7-rasm. Qoplamali elektrod:
1 – o’zak; 2 – o’tish hududi; 3 – qoplama; 4 – qoplamasiz yon tomon.
Barcha turdagi elektrodlarga qo’yiladigan talablar quyidagilardan iborat:
- yoyning turg’un yonishini va chokning yaxshi shakllanishini ta‘minlash;
- payvand chok metalini berilgan kimyoviy tarkibda olish;
- elektrod sterjeni va qoplamaning bir tekis hamda sokin suyuqlanishini ta‘minlash;
- elektrod metalini minimal sachratish va payvandlashning yuqori unumdorligini ta‘minlash;
- shlakning oson ajralishi va qoplamalarning yetarlicha mustahkam bo’lishi;
- ma‘lum vaqt oralig’ida elektrodlarning fizik-kimyoviy va texnologik xossalarining saqlanishi;
- tayyorlash va payvandlash vaqtida zaharliligi minimal bo’lishi kerak. Elektrodlar xususiyati elektrod o’zagi va qoplamasining kimyoviy tarkibiga qarab aniqlanadi. Erigan metall kimyoviy tarkibiga va uning mexanik xususiyatlariga elektrod o’zagining kimyoviy tarkibi yanada kuchliroq ta‘sir etadi.
Elektrod qoplamasining komponetlari. Elektrodlarning qoplamalari shlak hosil qiluvchi, gaz hosil qiluvchi, oksidsizlantiruvchi, legirlovchi, turg’unlashtiruvchi va bog’lovchi komponentlardan tashkil topgan.
Shlak hosil qiluvchi komponentlar suyuqlangan metallni havoning kislorodi va azoti ta‘siridan muhofaza qiladi va uni qisman tozalaydi. Ular yoy oralig’idan o’tayotgan elektrod metali tomchisi atrofida shlakli qobiqlar, chok metali sirtida shlakli qatlam hosil qiladi. Shlak hosil qiluvchi komponentlar metallning sovish tezligini kamaytiradi va undan metall bo’lmagan qo’shilmalarning ajralishiga yordam beradi. Shlak hosil qiluvchi komponentlarda titan konsentrati, marganes rudasi, dala shpati, kaolin, bo’r, marmar, kvars qumi, dolomit bo’lishi mumkin.
Gaz hosil qiluvchi komponentlar yonishida payvandlash zonasida gaz yordamida himoya hosil qiladi, gaz himoyasi ham, shuningdek, suyuqlangan metallni havo kislorodi va azotidan muhofaza qiladi. Gaz hosil qiluvchi komponentlar yog’och uni, ip-gazlama kalavasi, kraxmal, ozuqa uni, dekstrin, sellyulozadan iborat bo’lishi mumkin.
Oksidsizlantiruvchi komponentlar payvandlash vannasining suyuqlangan metalini oksidsizlantirish uchun zarur. Bularga moyilligi temirga nisbatan kislorodga yaqinroq bo’lgan elementlar, masalan, marganes, kremniy, titan, aluminiy va boshqalar kiradi. Ko’pchilik oksidsizlantiruvchilar elektrod qoplamalarga ferroqotishmalar tarzida kiritiladi.
Legirlovchi komponentlar qoplama tarkibiga chok metaliga issiq-bardoshlik, yeyilishga chidamlilik, korroziya bardoshlik kabi mahsus xossalar berishi va mexanik xossalarini yaxshilash uchun zarur. Legirlovchi elementlarga marganes, xrom, titan, vanadiy, molibden, vol‘fram va ba‘zi bir boshqa elementlar kiradi.
Turg‘unlashtiruvchi komponentlar ionlanish potensiali uncha katta bo’lmagan elementlar, masalan, kaliy, natriy va kalsiydir.
Bog‘lovchi komponentlar qoplamalarning boshqa tarkiblarini o’zaro va sterjen bilan bog’lash uchun ishlatiladi. Bunday tarkiblar sifatida kaliy yoki natriyli suyuq shisha, dekstrin, jelatin va boshqalar ishlatiladi. Suyuq shisha asosiy bog’lovchi moddadir. Suyuq shisha silikat, ya‘ni ishqor metall (natriy yoki kaliy) larning kremniy kislotalari tuzi hisoblanadi. Asosan natriyli suyuq shisha – natriy silikati ishlatiladi. Uning kimyoviy formulasi Na2O∙SiO2. Nisbat m=SiO2/Na2O suyuq shisha moduli deb ataladi. Modul qanchalik yuqori bo’lsa, suyuq shisha shunchalik yopishqoq bo’ladi Elektrod qoplamlarida moduli 2,2 dan 8 gacha bo’lgan suyuq shisha ishlatiladi. Yoy yanada barqaror yonishi uchun ba‘zi bir qoplamlarga kaliyli suyuq shisha qo’shiladi
Barcha qoplamalar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- yoyning turg’un yonishini ta‘minlash;
- elektrod suyuqlanganida hosil bo’ladigan shlaklarning fizikaviy xossalari chokning normal shakllanishiga va elektrod bilan qulay harakat qilishga to’sqinlik qilmasligi kerak;
- shlaklar, gazlar va metall orasida, payvand choklarida g’ovaklar hosil qiluvchi reaksiyalar bo’lmasligi kerak;
- qoplama materiallari yaxshi maydalanuvchan bo’lishi hamda suyuq shisha bilan va o’zaro reaksiyalarga kirishmaydigan bo’lishi kerak;
- qoplamalarning tarkibi ularni tayyorlashda va ularning yonish jarayonida zarur bo’lgan mehnat sharoiti sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi kerak.
|