MAVZU. O`ZBEKISTONDA O’KAZILADIGAN BAYRAM VA TOMOSHALAR .
REJA:
Gul bayramlari.
«Qovun sayli» va «Ona-Er saxovati» bayramlari.
«Birinchi qadam» - bolalar bayrami.
Tematik kontsert programmasi.
O`zbek an`anaviy bayramlarini tashkil qilish.
Xalqning progressiv an`analari va bayramlari deyilganda xalq hayoti va turmushiga singib ketgan, avloddan-avlodga meros bo`lib kelayotgan, muayyan davr taqozosiga ko`ra, ma`lum vaqt ichida muntazam uyushtirib turiladigan madaniy-ommaviy shakllar yoki tadbirlar tushuniladi. O`zbek xalqi bunday an`anaviy bayramlarga juda boydir. Bunga qadim zamonlardan to hozirgi kungacha hayotda muhim o`rin tutgan «Lola sayli», «Uzum sayli», «Xirmon to`yi» kabi tabiat va mehnat bayramlarini misol keltirish mumkin.
«Har bir millatning urf-odatlari turli davrlarda, turli tarixiy va iqtisodiy sharoitda, madaniyatning turli bosqichlarida vujudga keladi. Jamiyatda moddiy va ma`naviy hayotning o`sishiga qarab, ular o`zgarib boradi, ya`ni ma`lum sharoitning talabiga javob bera olguncha saqlanadi va aks holda yo`qolib ketadi».
Gul bayramlari. Gul bayramlari tabiatdagi eng go`zal mo``jizalarning biri – gullarga bag`ishlangan shodiyonadir. Ma`lumki, gul - bu hayotning ko`rki, shodlik manbai. SHuning uchun ham gul bilan uchrashish - go`zallik bilan uchrashish, go`zallik bilan uchrashish esa, xursandchilik, baxtiyorlik, bayram kayfiyati demakdir.
Go`zallikni tabiatan nafis his etuvchi ko`pgina xalqlar qadimdan «go`zallik malikasi» - gulga bag`ishlab turli marosim va sayillar yaratganlar.
SHaharda, jumladan, O`zbekiston territoriyasida qadim zamonlardan beri qir-adirlarda maysalar yashnashi, gullar qiyg`os ochilishi munosabati bilan turli sayillar o`tkazilgan. Tarixiy manbalarga qaraganda, Xorazm va Buxoroda «qizil gul sayli», Farg`ona vodiysi, Qo`qon va Toshkent atroflarida «Lola sayli», ba`zi tog`li rayonlarda, xususan, CHust va Denov rayonlarida «Sumbula sayli» kabi bayramlar uyushtirilgan. SHuni ta`kidlash kerakki, an`anaviy (lola) gul sayillari va zamonaviy gul bayramlari kelib chiqishi jihatidan ma`lum ma`noda bir-biridan farq qiladi. Ba`zi tadqiqotchilar bu ikki o`ziga xos sayil va bayramlarni bir-biridan ajratolmay, umumiy tarzda izoh beradilar. Biroq ularda o`zlariga xos asosiy xususiyatlari mavjud bo`lib, ana shular haqida ba`zi aniqliklar kiritish maqsadga muvofiq bo`ladi.
An`anaviy gul (lola) sayillari bahor fasli tabiat qo`yni - sayilgohlarda uyushtirilsa, zamonaviy gul bayramlari esa yozning oxiri - «baxmal mavsum»da shahar va qishloqlar gullarga burkangan bir paytda madaniyat va istirohat bog`larida o`tkaziladi. Gul sayillari qadimdan an`anaviy tarzda uyushtirilib kelingan, gul bayramlari esa rivojlangan davrda shakllangan bayramdir. O`zbek xalqi hayotida gul sayillariga oid boy an`analar bo`lgani sababli, ular asosida qiziqarli zamonaviy gul bayramlari vujudga kelmoqda. Xalqdan meros bo`lib kelayotgan an`anaviy gul sayllari hozirgi davrga kelib yanada yangi mazmun bilan boyidi.
«Qizil gul sayli», asosan, hamal (mart) oyining oxirlarn Xorazm va Buxoro oblastlarida o`ziga xos qiziqarli shakllarda uyushtirilgan. A.X. Hamroev bergan ma`lumotlarga qaraganda, «Qizil gul sayli» (sayli-guli surx) taxminan, bir haftadan bir oygacha davom etib, uning qatnashchilari bir joydan ikkinchi joyga ko`chib sayil qilib yurishgan. Sayil o`tkazilayotgan qishloqlar va sayilgohlarda bir joyda kun bo`yi ashulalar aytishgan, raqsga tushishgan. Ikkinchi maxsus belgilangan joyda masxaraboz va dorbozlar tomosha ko`rsatishgan, uchinchi joyda, xo`roz, qo`chqor, tuyalar urishtirilgan, ko`pkarilar (uloqlar) tashkil qilingan. To`rtinchi joyda katta bozor uyushtirilgan, beshinchi joyda lazzatli taomlar pishirilgan va hokazo.
