raqamli va elektron xarita hamda planlar – xarita yoki plan mazmunining magnit tasmaga yoki boshqa biror-bir axborot tashuvchiga yozilgan raqamli tasviri;
WGS-84 (World Geodetic System 1984) – 1984-yilda AQSh Mudofaa vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan umumjahon geodeziya koordinatalari tizimi.
2-bob. Kartografiya va geodeziya materiallarining (ma’lumotlarining) cheklovchi griflarini belgilash
3. Kartografiya va geodeziya materiallari (ma’lumotlari) “maxfiy” yoki “xizmat doirasida foydalanish uchun” (keyingi o‘rinlarda XDFU deb ataladi) griflariga ega bo‘lishi, shuningdek, foydalanish uchun ochiq bo‘lishi mumkin.
4. Kartografiya va geodeziya materiallarining (ma’lumotlarining) maxfiy axborotlarni o‘zida saqlashidan kelib chiqib, ochiq foydalanishda cheklangan maxfiy ma’lumotlar va axborotlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
5. XDFU grifiga ega bo‘lgan kartografiya va geodeziya materiallariga (ma’lumotlariga) quyidagilar kiradi:
a) davlat koordinatalar tizimida 1:100 000 masshtabdagi topografik xaritalar, ortofotoplanlar va fotoxaritalar, mahalliy koordinatalar tizimida 1:50 000 masshtabdagi xuddi shu materiallar, shuningdek, geodeziya tarmoq punktlari va obyektlar tavsiflari kiritilgan 1:200 000 masshtabdagi topografik xaritalar va fotoxaritalar;
b) 100 dan 300 gektargacha bo‘lgan hududning abonentlar foydalanadigan telekommunikatsiya, magistral va yuqori bosimli gaz ta’minoti tarmoqlari, shuningdek, aholisi 100 mingdan 250 ming kishigacha bo‘lgan aholi punktlari suv ta’minoti tasvirlangan maxsus xaritalar, planlar va sxemalar;
v) mahalliy koordinatalar tizimida bitta viloyat yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan katta bo‘lgan hudud uchun tuzilgan topografik xarita va planlar, maxsus xarita va planlar (keyingi o‘rinlarda Toshkent shahri va Toshkent viloyati bitta ma’muriy-hududiy birlik sifatida qabul qilinadi);
g) davlat koordinatalar tizimida joyning aniqlik ko‘rsatkichlari 2 dan 4 metrgacha bo‘lgan ortofotoplanlar;
d) davlat koordinatalar tizimidagi 30 metrdan 70 metrgacha xatolik bilan belgilangan geodeziya punktlarining koordinatalari (koordinatalar ro‘yxatlari), shuningdek, geodeziya punkti joylashgan joyni xuddi shunday xatolik bilan aniqlash imkonini beradigan kartografiya materiallari;
e) geodeziya punktlarining shartli va mahalliy koordinatalar tizimida bitta viloyat yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan 20 foizgacha ortadigan yer uchastkasidagi koordinatalar (kataloglari va koordinatalar ro‘yxatlari), doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi bazaviy sun’iy yo‘ldosh stansiyalari koordinatalari (kataloglari va koordinatalar ro‘yxatlari) bundan mustasno;
j) mahalliy koordinatalar tizimida bitta viloyat yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan 20 foizgacha ortadigan har qanday aniqlik ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan, o‘ta muhim va toifalashtirilgan, shuningdek, rejimli va harbiy obyektlarning aniqlangan tasvirlari yoki ularni yo‘q qilish izlari bo‘lmagan relyef gorizontallar va shifrsizlantirilgan konturlar bilan tasvirlangan aerokosmik suratlar, ortofotoplanlar, fotoxaritalar va fotosxemalar. Ushbu ko‘rsatilgan materiallarda relyef tegishli masshtabdagi topografik xarita aniqligida va batafsil tasvirlanadi;
z) televizion, infraqizil, mikroto‘lqinli, radiolokatsiya va boshqa apparatlar yordamida aviatsiya tashuvchilar va kosmik apparatlarda olingan birlamchi suratga olish ma’lumotlari hamda ularning hosila materiallari, basharti ularda o‘ta muhim va toifalashtirilgan, shuningdek, rejimli va harbiy obyektlarning aniqlangan tasvirlari yoki ularni yo‘q qilish izlari bo‘lmasa hamda bitta viloyat yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan 20 foizgacha ortadigan maydonni qoplasa.
6. XDFU grifiga ega materiallarda o‘ta muhim va toifalashtirilgan, shuningdek, rejimli va harbiy obyektlarni, shu jumladan ularga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilma tarmoqlarini (telekommunikatsiya, elektr ta’minoti, gaz ta’minoti, avtomobil va temir yo‘llari, suv ta’minoti va kanalizatsiya) ko‘rsatish taqiqlanadi.
|