3. Konstruktorlik qismi
3.1 Konstruksiyani yig’ish va payvandlash moslamasini loyihalash
Har qanday mahsulotni yoki turli xil texnologik konstruksiyalarni tayyorlashda yig’ish jarayonlarini osonlashtirish maqsadida turli xil moslamalardan foydalaniladi. Bunday moslamalardan foydalanish mahsulot tayyorlanish vaqtining qisqarishiga ham sabab bo’ladi. Tayyorlanish vaqtining qisqarishi mahsulot tannarxining pasayishiga ham bevosita ta’sir qiladi.
Qoziqli baraban konstruksiyasini yig’ish jarayonida eng ko’p vaqt payvandlash jarayoniga to’g’ri keladi. Qoziqli barabanning har bir qatorida 37 tadan qoziqcha bo’ladi. Umumiy hisobda bitta konstruksiyada 296 ta qoziqcha bo’ladi. Payvandlash ishlarini osonlashtirish va vaqt sarfini kamaytirish maqsadida yangi payvandlash moslamasini ishlab chiqdim. Bu moslamani tayyorlash jarayoni ham sodda tuzilgan bo’lib, unchalik katta mablag’ ham talab qilmaydi. Moslamaning afzallik jihatlari shundan iboratki, birinchidan qoziqchalarning korpusga perpendikulyar payvandlanishini ta’minlaydi, ikkinchidan, qoziqchalarning bir-biriga parallel joylashuvini ta’minlaydi, uchinchidan payvandlash jarayoni payvandchi uchun qulay bo’ladi. Eng muhimi ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga katta ta’sir ko’rsatadi. Moslamani tayyorlashda asosan ugolnik va ichki diametri 13 mm bo’lgan yupqa trubadan foydalaniladi. Birinchi bo’lib, trubadan 50 mm uzunlikda 74 ta bo’lakchalar kesib olinadi, undan so’ng ugolnikka payvandlab chiqiladi. Payvandlash jarayonida truba bo’laklarining bir-biriga parallelligi va orasidagi masofalar bir xil bo’lishi kerak. Trubalar orasidagi masofa 50 mm bo’lishi kerak. Ma’lumki, qoziqchalar korpus listiga ichki tomondan payvandlanadi, shuning uchun korpus listi payvandlash moslamasiga ag’darilgan holatda joylashtiriladi. Shuning uchun moslama ham korpus listining ag’darilgan holatiga mos holatda tayyorlanadi. Bu moslama ikki qator qoziqchalarni payvandlashga mo’ljallangan bo’lib, qoziqchalar bir-biriga nisbatan ma’lum burchakda joylashadi, shuning uchun moslamadagi bir qator qoziqchalarning o’rni qo’zga’luvchan qilib tayyorlanadi, aks holda qoziqchalar payvandlangandan so’ng moslamadan chiqarib bo’lmay qoladi.
Qoziqchalarni korpusga payvandlash yangi moslamada quyidagicha amalga oshiriladi: dastlab qoziqchalar moslamadagi trubalar ichiga joylashtiriladi. Undan keyin korpus listi moslamaga ag’darilgan holatda joylashtiriladi va qoziqchalar korpusdagi teshiklarga mos kelganligi tekshiriladi va korpus moslamaga mahkamlanadi. Undan so’ng payvandlash jarayoni boshlanadi.
|