|
Namangan muhandislik-qurilish instituti shermatova dilfuza yakubjanovna
|
bet | 2/44 | Sana | 08.02.2024 | Hajmi | 2,3 Mb. | | #153431 |
Bog'liq Dilfuzaxon oya KIRISH
Jahon hamjamiyatida O‘zbekiston davlati kundan kunga o‘z o‘rni va mavqeyini yanada mustahkamlab bormoqda. Bugungi islohotlar ta’biri bilan ta’kidlaydigan bo‘lsak, millatidan qat’iy nazar, har bir fuqaro mamlakatda davlat tilida bemalol so‘zlasha olishi kerak. Davlat tili ta’limini jadallashtirish muammolarini hal etish va ta’lim samaradorligini oshirish, an’anaviy o‘qitish tizimini ilg’or pedagogik texnologiyalar bilan boyitish asosiy vazifa hisoblanmoqda.
Davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, asrab-avaylash, rivojlantirish maqsadida 2019-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi PF-5850-son Farmoni hamda O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash maqsadida 2020-yil 20-oktabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g’risida”gi PF-6084-son Farmonida bir qator vazifalar belgilandi.
2020-yil 10-aprelda esa davlatimiz rahbari tomonidan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g’risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni imzolanib, 21-oktabr “O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi qo‘llanilishini kengaytirish, rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘qitish metodikasini takomillashtirish bo‘yicha 2019-2020-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi»da belgilangan vazifalarga asosan, 2019-yil oxirida barcha nofilologik OTMlarda o‘zbek tili va adabiyoti fanlarini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu oliy ta’lim texnika yo‘nalishlari (rusiyzabon guruhlar) talabalari uchun “O‘zbek tilining sohada qo‘llanilishi” fani bo‘yicha tayyorlangan o‘quv qo‘llanmada har bir mavzu innovatsion yondashuvlar asosida yoritib berishga harakat qilingan. Talabalarning oliy ta’limgacha, ya’ni o‘rta maktabda, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida olgan bilimlarini chuqurlashtirish, takomillashtirish bilan bog’liq bo‘lgan nutqiy ko‘nikmalarni hosil qilish, o‘zbek tilining davlat tili sifatida qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish ta’lim yo‘nalishi talabalari kasbiy salohiyat va tilga doir ko‘nikmalarini mustahkamlashga yordam beradi. Ta’lim yo‘nalishi talabalarining bilimlari o‘tilgan mavzuni mustahkamlash bo‘yicha tuzilgan savollar, testlar, mashqlar, mutaxassislikka doir matn ustida ishlash orqali mustahkamlanadi.
|
| |