4-bob. Geodeziya va kartografiya sohasidagi davlat sirlarining saqlanishini ta’minlash talablari
12. Geodeziya va kartografiya sohasidagi davlat sirlarining saqlanishini ta’minlash maqsadida quyidagi ruxsat berish tartibotlari belgilanadi:
geodeziya va kartografiya ishlarini ro‘yxatga olish;
maxfiy kartografiya materiallarini ko‘paytirishga ruxsat berish;
maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) berishga ruxsat etish;
O‘zbekiston Respublikasi hududida kartografiya materiallarini nashr qilish va/yoki tarqatishga ruxsat berish;
aerosuratga olish ishlarini bajarishga ruxsat berish;
aerosuratga olish va kosmik suratga olish materiallarini nazorat ko‘rigidan o‘tkazish.
13. Geodeziya va kartografiya ishlarini ro‘yxatga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Mudofaa vazirligining topogeodeziya bo‘linmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ehtiyojlari uchun bajariladigan geodeziya va kartografiya ishlarini ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi.
14. Maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) ko‘paytirishga zarurat bo‘lganda, ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini saqlovchi tashkilot manziliga ko‘paytirish uchun buyurtma yuboriladi.
15. Maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) ko‘paytirish uchun ruxsatnoma ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq uch ish kuni davomida Inspeksiyani xabardor qilgan holda, tashkilot rahbari tomonidan beriladi.
Ko‘paytirilgan maxfiy kartografiya va geodeziya materiallaridan (ma’lumotlaridan) o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalanishga zarurat qolmagandan so‘ng materiallar (ma’lumotlar) nusxalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘q qilinishi va bu haqda Inspeksiyaga uch ish kunidan kechiktirmasdan xabardor qilinishi lozim.
Inspeksiyada ro‘yxatga olingan texnik loyihalarda (dasturlarda) maxfiy kartografiya materiallarini ko‘paytirish nazarda tutilgan holatlarda, bu haqda Inspeksiyani xabardor qilish talab etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining topogeodeziya bo‘linmalari maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) ko‘paytirish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish talab qilinmaydi.
16. Maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va tashkilotlarga berish uchun ruxsatnoma Nizomga 6-ilovadagi sxemaga muvofiq tartibda, agar O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda beriladi.
17. Maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va tashkilotlarga berishga ruxsatnoma olish uchun materiallarni (ma’lumotlarni) berayotgan tashkilot O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasiga (keyingi o‘rinlarda “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi deb ataladi) beriladigan maxfiy materiallarni (ma’lumotlarni) ilova qilgan holda, tegishli ruxsatnomani berish haqida buyurtmanoma bilan ushbu Nizomga 9-ilovaga muvofiq murojaat qiladi.
18. Maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va tashkilotlarga berish haqida qaror qabul qilish uchun “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi huzurida tashkil etiladigan komissiya (keyingi o‘rinlarda maxsus komissiya deb ataladi) xulosasi asos bo‘ladi.
19. Maxsus komissiya “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi xizmati (keyingi o‘rinlarda DXX deb ataladi), Mudofaa vazirligi va Qurilish vazirligi vakillaridan shakllantiriladi.
Maxsus komissiyaning huquq va vakolatlari qonunchilikda belgilangan tartibda “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan nizom bilan belgilanadi.
20. Maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va tashkilotlarga berish mumkinligi haqida maxsus komissiyaning xulosasini tayyorlash bo‘yicha ishchi organ funksiyalarini Inspeksiya amalga oshiradi.
Ishchi organ vazifalariga, jumladan, taqdim etilgan materiallarning to‘liqligini tekshirish ham kiradi.
21. Chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va tashkilotlarga beriladigan maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarining (ma’lumotlarining) mazmunidan kelib chiqib, maxsus komissiya ishiga boshqa vazirliklar va idoralar vakillari jalb etilishi mumkin.
22. Maxsus komissiyaning xulosalari bayonnoma ko‘rinishida rasmiylashtiriladi. Bayonnoma maxsus komissiyaning barcha a’zolari tomonidan imzolanadi hamda “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi raisi (yoki uning o‘rinbosari) tomonidan tasdiqlanadi.
Maxsus komissiya murojaat qilingan kundan e’tiboran o‘n ish kuni mobaynida tegishli xulosani beradi yoki materiallarni (ma’lumotlarni) to‘liq ishlab chiqish uchun qaytaradi.
Maxsus komissiyaning maxfiy materiallarni (ma’lumotlarni) berish haqida ijobiy xulosasi olinganda, “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi materiallarni (ma’lumotlarni) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va tashkilotlarga xujjatlarni ruxsat berilishi yuzasidan kelishish uchun yuboradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishish, maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va tashkilotlarga berish uchun asos hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilganidan so‘ng “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi buyurtmachiga (yuridik shaxsga) maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va tashkilotlarga berish uchun ushbu Nizomga 7-ilovaga muvofiq shaklda ruxsat beradi.
