shunday kengayuv, chuqurlashuv, rang-baranglashuv jarayonini boshdan kechirmoqda. Shaxsiy
madaniyat,
muomala madaniyati, kiyinish madaniyati singari birmuncha tor bo‘lgan mavzular
bilan cheklanish davri ortda qoldi. Endilikda iqtisodiyot, ishlab chiqarish, bozor munosabatlari,
dehqonchilik, tibbiyot, rahbarlik, siyosat va xalqaro munosabatlarning o‘z madaniyati bor, ya’ni
“madaniyat” tushunchasidan xoli soha, tarmoq, jabha yo‘q. Hatto, har qanday jamiyat o‘zagini,
demak, taraqqiyot yo‘sinlari umurtqasini madaniyat tashkil etishi isbot talab qilinmaydigan
haqiqatga aylanib ulgurdi. Buni qarangki, axborotlashgan jamiyat, jamoatchilik bilan aloqalar
(ommaviy kommunikatsiya) asr muammosi sifatida sertarmoq fan maqomiga ega bo‘la borayotgan
hozirgi vaqtda axborot madaniyati hayot-mamot masalasi darajasiga ko‘tarildi.
Atak-chechak
qadam -tashlayotgan bolajondan tortib, asrni qaritgan bobo-buvilargacha shu “hayot-mamot”
iskanjasida deyavering.
Axborot madaniyati mazkur to‘rt bosqichli jarayon ichida eson-omon yashash hamda faoliyat
yuritishga zamin yaratadi, doimiy yordamchiga aylanadi. Murakkabdan-murakkab, serqatlam
axborot almashinuv jarayoni sohalar, jamiyatlar,
mamlakatlar, mintaqalar va dunyo miqyosida
keng ko‘lamlarda kechayotganini tasavvur qilib ko‘rsak, so‘z yuritilayotgan mavzuning ham
ilmiy, ham amaliy ahamiyati naqadar ulkanligi ayonlashadi. Biroq mazkur haqiqatni to‘la
anglashga tasavvurimiz hamda aql-idrokimiz imkoniyatlari qodirmikan?
Qodir bo‘lmagani uchun ham inson bu qadar mislsiz, zalvorli yukni axborot vositalari zimmasiga
yukladi. Gazeta, jurnal, kitob, radio, televideniye, telefon, faks, kompyuter, internet, mobil telefon
sharofati bilan Yer yuzi mo‘jaz “qishloq”qa aylandi-qo‘ydi. Ikki dunyoni bir qadamga aylantirgan
ham axborot, globallashuv jarayonlari maxraji, ustqurmasi ham axborot. Zamonaviy taraqqiyot,
farovonligu farog‘atning noni, suvi, havosi ham shu! Sanab o‘tilgan axborot vositalarining ko‘zga
ko‘rinmas changalidan tashqarida yashayotgan odam yo‘q hisobi. Ularning barchasi oddiy
turmush tarzining ajralmas zaruratiga, ta’bir joiz bo‘lsa, tanamizning “a’zosi”ga aylanib bo‘ldi.
Shu munosabat bilan g‘oyat qiziq va g‘alati holat vujudga keldi: yakka axborot vositalari, guruh
axborot vositalari, ommaviy axborot vositalari rivojlangani sayin insonning axborotga bo‘lgan
ehtiyoji yetarli darajada qondirilmayotgani ma’lum bo‘lmoqda,
aksincha, axborot taqchilligi,
yetishmovchiligi zo‘raygandan zo‘rayib bormoqda. Nega? Sabab nimada? Chindan ham
shundaymi?
Yangilikka o‘chlik boyagina olingan axborotning o‘sha zahoti eskirishiga olib kelmoqda.
Hozirgina yuz mashaqqat bilan topgan yangiligimizni to‘la anglab-idrok etib ulgurmasimizdan
chiqitga chiqaryapmiz. Bir qarashda, buning yomon tomoni yo‘q, ammo har bir yangilik ortidagi
voqelik yuzasidan chuqur mulohaza yuritish, tosh-taroziga solish hamda hayotiy xulosalar
chiqarishga bo‘lgan moyillik unutilib bormoqda. “Bu ahvolda internet to‘lqinlarida soat sayin
“bolalayotgan” nashrlar shu tariqa yengil shov-shuvga o‘ch, shundan narini ko‘zlamaydigan,
tahlilu mulohazalardan yiroq avlod vakillarini shakllantiruvchi “maktab”larga aylanib
qolmasmikan?!” degan xavotir ham yo‘q emas.
Ruhiyat bilan bog‘liq yana bir omil avj olayotir. Axborot oqimi shiddati ortgani sayin odamlarda
individuallashuvga moyillik kuchaymoqda. Deylik, oiladagi ota-ona va uch farzandning har biri
o‘zi istagan teleko‘rsatuvni tomosha qiladi, o‘zi yoqtirgan radioeshittirishni tinglaydi, ularning har
birida
alohida kompyuter, internet, mobil telefon. Ota o‘qiyotgan gazetaning o‘g‘ilga umuman
qizig‘i yo‘q, qizi qo‘ldan qo‘ymaydigan suratli jurnalni ona varaqlab ham ko‘rmaydi. Shubhasiz,
bu holni axborot oqimi hamda vositalari ta’sirida odamlarning yakkalanishi, deb ta’riflash
mumkin. Ko‘plashib, oila davrasida emas, xonaga qamalib olib, yakka holda kompyuter ekraniga
termulgancha hordiq chiqarish, bo‘sh vaqtni o‘tkazish odati ommalashmoqda.
Bunday yangiliklar milliy oila tutumlari, odob-axloq me’yorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir
ko‘rsatmasligi mumkin emas. Aytib o‘tilgan axborot vositalarining har biri mo‘jiza, inson aql-
idrokining mahsuli, ularning har biri bilimni oshirish, dunyoqarashni kengaytirishga xizmat qiladi,
ularning ta’rifiga til ojiz. Biroq ularning barchasiga milliy-axloqiy qadriyatlarimiz, tafakkur va
qalb
tarbiyasi, qisqacha aytganda, komil inson tarbiyasi mezonlaridan kelib chiqqan holda
yondashilsa, ko‘p savollar yo‘limizda ko‘ndalang bo‘ladi. Teletomosha hamda radio tinglash
madaniyati, internet, ayniqsa, mobil telefondan foydalanish madaniyati — barchasini