Rangtasvir - rang san’ati




Download 7,87 Mb.
bet3/12
Sana17.05.2024
Hajmi7,87 Mb.
#239469
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
1.2 Rangtasvir - rang san’ati.
Hayvonat dunyosining o‘ziga xos ajoyib harakatlarini va ov manzaralarini tasvirlashga bo‘lgan qiziqishlari natijasida sekin astalik bilan turli ranglar yaratila boshlandi. Ilk bor ibtidoiy jamoa davrida yashagan inson rangni kashf qilgan. Hayvonlar qoni, moy, ko‘mir, tuproq ham o‘sha davrlarda ishlangan bo‘yoqlarning tarkibiy qismi bo‘lgan. Bo‘yoqlarni tayyorlash malakalari hozirgi kungacha ham o‘zgarishsiz yetib kelgan, lekin asosiy tarkibiy qismlari va ishlab-chiqarish texnikasi o‘zgarib ketgan.3
Bo‘yoqlar pigment va bog‘lovchi vositalardan tarkib topadi. Pigment (lot. Pigmentum)- bu bo‘yovchi modda hisoblanadi.
Italyan rassomi, me’mori va yozuvchisi Jorjo Vazari 1550-1568 yillarda birinchi “San’at tarixi” kitobini yozadi va bu kitobida moybo‘yoqni kashf etgan
aka-uka Yan van-Eyklar haqida ma’lumot beradi. Moybo‘yoq rangtasvirda XV asrdan buyon qo‘llanila boshlandi. Shungacha kartinalar, ayniqsa yog‘ochga ishlangan rasmlar tuxumli tempera bilan ishlangan. Bu kartinalarni yaratishda rantasvir uchun murakkab materiallar va bog‘lovchi elementlardan foydalanganlar. Lekin, ular qisqa vaqtda ishdan chiqqan va bo‘yoqni yana tayyorlash zarur bo‘lgan. Bo‘yoqlarda bog‘lovchi vosita sifatida moylardan foydalanila boshlagandan keyin, bo‘yoq tayyorlash jarayoni bir muncha osonlashadi. Bundan tashqari bo‘yoqlarning yorqinligi va ranglarning aniqligi oshdi. Turli bo‘yoq qatlamlarini bir-biriga qo‘yilishi nozik rang nyuanslarini keltirib chiqardi.
Rangtasvir - rang san’ati. Rangtasvir - xaqiqiy hayotni aks ettirib, tamoshabinning fikri va hissiyotlariga ta’sir o‘tkazuvchi tasviriy san’at turlaridan biridir.
Biror bir satx yuzasiga, bo‘yoqlar (moybo‘yoq, tempera, akvarel, guash va boshqalar) bilan bajarilgan san’at asariga rangtasvir deyiladi. Rangtasvirdagi obrazlar juda yorqin va tomashabop. Rassomlar asarlarini rangtasvir va plastik vositalar bilan yaratadilar. Ular qalamtasvir va kompozitsiya imkoniyatlaridan foydalanganlari bilan, rangtasvirdagi eng asosiy ta’sirchanlikni beruvchi vositalardan biri bu rang hisoblanadi.
Rangtasvirdagi tasvirlar tasviriy satxda uzluksiz bo‘yoq qatlamini hosil qiluvchi bo‘yoqlar yordamida yaratiladi. Xattoki akvarel rangtasvirida qog‘ozda bo‘yoq tegmagan joylar qolsa ham, tasvirning uzluksizligiga ta’sir qilmaydi, chunki bo‘yoqlar bir-biriga singishib va aralashib ketishadi.
Rangning tasviriy va ta’sirchanlik imkoniyatlaridan rangtasvirda rassomga zarur bo‘lgan erkinlik va to‘liq kuch bilan foydalaniladi. Rang orqali kompozitsiyadagi asosiy fikrni ajratib ko‘rsatish, muhim detallarini bo‘rttirish, masofani chuqurligini berish yoki tasvirning yassiligini berish mumkin.
