5-Ilova
6-ilova
Insert jadvali
TAKRORLASh UChUN SAVOLLAR VA TOPShIRIQLAR:
-
Oilaviy burch nima?
-
Ota-onaning farzand oldidagi va farzandning ota-oldidagi burchi nimalardan iborat?
-
Oilada kelinning qaynona-qaynota oldidagi farzandlik burchi haqida nimalarni bilasiz?
-
Insonlarning tevarak-atrofga va tabiatni muhofaza qilish burchini izohlang.
-
«Nikoh» so‘zining ma’nosi nima?
-
Nikohni qanday tuzgan ma’qul?
-
Bolalarni tarbiyalashning usul va yo‘llari nimalardan iborat?
-
Oila barqarorligining asosini nima tashkil qiladi?
-
Oilada bola ma’naviyatini shakllantirishning asosiy yo‘llari qanday?
2-mavzu: Oilaviy burch va ma’suliyatning ijtimoiy ma’naviy asoslari
Reja:
-
Oilaning shakllanishi va rivojlanishi jamiyat hayotidagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy munosabatlar bilan bevosita bog’liqligi, uning axloqiy, huquqiy va ijtimoiy omillari.
-
Jismonan yetuk, muayyan ma’naviy fazilatlarni egallagan, ijtimoiy va huquqiy burchini anglagan insonni shakllantirishda oilaning roli.
1-masalaning bayoni. Oila – eng qadimiy ijtimoiy tashkilotlardan biri. Oila ko‘p asrlik an’analarga amal qilib yashaydi, inson uchun ishonchli tayanch, uning ma’naviyati va axloqiyligining o‘zagi hisoblanadi. Inson o‘z hayotining ko‘pchilik qismini o‘tkazadigan oila jamiyatda favqulodda muhim rol o‘ynaydi. Oila va oilaviy-qarindoshlik munosabatlari bo‘lmagan ijtimoiy tuzilma hech qaerda yo‘q.
Oila tarixiy-ijtimoiy hodisa sifatida kishilik jamiyatida qator vazifalarni bajarib, ham o‘zining, ham jamiyatning takomillashuvini ta’minlab kelmoqda. Oilaning dastlabki bosh vazifasi – demografik vazifadir. Sirasini aytganda, oila nainki jinsiy aloqani tartibga solish, balki zurriyotni davom ettirish ehtiyoji tufayli ham yuzaga kelgan ijtimoiy-biologik hodisa hisoblanadi.
Jahonda ayni zamonda kechayotgan demografik siyosat o‘zbek oilasini ham befarq qoldirmayotir. Xususan, mustaqillik tufayli kun tartibiga qo‘yilgan sog’lom avlod uchun kurash maqsadlari ishni sog’lom oiladan boshlashni taqozo eta boshladi. Bu hol oilani rejalashtirish masalasini keltirib chiqardi. Oilani rejalashtirish bola tug’ishni tartibga solishni anglatsa-da, bu masalada jahon demografik siyosatida ikki yo‘nalish hukm surib kelmoqda.