O`tmishdagi bunday xalq bayramlariga mahalliy amaldor va diniy arboblar «qora xalqning ko`ngilxushligi» deb, qizil gul bayramlarida qatnashishni o`zlariga ep ko`rmaganlar. Xorazmda «Qizil gul» maxsus marosim bilan ochilib, unda barcha xalq, hatto xotin-qizlar ham erkin qatnashgan. Aholi bir-birlarini gullar bilan tabriklashgan. Musobaqa va o`yinlar uyushtirilgan, san`atkorlarning chiqishlarini tomosha qilganlar. Yigitlarning o`zlariga yoqqan qizlarga olma, anorlar otishi sayilning o`ziga xos o`yinlaridan biri sifatida namoyon bo`lgan. Sayil davomida yosh yigit-qizlar ishqi tushib, tanlaganlariga yosh bolalar orqali har xil shirinliklar, holva, mayiz yuborishgan. O`z navbatida, qizlar ularni ma`qul ko`rsa, «javob» shirinliklarini yo`llashgan.
Buxoro va Xorazmda o`tkaziladigan gul sayillaridan shu narsa yaqqol ma`lum bo`ladiki, ular deyarli diniy elementlardan holi bo`lib, haqiqiy xalq sayillari sifatida uyushtirilgan.
Hozirgi kunda «qizil gul sayli» ma`lum ma`noda zamonaviylashib, mehnatkash xalqning dalalarga chiqib mazmunli dam olish shakliga aylangan.
Sumbula sayli ham bahorda tog` yonbag`irlarida turli gullar, jumladan, sumbulalar ochilgan vaqtda o`tkaziladi. Tabiat go`zalliklarining birlashgan joyi: bir tomoni tog`, ikkinchi tomoni suv (ko`l, daryo, soy), uchinchi tomoni o`rmonga ega bo`lgan er dam olish, go`zallikdan bahramand bo`lish uchun eng qulay joy hisoblanadi. O`zbekistonda bunday joylar kam emas. Masalan, CHust rayonidagi Toshqo`rg`on ana shunday tabiiy go`zalliklar birlashgan joy. Baland tog`lar, oppoq qorlardan hosil bo`lgan «G`ova» soyi va uning atrofidagi yovvoyi, mevali daraxtlar, turli qushlar va hayvonlar yashaydigan o`rmonzor aynan sayil qilish uchun eng qulay joy.
Lola sayli - bu bahor fasli qir-adirlarda lola qiyg`os ochilgan paytlarda shahar va qishloq ahli dalalar va bog`-rog`larga kollektiv bo`lib chiqib, nishonlanadigan bayram.
Etnograflarning bergan ma`lumotlariga qaraganda, «Lola sayli» bayramini xalq tomonidan saylangan «Lolachi»lar boshqarganlar. Bayram o`ziga xos marosimlar, maxsus aytiladigan qo`shiqlar, tomoshalar, o`yinlar bilan boy bo`lib, butun aholining sayilgoh tomon yo`l olishidan boshlangan.
«Lola sayli» hozirgi kunda aprel’ oyining ikkinchi yarmida O`zbekistonning ko`pgina joylari, jumladan, Toshkent oblastining Bo`stonliq, Parkent, Keles rayonlarida, shuningdek, Farg`ona vodiysi, Samarqand oblasti rayonlarida shanba va yakshanba kunlari uyushtirilmoqda. SHahar sanoat korxonalari, o`quv va madaniyat muassasalari mehnatkashlarning tabiat qo`yniga chiqib dam olishlari uchun maxsus avtobuslar tashkil qilishmoqda. Sayilgohlarga kollektiv bo`lib chiqqan kishilar o`yin-kulgi, ashula-raqslar uyushtirishmoqda, lazzatli taomlar tayyorlab yaxshi dam olishmoqda.
Bu o`rinda shuni alohida qayd etish o`rinli bo`ladi-ki, ayrim kollektivlar «Lola sayli» bayramini o`tkazish uchun maxsus tayyorgarlik ko`rmasdan shahardan tashqaridagi tabiat qo`yniga chiqib faqat «eb-ichishdan» nariga o`tolmay qoladilar. Ba`zi «sayilchilar» lolazorlarga chiqib, lolazorni payhon qiladilar va ularni kelgusi yil yana ochilishidan mahrum etadilar. «Lola sayli»ga lolalarni uzish uchun emas, lolazorlarda dam olish uchun chiqish kerak ekanligini unutmaslik lozim. YAna takror-takror aytish kerakki, lola saylining asosiy vazifasi - aholini mazmunli xordiq chiqarish, tabiat go`zalliklaridan bahramand bo`lish, uni sevish va qadrlashga o`rgatishdir. Binobarin, respublikamizdagi ayrim mas`uliyatli madaniy-oqartuv xodimlari «Lola sayli» o`tkazishga alohida e`tibor bilan qaramoqdalar. CHunonchi, «Lola sayli»ga chiqish Bo`ka rayon madaniyat uyida yaxshi yo`lga qo`yilgan. Bu erda rayon madaniy-oqartuv ishlarining mutasaddilari ma`lum kollektiv bilan qir-adirlarga chiqishdan oldin kishilarga «Lola sayli»ning qadimiy an`analari, tabiat go`zalliklarini e`zozlash hamda foydali dam olish yo`llari haqida suhbatlar o`tkazib, sayilning qiziqarli va mazmunli tartibda tuzilgan programmasi bilan tanishtiradi. Albatta, bunday tarzda uyushtirilgan lola sayli har bir kishiga ijtimoiy foyda keltirib, kishilarning tabiatdan ma`naviy ozuqa olishiga hamda vaqtning samarali o`tishiga ko`mak beradi.
