Shariat xukmlarida:
- Er o‘z xotinini avaylab, to‘g’rilik va zulm o‘tkazmay tarbiyalashi;
- Er o‘z xotini uchun alohida bir uyni ajratib berishi;
- Xotinini o‘rtacha taom bilan ta’minlashi;
- Farzandlarini kerakli darajada tarbiya qilishi;
- Xotinga mehrini chin ko‘ngildan berishi;
- Xotini, qizlariga xar doimo e’tibor, yordam berishi;
- Uy-ruzg’or ishlarida xotini bilan maslahatlashishi;
- Xotinning qarindoshlariga yaqindan yordam va hurmat ko‘rsatish;
- Xotini qiz tug’sa baraka... .suyunish... .va xokazo.
Otaning yana bir muhim burchi - farzandlarini mehr-muhabbat bilan tarbiyalashidir. Hayotda qiz otaning, ota qizning tayanchidir.
Hadisda «kimki uchta qiz farzandni o‘stirib tarbiyalab, voyaga etkazib, munosib joyga uzatsa, uning mukofoti jannatdir» deyiladi. Otaning uz umr yo‘ldoshiga bo‘lgan adolati, munosabati, mehr-muhabbati, rahm-shafqati ham farzandlariga tarbiyasi uchun katta ahamiyatga ega. Farzandlar adolat nimaligini otaning onaga nisbatan munosabatidan biladilar.
Erkak ko‘p ishlarda o‘z ayoliga ko‘maklashishi, oila uchun bo‘lgan harajatlarda qo‘li ochiq, sahiy bo‘lishi ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Oila boshlig’i bo‘lgan erkak oila extiyojlarini, g’am- tashvishlarini o‘ylashi, uz umr yo‘ldoshiga nisbatan bo‘lgan ishonchi, hurmati farzandlari ma’naviyatida chuqur iz qoldiradi. Bundan bolalar otani ko‘proq hurmat qilishga urinadilar.
Farzandni sevish - uning onasini hurmat qilishdan, uy ishlarida unga yordamlashishdan boshlanmog’i darkor. Bunday mehr-muruvvat farzand tug’ilgandan boshlab emas, balki u ona qornida bo‘lgan davridanoq boshlanishi kerak. Ruhshunoslar - homiladagi bola o‘z extiyojlarini ona tili orqali aytadi. Homilador ayol ba’zi narsalarni iste’mol qilgisi keladi. Bular onaning uzi uchun emas, balki qalbida unib usayotgan farzand uchun kerak.
Farzand dunyoga kelib, kuzini ochgandan keyin, uning tasavvurlari shakllanishida otaning,boshqalarning otaga bulgan munosabati katta axamiyatga egadir.
Oilaning asosi ota-onadir. Ota-ona o‘rtasidagi o‘zaro muhabbat, ishonch, hamkorlik va hamfikrlik, izzat-ikrom, munosabatlar samimiyligi – oila mustahkamligini ta’minlash uchun zamindir – farzand uchun namuna maktabidir. Tabiatan erkak va ayol jinsiga xos xususiyatlar bo‘lgani kabi, oilada ular bajarishi lozim bo‘lgan mehnat turlari, farzand, oila, qarindosh-urug’, jamiyat oldidagi burch va vazifalari mavjuddir. Er-xotinning oqilligi o‘z burch va vazifalariga mas’uliyat Bilan yondashishi oqibatida boshqariladigan oilada moddiy va ma’naviy barqarorlik, tinchlik, sog’lom ma’naviy muhit hukmron bo‘ladi. XX asr Turkiston jadidchiligining ulkan namoyondasi Abdurauf Fitrat aytganlaridek: «Er-xotin mushkulotdan iborat bo‘lgan hayot safarida birga bo‘lib, jismoniy va ruhiy osoyishtalikka sherik, insoniy vazifalarni bajarishda dastyor, qayg’u va umidsizlik damlarida g’amxo‘r, saodat va baxtiyorlik chog’ida bir-birlariga hamdam bo‘lishlari lozim. Shunday ekan, ular albatta, eng avvalo, bir-birlarini kamoli diqqat va tajriba yuzasidan imtixon qilishlari zarur»1.