Birinchi yo‘nalish – oilani ixtiyoriy usulda rejalashtirish. Bunda qancha farzand ko‘rish masalasini har bir oilaning o‘zi hal qiladi. Iqtisodiy taraqqiy etgan mamlakatlarda ayollarning ma’lumotlilik darajasi o‘sib, ishlab chiqarishda bandliklari oshgan, shuningdek, tibbiy himoyalanish imkoniyatlari kengaygan vaziyatda bir yoki ikki farzand ko‘rish bilan cheklanish an’anaga aylangan. Bu hol, ayniqsa, Evropa mamlakatlarida tobora chuqurlashayotir. Bu mamlakatlarda demografik siyosat tug’ilishni rag’batlantirishga qaratila boshlandi. Chunonchi, Germaniya va Polshada farzand ko‘rgan oila bir yo‘la katta miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlansa, Vengriyada farzand ko‘rgan ayol birinchi yili yuz foiz, ikkinchi yili oltmish foiz miqdorida oylik maosh olib turadi. Gretsiyada esa ayol homila ta’tiliga chiqqan kunidan bolasi etti yoshga to‘lib maktabga borguniga qadar avvalgi ish joyida qancha maosh olib turgan bo‘lsa, har oyda o‘sha oyligini olib turadi va ish joyi ham saqlanadi. Bunday imtiyozning bitta sharti bor. Shart shundaki, ona o‘zi bolasini har jihatdan sog’lom etib tarbiyalalamog’i va maktabga tayyorlamog’i shart. Maktabga esa maxsus imtihon ko‘rigi bilan tanlanadi. Bola shu ko‘rik imtihondan muvaffaqiyatli o‘tib maktabga qabul qilinsa, davlat etti yil davomida onaga berib kelgan maoshdan kechadi va ona avvalgi ish joyida ishini davom ettiraveradi. Bordi-yu, aksincha bo‘lsa, ona etti yil ish jarayonida davlat bergan maoshni qaytarmog’i shart.
Ikkinchi yo‘nalish – oilani siyosiy yo‘l bilan davlat tomonidan rejalashtirish. Bunday demografik siyosat Osiyo va Afrika hamda Lotin Amerikasi mamlakatlarida yigirmanchi asrning o‘rtalaridan qo‘llanila boshlandi. Zero, bu davrga kelib bu mamlakatlarda tug’ilish shiddatli tus olib, aholini oziq-ovqat, kiyim-bosh va ish bilan ta’minlash o‘ziga xos muammo sifatida jiddiy tus ola bordi.
Oilani rejalashtirishga oid harakatlar, dastlab, Lotin Amerikasining Braziliya, Venesuela va Gvatemala singari mamlakatlarida yuzaga kelgan bo‘lsa-da, 1950-70- yillar davomida Osiyoning Xitoy, Singapur, Tseylon, Pokiston, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Tailand hamda Afrikaning Marokash, Nigeriya va Tunis davlatlarida ham ko‘rina boshladi. Hatto Singapurda 1945-yilda oilani rejalashtirish milliy assotsiatsiyasi tuzilib, «Oq kitob» chop etildi. 1966-yilda mamlakat miqyosida oilani rejalashtiruvchi barcha klinikalarga rahbarlik qiluvchi maxsus boshqarma faoliyat ko‘rsata boshladi, shu tadbirlar tufayli aholi tug’ilishini ikki foizga kamaytirishga erishildi.
Oilaning ijtimoiy vazifasi aslida xuddi shu zaminda, oilaning jamiyatni bunyodga keltiruvchi va sog’ligini ta’minlovchi birlik ekanligida zuhur topgandir. Zero, oila ikki jinsga mansub kishilarning – erkak va ayolning o‘zaro tengligi, muhabbati, bir-birlarini anglagan holda birgalikda yashash va ko‘payish istagining, jamiyatni to‘ldirish, eng muhimi, uni ham iqtisodiy, ham ma’naviy-axloqiy jihatdan mukammallashtirish yo‘lida birgalikda qiladigan harakatining hosilasidir.
Eng keng tarqalgan tushunchalardan bo‘lgan axloq va ma’naviyat - bir xil tushunchalardir. Birinchi nuqtai nazar bo‘yicha axloq – ong shakli va «insoniyat idealini va tarixning gumanistik istiqbolini ifodalaydigan shaxsning o‘ziga o‘zi baho berishini, barcha odamlarning baxtli va munosib hayot kechirishga intilishidagi tengligini tasdiqlashga yo‘naltirilgan ijtimoiy munosabatlar turi», ma’naviyat esa amaliy hatti-harakatlar, urf-odatlar sohasidir.
