|
V BO‘LIM. YER QA’RIDAN FOYDALANISh BILAN BOFLIQ KORXONALARNI LOYIHALAShTIRISh
|
bet | 13/28 | Sana | 21.05.2024 | Hajmi | 0,53 Mb. | | #248993 |
Bog'liq ODINA DKA 2V BO‘LIM. YER QA’RIDAN FOYDALANISh BILAN BOFLIQ KORXONALARNI LOYIHALAShTIRISh
28-modda. Yer qa’ridan foydalanish bilan bog‘liq korxonalarni loyihalashtirish xususiyatlari
Foydali qazilma qazib oluvchi va mineral xomashyoni qayta ishlovchi korxonalarni, shuningdek foydali qazilma qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan yer osti inshootlarini loyihalashtirish tasdiqlangan zaxiralar asosida hamda mo‘ljallanayotgan qurilish uchastkasida yer qa’ri o‘rganilib, ishlarni texnikaviy jihatdan bexatar olib borish ta’minlanishini va mintaqaning ekologik holatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Zararli moddalarni, radioaktiv chiqindilarni va ishlab chiqarish chiqitlarini ko‘mish bilan bog‘liq yer osti inshootlarini loyihalashtirishga ularni ko‘mish mumkinligini asoslab beradigan geologik, muhandislik-geologik, gidrogeologik va boshqa ma’lumotlar mavjud bo‘lsagina ruxsat beriladi.
29-modda. Yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq korxonalarni loyihalashtirishga qo‘yiladigan asosiy talablar
Foydali qazilma qazib oluvchi va mineral xomashyoni qayta ishlovchi korxonalarni qurish loyihalarida:
loyihalashtirilayotgan korxonalarning ekologik-iqtisodiy dalil-asoslari;
yer qa’ridan asosiy foydali qazilma zaxiralari va ular bilan birga joylashgan foydali birikmalarni mumkin qadar to‘liq, kompleks ravishda va iqtisodiy jihatdan maqbul tarzda chiqarib olishni, shuningdek xodimlar va aholining xavfsizligini ta’minlovchi foydali qazilma konlarini ochish usullari hamda bu konlarni ishga solish tizimlari;
foydali qazilma ustida joylashgan jinslardan oqilona foydalanish, shuningdek ularni jinslarning xususiyatlarini hamda yerlarni qayta tiklash talablarini hisobga olib joylash;
asosiy qazilma bilan birga qazib chiqariladigan, lekin vaqtincha foydalanilmaydigan foydali qazilma va texnogen hosilalarni to‘plash, hisobga olib borish va saqlash;
yer osti inshootlarini qurish va ishlatish jarayonida ochiladigan yer qa’rini geologik o‘rganish;
atrof tabiiy muhitga ko‘rsatiladigan ta’sirni baholash;
qayta ishlash chiqindilaridan imkon qadar to‘liq foydalanish;
zararli moddalarni, radioaktiv chiqindilarni va ishlab chiqarish chiqitlarini, tarkibida zararli moddalar bo‘lgan oqova suvlarni qayta ishlash, zararsizlantirish, foydali suratda ishlatish, ko‘mish va vaqtincha to‘plab qo‘yishning atrof tabiiy muhit ifloslanishi oldini olishni ta’minlaydigan usullari;
zararli moddalarni, radioaktiv chiqindilar va ishlab chiqarish chiqitlarini, oqova suvlarni qat’iy belgilangan joylarda to‘plashning ular yer qa’ri qo‘shni uchastkalariga, yer osti suvlariga, yer yuzasiga va atmosferaga tarqalib ketishining oldi olinishini ta’minlaydigan chora-tadbirlari ko‘zda tutilishi lozim.
|
| |