Garchi bu yo‘lning samaradorligi past bo‘lsa ham, bugungi kunda
u ta’lim jarayonida eng ko‘p qo‘llaniladigan yo‘l ekanligini qayd
qilamiz. Ikkinchi yo‘l shundan iboratki, ta’lim berayotgan kishi ting-
lovchining bilimlarini qo‘llash uchun zarur bo‘lgan psixik faoliyatni
boshqarib boradi.
Faoliyat turlari yana ongning bevosita ishtiroki darajasiga ko‘ra
ham farqlanadi. Masalan, shunday bo‘lishi mumkinki, ayrim harakat-
lar boshida har bir elementni jiddiy ravishda, alohida-alohida bajarili-
shi va bunga butun diqqat va ongning yo‘nalishini talab qiladi. Lekin
vaqt o‘tgach, bora-bora unda ongning ishtiroki kamayib, ko‘pgina
qismlar avtomatlashib boradi. Bu oddiy tilga o‘girilganda malaka
hosil bo‘ladi deyiladi. Masalan, har birimiz shu tarzda xat yozishga
o‘rganganmiz. Agar malakalarimiz qat’iy tarzda bizdagi bilimlarga ta-
yansa, faoliyatning maqsadi va talablariga ko‘ra harakatlarni muvaffa-
qiyatli bajarishni ta’minlasa, biz uni
ko‘nikmalar
deb ataymiz. Ko‘nik-
malar doimo bizdagi aniq bilimlarga tayanadi.
Hayotda ko‘nikma va malakalarning ahamiyati katta. Ular bizning
jismoniy va aqliy urinishlarimizni yengillashtiradi va o‘qishda, meh-
natda, sport sohasida va ijodiyotda muvaffaqiyatlarga erishishimizni
ta’minlaydi.