Fojiaviylik, qahramonlar, syujet, asar kompazitsiyasini birlashtiruvchi xususiyatlar




Download 61.78 Kb.
bet6/7
Sana16.05.2023
Hajmi61.78 Kb.
#60597
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
kurs ishi gulnoza
ADINA KURS ISHI, BOLTAYEVA UMIDA ONA TILI O\'QITISH METODIKASI
2.2. Fojiaviylik, qahramonlar, syujet, asar kompazitsiyasini birlashtiruvchi xususiyatlar
80-yillarning oxirlariga kelib, jamiyat hayotida ko‘p o‘zgarishlar yuz bera boshladi. Qayta qurish, oshkoralik tufayli mavjud muammolar xususida gapirila boshladi. Uzoq yillar hukmronlik qilgan, chirib bitayotgan sotsialistik tuzumning asl qiyofasi ko‘rinib qoldi. Uzoq yillar gegimon bo‘lgan kommunistik partiya o‘z o‘rnini saqlab qolishga, jamiyat hayotini yana bir bor o‘zgartirishga qayta-qayta urina boshladi. Lekin bu harakatlar faqatgina ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘ldi. bunga misol qilib, O‘zbekistonda markaz tomonidan jinoyatchilikka, poraxo‘rlikka barham berish niyatida olib borilgan harakat “o‘zbek ishi” deb nom olgan ommaviy qatag‘on kompaniyasiga aylanib ketdi. 30-50- yillardagi qatag‘on manzaralari takrorlandi. Jamiyat hayotidagi mana shunday manzaralar adabiyotda o‘zgacha qahramonlar hayoti tasvirlangan asarlarning paydo bo‘lishiga zamin hozirladi. Ko‘plar e’tiqod qo‘ygan, ishongan tuzumning barbod bo‘lishi, butun umrini, hayotini shu tuzumga xizmat qilishga sarflagan insonlarning ishongani sarob bo‘lib chiqishi O‘.Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” romanida mahorat bilan tasvirlandi.
Unda mustabid tuzumning haqiqiy qiyofasi, odamlar ishongan aqidalarning bema’niligi ko‘rsatib berildi. “Tushda kechgan umrlar” romanida ham adibning avval yaratilgan romani “Ikki eshik orasi” romani kabi voqelik bir necha roviylar tilidan hikoya qilinadi. Bu usul adib uchun o‘z g‘oyasi va fikrlarini ifoda etishning vositasi bo‘lib xizmat qilgan. Aynan shu holat asar syujetining ham o‘ziga xosligini ta'minlagan Badiiy asarda syujet markaziy ahamiyatga ega hisoblanadi. Syujet atamasiga ilmiy adabiyotlarda turli ta’riflar berilgan. Masalan, “Adabiyotshunoslik lug‘ati”da “Syujet (frans. — predmet, “asosga qo‘yilgan narsa”) badiiy shaklning eng muhim elementlaridan biri sanalib, badiiy asardagi bir-biriga uzviy bog‘liq holda kechadigan, qahramonlarning xatti-harakatlaridan tarkib topuvchi voqealar tizimini anglatadi.
Umuman, sujetlilik badiiy adabiyotning xos xususiyatlaridan biri bo‘lib, barcha turdagi badiiy asarlarda ham syujet mavjuddir”6 , deyiladi. Har bir asarning syujeti qaysi janrga mansubligiga qarab o‘ziga xos tarzda bo‘ladi. Xususan, epik janrdagi asarlar syujet va kompozitsiyasi yaxlit butunlikka ega ekani bilan lirik va dramatik turga mansub asarlardan ajralib turadi. Muallif uchun syujet voqealari personajlar xarakterining ochilishi, shakllanishi muhim asos vazifasini o‘taydi. “Syujetning badiiy asardagi funksiyalari haqida so‘z ketganda, avvalo, uning asar problemasini badiiy tadqiq etishga imkon beradigan hayot materialini uyushtirib berishini aytish kerak”7 . Demak, syujetning qanday bo‘lishi muallif niyatiga bog‘liqdir. Masalan, “Tushda kechgan umrlar” uchun tanlagan sujetda voqealarning bir nechta personajlar hayoti misolida ko‘rsatilishi — muallif ijodiy niyatni amalga oshirish uchun qulay usuldir. Negaki, romandagi syujet chizig‘ining Rustam, Komissar, Qurbonoy xola liniyalari orasida kechishi yozuvchini yozishga undagan muammolarni ifodalashga imkonini yaratdi.