Ikkinchi nuqtai nazar axloqqa ijtimoiy normalar, ijtimoiy nazorat va ijtimoiy-psixologik majbur qilish hamda jamoatchilik fikri yordamida ijtimoiy hayotning barcha sohalarida (oilada, mehnat faoliyatida, siyosatda va hokazolarda) hulq-atvorni tartibga solib turuvchi vosita sifatida qaraydi. Ma’naviyat esa shaxsning ma’naviy erkinligi, uning gumanizm qadriyatlarini ichki tanlashi, shaxsiy ongi sohasi. Boshqacha so‘z bilan aytganda, shaxsning ma’naviyatida jamiyatning qadriyatli asosini, odamlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tashkil etadigan yalpi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan axloq printsiplari aks ettiriladi.
Insonning inson bo‘lib shakllanishida, hayotda o‘z o‘rnini topishida, el-yurt ichida izzat-hurmatga sazovor bo‘lishida, yuksak axloq-odob qoidalarini o‘zida mujassam etishida oila asosiy o‘rinni egallaydi. Oila shunday makonki, unda hayotning davomiyligini ta’minlovchi shaxs shakllanadi, etnik madaniyat, urf-odatlar, axloqiy-ma’naviy qadriyatlar saqlanadi va rivojlantiriladi, jamiyat taraqqiyotini belgilovchi iqtisodiy va ma’naviy hayot poydevori qo‘yiladi.
Yurtboshimiz aytganlaridek, “o‘g’il-qizlarimizni el-yurtimizga munosib farzand, ertaga Vatanimizning xaqiqiy fuqarosi bo‘ladigan insonlar etib tarbiyalash avvalo oila bag’rida, oilaning sog’lom iqlimi, ota-onaning bir-biriga mehri va hurmati sharoitida chuqur ildiz otishini o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi anglaymiz”.1
Bu narsa ma’naviyat bilan o‘zaro bog’liqdir, ya’ni er, oila, ota-ona, bolalar, qarindosh-urug’lar, qo‘ni-qo‘shnilar, xalq, mustaqil davlatimizga sadoqat, insonlarga hurmat, ishonch, xotira, vijdon, erkinlik – ma’naviyatning ma’nosi ana shunday keng va oila asosiy rol o‘ynaydi.
Ma’naviyat o‘z-o‘zidan shakllanadigan narsa emas, u avvalo har bir insonning ichki ma’naviy salohiyatini shakllantirish yo‘lida barcha moddiy va ma’naviy boyliklarni o‘zlashtirish, vatan va millat manfaatlari yo‘lida halol, fidoyilik bilan mehnat qilish jarayonida shakllanadi. Oila mustahkamligi, ma’naviy va jismoniy barkamol farzand jamiyat mustahkamligi va ma’naviy yetukligining garovidir. Sohibqiron Amir Temur ham o‘g’il uylantirishda kelin tanlashni, farzand tarbiyasini davlat siyosati darajasiga ko‘targanligi bejiz emas. Davlatning qudrati – sog’lom fikrli, bilimli, axloq-odobli, xalq, millat, vatan taqdiri uchun jonini tikadigan insonlar qo‘lida.
Ma’naviy ongning mohiyati odamlar o‘rtasidagi ma’naviy muomalaning barcha masalalarini hal etadigan, yaxshilik va yomonlikni belgilab beradigan o‘tmish va bugungi kun ma`naviyatining ilg’or elementlari qo‘shilishidan iborat. Ma’naviy ong - «inson ongida odamlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni, ularning jamoat ishiga, jamiyatga munosabatini tartibga soladigan ma’naviyat printsiplari va normalarining aks etishidir».
Shaxs ma’naviy ongi darajasi tavsifining umumiy mezoni bilan ma’naviy talablarni bilish darajasi va ularning kundalik hayotda namoyon bo‘lishi bilan belgilanadi.
