13.4. Milliy hisobchilik haqida umumiy tushuncha
Bozor munosabatlariga davlatning aralashuvi obyektiv zarurat bo‘lishi bilan birga, u milliy iqtisodiyot va iqtisodiy tuzilmalar ahvoli va rivojlanish tendensiyalarini har taraflama ta’riflovchi statistik ko‘rsatkichlar tizimiga asoslangan mukammal milliy hisobchilikni yo‘lga qo‘yishni taqozo etadi, chunki aniq va to‘liq statistik axborotlarsiz na makroiqtisodiy tahlil hamda istiqbolni belgilash mumkin va na barqaror ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishni ta’minlaydigan makroiqtisodiy siyosatni davlat amalga oshira oladi.
Milliy hisobchilikni tub mohiyatini makroiqtisodiy balanslar tizimi belgilaydi. Ular makroiqtisodiy ko‘rsatkich va axborotlarni ishlab chiqishning asosiy uslubi hisoblanadi. Mazkur balanslar milliy hisoblamalar tizimi deb yuritiladi va bu atamani birinchi marta Gollandiyalik statistik Edvard Van Kliff tomonidan 1941 yilda “De Economist” jurnalida e’lon qilingan “Gollandiyaning milliy hisoblamalari (schet) haqida” maqolasida ishlatgan.
Milliy iqtisodiyotda ma’lum texnologik jarayonlar natijasida tovar va xizmatlar takror ishlab chiqariladi, moliyaviy resurslar daromad va xarajatlar shaklida harakat qiladi. Milliy hisobchilik mazkur makroiqtisodiy darajada kechadigan takror ishlab chiqarish jarayonlarini turli xil jihatdan bir butunlikda va uzviy bog‘lanishda tasvirlaydi.
Milliy hisoblamalar o‘zaro bog‘langan ko‘rsatkichlar tizimidan tarkib topib, ular milliy mahsulot va milliy daromadni yaratish, taqsimlash, qayta taqsimlash, iste’mol va jamg‘arish jarayonlarining turli jihatlarini yoritadi. Bu tizim iqtisodiy tahlil va istiqbolni belgilash uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Uning ko‘rsatkichlarida milliy iqtisodiyot taraqqiyoti, iqtisodiy sektor va tarmoqlarning rivojlanishi, ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanishlar, ishlab chiqarish, iste’mol va jamg‘arma orasidagi o‘zaro aloqalar o‘z ifodasini topadi.
Hisoblamalar iqtisodiy operatsiyalarni hisobga olish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa ham, ammo ularda birlamchi operatsiyalar bevosita qayd qilinmaydi. Balki dastlab ular mohiyati va xarakteri, ijrochi tomonlar-subyektlarning jamiyatdagi o‘rni va bajaradigan funksiyalariga ko‘ra tasniflanadi, bir xil turdagi oqimlarga birlashtiriladi, so‘ngra ushbu oqimlar tegishli hisoblamalarda qayd qilinadi.
Iqtisodiy oqimlar bir ijrochidan ikkinchisi tomon kechgani uchun ular ho‘jalik yurituvchi subyektlarning bir toifasi uchun daromad yoki kirim, ikkinchisi uchun esa xarajat yoki chiqim shaklida gavdalanadi va ularning tegishli ikkita hisoblamasida yoki bir faoliyat turi uchun bag‘ishlangan hisoblamaning ikki tomonida yozilib qayd qilinadi. Demak, bu yerda buxgalteriya hisobiga o‘xshab maqsadli hisoblamalarni yuritish va ikki yoqlama yozish usuli qo‘llanadi. Shuning uchun milliy hisobchilikni makroiqtisodiy darajada yuritiladigan buxgalteriyaga o‘xshatish mumkin.
Milliy hisoblamalarda mamlakatda ishlab chiqarilgan pirovard tovar va xizmatlar oqimlari ishlab chiqaruvchilardan tovar bozori orqali iste’molchi uy ho‘jaliklariga, ulardan ishlovchi kuchlar va boshqa tabiiy resurslar tovar oqimlari sifatida omillar bozori orqali ishlab chiqaruvchilar tomon harakati va bu jarayonga qarama-qarshi yo‘nalishda daromadlar va xarajatlar oqimlari kyechishi miqdoriy jihatdan tasvirlanadi.
1953 yilda BMT birinchi xalqaro andozaviy (standart) MHT buyuk ingliz statistigi Richard Stoun rahbarligi ostida BMT statistika komissiyasi tomonidan yaratildi va foydalanish uchun a’zo mamlakatlarga tavsiya etildi. Ammo bu xalqaro standart tizim milliy mahsulot va milliy daromadlarni takror ishlab chiqarish jarayonlarini aks ettirib, moliyaviy hisoblamalar bilan tarmoqlararo bog‘lanishlarni va iqtisodiyotni texnologik tuzilishini o‘z ichiga olmadi. 1968 yilda BMT ikkinchi andozaviy (standart) MHT yaratildi. Uning asosida 1969 yilda Ovrupa hamjihatligiga a’zo mamlakatlari uchun birinchi Ovrupa integrallashtirilgan iqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimi tasdiqlandi. Bu xalkaro standartlar asosiy hisoblamalar bilan uyg‘unlashtirilgan moliyaviy hisoblamalar va V.Leontev “Xarajatlar-ishlab chiqarish” jadvallari bilan to‘ldirilgan edi.