Rangtasvirning eng muhim ajralib turuvchi xususiyatlari shundan iboratki, unda shakl va masofaning tasviri, obrazlar va harakatlar faqat rang orqali ko‘riladi.
Rangtasvir inson hissiyotlari va xarakterining murakkab dunyosini aks ettirishi bilan birga tabiatning nozik o‘zgarishlari, fantastik obrazlar va falsafiy fikrlarni berish xususiyatiga ega. Bularning hammasi tasviriy san’atda grafik materiallarda ishlash orqali yoritilib beriladi.
Akvarelda rangtasvir ishlash uzoq tarix va boy an’analarga ega. 3500 yillar oldin inson kitob yozish va unga rasmlar ishlashni boshladi, bu bilan u akvarel rangtasviriga asos solganligini bilmas edi. Yozishda qo‘llanadigan Cuperuspapirus o‘simligini topib, misrliklar bunga birinchi qadamni tashlagan edilar.
Oxiratda yer yuzida nima qilganligini ollohga ko‘rsatishlari uchun bu yaratilgan kitoblarni uning mualliflari bilan ko‘mishgan. Bu kitoblarga rasm ishlashda jigarrang uchun tabiiy oxra va siena, qizil rang
uchun kinovar, qora rang uchun kuydirilgan iva, oq bo‘yoq uchun gips kabi minerallar asosida yaratilgan shaffof bo‘yoqlardan foydalanilgan. Bu bo‘yoqlar tuxum sarig‘i va gummiarabik bilan qo‘shib tayyorlanib, suv bilan suyultirilardi. Boshqacha qilib aytganda bu hozirda biz ishlatib kelayotgan akvarel bo‘yog‘i edi.
Yuqorida aytib o‘tilgan ilk akvareldan hozirgi zamonaviy akvarel bo‘yog‘i shakli, rangi va janrning asosiy xususiyatlari ancha o‘zgarganligini kuzatish mumkin, lekin bo‘yoqning tarkibi o‘shaligicha qolgan.
Shuningdek o‘sha davrlarda akvarelning Yaponiya va Xitoyda ham ishlatilgani ma’lum. Ipakka ishlovchi rassomlar akvarelda ishlashni hayratlanarli yuqori cho‘qqiga ko‘targanlar. U davrda asosan qaynoq batikni eslatuvchi shirmalarni bezatish uchun ishlatilgan roketlarga ishlash juda keng tarqalgan.
O‘zining jozibadorligi va nafisligi bilan bu ishlar hatto zamonaviy kishilarni ham hayratga soladi. Xitoyda esa chinniga rangtasvir ishlash o‘zining yengil, mo‘jizaviy ranglar uyg‘unligi bilan akvarel texnikasini yodga soladi.
Rangtasvirda ishlashning bir turi bo‘lgan shu texnikada bajarilgan asarlar hamda suv bilan ishlatiladigan bo‘yoqlar akvarel deb atalib, lotincha aqua – suv (fransuzskogo – aquarelle) ma’noni bildiradi. Bo‘yoqni eritishda suvdan foydalanadi va shu sababli nomlanishi ham shundan kelib chiqqan. Akvarel – o‘zining shaffofligi bilan boshqa bo‘yoqlardan alohida ajralib turadi. Bunga nafaqat qo‘llaniladigan materiallar sifati, balki yuqori darajada ishlov berilib maxsus tayyorlangan sifatli bo‘yoq kukunlaridan tayyorlanganligi hisobiga erishiladi.
Shaffof bo‘yoqlarga oq bo‘yoq aralashtirilib tayyorlangan akvarel bo‘yog‘i yuqorida ta’kidlanganidek antik davrdayoq Qadimgi Misrda, undan tashqari o‘rta asrlarda esa Osiyo va Yevropa qit’alarida ishlatilganligi ma’lum. Rassomlarning papirus va guruch po‘stloqlariga ishlangan asarlari bizgacha yetib kelgan. O‘rta asrlarda Yevropa va Rusda cherkov kitoblarini (qo‘lyozmalardagi naqshlar, bosh harflarni bo‘yashda ishlatilgan) bezashda, keyinchalik minatyura asarlarini ishlashda akvarel bo‘yog‘idan foydalanilgan.4 Taxminan XII asrlarda Forsda paydo bo‘lib, butun Sharqqa tarqalgan kitobga minatyura rangtasvirlari ishlash orqali akvarel rangtasviri rivojlana boshladi.