Ma’naviy ongning muhim tarkibiy qismi – ma’naviy his-tuyg’ular (masalan, vatanparvarlik, insonparvarlik, burch, mas’uliyat, or-nomus, vijdon) insonning inson bilan muomalada bo‘lishi jarayonida shakllanadi va axloqiy o‘zaro munosabatlarni belgilab beradi. Insonning ma’naviy his-tuyg’ulari odamlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning hissiy jihatini ifodalaydi va intellekt bilan birgalikda o‘ziniig yoki boshka kishilarning hatti-harakatiga axloqiylik nuqtai nazaridan baho berish imkonini beradi.
Ma`naviy ong har xil omillar (masalan, inson hayoti sharoitlari, uning hayotiy tajribasi, mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat) ta’siri ostida shakllanishi mumkin. Ushbu holatda davlat tomonidan yaratiladigan shart-sharoitlar shaxsning etnik ma’lumoti va tarbiyasida katta rol o‘ynaydi.
2-masalaning bayoni. Mustaqillikka erishib, ma’naviyat va ma’rifat masalalariga birinchi darajali ahamiyat berishimiz, mustaqillikni mustahkamlash vazifalari, tarbiya sohasida sog’lom avlod, ma’naviy barkamol inson, komil inson kabi tushunchalarga izoh berishni, ularning mohiyatini ochib berishni taqozo etmoqda. Yuqorida aytganimizdek ular mohiyati birday tushunchalar. Insonni to‘g’rilikka, halollikka, poklikka, vatanparvarlik va insonparvarlikka, ezgulikka va qo‘yingki, yuksak axloqlilikka yo‘llash bu tushunchalarning mohiyati va mazmunini tashkil etadi. Hozirgi kunda bu masalalarga birinchi darajali ahamiyat berishimizning boisi – iymoni, e’tiqodi va axloqiy fazilatlari - qo‘yingchi, ma’naviyati kuchli, milliy mas’uliyat to‘yg’usi qalbida chuqur ildiz otgan, ma’naviy barkamol fuqarolarga ega mamlakatgina mustaqil va barqaror rivojlana oladi. Buyuk kelajak ma’naviy barkamol insonlarga tayangandagina yaratiladi, qad ko‘taradi. Boshqacha aytganda ma’naviy barkamol insonlargina buyuk kelajakni yarata oladilar. Shuning uchun ma’naviy barkamol insonni, sog’lom avlodni tarbiyalash muhim va dolzarb masala. Bu masalada yurtboshimizning qo‘yidagi sabog’i ibratlidir: «Biz sog’lom avlodni tarbiyalash, voyaga etkazishimiz kerak. Sog’lom kishi deganda faqat jismoniy sog’lomlikni emas, balki sharqona axloq-odob va umumbashariy g’oyalar ruhida kamol topgan insonni tushunamiz» Bu fikrlardan ko‘rinib turibdiki, sharqona odob-axloq va umumbashariy g’oyalarni ongiga singdirib olgan kishi yuksak ma’naviyatli, ya’ni ma’naviy barkamol, komil inson hisoblanadi. Ma’naviy barkamollik insonning dunyoqarashi, e’tiqodi, ruhiyati, xulq-atvor normalari, axloq-odobi bilan bevosita aloqadorligi bilan ajralib turadi. Ma’naviy barkamol kishilar xalq taqdiri va farovonligi, vatan taqdiri va uning ravnaqini o‘ylaydilar. Ular mutelikda, qaramlikda yashashni istamaydilar.
Sog’lom deganda, biz faqatgina jisman baquvvat farzandlarimizni emas, balki ma’naviy boy avlodni, aqliy rivojlangan, axloqiy pok, ma’rifatli farzandlarni, avlodni tushunmog’imiz kerak. Bunday kishilar o‘zlarida xalqimizning eng ardoqli fazilatlari - iymon va insof, mehr-oqibat, shafqat va rahmdillik, uyat va andisha, or-nomus, o‘zaro hurmat, yuksak vatanparvarlik, eliga va xalqiga sadoqat kabi qadriyatlarni va g’oyalarni mujassamlashtirgan bo‘lishlari lozim.