O`zbek xalqi hayotida uzoq tarixga ega bo`lgan, tabiat qo`ynida o`tkaziladigan «Gul sayillari» («Lola sayli», «Sumbula sayli», «Qizil gul sayli») kabi an`analar tabiat go`zalligiga bag`ishlangan yangy bayramlarni rivojlantirishga yaxshi zamin bo`la oldi. YAngi zamonaviy gul bayrami an`anaviy gul sayillari bilan munosib uyg`unlashib ketdi va ularning zamirida barq urib rivojlanmoqda. YAngi «Gul bayrami» zamona talabi va ehtiyojlari asosida tabiat go`zalliklarini muhofaza qilish, aholi punktlarini obodonlashtirish, tevarak-atrofni bog`-rog`, gulzor, chamanzorga aylantirish, chiroyli qilishga ko`mak beruvchi bayram sifatida shakllandi.
«Gul bayrami» tez vaqt ichida O`zbekiston bayramlari orasidan mustahkam o`rin egalladi va yangi zamonaviy bayramga aylanib ketdi. Respublikamizda tabiatning eng go`zal payti - «baxmal mavsum» - yozning oxirlari, kuzning boshlarida madaniyat va istirohat bog`larida o`tkaziladigan bu bayram inson qo`li bilan etishtiriladigan «go`zallik malikasi» - gullarni yaxshi targ`ibot qilmoqda.
Keyingi vaqtlarda gul bayrami maktablar, pionerlar uyi, maktabdan tashqari muassasalarda keng tarqalmoqda. U yoshlar o`rtasida ekologik tarbiya olib, tabiatga nisbatan muhabbat uyg`otish, maktab bolalari va tabiatsevarlar etishtirishgan manzarali va gul o`simliklarini targ`ib qilish, eng aktiv tabiat jonkuyarlarini taqdirlash kabi ishlarda muhim rol’ o`ynamoqda.
Respublikamizda eng yirik va tantanali «Gul bayrami» Namanganda o`tishi hammaga ma`lum. Go`zal qalbli va nozik didli namanganliklar tabiat chiroyini, uning bebaho in`omlarini azaldan qadrlab, ularga alohida muhabbat bilan qarashgan. Aynan, «Gul bayrami»ning namanganliklar hayotiga singib, yaxshi an`anaga aylanib qolganligining sababi xam shundan bo`lsa kerak.
Namangan respublikamizning eng ko`kalamzorlashtirilgan, chamangulzorlarga boy shahri bo`lgani uchun xalqimiz uni «gullar shahri» deb bekorga aytishmaydi.
Namanganda «Gul bayrami»ni o`tkazish borasida tashkiliy ishlar yaxshi yo`lga qo`yilganligi uchun ham, bu bayram chiroyli va serjilo bo`lib o`tmoqda. 50-yillarning oxiridan boshlab, an`anaga kirgan «Gul bayrami» Namangan shaxar madaniyat va istirohat bog`ida har yili muntazam ravishda (avgust oxiri, sentyabr’ boshlarida) uyushtirilmoqda.
Bayramga tayyorgarlik ko`rish jarayonida tashkiliy komitet bir necha bor yig`ilib, unda bayramni samarali o`tkazish masalalari va bayram stsenariysi, ko`rgazma qanday bezatilishi, taklif qilingan badiiy kollektivlar programmalari muhokama qilinadi. Bayram afishalari, programmalarini e`lon qilishadi, bunda oblast’, rayon gazetalari va radiosining yordamidan foydalaniladi, bayram o`tkazish joylarini g`oyaviy-badiiy bezash, gullar ko`rgazmasini tashkil qilish ishlari amalga oshiriladi. Xullas, tashkiliy komitet «Gul bayrami»ni tayyorlashga va o`tkazishga «bosh-qosh» bo`ladi.
Namanganda o`tkaziladigan «Gul bayrami» paxta yig`im-terimiga kirishishdan oldin shanba, yakshanba kunlari tashkil qilinadi. U an`anaviy tarzda ertalab karnay-surnay sadolari bilan boshlanadi. Madaniyat va istirohat bog`iga kirishdagi jonli gullardan ishlangan portretlar, shiorlar qatnashuvchilarning diqqatini jalb qiladi. Bayram kuni Bobur nomli madaniyat va istirohat bog`i markaziy yo`lagining ikki tomonida gullar ko`rgazmasi tashkil qilinadi. Ko`rgazmada barcha tashkilotlar, kolxozlar, sovxozlar, o`quv yurtlari, maktablar, davolash muassasalari va gul ishqibozlari o`zlari etishtirgan gullari bilan ishtirok etadilar.
Ularning har biri o`zlari etishtirgan gullarning eng yaxshi namunalarini fotoal’bomlar, gul urug`lari, jonli gullardan yasalgan portretlar, panno, gilam, emblemalar kabi eksponatlarni bezab, ko`rgazmaga qo`yishadi. Ikki tomoni gullar bilan bezalgan markaziy xiyobonlar bo`ylab kezar ekansiz, olam-olam zavq olasiz.
Parknpng boshqa yo`laklari va maydonlarida tashkil qilingan yarmarkalar ham kishi diqqatini tortadi.
Maxsus belgilangan joyda konsul’tatsiya stollari ishlab turadi. O`sha erda tajribali gulchilar havaskor gulchilarga maslahatlar beradi. Ularni qiziqtirgan savollariga javob berishadi. Bayramda gulchilar va bayram qatnashchilarining diqqatini tortadigan yana bir narsa, «Gul viktorinasi»dir. Unda gullarning navlari, parvarishlash sirlari va usullari haqida savol-javoblar, bahslar avjiga chiqadi.
