3-masalaning bayoni. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan e’tirof etilganidek, «O‘zbekistonni olib borayotgan mustaqil siyosatdan qaytarish, kimgadir qaram qilish maqsadida chetdan turib ichki ishlarimizga aralashish, turli niqoblar ostida bizga qarshi tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazish siyosatini mutlaqo qabul qilmaymiz»3.
Taassuf bilan tan olish kerak, diniy aqidaparastlik va terrorizm, «demokratiyani olg’a siljitish»ga urinishlar, axborot xurujlari, g’arbona turmush tarzini tiqishtirish, ma’naviy qashshoqlashtirish harakatlari, buyuk davlatchilik tafakkuri va imperiyacha fikrlash xurujlari davlatimiz suverenitetiga, jumladan, har bir oilaga jiddiy xavf tug’dirmoqda. Ha, gegemoniya dunyo kabi ko‘hna. Biroq bugungi kunda hududlarni harbiy kuch bilan zabt etish o‘rniga jahonda etakchilik qilishning noan’anaviy usullari, ancha zamonaviylashtirilgan, birmuncha madaniylashtirilgan usullari keng urf bo‘lmoqda. Dunyoga hukmronlik qilishning eng oson va qisqa yo‘llarini izlayotgan kuchlar tinchlikni oliy ne’mat deb biladigan, saxiy zamini tabiiy boyliklarga to‘la, xalqi soddadil va mehnatkash O‘zbekistonni o‘z ta’sir doirasiga olishga intilayotganligini payqamaslik mumkin emas. Shuning uchun ham mustaqillikni asrab-avaylash, himoya qilish va mustahkamlash, shuningdek, har bir oilaning farovonligini ta’minlash, O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor vazifasi etib belgilangan.
Davlatlar suverenitetini kemiruvchi xavf-xatarlarga yuzaki qarash, ularni tahdid manbai sifatida e’tirof etmaslik insoniyat boshiga yana ko‘plab kulfatlar solishi muqarrar. Shu bois, bugungi kunda suverenitetimizga tahdid solayotgan bunday hodisalarning mafkuraviy poydevorini hosil qiluvchi vayronkor g’oyalarni fosh etish birlamchi vazifaga aylanadi.
Hozirgi voqelikda milliy istiqlol g’oyasi va yot mafkuralar orasidagi munosabatlar mafkuraviy kurash, mafkuraviy qarshi turish, psixologik urush shakllarida kechmoqda. Yot mafkuralar mafkuraviy kurashlarning ming yillik uslublarini, shuningdek, zamonaviylashtirilgan uslublari: axborot maydonini egallab olish; mafkuraviy diversiya, siyosiy indoktrinatsiya, mafkuraviy infiltratsiya, dezorientatsiya, mafkuraviy qo‘poruvchilik harakatlarini qo‘llash orqali xalqimizda O‘zbekistonning buyuk kelajagiga ishonchsizlik uyg’otishga, davlat siyosatini obro‘sizlantirishga, odamlarning o‘zini Vatan, millat himoyasidan chetga tortishga, loqaydlikka erishishga intiladilar. Bunda ular biror xususiy faktni umumlashtirish (ekstrapolyatsiya), yolg’onni haqiqatga o‘xshatib tasvirlash, kichik muammodan katta yolg’on yasash, bir narsani takrorlayverish, tuyg’uni aqldan ustun qo‘yish, tinglovchining shaxsiy manfaatni birinchi o‘ringa qo‘yib, (unga do‘st bo‘lib ko‘rinish) «hasratlashish», hukumatlarni xalqlarga yomon ko‘rsatish, millat dushmanlariga rahmdillik, hamfikrlik tuyg’ularini uyg’otish, masalan odamlarga tanish, qadrdon ma’lumotlarni ishlatib, (falon joyda falon voqea bo‘ldi), deb rostga yolg’onni ulab yuborish uslublaridan mafkuraviy kurashda foydalanayapti.
Har qanday jamiyat bunday makkor tahdidlarni engishi uchun o‘zida ogohlik, mafkuraviy xavfsizlik, to‘kislik, jangovarlik, safarbarlik, umummilliy birlik kabi ijtimoiy sifatlarga ega bo‘lishi kerak. Buning uchun milliy istiqlol mafkurasining yot mafkuralarga qarshi kurash uslublari, jumladan, buzg’unchi g’oyalar mohiyatini fosh qilishga qaratilgan targ’ibot, mafkuraviy monitoring va tahdidlar mohiyatini xalqimiz ongi va qalbiga etkazish, har bir oila a’zosining kundalik ishiga aylantirish, jaholatga qarshi ma’rifat tarqatish uslublaridan doimo va hamma joyda foydalanish taqozo qilinadi.