Qadimgi qo‘lyozmalarga illyustratsiyalar ishlash minatyura rangtasviri paydo bo‘lishiga olib keldi. “Minatyura” atamasi lotin tilida qizil bo‘yoq – “minium” so‘zidan olingan. Turli xalqlarning qadimiy qo‘lyozmalariga ishlangan ajoyib minatyura rangtasvirlari bizgacha yetib kelgan.
XVII-XVIII asrlarda akvarel ko‘pgina san’at turlari: gravyura, eskiz, kartina va freskalarning tarkibiy qismiga aylanib ulgurdi. Akvarel ko‘plab grafika va rangtasir materiallari bilan qo‘shib aralash texnikada (guash, tempera, pastel bilan) keng qo‘llanila boshladi. O‘sha davrdagi mashhur rassomlar ichida akvarelga murojaat qilmagan rassomlarni topish juda qiyin edi.
Akvarel - rangtasvir (tusning boyligi, shakl qurilishi va rangda fazoviylik) va grafika (tasvirni ifodalashda qog‘ozning ahamiyati) xususiyatlarini o‘zaro birlashtiradi. Tasvirga harakat hamda jilvalanish effektini beradigan yuvib va oqizib ishlash – bu akvarelga xos usullar hisoblanadi. Mo‘yqalamda ishlanadigan rangtasvir ko‘pincha avval qalamda chizib olinadi.
XV – XVII asrlarda akvarel amaliy bezak sifatida gravyura, rangtasvir asari va devoriy suratlarning eskizlarini bo‘yash uchun qo‘llanilardi. Golland va flamand rassomlari hamda Dyurerning manzaralari bunga misol bo‘la oladi. Shu davrda akvarel A. Dyurer va kichik Gans Golbeynlar diqqatini o‘ziga tortdi. Birinchi marta shu davrda
A. Dyurer tomonidan akvarel bo‘yog‘ining texnik imkoniyatlari keng ochib berildi.
Akvarel bo‘yog‘ini o‘zi qo‘lda tayyorlab, unda ajoyib rangtasvir ishlarini yaratdi. Bu vaqtda Dyurer atigi 17-18 yoshda edi. XVIII asrga kelibgina Angliya, keyinchalik Fransiya, Italiya va boshqa mamlakatlarda akvarel mustaqil rangtasvir turi sifatida ko‘zga tashlana boshladi.
Angliya akvarelning ilk vatani deb hisoblanadi. Angliyaning tinmay o‘zgarib turadigan atmosfera sharoiti, o‘ziga xos tumanli iqlimiy tabiati shaffof bo‘yoq sifatida akvarel texnikasining rivojlanishiga katta imkoniyat yaratdi.
XVII asrda Angliya akvareli rangtasvir sifatlari osha borib, shaffof bir xil rangli monoxrom usuldan ranglarga boy rangtasvir texnikasiga aylana bordi.
Angliya akvarel maktabini Jon Kozens, Tyorner, Konstabl, Richard Bonington, Tomas Gertin kabi mashhur rassomlar boshqarardi. Ular o‘zgaruvchan havo va quyoshdan tushayotgan xira yorug‘likda fazoviy perspektivani ifodalash imkonini beruvchi ajoyib akvarel texnikasini ishlab chiqdilar.
Sof akvarel (oq bo‘yoq qo‘shilmagan) XV asr boshlaridan keng qo‘llanila boshlandi. Ranglarning tozaligi, bo‘yoqning shaffofligi, bo‘yoqlar orasidan asosning tusi va fakturasi (asosan qog‘oz, ba’zida ipak va fil suyagi)ning aks etib turishi – uning asosiy xususiyati hisoblanadi.