Ota-onaning tinch-totuvligi va o‘zaro mehr-muhabbati ularning dunyoqarashi, ma’naviy saviyasi, qiziqishi, e’tiqodi, moddiy tengligi, jamiyatdagi mavqei, husn-latofati, qalblarining moyilligiga bog’liqdir. Ushbu xususiyatlari bir-birlariga monand er-xotin tarbiyalagan farzandlar go‘zallikka ishtiyoqmand, ruhiy tetik, bag’ri butun, hayotga qiziquvchan, tinch-totuv oilaviy hayot kechirishga tayyor bo‘lib o‘sadilar. Aks holda ota-ona va farzandlar o‘rtasida mehr-oqibatsizlik, o‘z hayotidan, jamiyatdan norozilik, oilada notinchlik, hech narsaga qiziqmaslik, beparvolik, loqaydlik, jizzakilik holatlari hukm suradi. Bu esa oilaning inqirozi uchun zamin hisoblanadi. Bunday nosog’lom muhitda dunyoga kelib, tarbiyalangan bolalarda xiyonatga, turli noaxloqiy xatti-harakatlarga (ichish, chekish, o‘g’irlik qilish, jinoyatchilik, giyohvandlik va boshqalar) ruhiy tanglik holatlariga moyillik kuchli bo‘ladi. Shuning uchun er va xotinning bir-biriga mosligi oila barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy aytganidek: «Er bilan xotin bir-biriga mos tushsa, o‘rtada boylik va saranjomlik bo‘lur. Uy bezagi undan va uylanganning tinchligi undan. Husni bo‘lsa, ko‘ngilga yoqimli bo‘lur, yaxshiligi bo‘lsa jon ozig’idir. Aqlli bo‘lsa, turmush intizomli va ro‘zg’or kerak-yarog’i tartibli va saranjomli bo‘ladi.
… Nosoz juft uy uchun ham achchiq va yashirin qo‘rqinchli kasallikdir. Uyatsiz bo‘lsa, ko‘ngil undan ozorlanadi, yaramas bo‘lsa, ruh undan azob tortadi. Tili yomon bo‘lsa, kuyovning ko‘ngli yaralanadi. Yomon ishlik bo‘lsa, erga yuz qoralik keladi. Mayxo‘r bo‘lsa, uy obodligi yo‘qoladi va buzuqi bo‘lsa, uy ichi rasvogarlikka aylanadi»2.
O‘zbeklarda yoshlar uchun juda yuqori start pozitsiyasi yaratib, hayotga yo‘llanadi. Uylanayotgan yigitga kamida 1-2 xonali uy, turmushga chiqayotgan qizga mebel jihozlari va uy anjomlari taqdim etiladi. Ikki yosh farzandli bo‘lgach, o‘z navbatida, estafetani qabul qilib, keyingi avlodni hayotga tayyorlay boshlaydi. Ushbu milliy qadriyat oilaviy munosabatlarda ham vujudga kelishi mumkin bo‘lgan begonalashuv jarayonini bartaraf etadi, avlodlar vorisligi uchun zamin yaratadi. Ayni paytda bu qadriyat, yoshlardagi boqimandalik, beg’amlik, o‘z hayoti uchun mas’uliyatni faqat kattalarga topshirib qo‘yish kabi illatlarni inkor etadi, o‘z kelajagini o‘z qo‘li bilan yaratishga ishtiyoqni rag’batlantiradi. Ahil oilalarda aksariyat masalalar o‘zaro fikr almashuv, maslahat va kengash orqali hal etiladi. Er-xotin, qaynona-kelin, aka-ukalar orasida sodir bo‘ladigan ba’zi ixtiloflar mahalla va qarindosh-urug’lar vositachiligida bartaraf etiladi.
|