«Gul bayrami» fayziga fayz qo`shishda badiiy-ommaviy tadbirlar, ommaviy tomoshalarning roli kattadir. Bayram qatnashchilari tabiatga, «go`zallik malikasi» - gulga bag`ishlangan katta kontsert, mushoira, xalq talantlarining chiqishlari, askiya, kurash, shaxmat seansi, ommaviy o`yinlar, duxovoy orkestr va estrada ansamblining chiqishlari, badiiy fil’mlar namoyishi, badiiy mushakbozlik tomosha qilishadi. SHuningdek, bayramdagi xalq tantanalari, dorbozlar, masxarabozlarning chiqishlari, ommaviy o`yinlar g`oyatda qiziqarli o`tadi. SHuni alohida ta`kidlab o`tish kerakki, bayramda askiya alohida o`rin tutib, yuzlab tomoshabinlarni o`ziga «sehrlab» qo`yadi. «Gul bayrami»ning yakunida (finalida) g`olib gulchilarni sharaflovchi katta bayram mushakbozligi uyushtiriladi. Bayram yakunida barcha namanganliklar va bayram qatnashchilari mushakbozlikdan hosil bo`ladigan turli badiiy shakllar, «gul yulduz»larini maroq bilan tomosha qilishadi.
NAZORAT SAVOLLARI:
Xalqning an`analari va bayramlari deganda nimani tushunasiz?
Gul sayllari va zamonaviy gul bayramlarini farqi nimada?
Lola sayli qachon nishonlanadi?
Respublikamizda eng yirik «Gul bayrami» qaysi shaharda o`tkaziladi?
«Ona-Er saxovati» bayrami qanday bayram?
MAVZU. ZAMONAVIY MEHNAT MAROSIMLARI VA BAYRAMLARI
REJA:
Sanoat ishchilarining marosim va bayramlari.
Mahorat konkursini o`tkazish tantanalari.
Murabbiylar kunini nishonlash.
«Birinchi gul» bayrami.
Mehnat kishilik taraqqiyotining asosiy zaminidir. Insoniyat erishgan barcha yutuqlar - bu mehnat tufaylidir. Xalqimiz: «Mehnat, mehnatning tagi rohat», «YAxshi mehnat qilgan - yaxshi bayram qiladi», deb bekorga aytmaydi.
Binobarin, kishi o`zi bajargan mehnati samarasidan bahramand bo`la olsa, mehnati jamiyat manfaati uchun ham zarracha foyda bera olishini his qilsa, o`z-o`zidan ravshanki, unda mehnati bilan g`ururlanish, faxrlanish tuyg`usi vujudga keladi. Qadimgi avlodlarning o`z mehnatlaridan shodlanishi, faxrlanishlari natijasida mehnat bayramlari vujudga kelgan.
Qadimdan zahmatkash bo`lgan xalqimiz hayotida mehnat bilan bog`liq bo`lgan turli xil marosimlar va bayramlar mavjudligi tasodifiy emasdir. Hozirgi davrda ham O`zbekiston bayramlarining asosiy qismini mehnat bilan bevosita bog`liq bayramlar tashkil qiladi. SHuni ta`kidlash kerakki, azaldan mehnatni sevgan xalqimizning turmushiga yangi mehnat bayramlari va an`analari tez hamda osonlik bilan singib ketmoqda.
O`zbekiston mehnatkashlarining asosiy vakillari og`ir va engil sanoat (zavod, fabrika, korxona va hokazo) ishchilari va qishloq xo`jalik (kolxoz, sovxoz) xodimlaridan tashkil topgan. SHu sababli, O`zbekiston bayramlari haqida so`z borganda, birinchidan, zavod-fabrika ishchilari, ikkinchidan, dehqonlar, jumladan, paxtakorlarning mehnati va turmushi asosida vujudga kelgan ikki xil yo`nalishdagi mehnat bayramlari: sanoat ishlab chiqarish bayramlari va paxtakorlar bayramlari haqida to`xtalmoq lozim.
Sanoat korxonalarida ishchilarning mehnati va turmushi bilan bog`liq bo`lgan marosim va bayramlarni mazmun va mohiyatiga qarab uch gruppaga bo`lish mumkin:
1. Mehnat yo`lining boshlanishiga oid marosim va bayramlar. Bu marosim va bayramlar yoshlarning ilk bor sanoat korxonasiga kelib, mehnat jarayoniga qo`shilishidan tortib to malakali ishchi kadr bo`lib etgunga qadar bo`lib o`tadigan muhim voqealarni, ya`ni ishchilar safiga qabul qilish, birinchi maosh olish, yosh ishchilar kuni, razryad olish, shaxsiy dastgohni qabul qilish kabi voqealarni nishonlaydi.
2. Mehnat mahorati va kamolotga oid marosim va bayramlar. Bu marosim va bayramlar ishchilarni va umuman, kollektivni muntazam ravishda mahoratini oshirishga, samarali mehnat qilishiga qaratilgan tadbir va tantanalarga musobaqa g`oliblarini taqdirlash, «eng yaxshi ishchi» unvonini topshirish, mahorat konkursini o`tkazish, ratsionalizator va ixtirochilar kunini nishonlash kabilarga bag`ishlanadi.
3. Mehnat sharafiga oid marosimlar va bayramlar. Bularga kasbni ulug`lashga, xizmat ko`rsatgan ishchilarni va mehnat veteranlarini taqdirlashga bag`ishlangan tantanalarni, ya`ni kasbikorlik kunlarini nishonlash, murabbiy kunini o`tkazish, avlodlar uchrashuvini uyushtirish, tantanali ravishda pensiyaga kuzatish kabi marosim-bayramlarni kiritish mumkin.
