11
Bunga o‘xshash tamoyillar finikiyaliklarda ham uchrar edi. Finikiya
sifat nazoratchisi (auditori) belgilangan sifat talablaridan chetlashgan,
yo‘l qo‘ygan xato uchun boshqa qaytarilmasligining oldini olishi
maqsadida ishlab chiqaruvchining qo‘lini kesish jazosini buyurar edi.
Turkiyada shoh Boyazid II hukmronlik
davridagi qonunlarda
bo‘yoqlarning rangi, joylash, tovarlar sifati bo‘yicha turli farmonlar
chiqarilgan. Ba’zan bu farmonlarda muayyan qoidalarni buzganlik uchun
jazolar ham belgilanganligining shohidi bo‘lish mumkin.
Xitoy imperatorlari, ishlab chiqaruvchi
va tovarlarning keyingi
kuzatuvchanligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqaruvchilardan o‘z
tovarlariga muhr bosishlarini talab qilar edilar. Agar tovar qo‘yilgan
talablarga javob bermasa, jazo qo‘llanilardi (ko‘p hollarda o‘lim jazosi).
O‘sha davrlarda ham sifat va nav (sort) masalalariga jiddiy e’tibor
berilgan. U davrlarda buyum va tovarlar navlarga bo‘linmagan bo‘lsa
ham ishlab chiqilgan davlat, hudud, ba’zan ustaning nomi bilan bog‘lab
sotuvga chiqarilgan (Iroqi sovun, Eron gilami, Xitoy ipagi va h.k.).
Ishlab chiqaruvchilar sifat mehnat talab etishini,
kam mehnat bilan
yuqori darajadagi sifatga erishish mumkin emasligini yaxshi anglaganlar.
Ko‘pgina mamlakatlarda shiddatli iqtisodiy rivojlanish bilan bir
qatorda mahsulot sifati muammolariga nisbatan munosabatlar jiddiy
ijobiy tomonga o‘zgartirila
boshlanib, tabiiy fanlar bilan bir qatorda
sifatni boshqarishga ham ilmiy yondashila boshlangan.
1905-yilda birinchi sifatni boshqarish tizimi — Teylor tizimi paydo
bo‘ldi. U buyum (detal)lar sifatiga dopusklar ko‘rinishida talablarni
o‘rnatib, alohida olingan har bir buyumning sifatini boshqarish tizimini
yaratishga asos soldi. Teylor tizimini amalda muvaffaqiyatli ta’minlash
uchun sifat sohasida ilk mutaxassislar — inspektorlar
faoliyat olib bora
boshladilar.