Keyingi chorak asr mobaynida turli mamlakatlarda milliy hisobchilik sohasida olib borilgan ilmiy ishlar, to‘plangan amaliy tajribalar umumlashtirilib 1993 yilda uchinchi BMT xalqaro andozaviy (standart) MHT yaratildi. Uning asosida esa 1995 yilda ikkinchi Ovropa integrallashtirilgan iqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimi bunyod bo‘ldi.
Yangi BMT standart MHT-93 700 sahifaga yaqin va 21 bobdan iborat bo‘lib, o‘z ichiga 600 ga yaqin hisoblamalarni oladi. Ular quyidagilardan tarkib topadi:
-ayrim ichki iqtisodiyot sektorlari uchun standart hisoblamalar;
-iqtisodiyot tarmoqlari uchun hisoblamalar (ishlab chiqarish va birlamchi daromadlarni hosil qilish);
-ayrim iqtisodiy operatsiya turlari uchun hisoblamalar;
-tashqi iqtisodiy aloqalar uchun hisoblamalar;
-butun iqtisodiyotni to‘laligicha ta’riflovchi hisoblamalar;
-mamlakat iqtisodiy aktivlari va passivlari balanslari;
-tarmoqlararo balanslar (V.Leontev “Xarajatlar - ishlab chiqarish” jadvallari);
-umumiy jadvallar.
13.5. Asosiy hisoblamalar va kategoriyalar
Milliy hisoblama (schet) deb iqtisodiy jarayonlar ustidan makrodarajada nazorat qilish maqsadida iqtisodiy operatsiyalarni tavsiflab, tovar va xizmatlar, daromad va xarajatlar oqimlari haqidagi ma’lumotlar asosida agregatlashgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni olish usuliga aytiladi. Shakl jihatidan u buxgalteriyadagi hisoblamalarga o‘xshaydi va T-simon ko‘rinishga ega. Odatda hisoblamalarning o‘ng tomoni “resurslar”, chap tomoni esa “foydalanish” deb ataladi va ularda tegishli ma’lumotlar yoziladi. Har bir hisoblamada resurslar va ulardan foydalanish tomoni bir-biriga teng bo‘lishi lozim. Ularni balanslashtirishning ikkita usuli bor. Ko‘pchilik hisoblamalarda bu amal balanslashtiruvchi modda - saldo ko‘rsatkich yordamida bajariladi, so‘ngra bu ko‘rsatkich keyingi hisoblama resurs qismida boshlang‘ich modda bo‘lib xizmat qiladi. Ayrim hisoblamalar esa tabiiy holda balanslashadi, ya’ni resurs va foydalanish tomonlarida qayd qilinadigan iqtisodiy oqimlar tabiati ularning jamlari mohiyat jihatidan bir-biriga teng muvozanatda bo‘lishini taqozo etadi. Bunday hisoblamalar kategoriyasiga misol qilib, “tovar va xizmatlar” deb ataluvchi nolinchi hisoblamani ko‘rsatish mumkin.16
MHTda hisoblamalar turli jihatdan tasniflanadi. Ular quyidagi guruhlardan tarkib topadi:
-iqtisodiyot sektorlari uchun hisoblamalar;
-iqtisodiyot tarmoqlari uchun hisoblamalar;
-ayrim iqtisodiy operatsiyalar uchun hisoblamalar;
-umumiy iqtisodiyot uchun hisoblama (konsolidirlashgan hisoblamalar);
Iqtisodiyot sektorlari uchun hisoblamalar o‘z navbatida quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
-joriy hisoblamalar;
-jamg‘arish hisoblamalari;
-aktiv va passiv balanslari;
Joriy hisoblamalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
-ishlab chiqarish hisoblamasi –s.1;
-daromadlarni hosil qilish hisoblamasi –s.2;
-daromadlarni birlamchi taqsimlash hisoblamasi –s.3;
-pul shaklidagi daromadlarni qayta taqsimlash hisoblamasi –s.4;
-pulda ifodalangan ixtiyordagi daromadlardan foydalanish hisoblamasi –s.5;
-natural daromadlarni qayta taqsimlash hisoblamasi –s.6;
-tuzatish kiritilgan ixtiyordagi daromaddan foydalanish hisoblamasi –s.7.
Jamg‘arish hisoblamalari quyidagilardan iborat:
-kapital bilan operatsiyalar hisoblamasi –s.8;
-moliyaviy hisoblamalar –s.9;
-aktiv va passivlardagi boshqa o‘zgarishlar hisoblamasi –s.10:
-aktiv va passivlarni qayta baholash hisoblamalari –s.11.
