Katull. Miloddan avvalgi II asrning oxiri va I asrning kirishida boshlangan ichki ixtilof va urushlar natijasida Respublika tuzumin- ing muqarrar halok bo‘lishini sezgan ko‘pgina respublika tarafdor- lari, kurashni ortiq davom ettirish befoyda ekanligini tushunib, siyo- siy ishlardan o‘zlarini chetga oladilar. Rim jamiyatining oliy tabaqa- lari o‘rtasida xuddi ellinizm davrida bo‘lgani kabi, shaxsiy hayotga moyillik, ijtimoiy masalalarga aloqasi bo‘lmagan san’at va adabi- yotda ovunchoq axtarish kayfiyatlari kuchayib ketadi. Bu kayfiyat mazkur ijtimoiy guruh kishilari o‘rtasida maxsus adabiy oqimning tug‘ilishiga sabab bo‘ladi. Sitseron bu oqimga mansub adiblarni ne- oteriklar, ya’ni yangi shoirlar deb atagan.
Neoteriklar o‘z faoliyatlarida yolg‘iz ellinizm adabiyoti qonun- qoidalariga, ayniqsa bu davrning ulug‘ shoiri Kallimax ijodiga er- gashadilar. Binobarin, ular ham Kallimax singari doston, tragediya kabi yirik janrlarni inkor etib, faqatgina kichik hajmdagi asarlarni
epilliylar, epigrammalar, elegiyalarni targ‘ib qiladilar va o‘zlari ham muttasil shu janrlarda asar yozadilar. She’rning tashqi beza- giga, tilning nafisligiga, vaznning rango-rangligiga va, eng muhimi, qahramonlarning ruhiy kechinmalariga ortiq darajada e’tibor berish
neoteriklarning asosiy xususiyatlaridandir. Binobarin, lotin adabiy tilini taraqqiy ettirish, she’riyatni shu paytga qadar ko‘rinmagan yangi-yangi vaznlar bilan boyitish borasida ularning xizmatlari juda kattadir.
Neoteriklar harakatining rivojlangan vaqti eramizdan oldingi I asrning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Bu oqimning yirik namoyandalari Valeriy Katon, Litsiniy Kalv, Gelviy Sinna hamda Valeriy Katull bo‘lgan. Bularning ichida hammadan ko‘ra kengroq shuhrat tarat- gani va asarlari bizga qadar bir daraja to‘la holda yetib kelgani – Gay Valeriy Katulldir (87–54)
Shoirning shuhratini yer yuziga faqat uning lirik she’rlari hamda
epigrammalari yoygan.
Katullning lirik she’rlari, asosan, Klodiya degan rimlik go‘zal ayolga bag‘ishlangandir. Klodiya 58 yilda Sitseronning surgun qilin- ishini talab etgan atoqli xalq tribuni Klodiyning singlisi, senator Me- tellning rafiqasi bo‘lgan. Uning o‘zi ham zamonasining anchagina nozik tabiat, dono va o‘qimishli ayollaridan biri sifatida mashhur edi. Katull o‘zining she’rlarida ma’shuqasining ismini ochiq atamas- dan, Sapfoga nisbatan berib, ulug‘ yunon shoirasining yurti Lesbos nomiga monand Lesbiya deb ataydi.
Kvintiya go‘zalmish. Yo‘q. U faqat kelishgan. Oq yuzli va tik qomat. Bir-bir ta’riflay, ammo- Go‘zal demayman uni Kvintiya xush bichim, Lekin unda otash yo‘q, o‘t yo‘q dilni yoquvchi. Go‘zallik Lesbiyada. U barchani lol etgan, Barcha jononlar sehrin jam aylagan o‘zida.
(Erkin Vohidov tarjimasi)
Biz uning asarlari orasida ishq-muhabbat, yor-do‘stlik mavzu- larida yozilgan lirik she’rlar bilan bir qatorda, zamonasining ba’zi bir ijtimoiy voqealarini fosh etuvchi asarlarni ham uchratamiz. Re- spublika tuzumining kundan-kunga yemirilib borayotganini, axloq va odobning barbod bo‘layotganini ko‘rgan shoir, albatta, bu fa- lokatlarga beparvo qarab turolmaydi va butun nafratlarini she’rga solib, zamonasining nopok kishilari va, xatto, Pompey, Sezar kabi zo‘ravonlarni hamda ularning yaqin odamlarini sharmanda qiladi.
Shoir o‘zining zahrini hammadan ko‘ra ko‘proq Sezarning yirik
amaldori va hamtovog‘i Mamurraga sochadi.
Ikki ablah yaramas bo‘lmishlar apoq-chapoq Biri mushuk Mamurra, birisi suyuq Sezar.
Qorong‘uda topishgan bu ikki naxs vujudda Kir maishat, zinoning sira ketmas dog‘i bor.
(Erkin Vohidov tarjimasi)
Epigrammani kamolotga yetkazib, Rim poeziyasining maxsus janri darajasiga ko‘targan adib ham Katull bo‘lgan. Lotin tilida lirik poeziya yaratish tarixining o‘zi ham Katull nomi bilan bog‘liqdir. Katull o‘zidan oldin o‘tgan qalam ahllari singari ko‘hna tarix qa- tlamlarini axtarib, afsonaviy bahodirlarning sarguzashtlarini emas, balki o‘zining alam-sitamlari, sevinch va armonlarini qog‘ozga ko‘chirishni afzal ko‘radi. Shu yo‘sin shoir o‘zining hissiyotlarini tasvirlash orqali, umuman barcha odamlarga xos ruhiy holatlarni, ehtiroslar kurashini shu qadar noyob ustalik bilan ko‘rsatadiki, bu jihatdan antik dunyoda o‘tgan kamdan-kam lirik yozuvchilar Katull bilan tenglasha oladilar. Uning lirikasi nihoyatda rango-rang, iboralari sodda, sermazmun va badiiy tasvirga boydir.
|