Ilk maosh tantanasi. Hozirgi vaqtda ishlab chiqarish korxonalarida birinchi maoshni tantanali sur`atda nishonlash odatga aylangan. YOsh ishchilarning mehnati evaziga olgan ilk maoshini tantanali nishonlash jarayoni leningradliklar tashabbusi asosida yuzaga kelgan bo`lsa-da, u bizning respublikamiz ishlab-chiqarish korxonalarida ham qisqa vaqt ichida keng yoyildi.
«Ilk maosh tantanasi»ning mohiyati shundan iboratki, unda mehnatga haq to`lashning printsipi, ijtimoiy fondlar va ularning sovet kishilari moddiy turmush sharoitlarini yaxshilashdagi ahamiyati tushuntiriladi.
TSexlar ishlab chiqarish hayotini aks ettiruvchi ko`rgazmalar bilan bezatiladi. Bunday ko`rgazmalar respublikamizda paxtachilik sanoatining rivojlanishi, korxonada ijtimoiy rivojlanish planlari qanday bajarilayotganligi, ishchilar soniniig o`sishi va ular o`z malakalarini qanday oshirayotganliklari, ishchilarni uy-joy bilan ta`minlash qay darajada ekanligi, qanday profilaktoriyalar, sanatoriyalar, dam olish uylari va pansionatlar ishlab turganliklari yoki qurilayotganligi haqida batafsil axborotlar yordamida yoritiladi. SHuningdek, ratsionalizatorlar, ixtirochilar va ishlab chiqarish novatorlari bilan qanday ish olib borilayotganligi haqidagi faktlar ko`rgazmaning diqqatga sazovor joyidan o`rin olmog`i lozim.
Korxonada targ`ib qilinayotgan bu ko`rgazmali materiallar faqatgina «Ilk maosh tantanasi»ni o`tkazish uchun emas, balki ishlab chiqarishning rivojlanishi va majburiyatlarning bajarilishi, jamoatchilik ishlarini qiziqarli uyushtirish uchun ham muhim rol’ o`ynaydi.
«Ilk maosh olish tantanasi» respublikamizning eng yirik sanoat korxonalaridan biri bo`lmish Toshkent to`qimachilik kombinatining madaniyat saroyida mazmunli va ta`sirli tashkil etiladi.
Ilk maosh topshiriladigan kuni korxonaga iqtisodchi, savdo xodimi yoki yoshlar masalasi bilan shug`ullanuvchi mas`ul xodimlar kelib, suhbatlar o`tkazishadi.
Ilk maosh topshirish marosimi madaniyat saroyining katta zali sahnasida tantanali ravishda ochiladi.
Korxona rahbarlaridan biri yosh ijrochilarga ilk maoshni topshirish to`g`risidagi farmonni o`qiydi va konvertda maosh yosh ishchiga muzika sadolari ostida tantanali ravishda topshiriladi. Maosh bilan birgalikda, yoshlarga yozma murojaat ham beriladi. Murojaat, asosan, yosh ishchiga taalluqli tabrik so`zi, ishchi sinfi sharafini himoya qilish va mehnatni hamisha qadrlash haqidagi donolar fikri, korxona rahbarlarining imzolaridan iborat bo`ladi.
«Ilk maosh tantana»sining badiiy qismida madaniyat saroyi qoshida tashkil etilgan agitbrigadaning maxsus programma bilan tomosha ko`rsatishi - bu tantananing tarbiyaviy xarakterini ochishda muhim rol’ o`ynaydi. Agitbrigada hayotiy voqealar asosida ikki qismdan iborat ko`rsatuvni namoyish qiladi.
«Ilk maosh tantana»larining asosiy vazifalaridan biri, bu maoshdan qanday qilib to`g`ri foydalanish kerakligi haqidagi jiddiy fikrlarni yosh ishchilarga tushuntirishdan iboratdir.
«Hosil bairami». O`zbekistonda o`tkaziladigan paxta bayramlari orasida eng tantanalisi hosil bayramidir. Respublikamizda etishtiriladigan asosiy xom ashyo paxta bo`lgani va bu bayram yillik paxta tayyorlash majburiyati bajarilgandan keyin nishonlangani uchun uni «Paxta bayrami» deb atashadi. Bu O`zbekistondagi barcha qishloq xo`jalik xodimlarining ham bayrami bo`lib, unda paxta, pilla, don, meva, sabzavot, chorva va boshqa qishloq xo`jalik mahsulotlarini tayyorlash yuzasidan olingan majburiyatlarning bajarilishi haqida hisob beriladi va yakun yasaladi.
NAZORAT SAVOLLARI:
Zamonaviy mehnat marosimlari qanday nishonlanadi?
Mahorat konkursini o`tkazishda ishchilar qanday taqdirlanadi?
Murabbiylar kunini nishonlash arafasida qanday tadbirlar o`tkaziladi?
G`o`zaning gullashi qanday ramziy ma`no bildiradi?
MAVZU. BADIIY-OMMAVIY TADBIRLAR DRAMATURGIYASI.
REJA:
Dramaturgiya asarini yaratish.
Asarni postanovka qilish.
Badiiy-ommaviy tadbirlar tayyorlash jarayoni.
Tadbir kompozitsiyasi.
G`oya – bu tadbirda ilgari suriladigan asosiy fikr.