Aktiv va passivlar balanslari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
-aktiv va passivlarni boshlang‘ich (davr boshiga) balansi;
-hisobot davri mobaynida aktiv va passivlar balansidagi o‘zgarishlar;
-yakuniy (davr oxiriga) aktiv va passivlar balansi.
Hisoblamalarda jamlama iqtisodiy operatsiyalar qayd qilinadi.
MHTda iqtisodiy operatsiya va oqimlar ikki jihatdan - real va moliyaviy jihatdan qaraladi. Birinchi xolda nima ishlab chiqarilishi, ikkinchisida esa - pul shaklida nima o‘z ifodasini topishi va bozorda qanday to‘lov vositalari yordamida ayriboshlanishi nazarda tutiladi. Iqtisodiy operatsiyalar tahliliga bunday yondashish keyinchalik xalq xo‘jaligida moddiy va moliyaviy oqimlar harakatini chegaralash va o‘rganish imkonini beradi.
Operatsiyalar bajaradigan funksiyasiga qarab joriy va kapital operatsiya(oqim)larga bo‘linadi.
Joriy operatsiyalar - bu joriy (kundalik) iqtisodiy faoliyatga tegishli operatsiyalar bo‘lib, ular bevosita tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish, daromadlar barpo etish, taqsimlash va iste’mol qilish jarayonlari bilan bog‘liqdir.
Kapital operatsiyalar - bu real va pul shaklida jamg‘arish bilan bog‘liq bo‘lgan oqimlar to‘plamidir, ular mavjud milliy boylikka yangi boylik qo‘shadi.
Operatsiyalar obyektiga qarab uchta turga ajraladi:
-tovar va xizmatlar bilan operatsiyalar;
-daromadlarni taqsimlash operatsiyalari;
-moliyaviy operatsiyalar.
Birinchi toifadagi operatsiyalar tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish, eksporti va importi, iste’mol qilish va jamg‘arish jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lgan oqimlarni shakllantiradi. Ular ishlab chiqarish, iste’mol, kapital yaratish va tashqi dunyo hisoblamalarida qayd qilinadi.
Ikkinchi toifadagi operatsiyalar birlamchi daromadlarni hosil qilish, pul va naturada taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonlarini aks ettiradi. Ular qatoriga ish haqi, ijtimoiy ta’minot uchun ajratmalar, ishlab chiqarish va import uchun soliq, subsidiyalar, mulkdan olingan daromad (foizlar, dividendlar, yer rentasi va h.k), daromad, mulk va boshqa joriy soliqlar, nafaqa to‘lovlari, joriy va kapital transfertlar va h.k. kiradi. Bu operatsiyalar birlamchi daromadlarni barpo etish (shakllanishi) pul va natural daromadlarni taqsimlash va qayta taqsimlash va qisman kapital yaratish hisoblamalarida qayd qilinadi.
Uchinchi toifadagi operatsiyalar mavjud moliyaviy aktivlar yoki majburiyatlarni ayriboshlash yoki bunday aktivlar yoki majburiyatlarni shakllantirish yoki yo‘q qilish (o‘chirish) jarayonlarini aks ettiradi. Ular moliyaviy hisoblamalarda qayd qilinadi. Ammo bu hisoblamalarda moliyaviy operatsiya tabiatiga ega bo‘lmaydigan boshqa pul operatsiyalari ham qayd qilinadi. Jumladan, tovar yoki nomoliyaviy aktivlarga egalik (mulkchilik) xuquqini birovga berish, xizmatlar ko‘rsatish, mehnat sarflari va h.k. bilan bog‘liq bo‘lgan pul operatsiyalari bo‘yicha korrespondentsiyalashtiruvchi yozuvlar o‘z ifodasini topadi.
MHTda milliy iqtisodiyotning tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shakllari jihatidan tuzilishi, ularning makroiqtisodiy natijalar shakllanishiga qo‘shgan hissalari va o‘zaro bog‘lanishlari alohida tahlil qilinadi.
Institutsional birlik deganda tashkiliy-huquqiy jihatdan to‘la mustaqil bo‘lgan ho‘jalik yurituvchi subyekt nazarda tutiladi. U o‘zining aktiv va passivlariga (mulki va sarmoyasiga) ega bo‘lib, iqtisodiy faoliyatda ulardan foydalanish masalalari bo‘yicha mustaqil qatorlar qabul qiladi, boshqa subyektlar bilan operatsiyalar amalga oshiradi va natijalari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi, barcha zaruriy hisob-kitoblarni yuritadi, moliyaviy hisobotlar va balanslarni tuzadi.
Hozirgi kunda institutsional birliklar ho‘jalik yurituvchi subyektlar va jismoniy shaxslardan iboratdir. Uy ho‘jaliklari ayrim shaxslar yoki bir xonadonda yashab umumiy budjetga ega bo‘lgan kishilar to‘dasidan tashkil topadi.