Prezidentimiz erkin fuqaro, ozod shaxs, barkamol inson haqida gapirib, quyidagi to‘rt jihatga e’tiborni qaratdi, ya’ni har bir fuqaro:
– o‘z haq-huququni taniydigan bo‘lsin, buning uchun kurashsin;
– o‘z kuchi va imkoniyatlariga tayanadigan bo‘lsin, imkoniyatlarini ishga solib, samarasini ko‘rsin;
– atrofida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga mustaqil munosabat bildira olsin;
– shaxsiy manfaatini mamlakat va xalq manfaati bilan uyg’un holda ko‘rib, faoliyat yuritsin1.
Bular barkamol inson fazilatlari haqidagi aniq va to‘liq ta’rifdir.
Ma’naviy barkamol inson shon-shuhrat, mansab, moddiy boylik ketidan quvmaydi, moddiy qiyinchiliklarga duch kelganda qaddi bukilmaydi, ba’zan uyushtirilgan tuhmatu-fitnalar uning ruhini tushira olmaydi. Demak, har qanday shum taqdir va qismat pokiza, mard, ma’naviy barkamol inson ma’naviyatini buza olmaydi, balki mustahkamlaydi, chiniqtiradi. Yuksak darajadagi ma’naviyatga ega inson - fidoyilik, jasorat, mardlik, o‘z xalqini sevish, Vatanni qadrlash, ajdodlaridan faxrlanish kabi olijanob fazilatlari bilan ajralib turadi. Insonning insonligi, birinchi navbatda uning ma’naviy-axloqiy jihatdan barkamolligi, pokligi bilan belgilanadi. Ma’naviy-axloqiy barkamollikning asosiy qirralariga yuqorida aytilganlardan kelib chiqib, quyidagilarni kiritish mumkin: ota-onasi, farzandlari, qarindoshlari, xullas butun oila a’zolari, qo‘ni-qo‘shnilari, mahalla-ko‘yi, qishloqdoshlari va butun mamlakat xalq farovonligi haqida qayg’urish; tevarak-atrofdagi insonlar unga kerak bo‘lganligi singari, o‘zi ham ularga kerakli bo‘lishga intilishi; odob-axloqi, fe’l-atvorini yoqimli qilishni insoniy burch deb hisoblash; ota-bobolardan, ajdodlardan yodgor bo‘lib qolgan madaniy merosni qadrlash; milliy qadriyatlarni e’zozlash va ularga sodiq bo‘lib qolish; vatanparvarlik, xalqparvarlik, insonparvarlik tuyg’ularining barqaror bo‘lishi; o‘zaro muomala-munosabatda o‘rnak bo‘lishga moyillik, birovning og’irini engil qilishni odat qilish; umumxalq ma’qullagan va hukumat tomonidan qonuniy qabul qilingan konstitutsiyani hurmat qilish va unga sadoqat namunalarini amalda ko‘rsatish; vatanni himoya qilish, boshqacha aytganda, harbiy-vatanparvarlik tuyg’ulari bilan yashash; diyonat va adolat, mehr-shafqat va ezgulikni himoya qilish; va’daga vafoli bo‘lish va boshqalar kiradi.
Oilani mustahkamlashni taminlashga jahondagi nufuzli tashkilotlar ham e’tibor qaratmokda. 1970-yil 18-dekabrda BMTni “Xotin-qizlar huquqlarini barcha shakllariga barxam berish to‘g’risida Konventsiya” qabul qildi. Bu konventsiya jamiyatdagi ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, oilaning ijtimoiy, iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, yoshlar tarbiyasini yaxshilashga qaratilgan hujjatdir.
