|
Namangan muxandislik-texnologiya instituti
|
bet | 54/104 | Sana | 17.02.2024 | Hajmi | 13,19 Mb. | | #158020 |
Bog'liq JIXOZ majmua oxirgi variyanti8-AMALIY MASHG`ULOT
Ishlab chiqarish sexi qurilgan o‘rnini o‘rganish
Ishdan maqsad: Sohada ishlab chiqarishning ahamiyat, mohiyati va ishlab chiqarishning o’rnashgan o’rnini talabalarga tushuntirish.
Sanoat moddiy ishlab chiqarishning yetakchi tarmog‘i bo‘lib, u butun xalq xo'jaligining rivojlanishi darajasini belgilab beradi. Sanoatda ishlab chiqarish qurollari va vositalari hamda xalq iste'moli mollarining asosiy qismi bunyod etiladi. Mehnat predmeti (kishi mehnati yo‘naltirilgan buyum)ga bo‘lgan ta’sir xarakteriga qarab sanoat konchilik sanoati va ishlov berish tarmoqlariga bo‘linadi. Birinchi tarmoq, ruda, ko‘mir, neft, gaz va boshqa tabiiy xomashyo qazib olish, gidroelektrostansiyalar va boshqa korxonalarni o‘z ichiga oladi. Ikkinchi tarmoqqa esa qora va rangli metallar, prokatlar, kimyoviy va neft-kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari, o‘rmonchilik, oziq-ovqat va boshqa xalq iste’moli mollari mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari, atom, issiqlik elektrostansiyalari kiradi.
O‘zbekistonda sanoatning quyidagi tarmoqlari muvofiq ravishda rivojlanib bormoqda:
A) metallurgiya kompleksi;
B) mashinasozlik kompleksi;
D) neft-kimyo kompleksi;
E) agrosanoat kompleksi;
Sanoat ishlab chiqarish o‘zaro bog‘liq bo'lgan mehnat jarayonlari va tabiiy jarayonlar yig‘indisidan iborat. Bu jarayonlar yordamida korxonaga keltirilgan xomashyoga ishlov berishda ularni tashishga, ko‘chirishga, nazorat qilishga, ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan jihozlar va turli xil energiya bilan ta’minlash uchun juda ko‘p mehnat sarf qilinadi. Shunday qilib, ishlab chiqarish jarayoni texnologik, transport, energetik va shu kabi bir qancha jarayonlardan iborat bo’ladi. Lekin ishlab chiqarish asosini texnologik jarayonlar tashkil etadi.
Texnologik jarayonlar yordamida xomashyo ishlab chiqarish mahsulotiga aylantiriladi. Texnologik jarayonlar turli prinsip asosida, masalan, ishlatilayotgan xomashyo turiga ko‘ra (neft, o‘simlik va hayvonot xomashyolari texnologiyasi), olish usullariga ko‘ra (oksidlash, qaytarish, elektrlash, suyultirish va hokazo), ishlatilishiga ko‘ra (qog‘oz, plastmassa va qurilish materiallari texnologiyasi) tasniflanadi.
Texnologik jarayonlar quyidagi turlarga bo‘linadi:
1) davriy jarayon;
2) uzluksiz jarayon;
3) kombinatsiyalashgan (davriy, uzluksiz) jarayon.
Davriy jarayonda kerakli miqdordagi xomashyo apparatga tushiriladi, texnologik jarayonlar o‘tkaziladi va tayyor mahsulot chiqarib olinadi. So‘ngra apparatni yuvib, tozalab, yana yangi xomashyo tushiriladi va yuqoridagi jarayonlar takrorlanadi. Bu ish ko‘p marta qaytariladi. Davriy jarayonga davriy ishlaydigan pechlarda g‘isht pishirish va po‘latga termik ishlov berish jarayonlarini misol qilib olish mumkin.
