|
O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o`zbek adabiyoti
|
bet | 69/155 | Sana | 10.01.2024 | Hajmi | 1,2 Mb. | | #133618 |
Bog'liq portal.guldu.uz-O`zbek adabiyotiNazorat topshiriqlari:
1.Mashrabning tug’ilganligi ustidagi bahslarga o’z munosabatingizni bildiring.
2.Mashrabning diniy rahnamosi hisoblangan Hidoyattulla Ofoqxo’ja haqida o’z fikringizni bildiring.
3. Mashrabning qaysi she’ri o’zi haqidagi qarashlarni ifoda etgan.
2-asosiy masala bo’yicha darsning maqsadi: Mashrabning adabiy merosi va lirikasining takrorlanmas jihatlarini to’g’ri va aniq yetkaza berish.
Identiv o’quv maqsadi:
1. Mashrabning adabiy merosini chuqur o’rgana oladi.
2. Mashrab she’riyatining asosiy janrlari ustida ishlay oladi.
3. Mashrab lirikasining o’zgacha ko’rinishlari haqida fikr yurita oladi.
2-asosiy masalaning bayoni:
Qayd etib o’tilganidek, Mashrabning adabiy merosi an’anaviy she’riy devon holida yetib kelmagan. U o’tmishda noma’lum muxlislar tomonidan tuzilgan xalq kitoblari tili va uslubini eslatuvchi “Devonai Mashrab” yoxud “Qissai Mashrab” nomlari bilan ma’lum bo’lgan manba orqali yetib kelgan. Mashrabning adabiy-ijodiy merosida diniy va tasavvufiy g’oyalar ham, o’sha asrlarda ayniqsa, keng tarqalgan qalandarlik tariqati g’oyalari ham sezilarli o’rin egallaydi.
Shoir islom ta’limotidagi asosiy qoidalarni, farzu amallarini qabul qilgani holda, ba’zilariga qarshi ochiqdan-ochiq salbiy munosabatini ham asarlarida ifoda etadi . Ularga mensimaslik, shakkoklik bilan qaraydi, ba’zan ular ustidan kuladi ham. Buning asosiy sababi shoirning:
Bir xudodin o’zgasi barcha g’alatdur, Mashrabo,
Gul agar bo’lmasa ilkimda tikonni na qilay?
shoh baytidadir.
Mashrab she’riyatining asosiy janrlari g’azallar, murabbalar, muxammaslar, mustazodlar, musaddas va musabbalardan iborat.
Mashrab g’azallari o’zbek mumtoz adabiyoti tarixidagi g’azalnavislikning o’ziga xos uslubdagi namunalaridir. Ularda shoir majoziy va ilohiy ishq zamzamalarini sho’x vazn, jarangdor qofiya, radiflar, mazmunga mos ma’naviy hamda lafziy san’atlar xalqning jonli tili, ramz va bo’yoqli iboralaridan, mahorat bilan foydalanish orqali ifodalaydi. Uning xalq og’zaki ijodi, Ahmad Yassaviy hikmatlari ta’sirida yaratilgan, qo’shiqlarday jaranglovchi murabbalari, o’zigacha bo’lgan o’zbek adabiyotidagi eng ko’p mustaqil muxammaslari, sakkiz band-ellik olti misradan iborat musabbasi bor. Mashrabning bu musabbasida har band so’nggida:
Vah-vah, na go’zalsan, na ajoyib, na qiyomat!
Hay-hay, na jafo qilsa sanam-jonima rohat!
bayti naqorotdek takrorlanib boradi.
Mashrabning g’azallarida boshqa ko’pgina shoirlar g’azallarida ko’zga tashlanuvchi raqib obrazi deyarli yo’q.
Nogoh ko’rinib ko’zima dilbar boqa qoldi,
Burqa ko’tarib qoshini ul dam qoqa qoldi.
Ruhim eritib yoshirin, vah-vah, yuz i otash,
Ishq chaqmog’ini jonima, naylay, choqa qoldi.
Aydi: “Na tilarsan” Dedim: Sham’I jamoling”,
Ko’rsatdi yuz in, maqsud hosil bo’la qoldi…
Alisher Navoiydan so’ng o’tgan iste’dodli shoirlari ichida Boborahim Mashrabning ham ustoz Navoiy bilan bog’lanadigan jihatlari ko’pdir. U Navoiyning lirik va epik ijodidagi tasavvuf-naqshbandiylik qarashlarini o’z davri talablaridan, mafkuraviy g’oyalaridan kelib chiqib rivojlantirgan yana bir mutafakkir shoirlardan biridir. Chindan ham Mashrabning yaratuvchi Haq oldida Ka’bani ziyorat qilish, do’zaxu jannatning tashvishini tortish behuda ekanligi haqidagi isyonkorona:
Yorsiz ham bodasiz makkaga bormoq na kerak,
Qolgan Ibrohimdan ul eski do’konni na qilay.
matla’li g’azali bilan Navoiyning ikki asr ilgari yozilgan:
Gulshani kuyingdin ayru bog’i rizvonni netay?!
Boshima gar gul sochar – sensiz gulafshonni netay?!
matlali g’azali mazmunida, ruhida hamohanglik yaqqol ko’zga tashlanadi. She’rshunoslik ilmida badiiy tasvir jarayonida muayyan maqsad bilan mashhur tarixiy voqealar, adabiy asarlar, afsona va rivoyatlar, xalq maqollari, shaxs, qahramonlar nomiga ishora qilish san’ati ham mavjuddir. Bu talmih san’atidir. Jumladan, Mashrab ham turli munosabatlar bilan talmih san’atiga murojaat etadi:
Mansuri Hallojdek ichib sharobi antahur,
Charx urub yig’lab turarman ushbu dam dor oldida.
Mashrab she’rlari vaznlarni qo’llashdagi rang-barangligi, musiqaviyligi bilan ajralib turadi. U aruzning hazaj, rajaz, ramal, hafif, muzore va munsare bahrlaridagi xilma-xil vaznlarda she’rlar yozgan. Uning ko’p so’fiyona she’rlari shu vaznda yozilgan. Jumladan, quyidagi baytli g’azal hazaji musammani solim bahrida bitilgan.
Zihi rasvo / lig’im olam / ga soldi sho’ / ru shar paydo,
Nahangi no’h / falak daryo / si bo’ldi lo / hazar tanho.
Bu bayt vaznining ritmik sxemasi:
Mafoilun, mafoilun, mafoilun, mafoilun
V- - - V- - - V- - - V- - -
Demak, Mashrab she’rlari vazn, qofiya radiflarning juda boy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanish maktabi ham bo’la oladi. Shu bois, uning zamondoshlari, keyingi asrlarda yashab ijod etgan Huvaydo, Ravnaq, Uvaysiy, Muqimiy, Furqat, Haziniy kabi iste’dodli shoirlar uning boy ijodi xazinasidan bahra oldilar, uning g’azallariga naziralar, tazmin va muxammaslar bitish, xalqchil uslubi va poetik mahoratidan foydalanish orqali shoir an’analarini ijodiy davom ettirdilar.
Nazorat topshiriqlari:
1. “Qissai Shohmashrab” hamda “Mehribonim qaydasan?” adabiy manbalarini sinchiklab mutolaa qiling.
2. Mashrab g’azal va muxammaslaridagi oshiq obrazining botiniy sirlarini aniqlang va fikrlaringizni daftaringizga bayon eting.
3. Mashrab va Ofoqxo’ja munosabatlari haqidagi yangi fikrlarni o’zlashtiring.
4.“Mabdai nur” masnaviysining muallifligiga munosabatingizni bildiring.
|
| |