XXI asr boshida mafkuraviy kurashlarning Sho‘ro davrida ko‘rilmagan, yangi tahdidlar bilan va ilmiy-texnologik asosga qurilgan targ’ibotlar kurashi davri, deb ham tavsiflash mumkin. Chunki Sho‘ro davrida qo‘llanilgan targ’ibot-tashviqot, mafkuraviy kurash usullari hozir ishlamaydi. Bizga tahdid solayotgan mafkuralar «maftunkor» ko‘rinsa-da, yoki «ommabop» bo‘lsa-da, puxta, ilmiy texnologik asosga qurilganligi sir emas. Chunki ularning targ’iboti oldingi va hozirgi zamonaviy mafkuraviy kurash usullariga ega. Faqat g’oya, maqsadning shakli o‘zgargan. Masalan, ana shunday g’oyalardan biri «xalifalik davlatini tuzish» g’oyasidir. Bu g’oyaning mazmun va mohiyat jihatdan zararli ekanligini chuqur anglash zarur.
Xalifa so‘zining lug’aviy ma’nosi, o‘rinbosar, terminologik ma’nosi musulmon jamoasi va musulmon davlatining diniy hamda dunyoviy boshlig’i deb tushuniladi. Xalifalik davlati mutloq monarxiya tipidagi davlat bo‘lib, davlatni xalifa boshqaradi. Xalifalik davlatini boshqaruv tizimi islom-shariat qonunlari bilan belgilanadi. «Hizbut-tahrir» da’vo qilgan xalifalik davlati esa «Islom Nizomi» nomli kitobida bayon qilingan qonunlarga asosan boshqariladi. Vaholanki, Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.) dan rivoyat qilingan ushbu Hadisi sharifda aniq aytilgan: «Xalifalik mendan so‘ng, ummatim ichida 30 yildir, undan keyin podshohlik bo‘ladi».
Bu harakatlar mohiyati haqida Prezident Islom Karimov «Insoniyat tarixida diniy ongning ajralmas qismi bo‘lgan odamlardagi e’tiqoddan faqat bunyodkor kuch sifatida emas, balki, vayron qiluvchi kuch, hatto, fanatizm (o‘ta ketgan mutaassiblik) sifatida foydalanilganligini ko‘rsatuvchi misollar ko‘p. Aynan fanatizm illatiga yo‘liqqan odamlar yoki ularning guruhlari jamiyatda beqarorlik to‘lqinini keltirib chiqarishga qodir bo‘ladilar»15 deya alohida ta’kidlaydi. Ayniqsa, bu narsa chalasavod dindor oilalarda paydo bo‘lganining guvohi bo‘ldik.
Shuningdek, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi o‘rnini hisobga olib, ular diniy oqimlar O‘zbekistonda rivojlantirilsa, buning ta’siri tezda Markaziy Osiyoga yoyilishiga umid qiladilar. Chunki diniy allomalari ayni Movarounnahrdan chiqqanligi bu o‘lka xalqi milliy xarakteri, ma’naviyatining shakllanishiga sezilarli hissasini qo‘shganligini biladilar. Shu asosda ular diniy niqob ostida yoshlarning mafkuraviy immunitetini susaytirib, ularga davlatimizning demokratik siyosati tamoyillarini qoralab, davlat va xalq o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqarishga umid qiladilar. Shu sababli Hizbut tahrir dastlab yoshlarda soxta islomiy fikrlarga ishonchni oshirishni o‘zining asosiy vazifasi deb bildi. Buni ular saqofiy (tushunchaga oid) amallar, ya’ni siyosiy amal-tadbirlaridan eng muhimi, deb hisobladi. Boshqacha qilib aytganda, yoshlarning mafkuraviy immunitetini susaytirish, engish va o‘zlarining soxta g’oyalarini singdirishni birinchi vazifa qilib oldilar. Ular sodda siyosatdan uzoq bo‘lgan oilalarni tanlaydilar.
Prezident I.A.Karimov mafkura jabhasiga oid muhim fikrlarni bildirib, quyidagilarni aytdi. Jumladan, «Mintaqamizda «Hizbut tahrir» kabi ekstremistik, ayirmachilik tashkiloti faoliyati tobora xavfli tus olmoqda. U konstitutsiyaviy dunyoviy davlat tuzumiga qarshi chiqib, o‘rta asrlardagi islom halifaligini tuzish to‘g’risidagi bo‘lmag’ur g’oyani targ’ib qilmoqda... Lekin, taassuf bilan tan olish kerakki, bu yovuz kuchga qarshi kurashdagi harakatlarimizda hamjihatlik va izchillik ko‘zga tashlanmayapti...»2.