Kuzatilayotgan ko‘rinishni akvarelda tezkor tasvirlash imkoniyati mavjudligi, unda fazoviylikni ifodalash qulayligi XVIII asr ikkinchi yarmidan boshlab akvarelning manzara janrida keng qo‘llanila boshlanishiga sabab bo‘ldi. Akvarelda rangtasvir ijod qilish o‘ziga kasb qilgan birinchi rassomlar paydo bo‘ldi. Juda ko‘p mashhur rassomlar qatorida taniqli Battista Jovanini ham akvarelning xususiyatlaridan mohirona foydalangan. Battista Jovannining chizish usuli qiyin ko‘rinsa ham o‘rgansa bo‘ladigan jihatlari ko‘p. Rassomning asarlari yengil chizilgan chiziqlar suvli mo‘yqalamda yuvish yo‘li bilan birga olib boriladi. Uning chizmatasvirlarini unga yaqin bo‘lgan tugallangan mo‘jaz rangtasviri bilan solishtirsangiz ajoyib, nafis chiziqlarning o‘zidayoq rassom kompozitsiyaning asosiy ilk g‘oyasini ifodalab qo‘yganining guvohi bo‘lasiz.
Boshqa rassomlar tomonidan ham yuvish va pero bilan chiziqlar chizish yo‘li bilan akvareldagi ranglar ko‘lami umumlashtirilgan, nam qog‘ozlarda bir xil tusdagi yorqin bo‘lmagan manzaralar bajarilardi. Buyuk Britaniyada (A.Dj.R.Kozens, T.Gyortin), Fransiyada (J.O.Fragonar, Y.Rober), Rossiyada (F.Y.Alekseev, M.M.Ivanov, S.F.Shedrin, F.M.Matveyev va boshqalar).
XIX ikkinchi choragida Italiyada quruq oq qog‘ozga qarama-qarshi rangtuslar, yorug‘-soyalar, jarangdor va to‘yingan ranglarda bajarilgan ko‘p qatlamli akvarel rangtasviri paydo bo‘ldi. Rangtasvir materiali sifatida akvarel – fazoviylik, shaffoflik va noziklik kabi asosiy xususiyatlari bilan ko‘plab rassomlarning diqqatini o‘ziga jalb qildi. Umumiy rangtasvir rivoji ta’sirida akvarel texnikasi asta-sekin boyib, takomillashib tasviriy san’atning mustaqil turiga aylana bordi.
O‘zining afzalliklari va badiiy qiymati jihatidan moybo‘yoqda bajarilgan kartinalardan aslo qolishmaydigan va yuksak darajadagi imkoniyatlarga ega bo‘lgan dastgohli akvarel rangtasviri paydo bo‘ldi. Dastgohli akvarel bilan bir vaqtda illyustratsiya va me’moriy sohada qo‘llaniladigan akvarel texnikasi ham rivojlana bordi. Rossiyada bu janrda K.P.Bryullov va A.A.Ivanov kabi rassomlar ijod qilishdi.
Shevyakov,V. Akulin, G.I. Chiganov, Y.I. Taldikin va boshqa mashhur rassomlar katta mahorat bilan o‘zining ko‘plab asarlarini yaratdilar. Bu tasviriy san’at ustalari lirik, kishi ruhiyatini ko‘taruvchi tabiat go‘zalliklari va ona zamin ne’matlarini mo‘yqalamning yengil harakatlari bilan akvarelda ajoyib asarlar yaratdilar.
Keksa avlod keyingi avlodga yuksak va ezgu maqsadlar yo‘lida san’atga nisbatan o‘zlarining chin muhabbatlari, o‘zlarining tajriba va ko‘nikmalarini me’ros qilib qoldirdilar. Barcha eng yaxshi an’nalarni qabul qilib olgan yosh avlod shaxsiy ijodiy yutuqlari bilan yurtimiz akvarel rangtasviri rivojiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar. Oxirgi yillarda o‘zbek akvarel rangtasviri ajoyib rassomlar R. Choriev, M. Sodiqov, G‘. Boymatov, V. Apuxtin va boshqa yangi iste’dodlar bilan boyidi.