23. Tadbirkorlik subyektlari, davlat boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) o‘zaro almashinuvi faqat Inspeksiya orqali mazkur Nizomga 8-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Inspeksiya tomonidan maxfiy kartografiya va geodeziya materiallari (ma’lumotlari) besh ish kuni mobaynida ushbu Nizomga 7-ilovaga muvofiq ruxsatnoma berish yo‘li bilan, materiallarni (ma’lumotlarni) beruvchi tashkilotning ushbu Nizomga 9-ilovaga muvofik shakl bo‘yicha buyurtmanomasi asosida beriladi. Mudofaa vazirligi va DXX bo‘linmalari bo‘lgan tashkilotlar bundan mustasno.
Maxfiy kartografiya materiallari va geodeziya ma’lumotlarini berishga ruxsatnoma berish haqidagi murojaatni ko‘rib chiqqanlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im summasi Inspeksiyaning g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
24. Maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) berish uchun ruxsatnomani quyidagi holatlarda rasmiylashtirish talab etilmaydi:
Inspeksiyada ro‘yxatga olingan texnik loyihalarda nazarda tutilgan maxfiy kartografiya va geodeziya materiallari (ma’lumotlari) berilganda;
maxfiy kartografiya va geodeziya materiallari (ma’lumotlari) DXX va Mudofaa vazirligiga, shuningdek, ularning yozma so‘roviga asosan bo‘linmalariga berilganda;
maxfiy kartografiya va geodeziya materiallari (ma’lumotlari) turli bo‘linmalar tomonidan kompleks ishlarni bajarish uchun bitta vazirlik, idora, davlat boshqaruvi va xo‘jalik birlashmasi doirasida berilganda.
25. Maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) berish haqidagi murojaatda berilayotgan materiallar yoki ma’lumotlarni olishdan maqsad ularni olganlik yoki yaratish, oluvchida maxfiy ish yuritish mavjudligi haqidagi ma’lumotlar majburiy tartibda ko‘rsatiladi. Murojaatning maxfiylik darajasini murojaat qiluvchi tashkilot belgilaydi.
26. Vazirlik, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarining (ma’lumotlarining) bir tizimdagi tashkilotlarga berilishi uchun yuqori turuvchi tashkilot rahbari nomiga Nizomga 9-ilovaga muvofiq shaklda yozma murojaat qiladi. Yuqori turuvchi tashkilot rahbari (yoki uning o‘rinbosari) tomonidan Nizomga 7-ilovadagi shaklda quyi tizimdagi tashkilotlarga ruxsatnoma beriladi. Barcha jarayonlar uch ish kuni mobaynida Nizomga 8a-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
27. Maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) berishga ruxsat etuvchi talablarga quyidagilar kiradi:
jo‘natuvchi va oluvchi tashkilotda maxfiy ish yuritishning mavjudligi;
beriladigan materialni olganlik yoki uning kelib chiqishi haqida ma’lumotlarning mavjudligi;
jo‘natuvchi va oluvchi tashkilotda maxfiylik rejimiga rioya etilishi.
28. Maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) berish rad etilgan taqdirda, ko‘rib chiquvchi organ tashkilotni rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda yozma ravishda xabardor qiladi.
Ushbu Nizomning 27-bandida ko‘rsatilgan talablarning bajarilmaganligi maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) berishni rad etishga asos bo‘ladi.
29. XDFU grifiga ega kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) chet ellik fuqarolar (tashkilotlar) hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga berishga ruxsatnoma ushbu materiallarga egalik qiluvchi davlat boshqaruvi organi, mahalliy davlat hokimiyati organining rahbari (yoki uning birinchi o‘rinbosari) tomonidan ushbu materiallarga ega tashkilotlarga idoraviy mansubligi bo‘yicha yozma murojaat olingandan keyin besh ish kuni mobaynida beriladi.
Tadbirkorlik subyektlariga XDFU grifiga ega kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va tashkilotlarga berish uchun ruxsatnoma Inspeksiya tomonidan yozma murojaat olingandan keyin besh ish kuni mobaynida beriladi.
XDFU grifiga ega kartografiya va geodeziya materiallari (ma’lumotlari) O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan boshqa tashkilotlarga ushbu materiallarga egalik qiluvchi tashkilot rahbarining yozma roziligi bilan beriladi.
30. Foydalanish uchun ochiq bo‘lgan kartografiya materiallarini nashr qilish va/yoki tarqatishga ruxsatnoma Inspeksiya tomonidan tashkilotning yozma murojaati olingandan keyin besh ish kuni davomida ixtiyoriy shaklda ushbu Nizomga 10-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq beriladi.
Murojaatga kartografiya materiallari ikki nusxada ilova qilinadi.
Taqdim etilgan kartografiya materialining bir nusxasi Inspeksiyada qoladi, ikkinchisi ariza beruvchiga kartografiya materiallarini nashr qilish va/yoki tarqatishga ruxsat berilganligi haqida shtamp bosib qaytariladi.