Oilada farzand tarbiyasiga ayolning o‘rni biqyosdir. Mustaqil O‘zbekistonda oilani mustahkamlash ko‘p bolali onalarni ijtimoiy himoya qilish ma’naviy yetuk, jismonan sog’lom avlodni tarbiyalash uchun juda katta tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezident Islom Karimov: “Biz oila madaniyatini yuksaltirish uchun ham bu masalalarga jamoatchilik e’tiborini qaratishimiz, ularni hayotiy misollar vositasida, televidenieda, barcha ommaviy axborot vositalarida keng yoritishimiz zarur. Hayotda uchraydigan salbiy misollarni ham, ijobiy misollarni ham ko‘rsatish kerak”1
1998-yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi qabul qilindi. Bu hujjatning maqsadi, mohiyatiga ko‘ra mamlakatimizdagi ma’naviy muhitni barqarorlashga onalik va bolalik huquqlarini himoya qilishga, yoshlar tarbiyasini yaxshilash uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan. Unda oilaviy munosabatlarning huquqiy, axloqiy asoslari ota-onalarning jamiyat va farzanlari oldidagi burch masalasiga katta o‘rin berilgan. Unda yana bir masala oila qurishda yoshlarni jinsi, irqi, millati, tili, diniy e’tiqodi, kelib chiqishi va barcha holatlarda kamsitilmasligidur.
Oila kodeksida mustaqil O‘zbekistonda oila, otalik, onalik va bolalik huquqi davlat himoyasidaligiga keng o‘rin berilgan. O‘zbekiston Respublikasining xalq ta’limini rivojlantirishning dasturida ham oilani mustahkamlash o‘quv yurti bilan ota-onalar, jamoatchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yaxshilash masalariga katta e’tibor berilgan.
2000-yil O‘zbekistonda "Sog’lom avlod yili" deyildi. Sog’lom avlod -jismonan baquvvatlikda emas, balki birinchi navbatda ma’naviy yetuklik belgisidir. Sog’lom avlod tushunchasi inson tanasi va ruhiyatiga bu ikki jihatning mushtarak birligidir. Bu o‘zbek xalqining milliy tarbiya borasidagi an’analar zaminida yotgan asosiy tamoyillaridan biridir. 2000-yil 15-fevral O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining «Sog’lom avlod dasturi to‘g’risida»gi qarori qabul qilindi. Sog’lom avlod dasturining amalga oshirishning muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun maxsus respublika komissiyasi tuzildi.
Oiladagi ikkinchi muhim masala yoshlarda sog’lom oila haqidagi tushunchani shakllantirishdadir. Yoshlar oilaning buyuk ma’naviyat, qadriyat burch va ma’suliyat ekanini anglab etishlari zarur. Buning uchun:
- onalar va yoshlar bolalarga g’amxo‘rlik kilish, ularning salomatligini mustahkamlash uchun sharoitlar yaratishi lozim;
- bir yoshgacha bo‘lgan davrda ularning salomatligini mustahkamlash;
- besh - olti yoshgacha bo‘lgan davrda ularning salomatligini mustahkamlash;
- nogiron bolalarni davlat tomonidan himoyalashni kuchaytirish;
- bolalarni maktab davrligida tarbiyalash;
- yoshlarni bo‘sh vaqtini band etish;
- yoshlarning huquqiy madaniyatini shakllantirish ham ma’naviy yetuk insonni tarbiyalashning muhim shartidir.
Insonparvarlik fazilati nafaqat ayrim shaxslarga taalluqli, balki u davlatga, uning barcha davlat va nodavlat institutlariga aloqadordir. Jumladan, mutasaddi davlat tashkilotlari bilan bir qatorda respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan, hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro «Sog’lom avlod uchun», «Ekosan» jamg’armalari, «Respublika Bolalar jamg’armasi», «Mehr-shafqat va salomatlik», «Navro‘z», «Mahalla» jamg’armalari, «Qizil yarim oy jamiyati» va boshqa jamoat tashkilotlarining ham insonlarga ko‘rsatayotgan xayr-ehsoni haqiqiy insonparvarlik namunasidir.
|