Rang va texnik sifatlari jihatdan Marat Sodiqovning akvarel asarlari juda yuksak qiymatga ega. Har xil rang quymalaridan foydalanib kompozitsiyalarida o‘ziga xos go‘zal koloritdagi takrorlanmas asarlar yaratdi. Rang surtmalarining aniqligi, kerakli joyda kuchaytirish, ba’zi joylarda rang jo‘shqinligini so‘ndirish kabi akvarelning texnik imkoniyatlaridan oqilona foydalanish rassomning yuksak mahoratini belgilab turibdi. Kishi ma’naviy dunyosiga chuqur ta’sir qiluvchi, badiiy g‘oyalar bilan sug‘orilgan asarlari o‘ziga xos mazmuni bilan tomashabinni o‘ziga rom etadi.
N.D. Ten, M.N. Nabiyev, N.P. Bannikov badiiy-grafika fakulteti pedagograssomlari ham akvarel rangtasvirida ijod qilishdi. Akvarel rangtasviri xususiyatlari o‘ziga xosligidan mohirona foydalanib, juda ko‘plab shogirdlari, pedagog-rassomlarga ular o‘z tajribalarini me’ros qilib qoldirdilar. Shunday ajoyib rangtasvir ustalaridan dars olgan R.Sh. Xalilov, M. Djumashevlar ham akvarelning respublikamizdagi rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.5
Olam go‘zal va jozibador, kishini to‘lqinlantiruvchi dunyo ko‘rinishlari, uning go‘zalliklari, murakkabligi va ko‘pqirraligini turli ranglar orqali tomashabinga yetkaza olish – bu san’atning asosiy vazifasi hisoblanadi. Bugungi kunda akvarelchi rassomlar ham turli usullarda bu vazifaning yechimini topib, akvarelda ajoyib obrazlarni yaratishmoqda.
Akvarel rangtasviri texnikasining paydo bo‘lishi va rivojlanishi haqidagi keltirilgan qisqacha akvarel tarixi rangtasvirning bu turi qanchalik ommaviylashib ketganligini isbotlab turibdi. Kimdir uchun akvarel kartinalarga eskiz ishlashda qo‘llaniladigan oddiy material, boshqalar uchun moybo‘yoqdan kam ahamiyat kasb etmaydigan, uchinchi guruh rassomlari uchun asosiy ijodiy faoliyat turiga aylanganligining guvohi bo‘lamiz. Avloddan-avlodga o‘tgan sari akvarelning texnik qo‘llanishi va usullari takomillasha borib, uni baholash kriteriyalari aniqlandi, keng texnik vositalar, har xil ishlash usullari va janrlari paydo bo‘ldi.
Mashhur rassomlar tomonidan yaratilgan ajoyib asarlar akvarel texnikasida ishlash vositalari va undan foydalanish imkoniyatlari cheksiz ekanligini isbotlab turibli. Buyumlar shakli va fakturasini ifodalashda yetarli darajadagi tajriba, texnikani to‘g‘ri tanlash va rangtasvir ishlash mahorati orqali yorug‘lik va ranglarga boy, g‘aroyib obrazlar xilma-xilligiga erishish mumkin.
