8-ilova
Insert jadvali
3-mavzu: Oilaviy munosabatlar madaniyatining milliy va diniy jihatlari
Reja:
-
Oilaviy munosabatlar va ularning yoshlar tarbiyasida va jamiyatning ma’naviy hayotida tutgan o‘rni.
-
Sovet tuzumi davrida oilaviy munosabatlar borasida milliy va diniy an’analarimizga bildirilgan salbiy fikrlar.
-
Islom dinida va diniy qadriyatlarimizda oilaviy munosabatlarga bildirilgan fikrlar. Ota-onani hurmat qilish, oila obro‘sini baland tutish, milliy ma’naviy qadriyatlarimizdan biri sifatida.
1-masalaning bayoni. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning “Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch” asarining “Ma’naviyat - insonning ulg’ayish va kuch-qudrat manbaidir” deb nomlangan birinchi bobida asosiy e’tibor ma’naviyat tushunchasining mazmun-mohiyati, uning inson va jamiyat faoliyatida namoyon bo‘lishi, har bir xalq, millat va shaxsning hayoti bilan uyg’unligi haqida fikr yuritiladi. Muallif ma’naviyatni shakllantiradigan asosiy mezon hisoblangan ma’naviy meros, madaniy boyliklar, ko‘hna tarixiy yodgorliklarning o‘rni va ahamiyati haqida atroflicha to‘xtaladi.
Shuningdek, ushbu bobda inson va jamiyat taraqqiyotining muhim omili - ma’naviy va moddiy hayot mushtarakligi, aynan ushbu tamoyillar bir-birini inkor etmasligi, aksincha, bir-birini to‘ldirishi hamda mamlakatda siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyotning mustahkam garovi bo‘lib xizmat qilishi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Bu bobning “Ma’naviyatni anglash” deb nomlangan birinchi faslida muallif “Ma’naviyat” tushunchasiga quyidagicha ta’rif beradi: “Ma’naviyat – insonni ruhan poklanish, qalban ulg’ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg’otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining mezonidir”1. Ushbu ta’rifda insonning botiniy va zohiriy tabiati, asl mohiyatini belgilovchi g’oyaviy, mafkuraviy, ma’rifiy, madaniy, diniy va axloqiy qarashlarning o‘zaro mushtarakligi asoslab berilgan.
Kitobda Er yuzida turli millatlar, xalqlar, davlatlar bo‘lgani kabi, insonlarning tabiati va xususiyati ham turfa ekani, ularning bir-biridan farqli hayot tarzi, urf-odat va an’analari, madaniyati borligi va bularning barchasi yagona me’yor - ma’naviyat bilan o‘lchanishi hayotiy misollar orqali tahlil etilgan.
Muallif ma’naviyat haqida fikr yuritar ekan, bu masalani chuqur tahlil etgan, uning ijobiy tomonlari bilan cheklanib qolmasdan, murakkab jihatlarini ham nazardan chetda qoldirmagan. Bu dunyoda hayot bor ekan, turfa xil odamlar, ularning ongu tafakkuridagi o‘zaro tafovut va ziddiyatlar saqlanib qolaverishi, turli dunyoqarashlar, oqim va yo‘nalishlar mavjudligini tabiiy hol deb qabul qilish zarurligini atroflicha asoslab bergan.
Muallif qariyb 150 yil davom etgan mustamlakachilik va mustabid tuzum davrida toptalgan ma’naviy-ma’rifiy merosimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklash hamda ularni zamon talablari asosida rivojlantirish o‘ta muhim hayotiy zaruratga aylangani, istiqlol yillarida bu masala amalga oshirilgan tub islohotlarning negizini tashkil qilganini alohida ta’kidlaydi. Kitobda o‘tgan davr mobaynida eski tuzumdan og’ir meros bo‘lib qolgan illatlarga, el-yurtimizga nisbatan kamsitish va milliy manfaatlarimizni mensimaslik holatlariga barham berish, ko‘hna qadriyatlarimiz, dinu diyonatimizni tiklash, hayotimizda tarixiy adolatni qaror toptirish, yangi jamiyat qurish yo‘lida xalqimizning ma’naviy yuksalishini o‘z oldimizga qo‘ygan olijanob maqsadlarga etishda hal qiluvchi mezon deb qarash va shu asosda ish olib borish doimo ustuvor vazifa bo‘lib kelgani ko‘plab misollar orqali ko‘rsatib berilgan.
Asar muallifi barcha davrlarda, har qanday bosqin va istilolarga qaramasdan, ham ota-bobolarimiz og’ir va murakkab sharoitlarda o‘zligini yo‘qotmasdan, ma’naviy hayot mezonlari, axloq-odob qoidalariga amal qilib, komillik sari intilib yashagani va muvaffaqiyatga erishganini alohida qayd etadi. Bu borada jahon xalqlari tarixidan, ayniqsa, Yaponiya va Janubiy Koreya mamlakatlari hayotidan ibratli misollar keltiradi. Shuningdek, zo‘ravon va tajovuzkor kuchlar qaysi bir xalq yoki mamlakatni o‘ziga tobe qilib, bo‘ysundirmoqchi, uning boyliklarini egallamoqchi bo‘lsa, avvalambor, uni qurolsizlantirishga, ya’ni eng buyuk boyligi bo‘lmish milliy qadriyatlari, tarixi va ma’naviyatidan judo qilishga urinishi haqidagi tarixiy haqiqatdan xulosa chiqarishga da’vat qiladi.
Inson ma’naviy dunyosi – nozik soha. Undagi vaziyatni osonlikcha, muayyan farmon yoki qaror qilish bilan tuzatib bo‘lmaydi. Uni o‘nglash uchun yillar davomida muntazam va sabr-toqat bilan mafkuraviy, tarbiyaviy, ma’rifiy ish olib borish, amaliy chora-tadbirlar, hayotiy o‘zgarishlar joriy etish taqozo etiladi.
Milliy ma’naviyat millatning o‘tmishi, buguni va kelajagini qamraydi, ularni yaxlit tizimda tutib turadi. O‘tmish ajdodlarimiz merosi bugungi jahon darajasi bilan uyg’unlashtirilsa, mamlakatimizdagi voqe ahvolga tatbiq etilsa, undan kelajak kurtaklari unib chiqadi, kelajak siymosi shakllanadi.
Shu sababli ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov lavozimiga saylangan dastlabki kunlardan beri xalq ma’naviyatini yuksaltirishga birinchi darajali e’tibor qaratib kelmoqda.
|