Jumladan, farrosh kampir– Qurbonoy xolaning qismati, Komissar Soat G‘aniyevning fojiasi roman bosh qahramoni Rustamning taqdiri bilan bog‘liq voqealarga uzviy bog‘langan holda olib kiriladi va ular yozuvchiga Afg‘on urushi hamda “O‘zbek ishi” fojialari bilan bog‘liq muammolarini yoritish, ko‘rsatish imkonini yaratadi Albatta har bir badiiy asar syujeti unda ishtirok etuvchi katta-kichik personajlarning harakatidan tashkil topadi. Harakat tashqi tamonlama yoki ichki– o‘y-hayol, ruhiyatdagi o‘zgarishlar ma’nosida bo‘ladi. Shunga asoslanib badiiy asarlarni bu harakat tiplaridan qaysi biri yetakchilik qilishiga qarab syujetning ikki turi ajratiladi: a) “tashqi harakat” dinamikasiga asoslangan sujet va b) “ichki harakat” dinamikasiga asoslangan syujetlar.
Tashqi harakat dinamikasiga asoslangan syujetlarda personajlarning muayyan maqsad yo‘lidagi xatti-harakatlari, kurash va to‘qnashuvlari, hayotidagi burilishlar tasvirlanadi, shu asosda ularning taqdirida, ijtimoiy mavqeida muayyan o‘zgarishlar yuz beradi. Sodda qilib aytsak, bu xil syujetli asarlarda voqea to‘laqonli tasvirlanadi, u o‘z holicha ham badiiyestetik qimmat kasb etadi. Syujetning ikkinchi tipiga asoslangan asarlar adabiyotimizda ancha keyin, 80-yillardan boshlab maydonga kela boshladi. Biz tahlil qilayotganimiz “Tushda kechgan umrlar” asarida tashqi harakat dinamikasiga asoslangan syujet yetakchilik qiladi. Unda Rustam, Komissar, Qurbonoy xola kabi obrazlar hayotiga tegishli voqealar, ular hayotidagi burilishlar, o‘zgarishlar to‘liq tasvirlangan. Lekin qahramonlarning o‘y-hayollari, ruhiyatida kechayotgan o‘zgarishlarga asoslanib aytish mumkinki, asarda ichki harakat dinamikasiga asoslangan syujeting ham elementlari bor. Adabiyot nazariyasiga oid kitoblarda “badiiy asarda tasvirlangan voqealar bir tizimga bog‘lanar ekan, ular orasida asosan ikki turli munosabat kuzatiladi. Syujetdagi voqealarning o‘zaro munosabatiga ko‘ra xronikal va konsentrik syujet turlari ajratiladi”8 .
Xronikal syujetda voqealar orasida vaqt munosabati(A voqea yuz berganidan so‘ng B voqea yuz berdi) yetakchilik qilsa, konsentrik syujet voqealari orasida sabab-natija munosabati(A voqea yuz bergani uchun B voqea yuz berdi) yetakchilik qiladi. “Tushda kechgan umrlar” romanida biz har ikki syujet turini qorishiq holatda uchratamiz. Unda xronikal syujetga xos qahramon taqdirini davriy izchillikda, uning xarakterini rivojlanishda ko‘rsatish, asosiy syujet bilan yondosh holda yordamchi syujet chiziqlarini ham yurgizish, juda katta hayot materialini qamrab olish imkoniyatlaridan unumli foydalanilgan. Muallif romanda retrospeksiya usulidan — zamonda ortga qaytish imkoniyatlaridan keng foydalangan. Kuzatishlarga tayanib aytish mumkinki, syujetning mazkur turi asarda boshqalariga qaraganda yetakchi o‘rini egallagan.