Akvarel asosan fazoviy ko‘rinishlardagi nozik rang va tuslar ko‘lamini ifodalashda katta imkoniyatlarga ega. Kasbiy tayyorgarlikka ega akvarelchi rassom uchun bu bo‘yoq texnikasida – o‘zgaruvchan atrof muhit, yoritilganlik holati, buyumlar materiali, fazodagi planlilikni berish imkoniyatlari mavjud. Shu bilan birgalikda akvarelchi rassomdan an’anaviy akvarel rangtasviri usul va texnikalarini qo‘llash ko‘nikmalarini mukammal o‘zlashtirish, tasvirlash asoslari, materiallarning o‘ziga xos xususiyati va tarkibini o‘rganishda sinchkov bo‘lishga o‘rgatadi. Sirtdan qaraganda yengil ko‘ringani bilan akvarel rangtasviri boshqa rangtasvir turlariga (guash, tempera, moybo‘yoq) nisbatan ma’lum darajada qiyin hisoblanadi. Bunday qiyinchiliklar buzilgan akvarel rangtasviriga tuzatishlar kiritilganda yoki ustidan ishlanganda qog‘oz yuzasi buzilishi va qorayib ketishi bilan izohlanadi. “Shuning uchun ishni boshlash oldidan rassom nimani tasvirlashni hohlashi va uni qanday amalga oshirish haqidagi aniq tasavvurga ega bo‘lishi kerak”, - deb yozadi rus rassomi A.P. Ostroumova-Lebedeva.
Rang qatlamlarining shaffofligidan foydalanib ishlanadigan an’anaviy akademik akvarel ishlash usulini o‘rgatishning hozirda aniq metodikasi ishlab chiqilgan va yuqori darajada o‘zlashtirilgan. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida akvarel rangtasvirining tarixiy rivojlanishidagi materiallar, texnik usullar, obrazlar va boy tipik sifatlari, avval foydalanilmagan akvarelning yangi qirralarini ochib berdi.
Akvarelning tipik sifatlari asosan ikki faktor: materiallar (qog‘oz, bo‘yoq, suv, bo‘yoqqa qo‘shimcha ashyolar) va muallifning ijodkorlik xususiyatlari orqali aniqlanadi. Tizimdagi birinchi tarkibni avvaldan tahlil qilish, tizimlash, va hatto aniq belgioash ham mumkin (har xil sintetik va tabiiy qo‘shimchalardan foydalanib yaratilayotgan ishning texnik natijalarini avvaldan aniqlasa bo‘ladi), ikkinchi faktor butunlay rassomning xarakter xususiyatlari va birinchi navbatda uning improvizatsion qobiliyati va tafakkur kengligiga bog‘liq. Badiiy ta’lim amaliyotida bu ikki faktor ajralmasdir.
Akvarel rangtasviri ranglar qatlamining keng diapazondagi shaffoflik (tasvirlash jarayonidagi qog‘ozning o‘rni) xususiyati va suvli bo‘yoqning yoyilishi, harakati, ta’sirchanligi bilan xarakterlanadi. Aynan mana shu sifatlar akvarelning xususiyatini aniqlab beradi. Zamonaviy akvarel rangtasviri rassomdan nafaqat rangtasvirning akademik qonun-qoidalari to‘g‘risidagi bilimlar, balki rangtasvir ishlash jarayonidagi harakat va tezkor obrazli fikrlashni ham talab qiladi.
Akvarelning yoyiluvchanligi natijasida paydo bo‘ladigan texnik effektlar muallif tomonidan oldindan aniq belgilanishining iloji yo‘q. O‘ziga xosligi, betakrorligi, oldindan aytib bo‘lmasligi, bu akvarelning eng noyob sifatlari hisoblanadi. Oxirgi natijani ko‘zdan qochirmagan holda ishlash, asosiy g‘oyani saqlash bilan birga vazifaga tuzatishlar kirita olish akvarelchi rassom uchun eng zarur mahorat sanaladi. Boshqa texnika va materiallardan foydalanib akvareldagi obrazlarni bajarib bo‘lmasligi akvarelning qanchalik noyob ekanligi va uning tasviriy san’at morfologiyasi tizimida mustaqil tur sifatida ahamiyati katta ekanligining isboti bo‘lib turibdi. Zamonaviy an’analar asosida akvarel rangtasvirining rivojlanishi badiiy ta’limdagi har xil mutaxassislikdagi rassomlar tayyorlanadigan o‘quv jarayonlarida qo‘llash imkoniyatini kengaytiradi.