Ho‘jalik yurituvchi subyektlar qatoriga turli tashkiliy-huquqiy shakllardagi korporativ va xususiy korxonalar, davlat korxonalari, markaziy va tijorat banklari, savdo tashkilotlari, sug‘urta uyushmalari, davlat boshqaruv tashkilotlari, uy ho‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi notijorat muassasalari (diniy va siyosiyfirqa tashkilotlari, kasaba uyushmalari, fondlar) va h.k. kiradi. Ular turli iqtisodiy maqsadlarni ko‘zlab faoliyat qiladi va funksiyalarni bajaradi. Bu esa iqtisodiyotni sektor va sektor ostilarga bo‘lish uchun nazariy-uslubiy asos yaratadi.
Iqtisodiy sektor - MHTning muhim kategoriyasidir va shu bilan birga u tizimning tuzilish poydevori hisoblanadi.
Institutsional birliklarni harakatlantiruvchi kuchlar va iqtisodiy rag‘batlantiruvchi omillar turli-tuman bo‘lib, ularning iqtisodiy tabiatini belgilaydi. Sektor va sektor ostilari tabiatan bir xil turdagi kuch va omillarga ega bo‘lgan birliklarni birlashtiradi. Institutsional birliklar amalga oshiradigan asosiy iqtisodiy faoliyat turi va operatsiyalariga qarab sektor va sektor ostilarni barpo etadi.
1993 yil xalqaro andozaviy MHTda milliy (ichki) iqtisodiyot beshta sektorga ajratiladi:
nomoliyaviy korporativ sektor;
moliyaviy korporativ sektor;
davlat boshqaruv organi;
uy ho‘jaliklari sektori;
uy ho‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi notijorat tashkilotlari sektori.
Nomoliyaviy korporativ sektorning asosiy funksiyasi tovar va xizmatlarni bozor uchun ishlab chiqarishdan iborat.
Moliyaviy korporativ sektorning asosiy funksiyasi moliyaviy vositachilikni bajarishdir. Ya’ni ayrim subyektlarni mablag‘larini qarz tarzida jalb qilib, boshqa subyektlarga moliyaviy ehtiyojlarini qondirish uchun ma’lum muddatga qarzga berish. Bu sektor iqtisodiyot rivojlanishini moliyalashtirishda muhim rol o‘ynaydi. Uning tarkibiga banklar tizimi, sug‘urta jamiyatlari va muassasalari, ixtisoslashgan moliyaviy tashkilotlar kiradi.
Davlat boshqaruv sektorining asosiy funksiyasi mamlakatni boshqarish va mudofaa qilish, inson huquqlarini ta’minlashdan iborat. Uning tarkibida umumdavlat ijro qonunchilik va uning ijrosi bilan shug‘ullanuvchi umumdavlat boshqaruv tashkilotlari, mudofaa idoralari va muassasalari, viloyat va mahalliy hokimiyatlar, nobozor jamoa xizmatlarini ko‘rsatuvchi muassasalar, harbiy kemalar, tanklar, qurol-aslahalar, o‘q-dorilar, qiruvchi samolyotlar, raketalar va ular uchun qurilmalar ishlab chiqaruvchi korxonalar, ijtimoiy ta’minot fondlari va boshqalar kiradi.
Uy ho‘jaliklari sektorining asosiy funksiyasi tovar va xizmatlarni iste’mol qilish va ishlovchi kuchlar (tadbirkorlikni ham qo‘shib) bilan iqtisodiyotni ta’minlash.
Uy ho‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi notijorat tashkilotlar sektori aholining ayrim guruh yoki qatlamlariga pul to‘lovsiz xizmat ko‘rsatuvchi notijorat tashkilotlaridan tarkib topadi. Ular qatoriga siyosiy firqalar, diniy uyushma va birlashmalar, ijodkorlar (yozuvchi, bastakor, musavvir va h.k) uyushmalari, turli fondlar kiradi.
Bundan tashqari, mamlakatlar rezidentlari bilan norezidentlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalardan olingan daromadlarni aniqlash maqsadida “boshqa jahon mamlakatlari” sektori barpo etiladi va u barcha norezident institutsional birliklardan tarkib topadi.
13.6. Milliy hisobchilikning muhim makroiqtisodiy yakuniy va tahliliy ko‘rsatkichlari.
Milliy hisoblamalar tizimida iqtisodiyot va uning sektorlarining turli tomonlarini o‘zaro bog‘lanishda yoritib beruvchi ko‘rsatkichlar tizimi o‘z ifodasini topadi. Ularni shartli ravishda uchta guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruh har bir hisoblamaning resurs va foydalanish qismlarida qayd qilinadigan to‘plama iqtisodiy operatsiyalarni ta’riflovchi ko‘rsatkichlardan tarkib topadi. Odatda ular joriy statistika ma’lumotlariga asoslanadi. Masalan, iqtisodiyot tarmoqlarida bandlarga hisoblangan mehnat haqi, sektorlarda ishlab chiqarilgan yalpi mahsulot hajmi (bozor baholarida), ishlab chiqarish vositalari sifatida korxonalar va tarmoqlardan iste’mol qilingan tovar va xizmatlar (oraliq iste’mol) va h.k.