Ma’lumki, syujet ijodkorning badiiy niyatiga muvofiq ravishda asarda berilgan voqeani ifodalaydi. Bunda voqealar ketma-ket, izchillik bilan yoritilmasligi mumkin. Chunki u muallifning badiiy niyati, asarning mantiqiy asosiga ko‘ra ifodalanadi. Barcha asarlarda ilmiy adabiyotlarda aytilganidek avval ekspozitsiya, tugun, voqealar rivoji, kulminatsiya, yechim kabi ketma-ketlik bo‘lmasligi mumkin. Buni “Tushda kechgan umrlar” romani misolida ham ko‘rish mumkin. Asar bosh qahramon Rustamning oxirgi kundaligidan boshlanadi va Qurbonoy xolaning har kungi tashvishlariga ulanib ketadi. Aynan, Qurbonoy xola asar boshlanishidayoq Rustamning murdasini ko‘rib qoladi. Roman kulminatsiya bilan boshlanadi. So‘ng yozuvchi chekinish usulini qo‘llab bosh qahramon Rustamning o‘limi va u bilan bog‘liq tafsilotlarni yoritishga kirishadi. Roman syujeti odatdagi syujetlardan bir oz farqli. Unda asar syujeti bir nechta liniyalarga bo‘linib ketadi:
4. Rustam- Shahnoza- Rustamning otasi liniyasi
5. Qurbonoy xola-To‘lagan-Fotima liniyasi
6. Komissar Soat G‘aniev liniyasi
7. Grisha-Vasilev Grigoriy Stepanovich liniyasi Yozuvchi har bir syujet liniyasini mustaqil holda rivojlantiradi.
Har birining o‘z konflikti, tuguni, voqealar rivoji, kulminatsiyasi, yechimi bor. Rustamning syujet liniyasi kulminatsiyadan boshlanib, so‘ng ekspozitsiya, tugun, voqyelar rivoji va yechim ketmaketligida tasvirlanadi. Ma’lumki, badiiy asar syujeti ekspozitsiya, tugun, voqea rivoji, kulminatsiya, yechim singari unsurlardan tarkib topadi. Ekspozitsiya syujetning boshlanish qismi bo‘lib, o‘quvchini asar voqealari kechadigan joy, qahramonlar, asar konflikti yetilgan shart-sharoitlar bilan tanishtiradi. Aytish kerakki, ekspozitsiya hajm e’tibori bilan turlicha bo‘lishi va asarning turli o‘rinlarida kelishi, ba’zan umuman tushirib qoldirilishi mumkin. Masalan, “Tushda kechgan umrlar”da kechikkan holda kulminatsiyadan so‘ng keladi. So‘ng Rustamning o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlar ketadi. Qurbonoy xola liniyasida esa, ekspozitsiya tartib bilan kelgan. Uning biqini achishib uyg‘onishi-yu, ertalablari ko‘cha supurishga chiqishi voqealari tasviri ekspozitsiyadir. Komissar liniyasida esa u qisqaroq va voqealar rivoji oralig‘ida beriladi. Grisha liniyasida ekspozitsiya anchayin batafsil berilgan. Buni o‘ziga xos sababi bor. Yozuvchi “noyob kadr” sifatida keltirilgan bunday nushalarning aslida qanday ekanini yaqqol tasvirlamoqchi bo‘lgan. Romanda tugun ham o‘ziga xos tarzda qo‘yilgan. Asarda mavjud syujet liniyalari o‘z tuguniga ega bo‘lishi mumkin ekan. Tugun asar voqealarining boshlanishiga turtki bo‘lgan voqea, asar konflikti qo‘yilgan joydir. Ekspozitsiyadan farqli o‘laroq, tugun syujetning zaruriy elementi sanaladi, ya'ni u sujetda har vaqt hozirdir. Tugun, odatda, asarning boshlanishida, ekspozitsiyadan keyinoq beriladi. Shunisi ham borki, ba’zi katta hajmli asarlar sujetida bir emas, bir nechta tugunga duch kelishimiz ham mumkin. “Tushda kechgan umrlar”da ham shunday. Rustamning Afg‘on urushiga olinishi Rustam liniyasining tuguni bo‘lsa, Soat G‘aniyevning ko‘nglida “eshonvachcha” Fotimaga nisbatan nimalarnidir uyg‘onishi va bolalar tomonidan izzat-nafsi kamsitilgandagi holati komissar liniyasining tuguni. Tugundan keyingi voqealar zanjiri voqea rivoji deb yuritiladi. Odatda syujet voqealari bosqichma-bosqich rivojlantirib boriladi. Asardagi voqealar rivojining eng yuqori nuqtasi, undagi konflikt benihoya kuchaygan o‘rni kulminatsiya deb yuritiladi.