Uzluksiz jarayonlarda apparatning hamma qismlarida kerakli parametrlar (harorat, bosim va hokazo) o‘zgarishsiz saqlanadi. Apparatga bir tomondan to‘xtovsiz sur’atda xomashyo tushirib turiladi va qayta ishlanayotgan material ketma-ket bir qancha bosqichlardan o‘tib, tayyor mahsulot sifatida ikkinchi tomondan to‘xtovsiz ravishda chiqarib turiladi. Bunday apparatlarda uzluksiz jarayonlar ma’lum vaqt davomida to‘xtovsiz ravishda olib boriladi.
Ba’zan uzluksiz jarayonlarda apparatga xomashyo bo‘lib bo‘lib tushiriladi, tayyor mahsulot ham alohida-alohida chiqarib olinadi, lekin umumiy jarayon to‘xtatilmaydi, ya’ni uzluksizligicha qoladi. Bunday jarayonlar kombinatsiyalashgan yoki uzluksiz davriy jarayonlar deb yuritiladi (domna pechida cho‘yan, marten pechlarida poiat suyuqlantirib olish va hokazo jarayonlar).
Yuqorida qayd etilgan jarayonlardan uzluksiz jarayon iqtisodiy jihatdan bir muncha samarali hisoblanib, u quyidagi afzalliklarga ega:
1) Apparatga xomashyo tushirish va tayyor mahsulotni chiqarib olish davomida apparat sovimaydi va uni kerakli darajagacha qizdirish uchun qo‘shimcha yoqilg‘i hamda energiya sarflanmaydi;
2) Jarayonlarni maksimal darajada mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish mumkin;
3) Jarayonlardan ajralib chiqayotgan gazlar issiqligidan takror foydalanish mumkin;
4) Texnologiya rejimining doimiyligi natijasida apparatning ishi yengillashadi, uni foydalanishga topshirish bilan bog‘liq bo'lgan xarajatlar kam, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati yaxshi bo‘ladi.
Polimerlar — plastik massalar, sintetik tolalar, kauchuk va rezinalar, himoya qoplamalar, ion almashinuvchi smolalar, sintetik yelimlar, shimdiriladigan moddalar — bularning hammasi turmush, texnika, qurilish, qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda keng qo’llaniladi.
Polimer molekulalari — gigantlardan, makromolekulalardan tuzilgan bo’lib, bu moddalar umumiy nom bilan yuqori molekular birikmalar deb ataladi. Polimerlar elastik yoki qattiq, tiniq yoki nur o‘tkazmaydigan, kimyoviy, biologik va boshqa agressiv ta’sirlarga chidamli, korroziyabardosh, oson qayta ishlanadigan, bo‘yaladigan bo‘ladi. Shuning uchun polimerlar va ular asosida ishlab chiqarilgan plastmassa mahsulotlari iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida juda keng qo‘llanilmoqda.
Hozir iqtisodiyotning polimer materiallari ishlatilmaydigan sohasini topish qiyin. Bundan tashqari, polimerlar ishlatilganda har doim yuqori texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishiladi. Masalan, plastmassadan tayyorlangan detallar, mustahkamligi bir xil bo‘lgan holda, metallardan yasalgan detallarga qaraganda ancha yengil bo’ladi (masalan, 1000 m uzunlikdagi vodoprovod quvuri tayyorlashga plastmassadan 250 kg, metalldan esa 2 t ketadi). Bu narsa plastmassa detallar ishlatiladigan mashina va buyumlar kontruksiyasini yengillashtirishga, ularni ta’mirlashga ketadigan xarajatlarni kamaytirishga, xizmat qilish muddati va mustahkamligini oshirishga imkon beradi.
Bundan tashqari, plastmassalardan detallar tayyorlashga metallardan tayyorlashdagiga qaraganda 7—10 marta kam mehnat sarflanadi. 1 t kimyoviy tola ishlab chiqarishga tabiiy materiallardan shuncha tola ishlab chiqarishga qaraganda 2 -4 marta kam mehnat sarflanadi. Sintetik yuqori molekular birikmalardan 1 t mahsulot ishlab chiqarish uchun tabiiy materiallardan ishlab chiqarishga qaraganda ikki, ba’zan esa besh marta kam mahsulot sarflanadi.