Akvarel – maxsus badiiy ta’lim tizimida keng qo‘llaniladigan rangtasvir turlaridan biri hisoblanadi. Bu eng avvalo tasvirlash asoslari haqidagi bilimlarni o‘zlashtirish, ranglar uyg‘unligini yaratish, rang-tusga oid kompozitsiyalar tuzish, uch o‘lchamlilik, fazoviylik, materiallik va boshqa ko‘rinishlarni ifodalash jarayonida ishlatish uchun nisbatan qulayligi bilan izohlanadi. Guash bo‘yog‘i esa akvarel bo‘yog‘ining tamoman aksi bo‘lib, u kabi tiniq, jarangdor tus bermaydi (5-rasm). Ranglari yorug‘likni yutganligi sababli uning tagidagi qog‘oz ko‘rinib, sezilib turmaydi. Tarkibi esa akvarelniki singari – bo‘yoq kukuni va uni bog‘lovchi moddalardan iborat. Ammo ular maxsus yog‘och yelimi bilan mo‘tadil nisbatlarda aralashtirilgan bo‘ladi. Guash bo‘yog‘ining yana bir muhim jihati uning oq bo‘yoq bilan aralashtirib ishlatilishidir.
Shuning uchun uning ranglari unchalik jarangdorlik kasb etmaydi. Bo‘yoqni ishlatish uchun mo‘yqalamlar ham maxsus tanlanib olinadi va ular juda yumshoq bo‘lmasligi, bir oz dag‘alroq bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Tasvir ishlanadigan sath, ya’ni qog‘oz yoki karton ham silliq bo‘lmagani yaxshi. Uning yuzasi iloji boricha yelimli qoplama (grunt) bilan ishlov berilgan bo‘lishi zarur. Shunda uning sathiga guash bo‘yog‘ini yaxshi surtish mumkin bo‘ladi. Guash ko‘pincha grafik ishlarni, bezaklarni, plakatlarni ishlashda va qisman rangtasvirlarni bajarishda foydalaniladigan, suv qo‘shib ishlatiladigan, tez quriydigan bo‘yoqdir. U bilan tasvirlar bajarishning murakkabligi shundaki, bo‘yoq surtilgan paytda to‘q, qurigandan keyin esa ochlashib ko‘rinishidir. Shu jihatini hisobga olib turilmasa, ranglar orasidagi muvofiqlikni ushlab turish ancha qiyin kechadi. Buning uchun odatda har bir surtiladigan asosiy ranglar alohida-alohida maxsus idishchalarda tayyorlanib olinib, so‘ng unga bir oz boshqa qo‘shimchalar aralashtirib tasvir ishlanadi. Ranglarni ishlatishda, uning to‘q-ochligi, rang tuslarining qanday topilganini doimo tekshirib, bilib turish uchun bir bo‘lak qog‘ozga tayyorlangan aralashmani surtib aniqlab, so‘ng qo‘llansa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Guash bo‘yog‘ida juda ko‘p o‘tmish rassomlari ham asarlar yaratganliklari ma’lum. Ularning bir-biridan ajoyib natyurmort, manzara, teatr bezaklari, portret, plakatlari jahon tasviriy san’ati xazinasidan o‘rin olgan. Ammo shunisi borki, bu nozik, saqlanishi ancha qiyin bo‘lgan ishlarning ayrimlari, ayniqsa quyuq qilib ishlanganlarining bo‘yoqlari o‘chib, to‘kilib ta’mir talab bo‘lib qolganligi sir emas. Guash bo‘yog‘ida tasvirlarni bajarganda iloji boricha har bir rang tusi uchun alohidaalohida mo‘yqalam tutgan ma’qul. Shunda ranglarni tiniq va toza, jozibali



chiqishiga erishiladi. Guash bo‘yog‘ida ranglavha va ayniqsa portretlar, hamda odam tana qismlarini tasvirlash, nozik rang tovlanishlarini berish qiyin ishdir. Buning uchun ancha muncha mahorat, bilim, tajriba kerak bo‘ladi. Tasvir ishlashning yo‘l-yo‘rig‘i, usullarini puxta egallash esa ko‘p amaliy mashg‘ulotlarni talab etadigan jarayondir.
