko‘rsatishni tashkil etish usullari.
Texnik xizmat ko‘rsatish borasida ko‘riladigan barcha chora-tadbirlarni asosan 3 ta katta guruhga ajratish mumkin:
Texnik holatni nazorat qilib borish.
Profilaktik xizmat ko‘rsatish.
Oddiy texnik xizmat ko‘rsatish.
Texnik holatni nazorat qilish deganda, hisoblash tizimiga tegishli har bir qurilmaning qanday ishlayotganligi va qanday saqlanayotganligini tekshirib, nazorat qilib borish jarayoni tushuniladi. Masalan, kabellarning shikastlanmaganligi yoki to‘g‘ri ulanganligi, vinchester, tizimli plata yoki mikroprotsessor kabi qurilmalarning yuqori darajada qizib ketmayotganligi va boshqalar texnik nazorat qilish jarayoniga kiradi. Texnik nazorat qilish tadbirlari funksional jihatdan ikkita tipga ajratiladi: tashqi va ichki.
Tashqi texnik nazorat asosan foydalanuvchilar tomonidan doimiy ravishda olib boriladi. Ichki texnik nazorat esa zamonaviy hisoblash tizimlarida ko‘pincha o‘z-o‘zini tekshirish texnologiyasi yordamida amalga oshiriladi.
Profilaktik xizmat ko‘rsatish tayinli vaqt oralig‘ida tekshiruv o‘tkazib borish asosida kompyuter texnik holatini muayyan muddatga sifatli saqlab turishga mo‘ljallangan chora-tadbirlar majmuini o‘z ichiga oladi. Profilaktik xizmat ko‘rsatish ikki tipda bo‘ladi: aktiv va passiv.
Aktiv profilaktik xizmat ko‘rsatish kompyuter buzilmasdan avval uning xizmatini ma’lum muddatga cho‘zish amallariga asoslangan.
Bu amallar quyidagilardan iborat:
Kompyuter sistemasidan zahira sifatida nusxa olish.
Kompyuterning har bir apparat komponentini davriy ravishda changdan tozalab turish.
Qizib ishlashi natijasida o‘z o‘rnidan qo‘zg‘algan mikrosxemalar bo‘lsa, ularni o‘z o‘rniga qayta yaxshi joylashtirish.
Boshqa qurilmalar ulanadigan razyomlar kontaktlarini tozalab turish.
Klaviatura va sichqonchani tozalab turish.
Qattiq diskka prfoilaktik xizmat ko‘rsatish.
Fayllarni defragmentatsiya qilib turish.
Antivirus dasturlardan faol foydalanish.
Passiv profilaktik xizmat esa kompyuterni tashqi salbiy ta’sirlardan himoya qilish uchun mo‘ljallangan amallar majmuini bildiradi.
Ushbu amallarga quyidagilar kiradi:
Kompyuter ishchi o‘rnining to‘g‘ri tanlanganligi (bu kompyuterning qanday o‘rnatilganligi, vibratsiya hodisasi ro‘y bermasligi, elektr tarmog‘ida himoya vositasining mavjudligi, o‘rnatilgan joyidagi namlik va temperatura holati bilan xarakterlanadi).
Kompyuterning qizib ketishi va sovitish bilan bog‘liq amallar.
Kompyuterni ishga tushirish va o‘chirishda belgilangan qoidaga amal qilinishi.
Elektrostatik maydon ta’siridan himoyalanish tadbirlari.
Elektr energiya ta’minoti bilan bog‘liq muammolarning oldi olinganligi va hk.
Umuman, profilaktik xizmat ko‘rsatishda texnik asbob-uskunalar bilan bir vaqtda dasturiy vositalardan ham faol foydalaniladi.
Oddiy texnik xizmat ko‘rsatish deganda, kompyuter qurilmalari va unga qo‘shimcha ulanuvchi komponentlarni faqat asbob-uskunalar va maxsus priborlar vositasida sozlashga oid amallar majmui tushuniladi.
|