|
Kompyuter tarmoqlari arxitekturasi va protokollari
|
bet | 120/222 | Sana | 15.05.2024 | Hajmi | 5,84 Mb. | | #236377 |
OSI/ISO modeli
1970-yillarning oxiriga kelib dunyoda ko‘p sonli xususiy aloqa protokollari steklari mavjud bo‘lib, ular orasida, masalan, DECnet, TCP/IP va SNA kabi mashhur steklarni eslatib o‘tish mumkin. Internet tarmog‘iga ulanishning bunday xilma-xilligi turli protokollardan foydalangan holda qurilmalarning nomuvofiqligi (mos kelmasligi) muammosiga olib keldi. O‘sha paytda ushbu muammoni hal qilishning bir usuli mavjud tizimlarning kamchiliklarini hisobga olgan holda, yaratilgan barcha tizimlar uchun yagona protokol stekiga
universal o‘tish edi. Aynan shu maqsadda OSI modeli ishlab chiqilgan. 1980-yillarning boshlarida bir qator xalqaro standartlashtirish tashkilotlari, xususan Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), ochiq tizimlarning o‘zaro ta’sirining standart modelini ishlab chiqdilar (Open System Interconnection, OSI). Ushbu model kompyuter tarmoqlarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi. OSI modeli, birinchidan, paketlar kommutatsiyasi tarmoqlarida tizimlarning o‘zaro ta’siri darajasini, ikkinchidan, standart daraja nomlarini va uchinchidan, har bir darajani bajarishi kerak bo‘lgan funksiyalarni belgilaydi. OSI modeli ma’lum bir protokol to‘plamining bajarilishini tavsiflamaydi.
Tarmoq protokoli – hisoblash tizimlarining tarmoq komponentlari orqali almashinayotgan xabarlarning shakli va ketma- ketligini belgilovchi rasmiy qoidalar majmui. Barcha protokollar to‘plami protokollar oilasi yoki protokollar steki deb nomlanadi.
Tarmoqning murakkabligi tufayli ishlatiladigan tarmoq protokoli modeli juda ko‘p miqdordagi mavhumlikni o‘z ichiga oladi. Zamonaviy tarmoqlar murakkab tizimdir: ular ko‘p sonli tarmoqlardan iborat bo‘lib, ularning har biri odatda har xil tarmoq texnologiyalaridan foydalangan holda turli xil aloqa qurilmalarida qurilgan va turli xil topologiyalarga muvofiq aloqa kanallari bilan bog‘langan. ISO aloqa modeli standartiga muvofiq aloqa tarmog‘i quyidagi asosiy yetti pog‘onalarga (qatlam, sath) bo‘linadi:
Fizik pog‘ona - signallarni uzatish uchun mexanik va elektr qurilmalar. Tarmoq aloqasining eng past darajasi hisoblanadi. Tarmoq qurilmalarini o‘z ichiga oladi - tarmoq kabellari, ulagichlar, konsentratorlar va boshqalar. Fizik aloqa kanallari orqali bit oqimini uzatishni amalga oshiradi.
|
| |