Ikkinchi guruh hisoblamalarini balanslashtiruvchi ko‘rsatkichlardan iborat bo‘lib, ular milliy iqtisodiyot va sektorlar faoliyatining natijalarini turli jihatdan oydinlashtiradi. Ular makroiqtisodiy yakuniy ko‘rsatkichlar deb yuritiladi. Masalan, yalpi va sof ichki mahsulot, yalpi qo‘shilgan qiymat, yalpi va sof milliy daromad, pirovard iste’mol hajmi, jamg‘arma hajmi va h.k.
Uchinchi guruh ko‘rsatkichlari milliy hisobchilikning birinchi va ikkinchi guruh ko‘rsatkichlari asosida hisoblanib, bozor jarayonlarining turli jihatlarini oydinlashtiradi va ular iqtisodiy tahlil qilishda qo‘llanadi.
13.6.1. Eng muhim makroiqtisodiy yakuniy ko‘rsatkichlar
Bu ko‘rsatkichlar milliy iqtisodiyot va institutsional birliklar (ya’ni ho‘jalik yurituvchi subyektlar) faoliyatining pirovard natijalarini turli jihatdan ta’riflaydi. Ular odatda ayrim hisoblamalarni balanslashtirish natijasida hosil bo‘ladi va resurs qismi jamlamasidan foydalanish qismida qayd qilingan unsurlar haqidagi ma’lumotlar yig‘indisini ayrish orqali aniqlanadi. Bu toifadagi eng muhim makroiqtisodiy yakuniy ko‘rsatkichlar quyidagilardan iborat:
1. Yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish hisoblamasining balanslashtiruvchi ko‘rsatkichi bo‘lib, bozor baholarida hisoblangan (mahsulot uchun sof soliqlarni ham inobatga olib) yalpi ishlab chiqarish hajmidan (7947 mlrd. $) oraliq iste’molni (3775 mlrd. so‘m ) ayirish natijasidir, ya’ni, 7947-3775=4778 mlrd. so‘m. Ayrim sektor va tarmoqlar uchun bu ko‘rsatkich yalpi qo‘shilgan qiymat deb yuritiladi. Uni sof holda ham hisoblash mumkin, bu holda yalpi ichki mahsulotdan asosiy kapital iste’moli (yemirilish qiymati) ayriladi.
2. Yalpi foyda va unga tenglashtirilgan daromadlar. Bu ko‘rsatkich daromadlarni hosil qilish hisoblamasini balanslashtirish natijasidir. U yalpi ichki mahsulotdan (4778 mlrd. $) mehnat haqi (2583 mlrd. $) va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha (mahsulot uchun soliqlar 606 va boshqa soliqlar: -5 mlrd. $), soliqlarni sof holda (subsidiyadan tashqari) hisoblab, ayrish orqali aniqlanadi, ya’ni, 4778-606-(-5)=1594 mlrd. $. Agarda yalpi foyda va unga tenglashtirilgan daromadlardan asosiy kapital iste’moli chiqarib tashlansa, sof foyda va unga tenglashtirilgan daromadlar hosil bo‘ladi.
3. Yalpi milliy daromad. Birlamchi daromadlarni taqsimlash hisoblamasini balanslashtirish natijasida hisoblanadi. Hisoblamaning jami resurslaridan (yalpi foyda va unga tenglashtirilgan daromadlar 1594 mlrd. $ mamlakat rezidentlari uchun mehnat haqi 2573 mlrd. $, olingan ishlab chiqarish va import uchun sof soliqlar – 596, olingan mulkdan daromadlar 1400 mlrd. $ to‘langan mulk daromadlari (1416 mlrd. $) ayriladi. Ya’ni 1594+2573+596+1400-1416=4747 mlrd. $. Bu ko‘rsatkich ichki iqtisodiyot uchun rezidentlar nuqtai nazaridan hisoblanadi, yalpi ichki mahsulot esa mamlakat iqtisodiy hududida mehnat qilgan rezidentlar va norezidentlar nuqtai nazaridan aniqlanadi. Demak, bu ko‘rsatkichlar orasidagi oraliq tashqi iqtisodiy aloqalarda rezidentlar qatnashuvi bilan ichki iqtisodiyotda norezidentlar faoliyati natijasida yuzaga chiqadi. Iqtisodiyot sektorlari va tarmoqlarida yaratilgan yalpi milliy daromad yalpi birlamchi daromad deb ataladi.
4. Yalpi ixtiyordagi milliy daromad. Daromadlarni ikkilamchi taqsimlash natijasida hisoblamasining balanslashtirish natijasida hosil bo‘ladi. U bu hisoblamaning jami resurslaridan (yalpi milliy daromad – 4747 mlrd. $, olingan transfertlar – 2915 mlrd. $, ya’ni, daromad, mulk va boshqa to‘g‘ri soliqlar, ijtimoiy ta’minot va jamg‘armalarga ajratmalar va h.k. jami) foydalanish elementlari (to‘langan transfertlar – 2914 mlrd. $, ya’ni, to‘langan nafaqalar, stipendiyalar, yordam to‘lovlari ayirish orqali hisoblanadi. 4747+2915-2914=4748 mlrd. $.