Badiiy-ommaviy tadbirlarni tayyorlash — bu, eng avvalo, ijodiy jarayondir. U, asosan, ikki qismdan tashkil topadi:
Dramaturgiya asarini (stsenariyni) yaratish
Asarni postanovka qilish (rejissurani amalga oshirish).
Biroq, bu jarayonni san`at muassasalarida (teatr, kinematografiyada) bemalol yaxlit ikki qismga bo`lish mumkin bo`lsa, badiiy-ommaviy tadbirlar tayyorlashda esa u faqat shartli ravishda ikkiga bo`linadi. CHunki teatrda va kino san`atida ularning dramaturgiyasi adabiyotning muhim bir turi sifatida shakllanib, uni alohida asar sifatida ham keng omma tomonidan o`qilishi mumkin bo`lsa, badiiy-ommaviy tadbirlar dramaturgiyasi esa faqat bir maqsad uchun — uni amaliy tashkil qilish uchun yaratiladi. U alohida, keng omma tomonidan o`qilmaydi. San`at muassasalarida dramatik asar (p’esa yoki kinostsenariy) qachon yozilganidan qat`iy nazar, lozim topilganda, zamonaviy talablarga javob beradigan bo`lsa, uni sahnalashtirish yoki ekranlashtirish mumkin. Ommaviy tadbir stsenariysi esa, belgilangan sanaga asosan yozilib bo`lingandan keyin darhol namoyish qilish uchun yoziladi.
SHuning uchun ham badiiy-ommaviy tadbirlar dramaturgiyasi va rejissurasi bir butun jarayondnr. Aniqrog`i, bir jarayonnnng bir-biri bilan ajralmas ikki tomonidir. Badiiy-ommaviy tadbirlarni tayyorlashda eng muhim jarayon — uning planlashtirilishidir. Ma`lumki, madaniyat muassasalaridagi barcha tadbirlar yillik, kvartal va oylik planlarda o`z aksini topadi. Ularga binoan ma`lum ish boshlanadi va oxiriga etkaziladi. Har bir tadbirni tayyorlash jarayonining umumiy planini madaniy muassasa qoshida ishlab turgan badiiy sovet tuzadi va u bu ishga umumiy rahbarlik qiladi.
Badiiy sovet o`zining (har oyda yoki 15 kunda bir marta bo`ladigan) yig`ilishida 2-3 oydan keyin uyushtiriladigan tadbirni tayyorlash masalalarini ko`rib chiqadi. Masalan, 9 May – G`alaba kunida tashkil qilinadigan teatrlashtirilgan badiiy kompozitsiyani o`tkazish masalalarini badiiy sovet mart oyida ko`rib chiqadi va umumiy ish jarayonining planini ishlab chiqadi. Muayyan bir tadbir plani quyidagicha bo`lishi mumkin:
5 martdan - 5 aprelgacha stsenariy yaratiladi.
7 aprelda stsenariy muhokama qilinadi.
9 apreldan 4 maygacha rejissyor tadbirni postanovka qiladi.
6 may tadbir ko`rigi va muhokamasi.
9 may soat 1600 – tadbirni namoyish qilish.
Badiiy sovet yig`ilishida oldindan belgilangan tadbir uchun javobgar shaxslar — stsenariy avtori va rejissyor tasdiqlanadi.
Badiiy sovet tadbir tayyorlash jarayonida bu ishga asosan, uch marta planli ravishda o`z diqqatini jalb qiladi:
Tadbir o`tkazish jarayonini planlashtirishda va javobgar shaxslar tanlashda.
Stsenariyni muhokama qilishda.
Namoyish qilishdan oldin tadbirni ko`rikdan o`tkazishda.
Tadbir uchun asosiy javobgar shaxslar stsenariy avtori va rejissyor birgalikda, umumiy plan asosida har bir kishiga taalluqli ishlarning rejalarini, ish kundaliklarini tuzishadi.
Badiiy-ommaviy tadbirlar tayyorlash jarayoni haqida so`z yuritar ekanmiz, avval uning dramaturgiyasi (stsenariysi)ga diqqatimizni jalb qilamiz.
Teatr san`atining asosi (p’esa) bo`lganidek, badiiy-ommaviy tadbirlar negizida ham stsenariy yotadi.
Stsenariy – ital’yancha so`z bo`lib, asarning sxemasi, plani degan tushunchani bildiradi.
Badiiy-ommaviy tadbirlar stsenariysi - bu keng ma`noda hayotiy va xujjatli materiallarning badiiylashtirilgan adabiy-publitsistik shakli demakdir.
Stsenariy – bu tadbirni yaratish uchun asosiy adabiy manba bo`lib, unda, eng avval, asarning mazmuni, kompozitsion tuzilishi aks ettiriladi. SHuningdek, stsenariyda tadbir o`tkaziladigan joy (zal, sahna, maydon, stadion)ning bezatilishi, qatnashchilar so`zlarining tekstlari, badiiy va xujjatli materiallar, foydalaniladigan ta`sirchan vositalar bayon qilinadi. Stsenariyning puxta bo`lishi bo`lajak tadbirning eng asosiy yutuqlaridan biridir. Stsenariyning bo`sh yozilishi esa, tadbirni mexanik qismlar umumlashmasiga, yagona syujetning buzilishiga, g`oyaviy mazmunning to`la yoritilmasligiga olib keladi. SHuning uchun ham madaniy-ma`rifiy ishlar xodimi stsenariy yozishda professional mahoratga ega bo`lishi kerak.