Milliy mafkuraviy immunitet har bir yigit-qiz, fuqarodagi mustaqillikning siyosiy mohiyati, Prezident Islom Karimov asarlarida ko‘tarilgan siyosiy g’oyalar, islohotlar yutuqlari va muammolari, ichki va tashqi siyosatga doir chuqur bilimlarga tayanadi. Har bir kishi, yoki jamoa, jamiyat mafkuraviy immunitetini besh darajaga bo‘lib o‘rganish, baholash va shu asosda takomillashtirish mumkin: Bunda:
- birinchi, ya’ni mafkuraviy immunitetning quyi darajasi - shaxs, jamoa, jamiyat yuqoridagi bilimlardan xabardor emas; buzg’unchi mafkuraviy g’oyalarga befarq, loqayd;
- ikkinchi darajasi - bilimlar bor, lekin ular his qilinmagan, sistemalashmagan, shu sababli ularni buzg’unchi mafkuraviy g’oyalarga qarshi ishlatishga tayyor emas;
- uchinchi darajasi - mafkuraviy bilimlarga ega, lekin ular nazariy, shaxs, jamiyat ularni qo‘llashga qiynaladi;
- to‘rtinchi darajasi - asosli bilimlarga ega, vaziyatni to‘g’ri baholay oladi; ichki va tashqi siyosiy, mafkuraviy ta’sirlarga qarshi immuniteti shakllangan va uni ongli ravishda ishlatadi;
- beshinchisi - oliy daraja - mukammal g’oyaviy, siyosiy, iqtisodiy bilimlarga ega va bu bilimlarni bemalol amalda qo‘llab, buzg’unchi mafkuraviy, siyosiy g’oyalarni doimo, hamma joyda faol fosh qila oladi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, keyingi yillarda ayrim yoshlarda millatga, Vatanga foyda keltirish niyati, mustaqillikni mustahkamlashda foydali inson bo‘lib etishish hissi maxsus, ilmiy asosda shakllantirilmaganligi tufayli shaxsiy manfaatni o‘ylash, engil yo‘llar bilan to‘la-to‘kis hayotga intilish tuyg’usi namoyon bo‘lmoqda. Shu bilan birga ayrim fuqarolar orasida ma’naviy cheklanganlik, dunyoqarashning torligi, milliy odob me’yorlariga rioya qilmaslik, so‘z va ish orasidagi tafovut, milliy g’ururning sustligi kabi noxush ko‘rinishlar uchrab turadiki, ularni birgalashib bartaraf qilish lozim.
Xulosa sifatida shuni ta’kidlash lozimki:
-
Diniy aqidaparastlik va boshqa yot mafkuralar eng avvalo sodda oilalardagi yoshlarning ayrim qismining g’oyaviy-siyosiy tajribasizligiga tayanadi. Yot mafkura va buzg’unchi ta’sirlar bilan kurash mafkuraviy tarbiyada loqaydlik, befarqlik kayfiyatining har qanday ko‘rinishlariga murosasizlikni taqozo qiladi.
-
Qarshi targ’ibot samaradorligining zaruriy tamoyillaridan biri - uning tezkorligida bo‘lib, unda muayyan mintaqaviy sharoitlarni, kishilarning yosh xususiyatlarini, oliy o‘quv yurtining u yoki bu muddatda hal qila olishi mumkin bo‘lgan mafkuraviy imkoniyatlarini hisobga olish ko‘zda tutiladi.
-
Shaxsning mamlakat ichkarisida va tashqarisida sodir bo‘layotgan voqealarni mustaqil tahlil qila olishi, mafkuraviy immunitetni mustahkamlaydi. Bu narsa har bir oiladagi tayyorgarlikka bog’liq, ularning yuksak bilim darajasi bo‘lishi zarur.
Chunki mafkuraviy tahdid o‘zining mazmuni, tamoyillari, uslublari va shakllariga ko‘ra murakkab hodisadir. Unga: Mustaqil O‘zbekistonning hayotiy yutuqlarini dalil-isbotsiz ataylab qoralash, mustaqillikka erishgan mamlakatlarning hammasida bor bo‘lgan umumiy muammolarni «faqat O‘zbekistonda bor» deb talqin qilish, erishilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat yutuqlari mohiyatini, hukumatimizning tashqi va ichki siyosatini soxtalashtirish, buzib ko‘rsatish; ayrim mamlakatlar turmush tarzi, siyosiy tizimini bir yoqlama ko‘kka ko‘tarish; milliy g’oyalarimizni obro‘sizlantirish; ko‘p millatli O‘zbekistonda aholi o‘rtasida ijtimoiy hamkorlikni buzishga qaratilgan kayfiyatlarni tarqatish va nizolar keltirib chiqarishga urinish; odamlarning diniy tuyg’ularini junbushga keltirish, diniy yovqarashni paydo qilish kabi yo‘nalishlar xosdir.
Yot mafkuralar targ’ibotining «mehribonligi», «xolisligi» va «betarafligi», «yoqimliligi», «do‘stonaligi»ning ortida nima yotganini doimo bilishlari lozim. Ya’ni ularning zamirida O‘zbekistonning rivojlanib ketishiga qarab muntazam taktikasini o‘zgartirib turuvchi jonsarak aqidaparastlik targ’iboti natijasi va amaliyoti yotganini, ularning an’anaviy fundamentalistik nazariya va g’oyalarni zamonaviy usullarda «jonlantirayotganini» tushunish zarur.
Shu bilan birga ayrim yoshlar har xil yot g’oyalarni xolis axborot manbai sifatida qabul qilayotganliklarini ham ta’kidlash kerak. Yot mafkuralarni ko‘r-ko‘rona qabul qilish zararli. Buning uchun har bir oilada bolalarni mustaqil fikrlashga, ilmga o‘rgatish zarur.
|