548
3. Kelgusida ishlab chiqarish samaradorligining o‘sishi
va ishlab
chiqarish faoliyatini kengaytirish uchun zaxiralar bormi?
4. Korxona kelgusida o‘z faoliyatini rivojlantirish uchun qanday
strategiyaga ega va uning amalga oshirilish holati (tanlangan strategi-
yasidan og‘ishish) qanday?
Shu bilan birga korxonalarning rentabelligi, samaradorligi,
likvidligi, kreditga layoqatliligini baholash uchun bir qator moliyaviy
koeffitsiyentlar ham qo‘llaniladi.
15.2. Investitsiya resurslarini shakllantirish
siyosatini ishlab chiqish
Bugungi kunda
vatanimiz korporatsiyalari, shu jumladan, xolding
kompaniyalari oldida turgan asosiy muammolardan biri ishlab chiqa-
rishni yangilash va yangi texnologiyalarni joriy etish, tarkibiy qayta
tuzish, ishlab chiqarishni kengaytirish hamda boshqa mablag‘talab
loyihalar uchun zarur bo‘lgan investitsiyalarni qidirib topish hisoblanadi.
Investitsiya siyosatini shakllantirish siyosati kompaniya investitsiya
strategiyasining eng muhim tarkibiy qismlaridan bo‘lib,
uni ishlab
chiqish kompaniya oliy rahbariyati va kuzatuv kengashining eng asosiy
vazifalaridan biri hisoblanadi va aynan texnologik maqsadlarga integrat-
siyalashmagan kichikroq korxonalarga qaraganda yirik integratsiya-
lashgan korporatsiyalarda investitsiya strategiyasining roli beqiyos katta.
Investitsiya strategiyasini amalga oshirishning samarali yo‘lini
ishlab chiqish o‘zida quyidagilarni, ya’ni:
- investitsiya faoliyatining strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
- investitsiya resurslarini shakllantirish strategiyasini ishlab
chiqishni mujassam etadi.
Investitsiya faoliyati yo‘nalishlarini ishlab chiqish bosqichida
moliyalashtirish manbalari va jalb etiladigan asosiy investorlarni qidirish
ishi bilan boshlanishi lozim.
Kompaniya investitsiya faoliyatini moliyalashtirish manbalarining
maqbul tizimini qidirish korporativ boshqaruvning eng muhim vazifa-
laridan hisoblanadi.
Ma’lumki, kompaniyaning sof foydasi va amortizatsiya investitsiya
qilishdagi xususiy mablag‘ manbayidir.
Taqsimlanmagan foyda hisobiga moliyalashtirish, odatda, kompani-
549
yaning barcha soliqlar to‘langandan keyin
qolgan sof foydasi miqdori
hamda uni taqsimlash bo‘yicha hissadorlar qanday siyosat yuritishiga
bog‘liq bo‘ladi. Ko‘p hollarda kompaniya zarur hisoblangan moliya-
lashtirish manbayiga ega bo‘lishi uchun o‘zining bir qism aktivlarini
sotishi mumkin.
Tashqi moliyalashtirish manbayi odatda bank kreditlari hisoblanadi.
Ko‘plab korporatsiyalar qarz hisobiga moliyalashtirishni qo‘llashadi.
Biroq hozirgi sharoitda bankning kreditlash imkoniyatlari ancha
chegaralangan. Albatta, ba’zi xolding kompaniyalari xolding hamda
hukumatning kafolati evaziga nisbatan qulay sharoitda kredit, jumladan,
xorij kreditini olishlari mumkin. Biroq bu yo‘l
bilan kompaniyaning
yirik loyihalarini moliyalashtirish ancha muammoli masala.
Bundan tashqari, kompaniya rahbariyati, qarz kapitali bilan xususiy
mablag‘lari o‘rtasidagi oqilona nisbatni saqlay bilishi lozim.
Yuqori foizdagi qarz mablag‘lari bir qator ustunliklar berishi bilan
birgalikda o‘ta xavfli tadbir ekanligini esdan chiqarmaslik kerak.
Mabodo kompaniyaning daromadi qarz kapitalining bank foizlariga
to‘lov bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplashga yetarli darajada
bo‘lmasa, kompaniya sinish yoqasiga kelib qolishi mumkin. Shu boisdan
qarz kapitalidan olinadigan foyda kompaniyaning bank foizlarini to‘lash
xarajatlaridan kamida ikki barobar ko‘p bo‘lishi tavsiya etiladi.
Tajribali G‘arb moliya menejerlari faqat yetarli hajmdagi (50
foizdan yuqori) xususiy mablag‘gina kompaniyaning moliyaviy musta-
qilligini mustahkamlashi mumkin deb hisoblashadi. Zero, faqat xususiy
mablag‘largina qarzni qaytarishga to‘la imkoniyat yaratishga qodirligini
ko‘rsatadi.
Biroq kompaniya hayotining alohida bosqichlarida sezilarli daraja-
dagi tashqi qarzga ehtiyoj tug‘ilishi mumkin.
Hozirgi sharoitda Vata-
nimizdagi juda ko‘plab korporatsiyalarda ana shunday vaziyat yuzaga
kelgan.
Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi rivojlangan mamlakatlarda investit-
siya resurslarini olishning eng muhim manbalaridan biri hisoblanadi.
Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi aksariyat qisqa muddatga beriladigan
bank qarzlaridan farqli ravishda pul mablag‘larini uzoq muddatli
(obligatsiya) hamda muddatsiz foydalanishga (aksiyaga) jalb etish
imkonini beradi.
Korporativ obligatsiyalarni chiqarish yo‘li
bilan fond bozoridan
moliyaviy qarz olish butun dunyoda korxonaga investitsiyani jalb etish
550
usuli sifatida keng tarqalgan. Konservativ investorlar odatda,
obligatsiyani sotib olishni ma’qul ko‘rishadi, chunki uning tavakkal
xavfi kamroq hisoblanadi. Obligatsiya egasi korporatsiya daromadidan
o‘z ulushini «birinchi navbatda olish huquqiga» ega. Zero, aksiya
egalariga dividend to‘lovlarini obligatsiya
egalariga barcha foiz
to‘lovlari amalga oshirib bo‘linguncha amalga oshirish mumkin emas.
Shunday qilib, korporatsiya sinmay turgan sharoitda obligatsiya
egalariga yillik foiz to‘lovlari hamda kelishilgan muddat oxirida qarz
summasi qaytarilishi kafolatlanadi.
Korporativ obligatsiyalar O‘zbekiston xolding kompaniyalarini
rivojlantirish va tarkibiy qayta qurish uchun investitsiya jalb qilishga
qodir eng istiqbolli qarz olish shakllaridan biri bo‘lib qolishi mumkin.
O‘zbek emitentlarining korporativ obligatsiyalar chiqarish sohasi-
dagi tajribalari hozirdayoq mavjud.
Shuni qayd etish kerakki, obligatsiyalar chiqarilishi ham investitsiya
loyihalari bozorining oyoqqa turishiga ko‘maklashadi.
Bu pirovard
natijada strategik investorlar uchun mablag‘ qo‘yiladigan ma’qul
obyektlar doirasini kengaytirishga olib keladi.