423
chiqaradi. Birinchisi – fan-texnika taraqqiyoti bilan bogʻliq
investitsiyalar, ikkinchisi – mahsulot va xizmatlarga boʻlgan talab-
ehtiyojning oʻzgarishi. Ular birgalikda iqtisodiy oʻsishga ta’sir etadi.
Mahsulotga talabning ortishi yoki kamayishi ishlab chiqarishni
kengaytirishni yoki qisqartirishni taqozo etadi. Bu oʻz navbatida
investitsiyalarni oʻzgartiradi. Talab ketidan investitsiyaning koʻpayishi
ishlab chiqarishdagi texnika va texnologiyani yangilaydi. Ammo ishlab
chiqarish haddan tashqari koʻpaysa, mahsulot turib qoladi, uni koʻproq
ishlab chiqarish zarurati boʻlmaydi, natijada uni qisqartirishga toʻgʻri
keladi. Ishlab chiqarishning texnikaviy yangilanishi vaqti-vaqti bilan
boʻlib turadi, shu sababli iqtisodiy oʻsish notekis yuz beradi. Iqtisodiy
oʻsish oʻrniga turgʻunlik yoki tushkunlik vaziyati kelib chiqadi, soʻng
ishlab chiqarish yana oʻnglanib ketadi. Texnika taraqqiyotining
shiddatiga qarab texnikaviy yangilanish muddati qisqaradi. Agar XIX
asrning 1-yarmida texnikaning yangilanishi, ya’ni mavjud texnikaning
tuzib boʻlinishi natijasida uning yangisi bilan almashtirilishi 12-15
yilda boʻlsa, XXI asrga kelib bu muddat 1-2 yilga tushib qoldi. Buning
ustiga talab-ehtiyoj ham tez yangilanadi. Shu boisdan oʻsish va
pasayishdan iborat tebranma harakat sikli (davri) ham qisqaradi.