Sintetik polimerlarning iqtisodiyotda ishlatilish salmog‘i tabiiy polimerlarnikiga qaraganda tobora ortib bormoqda. Bu esa, sintetik polimerlarni ishlab chiqarishga katta e’tibor berishni taqozo qiladi. Har qanday sintetik polimerlarni tayyorlash ikki bosqichdan: monomer olish va uni polimerga aylantirishdan iborat.
Monomerlar - yuqori molekular moddalar sintez qilish uchun ishlatiladigan boshlang‘ich mahsulotdir. Ular quyi molekulyar birikmalar bo‘lib, molekulalari o‘zaro birikib, makromolekulalar (polimerlar) hosil qiladi. Reaksiya yaxshi borishi uchun monomer molekulasida karrali bog‘lar, beqaror sikl yoki reaksiyaga yaxshi kirishadigan funktsional guruhlar (kamida ikkita) bo‘lishi kerak.
To‘yinmagan uglevodorodlar (etilen, dien va atsetilen) - sintetik materiallar ishlab chiqarish uchun eng muhim hom ashyo manbaidir. Ular tabiatda erkin holda uchramaydi va, odatda, suyuq hamda qattiq yoqilg‘ini qayta ishlash vaqtida qo‘shimcha mahsulotlar sifatida hosil bo‘ladi yoki to‘yingan alifatik uglevodorodlardan va xomashyoning boshqa turlaridan maxsus sintez qilinadi.
Monomerlar ishlab chiqarish uchun asosiy xam ashyo bo‘lib neft, yo‘ldosh va tabiiy gazlar xizmat qiladi, bulardan eng toza birikmalar olinadi; toshko‘mirni va qattiq yoqilg‘ining boshqa ba’zi turlarini quruq haydash mahsulotlari birmuncha kamroq ahamiyatga ega. Kimyo sanoatining ko‘p tarmoqlarini va birinchi navbatda sintetik materiallar ishlab chiqarishni rivojlantirish to‘yinmagan uglevodorodlar olish protsessining texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilashga va ularning ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirishga bog'liq.
Yuqori molekular birikmalar polimerlanish va polikondensatsiya reaksiyalari orqali sintez qilinadi. Bunda tegishlicha polimerlanish sintetik polimerlari va polikondensatsiya sintetik polimerlari olinadi. Polimerlanish sintetik polimerlari quyi molekular moddalarning (monomerlarning) o‘zaro ta’siri natijasida olinadi, bunda qo'shimcha mahsulotlar hosil bo‘lmaydi. Bunday polimerlarga misol tariqasida polietilen, polipropilen, polivinilxlorid, polistirol va politetraftoretilenni ko‘rsatish mumkin.
Polikondensatsiya polimerlari ham quyi molekular organik moddalardan olinadi, lekin ularning hosil bo’lish jarayonida qo‘shimcha mahsulotlar, jumladan, suv ajralib chiqadi. Bunday sintetik materiallarga fenolformaldegid, mochevinaformaldegid smolalar, murakkab poliefirlar misol bo’ladi. Qizdirganda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarga qarab polimerlar uch guruhga: termoreaktiv, termoplastik va termostabil polimerlarga bo’linadi.
Termoreaktiv polimerlar qizdirilganda qovushoq-oquvchan holatga o‘tadi, so’ngra o‘sha temperaturaning o‘zida kimyoviy o‘zaro ta’sir natijasida qotib, erimaydigan bo’lib qoladi.
Termoplastik polimerlar temperatura ta’sirida o‘z xossalarini yo‘qotmaydi: qizdirilganda plastik bo‘lib qoladi, sovitilganda esa yana elastik-qattiq holatga qaytadi, erish xususiyati ham o‘zgarmaydi.
Termostabil polimerlar qizdirilganda o‘z fizik-mexanik xossalarini termik parchalanish temperaturasigacha saqlab qoladi.