5. Haqiqiy pirovard iste’mol. Ixtiyordagi daromadlardan iste’mol uchun foydalanish hisoblamasining foydalanish qismidagi muhim ko‘rsatkichdir. U iste’molchilarning iste’mol tovarlari va xizmatlarni xarid qilish xarajatlar (2702 mlrd. $) va davlat tomnidan iste’mol tovarlari va xizmatlarini xarid xarajatlaridan (1156 mlrd. $) tarkib topadi, ya’ni 2702+1156=3858 mlrd. $. Ular shaxsiy pirovard iste’mol (3413 mlrd. $) va umumjamoa pirovard iste’molni (445 mlrd. $) shakllantiradi va natijada haqiqiy pirovard iste’molni aniqlash imkoniyatini beradi (3413 +445=3858 mlrd. $).
6. Yalpi jamg‘arma. Ixtiyordagi daromadlardan iste’mol uchun foydalanish hisoblamasini balanslashtirish natijasidir. Yalpi ixtiyordagi daromaddan (4748 mlrd. $) pirovard iste’molni (3858 mlrd. $) ayrish orqali aniqlanadi, ya’ni 4748-3858=890 mlrd. $. Yalpi jamg‘armadan (890 mlrd. $) asosiy kapital iste’soli (589 mlrd. $) chiqarib tashlansa, sof jamg‘arma hosil bo‘ladi, ya’ni 890-589=301 mlrd. $.
7. Investitsiyalar. Kapital bilan operatsiyalar hisoblamasining foydalanish qismidagi muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. ular asosiy kapital o‘sishi uchun kapital qiymatlardan (905 mlrd. $), moddiy zaxiralarni to‘ldirish (yoki kamayishidan) (-16 mlrd. $), yer va boshqa noishlab chiqarish aktivlarini sof xarididan tarkib topadi. 905-16=889 mlrd. $.
8. Sof kreditlash yoki qarz olish. Kapital bilan operatsiyalar hisoblamasini balanslashtirish natijasida hisoblanadi. Ya’ni, investitsiyalar (889 mlrd. $) asosiy kapital yemirilishi qiymati (amortizatsiya 589 mlrd. $) bilan sof jamg‘arma (301 mlrd. $) hamda sof kapital transfertlar (-3) hisobiga moliyalashtiriladi. Ammo amalda resurslar investitsiyalar uchun foydalanishdan kam yoki ortiq bo‘lishi mumkin. Natijada sof qarz olish (yoki sof kreditlash) hosil bo‘ladi, ya’ni 589+301-3-889=-2 mlrd. $. Bu ko‘rsatkich moliyaviy hisoblamani balanslashtiruvchi ko‘rsatkichga teng bo‘lishi kerak.
9. Iqtisodiy aktivlar. Mamlakat boyligini belgilaydi. Ular real (nomoliyaviy) va moliyaviy aktivlardan tarkib topib, aktivlar va passivlar balanslari asosida aniqlanadi.
13.6.2. O‘rtacha moyillik ko‘rsatkichlari
Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiyot subyektlarining u yoki bu iqtisodiy faoliyat yoki hodisalarni amalga oshirish uchun qanchalik moyil ekanligini ta’riflaydi. Ular odatda ayrim hodisa yoki faoliyat turi natijasini barcha hodisalar yoki faoliyat turlarining umumiy yakuni bilan solishtirishdan hosil bo‘ladi va, demak, undagi hissani aniqlaydi. Masalan, mamlakat yalpi ichki mahsulotida sanoat yoki qishloq xo‘jaligining hissasi bunga misol bo‘la oladi. Bu ko‘rsatkichni hisoblayotganda milliy iqtisodiyot yoki tarmoqning xususiyatlarini e’tiborga olish kerak. Agarda unda yakka hokimlik singari salbiy iqtisodiy voqea o‘rin olsa, u o‘rtacha moyillik koeffitsiyenti shakllanishiga ham kuchli ta’sir etadi. Masalan, Saudiya Arabistoni iqtisodiyotida neft qazib olish katta o‘rin egallaydi va uning hajmi yil sayin tebranib turadi. Shuning uchun xalqaro standart mazkur mamlakat yalpi ichki mahsulotida sanoat hissasini aniqlayotganda neft qazib olishni (sanoat qo‘shilgan qiymatida ham, yalpi ichki mahsulot umumiy qiymatida ham) hisobga olmaslikni tavsiya etadi. O‘zbekiston sanoati va milliy iqtisodiyotida paxta tozalash sanoati xuddi shunga o‘xshash mavqe’ga ega. Respublika qishloq xo‘jaligida paxta yakka hokimligini bartaraf qilish maqsadida uning ekin maydoni keyingi yillarda ancha qisqartirildi. Natijada paxta tozalash sanoati rivojlanishi susaydi, bu esa yalpi ichki mahsulot tarkibiy tuzilishiga beso‘z ta’sir qiladi. Shu sababli O‘zbekiston iqtisodiyotini sanoat faoliyatiga yoki qishloq xo‘jaligiga o‘rtacha moyillik koeffitsiyentlarini paxta tozalash sanoatini hisobga olmasdan aniqlash xalqaro standartlarga muvofiq bo‘ladi.