Masalan, Rustamning o‘limi roman kulminatsiyasi sanaladi. Undan tashqari komissarning o‘g‘li Mauzer tomonidan “Sizning o‘g‘lingiz ekanimdan uyalaman” deb aytgan paytdagi holatni komissar liniyasining kulminatsiyasi deyish mumkin. Chunki, ayni shu nuqtada komissarning va tuzumning g‘ayriinsoniylikka asoslangan qiyofasi ko‘rsatiladi. Mana shu gap Soat G‘aniyev ko‘ksini o‘qdek teshib o‘tadi. Kulminatsiya endi asar voqealarining yechimga tomon intilishini, bir tomonga hal bo‘lishini taqozo qiladi. Yechim syujet voqealari rivojining yakuni, ularning nihoyasida qahramonlar ruhiyatida, taqdirida yuzaga kelgan holatdir. Yechimda konfliktli holat, qahramonlar orasidagi ziddiyatlar o‘zining badiiy yechimini topadi. Yechim konfliktning hal bo‘lganini ko‘rsatishi bilan birga uning hal bo‘lmasligini ham ko‘rsatadi.
Rustam liniyasi konfliktini yechimi berilmagan. U o‘z joniga qasd qilgan. Komissar liniyasining yechimi esa qo‘rqinchli tushlar, yolg‘izlik, odamni yutaman deb turgan uyda tong otishini kutib, nomalum xadik bilan yashashdir. Qurbonoy xola liniyasida esa, barcha bo‘lib o‘tgan ishlar Olloning irodasi ekani aytiladi. Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ldiki, tugun, voqea rivoji va kulminatsiya syujetni tutib turuvchi asosiy unsurlar sanaladi va ular har qanday syujetda mavjud bo‘ladi. Ekspozitsiya bilan yechim esa syujetning shart bo‘lmagan elementlari bo‘lib, ularning asarda bo‘lish yoki bo‘lmasligi yozuvchining ijodiy niyati, ijodiy individualligi, badiiy tasvir va talqin yo‘sini bilan bog‘liqdir. “Tushda kechgan umrlar” da yozuvchi qo‘llagan syujetning turi usul retrospeksiya deb atalib, uning mohiyati shuki, bunda yozuvchi syujet voqealarini to‘xtatib o‘tmishga, ilgari bo‘lib o‘tgan voqealar tasviriga o‘tadi. Roman boshlanishida tasvirlangan farrosh Qurbonoy xola roman o‘rtalariga kelib, otasi nohaq qamalgan, onasi komissar tomonidan zo‘rlangan 14 yoshli qizcha tarzida namoyon bo‘ladi. Yoki roman boshida o‘limi tasvirlangan bosh qahramon Rustam voqealar rivoji davomida talaba, askar, uylangan yigit, otasi uchun kurashayotgan qahramon sifatida batafsil tasvirlanadi. Ma'lumki, badiiy asarda tasvirlanayotgan voqyealar makon va zamonda kechadi, shunga ko‘ra adabiyotshunoslikda “badiiy vaqt” tushunchasi keng qo‘llaniladi. “Tushda kechgan umrlar”da yozuvchi ijodiy niyatini amalga oshirish yo`lida “badiiy vaqt” imkoniyatlaridan keng foydalangan. Adib zarur o‘rinda asar vaqtidan chekinib, o‘tmishda yuz bergan voqealarni tasvirlaydi bu narsa “retrospektiv vaqt” deyiladi.
Yozuvchi “parallel vaqt” dan ham unumli foydalangan. Unda yuz berishi jihatidan bir paytga to‘g‘ri keladigan voqealarni navbati bilan tasvirlagan. Rustamning Afg‘on urushida ekani voqeasi, dadasining qamalishi, komissarning o‘g‘illari bilan bog‘liq kechayotgan hayoti, Qurbonoy xolaning qizi Umida va nabiralari bilan kechayotgan voqealar tasvirining ketma-ket o‘rin almashib tasvirlanishida biz buni ko‘rishimiz mumkin. Badiiy asar syujeti voqealardan, voqealar esa personajlarning xatti-harakatlari, o‘zaro murakkab munosabatlari, ziddiyatlaridan tarkib topgani bois ham uni hayot ziddiyatlarini umumlashtiruvchi voqealar sistemasi sifatida ta‘riflanadi. Syujet bilan konflikt orasida ikkiyoqlama aloqa kuzatiladi: bir tomondan, syujet konfliktlarni umumlashtirib namoyon qiladi, ikkinchi tomondan, konflikt syujetni harakatga keltiruvchi asosiy kuch sanaladi. Ko‘rinadiki, syujet va konflikt badiiy asarda uyg‘unlashadi, biri ikkinchisini taqozo qiladi. Konflikt (lot. to‘qnashuv) deganda badiiy asar personajlarining o‘zaro kurashlari, qahramonning o‘z muhiti bilan ziddiyatlari, shuningdek, uning ruhiyatida kechuvchi qarama-qarshiliklar tushuniladi. Badiiy asar voqelikni badiiy aks ettirgani va uning markazida inson obrazi turgani uchun ham insonning real hayotida mavjud konfliktlarning bari unda badiiy aksini topadi9 . Shu nuqtayi nazardan badiiy konfliktning uchta turi farqlanadi:
1. Xarakterlararo konflikt.
2. Qahramon va muhit konflikti.
3. Ichki(psixologik) konflikt.
Aytish kerakki, konfliktning mazkur turlari badiiy asarda aralash holda zuhur etadi va o‘zaro uzviy aloqada bo‘ladi: biri ikkinchisiga o‘tadi, biri ikkinchisini keltirib chiqaradi, biri ikkinchisi orqali ifodalanadi va h.k. Ya’ni, qahramonning muhit bilan konflikti uning boshqa personajlar bilan to‘qnashuvlari, ruhiyatidagi ziddiyatli jarayonlar tasviri orqali ochib beriladi.
Masalan, Rustam— o‘z muhiti bilan ziddiyatga kirishgan qahramon. Rustamning muhit bilan ziddiyati uning Afg‘on urushining naqadar dahshatli be’manilik ekanini anglab yetganida, o‘zi va otasi kabilar ishongan sistemaning nopokligi, adolatsizligini anglab yetganida namoyon bo‘ladi. Konfliktning barcha turlari ham qahramonni muayyan bir harakatga undaydi, ayni shu narsa konfliktni syujetni harakatga keltiruvchi asosiy kuch sifatida ko‘rsatadi. Rustam adolat qidiradi. Otasining nohaq qamalganini kimlargadir isbot qilmoqchi bo‘ladi : “O‘zbekiston shunchalik aynib ketgan ekan, deydi kinoya bilan. – markazga tola o‘rniga vagonda havo, samalyotda diplomat to‘la pul bo‘lgan ekan, nega u yoqdagilar indamabdi? Nega “bizga pul kerak emas, tola kerak?” demabdi nega bu yoqdan turib pora uzatganlarni qamoqqa tiqasizlar-u, u yoqdan turib pora olgan kazo-kazolar bilan ishingiz yo‘q?”, deya nohaq sistemaga qarshi ziddiyatli munosabatini ko‘rsatadi. Uning o‘ylari, harakatlari asosida o‘zining kimligini, hayotdagi o‘rnini anglashga intilish, ruhiyatida murakkab o‘ylov jarayoni (“ichki harakat”) boshlandi. Bu o‘ylovlar natijasida u nafaqat, o‘zini shaxs sifatida tanishga, balki, o‘zi ham bir vakili bo‘lgan xalqning ijtimoiy holatini, fojiasini anglab yetdi. Mavjud adolatsizlikka qarshi isyon qildi. Uning o‘limi ham shu tufayli edi. U “donolar kabi hayotni jim kuzatib” mantiqsizliklarning guvohi bo‘ldi. Asar konflikti qahramonning qay yo‘sin harakat qilishini ham belgilagan va shu asosda syujet voqealarining rivojlanishiga ham ta’sir qilgan. Masalan, Rustam rostgo‘y va boshqalarni ham shunday o‘ylardi. Lekin ko‘rdiki, hamma uningdek, otasidek emas. Generallar urush bahona shuhrat orttirish payida.
Oddiy askarlar snaryad tagida portlab, o‘ligi temir tobutda kelib tursa-da, ofitserlar “prokat”ga olgan xotini bilan aysh qiladi. “Sen jangga kirib, o‘lmay chiqsang Vatan nomidan rahmat eshitasan, katta ofitserning “prokat”ga olgan xotini bo‘lsa, Vatan oldidagi “xizmatlari” uchun orden oladi! Bildingmi!” Nimanidir anglagandek bo‘ldim...10 Mana shu tarzdagi anglashlar yig‘ilib borib bosh qahramonning muhit bilan ziddiyatini hosil qiladi.