Plastik massalar. Asosiy komponenti sintetik polimer bo’lgan materiallar plastik massalar (plastmassalar) deyiladi. Plastik massalar tarkibi jihatidan oddiy va kompozitsion bo’lishi mumkin. Oddiy plastmassalar faqat polimerning o‘zidan iborat bo’ladi, masalan, polietilen, polistirol va boshqalar. Kompozitsion plastmassalar esa ko‘p komponentli bo’ladi, ularda polimerdan tashqari, to’ldirgichlar, plastifikatorlar, bo‘yoqlar armirlovchi elementlar stabilizatorlar ham bo’ladi.
To‘ldirgichlar - tarkibi jihatidan organik va anorganik, strukturasi jihatdan esa tolali va donador (ba’zan kukunsimon) bo’lishi mumkin. Odatda, to‘ldirgichlar sifatida yog‘och kukuni, yog‘och sellyulozasi, yog'och shponi (yupqa taxtalar), paxta taramlari, ip-gazlama, sintetik tolalardan to‘qilgan mato, asbest tolasi va to’qimasi, shisha tolasi, shisha tolasidan to‘qilgan mata, qisqa tolali asbest, kaolin, slyuda, kvars kukuni, talk, ohak va boshqalar ishlatiladi.
Plastmassalar tarkibiga kirgan to‘ldirgichlar ularning xossalarini yaxshilaydi, bundan tashqari, nisbatan arzon bo’lgani uchun ulardan tayyorlangan buyumlarni arzonlashtiriladi. Armirlovchi elementlar mustahkam tolalar (tabiiy va sintetik), po‘lat simlar, to‘qilgan matolar sifatida ishlab chiqarilayotgan plastmassalar skeleti bo‘ylab joylashtirilib, ular buyumlarning asosan mustahkamlik xossalarini oshiradi. Bunday plastmassa buyumlar armirlangan plastmassalar deb ataladi (masalan, avtomobil shinalari, po‘lat simlar, mustahkam kord iplari bilan, qurilish materiali linoleum esa, kanop to‘qimalari bilan armirlanadi).
Termoplastik smolalarga qo‘shiladigan plastifikatorlar ularning yumshash temperaturasini pasaytiradi, bu esa ularning qoliplanishini osonlashtiradi. Plastifikatorlar sifatida ko‘pincha yuqori temperaturada qaynovchi quyi molekular suyuqliklar, ya’ni murakkab efirlar, xlorlangan uglevodorodlar va boshqalar ishlatiladi.
Stabilizatorlar — plastmassa buyumlarni uzoq muddat ishlatishda ularning boshlang‘ich fizik-mexanik ko‘rsatkichlarini saqlab qolishga yordam beradigan birikmalardir. Kompozitsion plastmassalar qo'llanilayotgan to‘ldiruvchilar xarakteriga qarab: presskukunlar (kukunsimon to‘ldirgichli plastmassalar)ga; voloknitlar (tolasimon to‘ldirgichli plastmassalar)ga; qavat-qavatli (listaviy to‘ldirgichli plastmassalar)ga bo‘linadi. Shuningdek, plastmassalar ishlatilishiga qarab, umumiy maqsadlar uchun qo’llaniladigan, konstruksion plastmassalar, kimyoviy plastmassalar, issiqbardosh plastmassalar, antifriksion xossali plastmassalar va boshqalarga bolinadi.
Plastmassa buyumlar polimer yoki uning asosida hosil qilingan kompozitsion aralashmadan uch asosiy usulda ishlab chiqariladi:
1) eritma bilan qayta ishlash; 2) termik qayta ishlash; 3) fizik-mexanik qayta ishlash.
Bulardan sanoatda ko‘p qo‘llaniladigani termik qayta ishlash bo‘lib, unda bosim ostida presslash, bosim ostida quyish, ekstruziya, markazdan qochma kuch ta’sirida quyish, puflash va shtamplash kabi metodlar ishlatiladi. Fizik-mexanik usulda esa, asosan, kontaktli qoliplash (katta gabaritli buyumlar olishda), payvandlash, yelimlash, kesib ishlov berish kabi metodlar qollaniladi.
|
| |