Katta-katta mahobatli asarlarning xomaki nusxalari hamda kompozitsiya loyihalarini, bayram munosabati bilan tayyorlanadigan suratlarni ham guashda bajarish qulaydir. U bilan keng qamrovli, mahobatli tasvirlar tez ishlanadi. Barcha chizilgan materiallar orasida eng yoqimli va ifodali materialdir. Bu rasmdagi asosiy tonal munosabatlarni tezda o‘rnatishga imkon beradi. Ko‘mir qalamlari grafit kabi qattiqlikning bir necha navlariga kiradi. Yumshoq ko‘mir ko‘pincha katta, ifodali chizmalarda massalarni yaratish uchun juda yaxshi; holbuki H va HB kabi qattiq siqilgan ko‘mir yoki uglerod qalamlari kichikroq miqyosda ishlashga ko‘proq mos keladi. Uzoq va o‘tkir nuqtalarni keskinlashtirish oson bo‘lgan qattiq ko‘mir qalamlari qo‘lingizning holatini o‘zgartirib, qalin va ingichka chiziqlarni tezda hosil qilish uchun ishlatilishi mumkin. Keng va chiziqli ohanglarni ham bajarish mumkin. Qalamni yon tomonga bosib foydalanilsa asta-sekin keng ko‘lamli massaga ohang hosil qilib, ko‘mir milining uzun qismini varaqlashingiz mumkin. Ko‘mir tayoqchalari xomaki tasvirlar chizishda ko‘proq ishlatiladi. Ko‘mir tayoqchalarini uy sharoitida ham tayyorlasa bo‘ladi. Misol uchun: ko‘mir tayoqchalarini tayyorlashning oddiy usulini o‘rganamiz. Buning uchun uzum tokini yoki atir gul novdasini qizarib yaxshi pishgan novdasidan 5-10 ta bo‘lakchalaridan, bo‘yiga 10-12 santimetr, eniga 8-9 millimetr bo‘lganlarini tanlab olamiz. Biron bir mahsulotlardan bo‘shagan temir (banka)ni olib yaxshilab ichini tozalab, quritib qo‘yamiz. Bu idish ichiga tok novdalarini tik holatda joylab qum bilan idishni to‘lg‘izamiz. Og‘zini qalinroq qilib loy bilan suvab qo‘yamiz, ammo shu narsani esdan chiqarmasligimiz kerakki, loy bilan suvaganda og‘zidan kichikroq bir teshikcha qoldirishimiz shart. Keyin tandirda yoki o‘choqda olovga qo‘yib qizdiramiz. Cho‘g‘ga bo‘yi barobar ko‘mib qo‘ysak ham bo‘ladi. Temir idishning qizishi tufayli biz qoldirgan teshikchadan ko‘kish olovsimon tutun chiqa boshlaydi. Ko‘kish olovsimon tutun tugashi bilan idishni olovdan (cho‘g‘dan) olish kerak, 6chunki ko‘mir qalamcha tayyor bo‘ladi. Tayyorlangan qalamchalar bilan qog‘oz yuzalariga tasvirlar ishlashimiz mumkin. Ishlangan tasvirimiz uchib ketmasligi uchun ozgina shakarni eritib qog‘ozga tasvir ustiga engil puflanadi, natijada chizilgan rasmlar uchib ketmaydi. Shu narsani unutmanki, uzum tokining qalamchalari bir-biriga juda zich holda joylashishi kerak.

Yoki hammasini bir-biriga zich qilib bog‘lab chiqsa ham bo‘ladi. Ota-bobolarimiz bunday ishlarda kulolchilik idishlaridan foydalanishgan. Rossiyada esa oq qayin daraxtining shoxchalaridan foydalanishadi. Zavodlarda esa 3000 issiqlikda havosiz joyda 3 soatdan 5 soatgacha qizdirish usulida ko‘mir qalamchalari tayyorlanadi.











Download 7,87 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Download 7,87 Mb.