Kartografiya materiallarini nashr qilish va/yoki tarqatish uchun ruxsatnoma berishga murojaatni ko‘rib chiqqanlik uchun har bir ko‘rib chiqilgan A2 (594 mm x 420 mm) formatidagi kartografiya materialiga bazaviy hisoblash miqdorining 100 foizi miqdorida yig‘im undiriladi. Yig‘im summasi Inspeksiyaning g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
31. Murojaatda kartografiya materiallarini nashr qilishdan maqsad va kartografiya ishining Inspeksiyada ro‘yxatga olinganligi haqida ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Olib kirilgan kartografiya mahsulotini tarqatishga ruxsatnoma olish uchun murojaat qilingan taqdirda, Inspeksiyaga kartografiya mahsuloti O‘zbekiston Respublikasi hududiga rasmiy olib kirilganligini tasdiqlovchi bojxona hujjatlari taqdim etiladi.
Ruxsat berish talablariga quyidagilar kiradi:
qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat va ma’muriy chegaralarini ko‘rsatish va geografik obyektlar nomlarini qo‘llash;
dunyo davlatlari geografik obyektlarining nomlari, ma’muriy-hududiy tuzilishi va milliy chegaralarini O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga muvofiq qo‘llash;
foydalanish uchun ochiq bo‘lgan xaritalarda ko‘rsatilmaydigan obyektlarning (xaritalar elementlari) ko‘rsatilishini istisno etish.
32. Yuqorida ko‘rsatilgan ruxsatnomani berish rad etilgan taqdirda, Inspeksiya murojaat olingan kundan keyin besh ish kuni mobaynida tashkilotni rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda yozma ravishda xabardor qiladi.
Mahsulotning ushbu Nizom 31-bandida ko‘rsatilgan ruxsatnoma berish talablariga mos kelmasligi ruxsatnoma berishni rad etishga asos bo‘ladi.
33. Maxfiy kartografiya materiallarini berishga hamda foydalanish uchun ochiq bo‘lgan kartografiya materiallarini nashr qilish va/yoki tarqatishga ruxsatnoma ikki nusxada rasmiylashtiriladi. Birinchi nusxasi ariza beruvchiga yuboriladi, ikkinchisi Inspeksiyada qoladi.
Maxfiy kartografiya materiallarini berishga ruxsatnomalarni saqlash muddati — 20 yil, foydalanish uchun ochiq bo‘lgan kartografiya materiallarini nashr qilish va/yoki tarqatishga ruxsatnomalarni saqlash muddati esa — kamida 10 yilni tashkil qiladi.
34. Aerosuratga olish ishlarini, jumladan, uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalangan holda amalga oshirishga ruxsatnomalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda Mudofaa vazirligi tomonidan beriladi.
35. Tabiiy ofatlar va texnogen avariyalarga uchragan obyektlar va hududlarni tabiiy (kuchli zilzilalar, suv toshqinlari, sellar, ko‘chkilar, bo‘ronlar, yong‘inlar va boshqalar) va texnogen (portlashlar, yong‘inlar, binolarning qulashi, kimyoviy zararlanish va boshqalar) omillar ta’siri natijalarini zudlik bilan qayd etish uchun o‘rganish hamda ushbu omillarga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida aerosuratga olish mahalliy davlat organlarining rahbarlari qarori bilan ruxsat berish tartibotlarini o‘tkazmasdan amalga oshiriladi.
36. Barcha birlamchi ma’lumotlar, har qanday aniqlik ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan, jumladan, televizion, infraqizil, mikroto‘lqinli, radiolokatsiya va boshqa apparatlar yordamida aviatsiya tashuvchilarda aerosuratga olish materiallari hamda ularning hosila materiallari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabida nazorat ko‘rigidan o‘tkazilishi shart, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Nazorat ko‘rigidan o‘tkaziladigan aerokosmik suratga olish materiallariga “maxfiy” grifi qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi nazorat ko‘rigi natijalariga asosan materiallarga cheklovchi grif qo‘yadi (yoki olib tashlaydi) hamda ushbu materiallardan keyinchalik foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma beradi.
Nazorat ko‘rigi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
37. Maxfiy kartografiya va geodeziya materiallari (ma’lumotlari) “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi, Inspeksiya va Inspeksiya qoshidagi Davlat kartografiya-geodeziya fondiga (keyingi o‘rinlarda Fond deb ataladi) ruxsatnoma rasmiylashtirmasdan beriladi.
Fond ma’lumotlari va materiallaridan foydalanganlik va ularni olganlik uchun yig‘imlar undiriladi, ularning miqdori “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi tomonidan belgilanadi.
Maxfiy kartografiya va geodeziya materiallarini (ma’lumotlarini) “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi va Inspeksiya tomonidan boshqa tashkilotlarga berish ruxsatnoma rasmiylashtirmasdan amalga oshiriladi, ularni chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va tashkilotlarga berish hollari bundan mustasno.
|