|
O‘zbek tili fanidan o‘quv- uslubiy majmua
|
bet | 20/122 | Sana | 30.11.2023 | Hajmi | 0,59 Mb. | | #108788 |
Bog'liq “Boshlang‘ich va maktabgacha ta’lim metodikasi” kafedrasi O‘zbek-fayllar.orgO‘zbek tilida sinonimlar
Sinonim so‘zlar. Shakli har xil, ma’nosi bir-biriga yaqin bo‘lgan so‘zlar sinonim deyiladi. Sinonim so‘zlar bir predmet hodisaning (taom, ovqat; baxt, iqbol, tole, saodat), belgining (sezgir, ziyrak, tuyg‘un; aniq, ochiq-ravshan, yorqin, oydin, ayon), harakatning (yordamlashmoq, ko‘maklashmoq) bir necha nomi. Sinonim so‘zi grekcha «bir nomli» degan ma’noni ifodalaydi. Shuning uchun sinonimik hodisa bir so‘z turkumi doirasida yuzaga keladi.
Sinonim so‘zlar aynan bir predmet, belgi, harakat tushunchasini ham, qo‘shimcha ma’no ottenkalari bilan farqlanadigan predmet, belgi, harakat tushunchalarini ham anglatadi. Masalan, tilshunoslik – lingvistika sinonimlarining ma’nosi aynan bir xil. Yig‘lamoq, yig‘lamsiramoq sinonimlarining ma’nosida farq mavjud.
Bir ma’no atrofida birlashgan so‘zlar guruhi sinonimik qatorni tashkil etadi. Masalan: odam – kishi – inson – bashar; davolamoq, tuzatmoq; yorug‘ - nurli - charog‘ on, yorqin – munavvar.
Sinonimik qatorni tuzishda ma’nodosh so‘zlar uchunasos qilib olingan so‘z bosh so‘z (dominanta) deyiladi. Sinonimik guruhdagi ma’noli, barcha nutq uslublarida qo‘llanadigan, adabiy tilga mansub, ma’no doirasi keng bo‘lgan so‘z bosh so‘z sifatida tanlab olinadi: botir - qahramon – dovyurak - qo‘rqmas – jasur.
Sinonimik qatorni belgilashda so‘zlarning yagona umumiy belgisiga asoslanadi. Masalan: uy va bino so‘zlari bir-biriga yaqin ma’noli bo‘lsa ham, uy so‘ziga xos asosiy tushuncha bilan (odam yashaydigan joy) «bino» so‘zi ifodalaydigan tushuncha (imorat) o‘rtasida umumiylik yo‘qligi uchun ular sinonim bo‘la olmaydi.
Jins va tur munosabatidagi (daraxt – jins, olma – tur), predmet yoki harakatning bir tomonini obrazli qilib, bo‘rttirib ifodalaydigan so‘zlar o‘sha predmet yoki harakat tushunchasiga kirishi mumkin bo‘lgan tushunchani ifodalasa ham, predmet yoki harakatni to‘laligicha anglatmaganligi, obrazlilik asosiy tushunchaga nisbatan kuchli bo‘lsa (chuldiramoq, ping‘illamoq, pichirlamoq, shipshitmoq, to‘ng‘illamoq, vag‘illamoq so‘zlari gapirmoq so‘ziga sinonim bo‘lmaydi), mohiyat jihatdan bir-biridan keskin farq qiladigan sotsial tuzumlarga xos bo‘lgan tushunchalarni ifodalasa (mirshab – militsioner) ular o‘zaro sinonim bo‘la olmaydi2.
Sinonimlarning quyidagi turlari mavjud:
1) lug‘aviy sinonimlar; 2) grammatik sinonimlar.
1. Lug‘aviy sinonimlar: 1) so‘zlar doirasida (bezak, ziynat, hasham); 2) so‘z va iboralar doirasida (ayyor - mug‘ambir – pixini yorgan, ilonning yog‘ini yalagan); 3) iboralar doirasida (og‘ziga talqon solmoq - og‘zida qatiq ivitmoq) bo‘ladi.
2. Grammatik sinonimlar qo‘shimchalar doirasida bo‘ladi.
Sinonim so‘zlar o‘zbek tilining ichki taraqqiyoti asosida (kun - quyosh, ish – yumush, qari – keksa) va boshqa tildan so‘z olish natijasida (shox (o‘zbekcha) – muguz (tojikcha), orzu (tojikcha) – tilak (o‘zbekcha), buloq (o‘zbekcha) – chashma (tojikcha), adabiy tilga xos so‘z bilan shevaga xos so‘zlar (go‘zal – suluv – ko‘xlik – xushro‘y) yoki shevaga oid bir necha so‘zlar doirasida (chelak – satil - paqir) yuzaga keladi.
|
| |