Madaniy-ma`rifiy muassasalarda ommaviy tadbirni tayyorlash jarayoni bilan, asosan mutaxassisning bir o`zi shug`ullanadi. Bunday holatda u ham tadbir stsenariysini yozadi, ham uni postanovka qiladi. Bu murakkab jarayon bilan odatda, «ommaviy ishlar bo`yicha metodist-tashkilotchi vazifasida ishlayotgan mutaxassislar shug`ullanishadi. Lekin, ko`pincha, katta tadbirni tayyorlashda stsenariyni yozishga adabiyot bilan shug`ullanuvchi, bu ishda yaxshi malakaga ega bo`lgan ijodkor taklif qilinadi. U metodist-tashkilotchi yordamida yoki u bilan hamkorlikda tadbirnnng adabiy negizini — stsenariysini yozishga kirishadi.
Stsenariy yozish bilan kim shug`ullanmasin, u quyidagi layoqatlarga ega bo`lmog`i lozim: a) ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotni, mahalliy aholi mehnati va turmushini chuqur tushuna oladigan hamda uni to`g`ri analiz qil oladigan shaxs bo`lmog`i;
b) adabiyot va ayniqsa, dramaturgiya sohasida fundamental bilimga ega bo`lgan, ulardan samarali foydalana oladigan kishi bo`lishi;
v) hayotiy materiallarni, hujjatli faktlarni yig`a oladigan, ularni adabiy-badiiy shaklda bayon qila biladigan ijodkor bo`lmog`i lozim.
Eng muhimi, stsenarist hayotiy va adabiy materiallardan foydalanib, badiiyat qonuniyatlari asosida, o`z g`oyasiga, mazmuniga ega bo`lgan yangi asarni yarata oladigan ijodkor bo`lmog`i lozim.
Tadbir stsenariysini yaratuvchi shaxs asarni o`z vaqtida talabga javob beradigan qilib yakunlashi uchun butun ijodiy ish jarayonini qat`iyan planlashtirishi kerak.
Stsenariy yaratishdagi kundalik ish jarayoni quyidagicha bo`lishi mumkin:
5-10 mart — tadbir mavzusini, g`oyasini aniqlash, stsenariy mazmunini belgilash, uning taxminiy kompozitsiyasini tuzish.
10-20 mart — stsenariy yaratish uchun zarur hujjatli, hayotiy va badiiy materiallar to`plash.
20-30 mart – stsenariyning xomaki variantini qog`ozga tushirish.
1-3 aprel’ — stsenariyni tugallab, muhokama qilish uchun badiiy sovet a`zolariga topshirish.
Tadbir stsenariysini yaratishdagi asosiy bosqichlarni ko`rib chiqammz. Ish boshlashdan avval bo`lajak tadbirlarning g`oyaviy-tematik asosini chuqur o`ylamoq lozim.
Eng muhimi shundaki, stsenariy asosida muhim ijtimoiy va mahalliy aholining hayotiga yaqin bo`lgan qiziqarli mavzu (tema) yotishi kerak.
Mavzu (tema) – bu fikr-mulohaza yuritish uchun tanlangan ob`ekt, hayotning ma`lum masalalari, muammolari. Odatda, tadbir biron sanaga bag`ishlab uyushtirilayotganda, uning umumiy mavzusi o`z-o`zidan vujudga keladi. Masalan, 8 Mart kuni tashkil qilinadigan tadbir albatta xotin-qizlar mavzusiga bag`ishlangan bo`ladi. Lekin bir tadbirniig o`zi bilan xotin-qizlar mavzusini to`liq yoritib bo`lmaydi. SHuning uchun umumiy temani har doim konkretlashtirib, uning muhim va qiziqarli bo`lagiga diqqatni jalb qilmoq lozim. 8 Martga bag`ishlangan tadbirga konkret mavzu sifatida xotin-qizlarning o`tmishi, qahramon onalar hayoti yoki mexanizator qizlarning mehnati asos bo`lishi mumkin.
Tema aniqlangach, g`oya, ya`ni tadbir nima maqsadda o`tkazilayotganligi haqida o`ylash lozim.
G`oya – bu tadbirda ilgari suriladigan asosiy ijtimoiy fikr, maqsaddir. Nima uchun kurashga chaqirish, maqsadning nimaligi g`oyada ifodalanadi. G`oya tadbirning oxiridagina oydinlashishi kerak. SHunga erishish lozimki, tadbir davomida tomoshabinlar ijtimoiy g`oya haqida, uning asosiy fikri haqida o`ylasin, qiziqishi ortsin. Amalda esa ko`pgina tashkilotchilar g`oyani tayyor ko`rinishda, tadbirning boshlanishidayoq berib qo`yishadi. Bu esa tomoshabinning tadbirga bo`lgan qizyqyshini kamaytiradi, tadbir qimmati pasayadi.
Tema va g`oya aniqlangandan keyingina stsenariy plani tuziladi. Stsenariy plani esa tadbir mavzui va g`oyasi asosida vujudga kelgan mazmun tarzida shakllanadi.
Mazmun – bu asarning umumiy ma`nosi, mag`zi. Tadbir mazmunning voqealar zanjiri bo`lib, u voqea harakatlarida rivojlanib boradi. SHuning uchun diqqatni eng muhim voqealarga jalb qilib, ularni qisqacha yoritib o`tish lozim bo`ladi. Har bir tarixiy voqeani tadbirning bir epizodida aks ettirish mumkin. epizodlardan tuzilgan voqealarni esa yagona mazmun «zanjiri»ga bog`lash kerak. Har qanday badiiy asar mazmunining mag`zi bo`lib xizmat qilgan konfliktlilikni tadbirda ham chetlab o`tib bo`lmaydi.