O‘rtacha moyillik koeffitsiyentlari real iqtisodiyot natijalarini, talab va taklif tuzilishini, makro darajada moliyaviy faoliyat va banklar faoliyati natijalarini, davlat budjeti daromadlari va xarajatlarini, pul muomalalarini tahlil qilishda keng qo‘llanadi. Ular yordamida yalpi ichki mahsulot tarmoqiy tuzilishi, pirovard iste’mol turlari jihatidan talab tuzilishi, ho‘jalik yurituvchi subyektlar va aholi soliqlar to‘lashga moyilligi, davlat budjetining turli xarajatlarga va taqchillikka moyilligi, tijorat banklari va korxonalarning qarzlarni to‘lovi va likvidlikka moyilligi va boshqa masalalar tadqiq etiladi.
Bu toifadagi ko‘rsatkichlarning eng muhimlari sifatida quyidagi koeffitsiyentlarni ko‘rsatish mumkin:
1. Istemolga o‘rtacha moyillik koeffitsiyenti yalpi ichki mahsulotda pirovard iste’mol hissasini aniqlaydi. Masalan, 2004 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 12189,5 mlrd.so‘m, pirovard iste’mol uchun xarajatlar 8386,4 mlrd.so‘mni tashkil etgan. Demak, iste’molga o‘rtacha moyillik darajasi 68,8% (2886,4*100/12189,5). Taqqoslash uchun eslatib o‘tamiz, bu koeffitsiyent 1995y-72,9%, 1996y-77,3%, 1997y-81,3%, 1998y-83,5%, 1999y-82,7% bo‘lgan. 2000 yil – 80,6%, 2002 – 78,2 %, 2003 – 73,11.
2. Jamg‘arma o‘rtacha moyillik koeffitsiyenti, yalpi ichki mahsulotda kapital (sarmoya) jamg‘arish hissasini ko‘rsatadi. Eksprot va import balanslashgan holatda bu ko‘rsatkich iste’molga o‘rtacha moyillik darajasini birgacha (100 foizgacha) to‘ldirmasi hisoblanadi. Masalan, 2004 yilda O‘zbekistonda yalpi kapital jamg‘armasi 2913,3 mlrd.so‘m, demak, uning yalpi ichki mahsulotda hissasi 23,9% (2913,3*100/12189,5) tashkil etgan. Taqqoslash uchun 2000y-19,5%, 2002y-11,0%, 2003y-20,7%.17 Keltirilgan ma’lumotlarga binoan, O‘zbekiston iqtisodiyotida iste’molga va jamg‘armaga o‘rtacha moyillik koeffitsiyentlari yig‘indisi 100%ga teng emas, chunki ayrim yillarda eksprot importdan ko‘p, boshqa yillarda kam bo‘lgan.
3. Ho‘jalik yurituvchi subyektlar va aholining soliqlar to‘lashga o‘rtacha moyillik koeffitsiyenti, yalpi ichki mahsulotga nisbatan soliq to‘lovlari (yoki budjet daromadlari) necha foizni tashkil etishini ko‘rsatadi. Masalan, 2004 y. O‘zbekiston davlat budjeti daromadlari (soliq va boshqa to‘lov hamda tushumlar) 2741,5 mlrd.so‘m bo‘lgan, demak, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 22,6% (2741,5*100/12189,5) tashkil etgan. Taqqoslash uchun 2000y-28,0%, 2002y-23,8%, 2003y-23,8%, 2005y-22,0%.18
4. Davlat budjetining xarajatlarga o‘rtacha moyillik koeffitsiyenti, budjet xarajatlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan qancha foiz tashkil etishini belgilaydi. Masalan, O‘zbekiston davlat budjeti xarajatlari 2004 yil 2791,8 mlrd.so‘m yoki yalpi ichki mahsulotdan 22,9% (2791,8*100/12189,5) iborat bo‘lgan. Taqqoslash uchun 2000y-29,5%, 2002y-25,8%, 2003y-24,6%, 2005y-22,0%.19
5. Davlat budjetining taqchillikka o‘rtacha moyillik koeffitsiyenti, budjet taqchillikka qanchalik moyilligini ta’riflaydi. Budjet umumiy xarajatlari bilan daromadlari orasidagi farqni yalpi ichki mahsulotga bo‘lishdan bu ko‘rsatkich hosil bo‘ladi. Masalan, O‘zbekiston davlat budjeti xarajatlari 2004 yilda daromadlardan 42,3 mlrd.so‘m ko‘p bo‘lgan. Demak, budjetning taqchillikka moyillik darajasi -0,4% (42,3*100/12189,5)ni tashkil etgan, vaholanki 2000y-1%, 2002y-0,8%, 2003y-0,4%, 2005y-0,6%.
