Ta’lim to‘g‘risidagi qonunga muvofiq:
Ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organlari quyidagi vakolatlarga egadilar:
ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish; ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy masalalarda ularga rahbarlik qilish;
davlat ta’lim standartlari, mutaxassislarning bilim saviyasi va kasb tayyorgarligiga bo‘lgan talablar bajarilishini ta’minlash;
o‘qitishning ilg‘or shakllari va yangi pedagogik texnologiyalarni, ta’limning texnik va axborot vositalarini o‘quv jarayoniga joriy etish;
o‘quv va o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish va nashr etishni tashkil qilish; ta’lim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi va davlat ta’lim muassasalarida eksternat to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash;
davlat oliy ta’lim muassasasining rektorini tayinlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
pedagog xodimlarni tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni va qayta tayyorlashni tashkil etish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga egalik qilish.
Maktabga bevosita rahbarlik boshqarishning yuqori organlar tomonidan tayinlanadigan direktor tomonidan amalga oshiriladi.
Ta’lim muassasasi direktorining vazifasi quyidagilardan iborat:
davlat va jamoat tashkilotlari oldida ta’lim muassasasining manfaatlarini ifodalash;
o‘quv-tarbiya jarayonining muvaffaqiyatini ta’min etish;
o‘quv dasturlarining bajarilishini nazorat qilish, ta’lim-tarbiya ishlarining sifati va samaradorligi, bolalik va mehnatni muhofaza qilish talablarining rioya qilinishi, ta’lim muassasasidan tashqarida ma’naviyat ishlarini tashkil qilinishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
pedagogik va rahbar kadrlarni tanlab joy-joyiga qo‘yish, ularning vazifalarini belgilash, pedagogik kadrlar, kabinet va ustaxona mudirlarini belgilash, sinf va guruh rahbarlarini tanlash, pedagog va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni ishga qabul qilish hamda bo‘shatish;
ta’lim muassasasi pedagogik xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazuvchi komissiyaga rahbarlik qilish;
ta’lim muassasasi pedagogik xodimlarining ijodiy ishlari, ta’lim- tarbiyaning ilg‘or shakl va usullarini qo‘llashlari uchun shart-sharoitlarni yaratish
ta’lim muassasasiga ajratilgan moliyaviy mablag‘lar, sarf-xarajat hisobini yuritish;
ta’lim muassasasi me’yoriy hujjatlarining to‘g‘ri yuritilishini ta’minlash;
ta’lim muassasasi Pedagogik kengashi, mahalliy hokimlik organlari oldida o‘z faoliyati to‘g‘risida hisob berib turish.
Ta’lim muassasasi direktorining o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan quyidagi vazifalar bajariladi:
o‘quv haftasi va o‘quv mashg‘ulotlarining davomiyligini ta’minlash;
dars jadvalini tuzib chiqish, jadvalga binoan darslarning o‘z vaqtida samarali o‘tkazilishini ta’minlash;
har bir chorak oxirida, semestr davomida direktor va ta’lim muassasasi Pedagogik kengashi a’zolariga o‘quv jarayonining borishi xususidagi axborot va ma’lumotlarni berib borish;
yosh mutaxassislarga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish;
sinf va guruh jurnallarini to‘g‘ri yuritish va saqlanishiga javob berish;
o‘quvchilarning bilim darajasini reja asosida tahlil qilib borish;
o‘quvchilar tomonidan davlat dasturlarining bajarilishini ta’minlash va nazorat qilish.
Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari quyidagi vazifalarni hal qiladi:
ta’lim muassasasida o‘quvchilarning o‘z-o‘zini boshqarish, jamoat tashkilotlari, mahalla, ota-onalar bilan aloqani ta’minlash;
ta’lim muassasasi va undan yuqori miqyosda o‘tkaziladigan darsdan tashqari tadbirlarni rejalashtirish hamda amalga oshirish;
ta’lim muassasasi o‘quvchilarining sinf, guruh yoki ta’lim muassasasidan tashqari olib borayotgan mashg‘ulotlarini kuzatib borish, ularga amaliy va metodik yordam uyushtirish;
ta’lim muassasasidagi «Yoshlar yetakchisi»ning ishini nazorat qilish va unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish.
|