Har doim ham konflikt (qarama-qarshiliklar) asosida antogonistik kuchlar to`qnashuvi yotadi, deb o`ylash to`g`ri bo`lavermaydi. qarama-qarshiliklar ba`zan murakkab mehnat faoliyatida, u yoki bu maqsad yo`lidagi qiyinchiliklarda ham paydo bo`lishi va o`sishi mumkin.
Ko`pgina kechalarda qarama-qarshiliklar sovet xalqining ijtimoiy hayotimizni yaxshilash borasidagi kurashida, qiyinchiliklarga, kamchiliklarga qarshi kurashida, planlarni bajarish borasidagi harakatlarida o`z aksini topadi.
Mazmun va konflikt aniq tanlangandan keyingina stsenariy materiallarini to`plashga kirishish kerak.
Stsenariy temasida umumittifoq va respublika masshtabida ahamiyatga molik bo`lgan muhim voqealar, hujjatli materiallar, shaxsiy hayotdan olingan voqealar va mahalliy faktlardan foydalanish talab etiladi.
Klub tadbirlarining asosini davrning muhim problematik masalalari, mahalliy faktlar tashkil etishi va u mehnatkashlarning bilim doiralarini, dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilmog`i kerak.
Badiiy propagandistik tadbirlarda mahalliy faktlardan keng foydalanish borasida bizga H. H. Niyoziyning tarixiy tajribasi yorqin dasturilamal bo`la oladi.
Hamza bilan birga ishlagan zamondoshi M. Tojizodaning xotirlashicha, 1919 yil Hamza o`zi rahbarlik qilgan truppa bilan Zakaspiy frontiga gastrolga borganda, u truppa kollektivining repertuar planiga mahalliy problemalarni kiritishga intilgan. Bu bilan u tadbirning qiziqarli bo`lishiga, ta`sir kuchining oshishiga erishgan. SHunday paytlar ko`p bo`lganki, kechasi butun truppa a`zolari dam olayotgan paytda (soat 3-4 larda) Hamza turib, yangi qishloqqa borib, ertangi kun o`tkaziladigan tadbir uchun joy tanlagan.
SHuning uchun ham stsenarist klub faoliyat ko`rsatayotgan joyning turmush sharoitlarini, mahalliy aholining urf-odatlarini hamda tadbirga keluvchilarning xarakterini yaxshi bilishi lozim.
Stsenariyda maxsus hujjatlardan: buyruqlar, nizomlar, xatlar, kundaliklar, shaxsiy, oilaviy al’bomlardan, fotohujjatlar, davlat va shaxsiy arxiv materiallaridan foydalanish mumkin. Bu erda yana stsenariyda yoritilayotgan voqealarga aloqador yozib olingan yutuqlar yoki tarixiy voqealar qatnashchilarining xotiralaridan ham foydalanish mumkin, faqat bu faktlarni stsenarist badiiylik asosida qayta ishlab chiqishi, ya`ni tadbirning emotsional ta`sir kuchini oshirishi kerak.
Kompozitsiya – bu asar qismlarining tuzilishi, mantiqiy joylanishi va ularning o`zaro bog`lanishi
Tadbir kompozitsiyasi – dramaturgiya qonuniyatlari asosida asar voqealarini bir-biri bilan bog`lovchi harakatlar tuzilishidir.
Teatrlashtirilgan tadbirlarning kompozitsion tuzilishi (strukturasi) muqaddima (kirish), tugun, asosiy harakat, voqealar rivoji, kul’minatsiya, echim kabi komponentlarni o`z ichiga oladi.
Muqaddima – asarning boshlanish qismi, dastlabki tushuntirish beradigan debochasi. Muqaddima - bu tadbirning kirish qismi, asosiy voqealarga olib boradigan ko`prik. U yuqori emotsional kayfiyatda o`tib, tomoshabin diqqatini tadbirga yig`adi. Muqaddimada ta`sirchan she`rlar, fil’mdan parchalar, muzika asarlari ba`zi hollarda hujjatli materiallar, yozib olingan ovozlardan tashkil topishi mumkin. Muqaddima tadbir boshlanishi bilan faqatgina sahnada emas, balki teatrlashtirilgan ko`rinishda klub foyesida yoki kirish yo`lakchasida boshlanishi mumkin. Hozirgi zamon mehnat qahramonlariga bag`ishlangan ba`zi bir portret kechalarida muqaddima quyidagicha bo`lishi mumkin. Barabanchilar va trubachilar sahnaga ikki tomondan chiqib keladi. Bu paytda kirish yo`lakchasidan kecha qahramonlari ko`rinadi. Zal ularni tantanali kutib oladi. Ular sahnaga ko`tariladilar. Bolalar ularga gullar taqdim etadilar.
Kul’minatsiya – bu harakatlar rivojining eng yuqori nuqtasi demakdir. O` o`z-o`zidan echimga olib keladi. Kul’minatsiyani o`zida ifodalagan epizod to`g`ri va bevosita tomoshabinning fikri, tuyg`ularinn qo`zg`ash kuchiga ega bo`ladi.
Final - bu asarning yakuni, oxirgi eng muhim qismi, (Finalni ba`zi hollarda «echim» yoki «epilog» deb ham atashadi.)
|