Bu esa, syujet dinamikasini kuchaytirdi. Konfliktning boshqa turi esa qahramonlar o‘rtasida kechadi. Masalan, Rustam va komissar, Komissar va “eshonvachchalar” Fotima, Xusan, Qurbonoy, eshonning kuyovi To‘lagan o‘rtasidagi ziddiyat, Rustam va Grisha o‘rtasidagi ziddiyatlarda ham qahramonlarning qiyofasi ochib beriladi. Bular asosiy konflikni yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. O‘tkir Hoshimovning “Tushda kechgan umrlar” romanining voqealari kuz tasvirini berish orqali boshlanadi.
E'tibor qilinsa, ijodkorning badiiy mahorati shunda ko‘rinadiki, voqealarni “...kuz o‘lim to‘shagida yotgan bemorga o‘xshaydi...” tashbehi bilan boshlab, o‘quvchini keyinroqda yuz beradigan fojeiy vaziyatga ruhiy jihatdan tayyorlab oladi Kuz kunlarining birida, ayni tong-sahar pallada, ko‘p qavatli uy yerto‘lasining zinasida bir odamning jasadi topiladi. Asar tuguni shu joydan boshlanadi. Syujet voqealarining o‘ziga xos tarzda tartiblanishi asarning badiiy quvvatini yanada oshiradi.
Dastavval, Rustamning oxirgi kundaligidan lavhalar keltirilsa, tugun qo‘yilishi bilanoq bosh qahramon va u bilan bog‘liq bo‘lgan voqealar, uning yaqinlari va ular bilan kechgan voqea-hodisalar birma-bir tasvirlana boshlaydi. Voqealar rivoji aynan o‘quvchi istagan bir me'yorda kechadi. Asarni mutolaa qilar ekansan, Afg‘on urushidan endigina qaytgan, sevgan qiziga uylangan, hayotdan hali orzu-umidlari bisyor bo‘lgan mard yigitning kim tomonidan o‘ldirilganligi, nima sababdan uning bu holga tushgani haqida o‘ylay boshlaysan. Miyangda o‘sha savollar takror-takror aylanaveradi. Adib sekin-asta Rustam hayotini ko‘z o‘ngimizda gavdalantirib berar ekan, biz uning turmushi odam bolasi chidashi mumkin bo‘lmagan tarzda og‘ir kechganini his qilamiz. “Taqdirni qo‘l bilan yaratur inson” degan hikmatli gap bor. Biroq, Rustam o‘z taqdirini o‘zi yaratishga ulgurmaydi, holbuki, u unib-o‘sgan muhit, davr, u yashagan tuzum Rustamni butunlay o‘ziga bo‘ysundirib oladi. Asarni yaxshiroq anglashimiz uchun undagi qahramonlarni bir-biri bilan bog‘liq holda tahlil etishimizga to‘g‘ri keladi. Bunda bizga, bu asar qahramonlarining taqdiri birbiriga chambarchas bog‘langanligi, ular ruhiy dunyosining o‘zaro uyg‘unligi, yaqinligi qo‘l keladi.
Darhaqiqat asarda Rustam, Qurbonoy, Komissar, Sanjar, Shahnoza, Grisha kabi qahramonlarning taqdiri bir ipga chizilgandek, go‘yo. 36 Muallif hayot haqida nimaiki demoqchi bo‘lsa, shuning hammasi pirovardida badiiy asarda tasvirlangan insonlar-qahramonlarning muayyan sharoiti, xulq-atvori, psixologiyasi, xatti-harakatlari, o‘y-xayollarida o‘z aksini topadi.
O‘tkir Hoshimovning badiiy niyati ham o‘tish davri, ya’ni asrimizning 80-90-yillari hayotini Rustam, Shahnoza, Komissar, Qurbonoy va boshqa obrazlarning taqdirlari, afg‘on urushining ayanchli oqibatlari, “O‘zbek ishi” tufayli minglab halol, mehnatkash kishilar tuhmatlar bo‘ronida qolib, poraxo‘rlikda yoki pora berishda ayblanganliklari, inson erkini bo‘g‘uvchi, shaxsiyatini poymol qiluvchi, barcha huquqlaridan mosuvo etuvchi jamiyat millionlab kishilar boshiga ham ruhiy, ham jismoniy qiynoqlar solganini haqqoniy suratda ko‘rsatishga qaratiladi.
