Hozirgi zamon jamiyatida axborotlarni qayta ishlashning asosiy texnik vositasi sifatida texnologik jarayonlarni yaratish va ulardan foydalanish konsepsiyasiga hamda qayta ishlash natijalarining sifati, ishonchligiga yetarli darajada ta’sir ko‘rsatgan shaxsiy kompyuter ishlatiladi. Shaxsiy kompyuterning axborotlashtirish jarayoniga tatbiq etilishi va telekommunikatsion vositalardan aloqa vositalari sifatida foydalanish axborot texnologiyalari rivojlanishining yangi bosqichiga yo‘l ochib berdi. Buning natijasida axborot texnologiyasi atamasi “zamonaviy” bilan birgalikda “zamonaviy axborot texnologiyasi”, “zamonaviy kompyuter texnologiyasi” yoki “yangi axborot texnologiyasi” kabi iboralar shakllandi.
“Zamonaviy” so‘zi bunday texnologiyaning
evolyutsion emas, balki novatorlik (yangilik) tavsifga ega ekanligini ko‘rsatadi. Zamonaviy axborot texnologiyasi tushunchasiga axborotlarni uzatishni ta’minlovchi kommunikatsion texnologiyalari, ya’ni telefon,
telegraf, telekommunikatsiya, faks va boshqa shu kabi qurilmalar ham kiradi. Zamonaviy axborot texnologiyasi – shaxsiy kompyuterdan
keng foydalanishga, foydalanuvchilarning (dasturlash bo‘yicha mutaxassis bo‘lmaganlar) axborot jarayonida faol ishtirokiga, «do‘stona» foydalanuvchi interfeysining yuqori darajada bo‘lishiga, umumiy va muammo mazmunidagi amaliy dasturlar
paketidan keng foydalanishga, EHM hisoblash tarmoqlari tufayli ma’lumotlarning uzoqdagi bazalariga kirib borish imkoniyatiga asoslangan texnologiyalardir.
Zamonaviy axborot texnologiyalarining uchta asosiy tamoyillari quyidagilar:
kompyuter bilan interaktiv (muloqot) rejimida ishlash;
boshqa dasturiy mahsullar bilan integratsiyalashuvning mavjudligi (birlashtirish, o‘zaro bog‘liqlik);
qo‘yilgan masala va berilgan ma’lumotlarni o‘zgartirish jarayonining qulayligi.