Asar bosh qahramonlari Rustam, Komissar, Qurbonoylardir. Bu uchlik-obrazlar asarning g‘oyaviy konsepsiyasini aniqlashda muhim ahamiyatga ega. Roman o‘ziga xos obrazlar tizimiga ega. Unda Quro‘ni Karimda keltirilgan “ilk syujet” bilan bevosita bog‘liq. “Roman obrazlar sistemasining asos-qurilmasini tashkil etuvchi ilohiy axborot negizidagi obraz-triadani qayta ishlash tajribasi yevropa romanchiligi an’analarida mavjud edi8 ” Adabiyotshunos U. Jo‘raqulov fikricha, mumtoz dostonchiligimizda bu uchlik – oshiq, ma'shuqa, raqib tarzida talqin qilingan. “Tushda kechgan umrlar” romanida alohida tarzda rivojlangan har bir syujet liniyasida bu uchlikning elementlarini topish mumkin.
Masalan, Rustam-Shahnoza, Sanjar(Lekin u bosh qahramonlar hayotiga ta'sir o‘tkazadigan darajada kuchli raqib emas) hamda Fotima-To‘lagan-Soat uchligi. Rustamning baxtiga Sanjar emas, u yashab turgan tuzum chang soldi. To‘lagan va Fotimaning baxtiga esa juda kuchli raqib – Soat chang soladi. U “ilk” syujetdagi shayton obraziga qaysidir ma'noda juda mos keladi.


XULOSA
XX asr o‘zbek nasrining ko‘zga ko‘ringan ijodkorlaridan bo‘lgan O‘tkir Hoshimov so‘zni san’at darajasiga olib chiqqan, uning har bir qa’tidan yangilik, badiiy yuksaklik axtargan va ana shu yuksaklikni ijod o‘zagi deb bilgan yozuvchidir. Adib ijodini o‘rganish, yozuvchining o‘ziga xos uslubi va badiiy mahoratini, asar syujeti, obrazlar tizimi, yozuvchi uslubi, mahorati kabi masalalarni tadqiq etish bitiruv – malakaviy ishimiz oldiga qo‘yilgan bosh vazifa bo‘lib, ular uch asosiy bob asosida o‘rganildi. O‘tkir Hoshimovning ,,Tushda kechgaan umrlar’’ romanini badiiyatini kengroq batafsilroq yoritib moboynida xalqimiz boshiga tushgan o‘zbek xalqini badnom qiluvchi «paxta ishi», «o‘zbek ishi» degan qatag‘on xo‘lu quruqni baravar yondirgan olov ekani, markazdan kelgan gdlyanchilar o‘zlariga berilgan “cheklanmagan huquq”dan to‘liq foydalanib, minglab oilalarni baxtiqaro qilgani,
Afg‘on urushining dahshatlari, fojialari xususida keng tasavvur xosil qilish imkonini beradi. “Tushda kechgan umrlar” romani badiiyati” deb nom olgan mazkur bitiruv - malakaviy ishi quydagi rejalar asosida yoritildi: “Tushda kechgan umrlar” romanida ijtimoiy voqelikning badiiy talqini” deb nom olgan birinchi bobda romanga asos bo‘lgan 80-yillar o‘rtalaridagi ijtimoiy muhit, uning adolatsizliklari, afg‘on urushi balosi, «o‘zbek ishi”, «paxta ishi” kabi kompaniyalarning xalqimiz boshiga solgan ommaviy qatag‘onlari va ularning dahshatlari xususida so‘z yuritilgan.
“Romanda davr kishilari ruhiyati tasviri” deb nom olgan ikkinchi bobda esa, psixologik-ruhiy tasvir tushunchasi ostida adabiy qahramonlarning ruhiy olami, ichki dunyosi, orzu-o‘ylari, kechinmalari, kayfiyatlari hamda intilishlarini yuksak badiiylik asosida tasvirlash san’ati tahlil etildi. Qahramon xarakteriga xos xislatlarning, ruhiy olamining qay holda, qay vaziyatda tasvir etilish ko‘rsatib berildi. Psixologik tasvirning chuqur imkoniyatlari «Tushda kechgan umrlar” misolida o‘rganildi.
“Tushda kechgan umrlar” romanining syujet, obraz, uslub xususiyatlari” nomli uchinchi bobda yozuvchi badiiy niyatini amalga oshirishda eng muhim element bo‘lgan asarning syujeti, roman voqealarini uyushtiruvchi syujet elementlari, romanda yaratilgan obrazlarning o‘ziga xos qirralari, yozuvchi uslubi va mahoratini belgilovchi omillarga e'tibor qaratildi. Bitiruv malakaviy ishining bosh maqsadidan kelib chiqib, yozuvchining badiiy tafakkurimizni boyitgan tasavvurimizda o‘ziga xos burilish yasagan
“Tushda kechgan umrlar” romanida ijtimoiy voqelikni aks ettirishdagi badiiy mahorati, qahramonlar shaxsiyatini ochishdagi o‘ziga xos uslubi tadqiq etildi. Bitiruv-malakaviy ishi o‘z oldiga qo‘ygan quydagi vazifalarni bajardi:
1. Romanda tasvirlangan davr ijtimoiy muhitini o‘rganildi.
2. Romanning badiiy xususiyatlarini tekshirildi.
3. Roman qahramonlari ruhiyati ochildi va ulardagi o‘ziga xosliklarni aniqlandi.
4. Romanning syujeti, obraz va uslub xususiyatlari teshirildi.
5. Adib ijodiy uslubning o‘ziga xosligini aniqlandi. Bitiruv-malakviy ishi yuzasidan quydagi xulosalarga kelindi:
6. “Tushda kechgan umrlar” romanida 80-yillar o‘rtalarida O‘zbekistonda yuzaga kelgan ijtimoiy vaziyat yoritilgan. Afg‘on urushining asl maqsadi va mantiqsizligi, minglab yosh yigitlarning umriga zomin bo‘lganligi, ruhiyatini izdan chiqarganligi badiiy ifodasini topgan.
7. O‘tkir Hoshimov bosh qahramonning otasi boshiga tugshan ko‘rgiliklar misolida “paxta ishi”, «o‘zbek ishi” kompaniyasining asl qiyofasini ochishga muvaffaq bo‘lgan.
8. Asarda har bir qahramon o‘z oldiga qo‘yilgan badiiy vazifasini bajargan.
9. Roman qahramonlari Rustam, Komissar, Qurbonoy xola, Rustamning otasi, Shahnoza, Grisha, Xayriddin, Nazira, Mauzer, Mels ruhiyati, dunyosi psixologik asoslangan. Har bir obraz ishonarli ekani bilan va o‘z missiyasini ado etishi bilan e’tiborga loyiq.
10. Asar syujeti retrospektiv usul bilan berilgan va har bir Rustam, Komissar, Qurbonoy xola, Grisha kabi qahramonlar o‘z syujet liniyasiga ega.
11. Muallif modernizm adabiyotiga xos “ong oqimi” uslubidan samarali foydalangan. Voqelik bir necha personajlar tilidan hikoya qilinadi.
12. Asarda qo‘llanilgan detallar muallif badiiy niyatini, asarning asosiy g‘oyasini ochishga xizmst qilgan.
Fikrimizni yozuvchining so‘zlari bilan tugallaymiz. “Chinakam badiiy asar yaratish uchun esa odamlarni hayajonga soladigan, har gal takror o‘qiganda ko‘ngilga zavq bera oladigan asar yaratish uchun eng avvalo Hudo bergan talant iste’dod kerak”. O‘zbek xalqining sevimli yozuvchi O‘tkir Hoshimovning bu gapini, adibning o‘z hayoti va ijodiga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Yozuvchi asarlarida favqulotda bir gap aytishga, kutilmagan syujetlar, voqealarning shiddatli rivoji bilan o‘quvchilarni lol qoldirishga intilmaydi. U dunyoni o‘zbek bo‘lib ko‘radi, qabul qiladi va o‘zbek sifatida bayon etadi. Ravon ifoda, jonli til, samimy bayon va o‘zbekgagina xos xususiyatlarining mehrli, haqqoniy ifodasi kitobxonni o‘ziga rom etadi, o‘zbek xalqiga muhabbatini oshiradi.

Download 61.78 Kb.
1   2   3   4   5   6   7




Download 61.78 Kb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Fojiaviylik, qahramonlar, syujet, asar kompazitsiyasini birlashtiruvchi xususiyatlar

Download 61.78 Kb.