6. Mamlakat moliya-kredit tizimining ishchanlikka o‘rtacha moyillik koeffitsiyenti, yil oxiriga bo‘lgan M2-pul agregatining yalpi ichki mahsulotga nisbatidan hosil bo‘ladi.20 M2 pul agregati iqtisodiy muomaladagi naqd pullar nodavlat sektori tomonidan bank tizimiga qo‘yilgan yo‘qlab olinuvchi depozitlar va muddatli hamda jamg‘arma depozitlarni o‘z ichiga oladi. Likvidlikka moyillik koeffitsiyent tez suratlar bilan ortsa, likvidlik haddan tashqari ko‘p barpo etilishi natijasida iqtisodiyotga inflyatsion bosim kuchayishidan darak beradi. Undan moliya-kredit tizimi orqali kapitalni safarbar qilish darajasini ta’riflovchi ko‘rsatkich sifatida ham foydalaniladi.
7. Eksportlashtirishga o‘rtacha moyillik koeffitsiyenti, iqtisodiyotning tovar va xizmatlarni boshqa mamlakatlarga sotishga moyillik darajasini ko‘rsatadi va eksport hajmini yalpi ichki mahsulot bilan solishtirishdan hosil bo‘ladi. Masalan, 2004 yilda O‘zbekiston eksporti (FOB) 4853,0 mln.AQSh dollari, yalpi ichki mahsulot esa ayriboshlash kurslarida 11521,3 mln. AQSh dollarini tashkil etgan edi, demak, eksportga o‘rtacha moyillik darajasi 42,1% (4853,0*100)/11521,3) bo‘lgan. Taqqoslash uchun bu ko‘rsatkich 2000y-23,7%, 2002y-30,9%, 2003y-37,1%.
8. Importlashtirishga o‘rtacha moyillik koeffitsiyenti, iqtisodiyotning tovar va xizmatlarni chet eldan keltirishga moyillik darajasini aniqlaydi, import hajmini yalpi ichki mahsulot bilan taqqoslash natijasidir. Masalan, 2004 yilda O‘zbekiston importi (FOB) 3816,0 mln.AQSh dollaridan iborat bo‘lgan, demak, importga o‘rtacha moyillik darajasi - 33,1% (3816,0*100)/11521,3), 2000y-38,3%, 2002y-47,2%, 2003y-30,8%.
Importlashtirishga moyillik koeffitsiyenti eksportlashtirishga moyillik koeffitsiyenti bilan taqqoslama bo‘lishi uchun, ularni hisoblashda eksport va import hajmi bir xil baholarda, masalan FOBda ifodalanishi kerak.
13.6.3. Chegaraviy moyillik ko‘rsatkichlari
Ikkinchi toifadagi xalqaro standart ko‘rsatkichlar chegaraviy moyillik ko‘rsatkichlari deb ataladi. Bu yerda «chegaraviy» so‘zi qo‘shimcha, ustama degan ma’noga ega. Bu ko‘rsatkichlar qo‘shimcha resurslar yoki omil hisobiga olingan qo‘shimcha natija (samara)lar o‘rtasidagi o‘zaro nisbatga asoslanadi. Demak, ular qo‘shimcha omil yoki resurs birligiga nisbatan o‘rtacha qancha qo‘shimcha natija qo‘lga kiritilganini ko‘rsatadi. Makroiqtisodiy tahlilda keng qo‘llanadigan muhim chegaraviy moyillik ko‘rsatkichlaridan ayrimlarini qarab chiqamiz.
1. Chegaraviy iste’molga moyillik koeffitsiyenti (MRS) pirovard iste’mol uchun qo‘shimcha sarflangan daromad (S) qo‘shimcha yaratilgan yalpi ichki mahsulotdan (GDP) qancha foiz tashkil etishini aniqlaydi, ya’ni MRS=S*100/GDP. Masalan, 2004 yilda O‘zbekistonda yaratilgan yalpi ichki mahsulot 12189,5 mlrd.so‘m, 2003y. esa 9837,8 mlrd.so‘m, pirovard iste’mol uchun 8386,4 mlrd.so‘m va 7191,5 mlrd.so‘mlik sarflangan. Bundan chegaraviy moyillik koeffitsiyenti
2000 yilda esa qo‘shimcha yaratilgan yalpi ichki mahsulotdan 84,8% pirovard iste’mol uchun sarflangan edi.
2. Chegaraviy jamg‘armaga moyillik koeffitsiyenti (MPS) jamg‘arma uchun qo‘shimcha sarflanadigan daromad (S) qo‘shimcha yaratilgan yalpi ichki mahsulotdan (GDP) qancha (foiz) tashkil etishini ko‘rsatadi. Masalan, 2004 yilda O‘zbekiston yalpi kapital jamg‘armasi 2913,4 mlrd.so‘m, 2003 yilda esa 2036,4 mlrd.so‘m edi. Bundan chegaraviy jamg‘armaga moyillik darajasi
Vaholanki, 2000 yilda u atiga 13,3 % tashkil etgan edi.
3. Chegaraviy importga moyillik koeffitsiyenti (MPM) qo‘shimcha olingan yalpi ichki mahsulotdan (GDP) qaysi qismi (foizi) qo‘shimcha import (M) hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatadi, ya’ni MPI=(I)/ (GDP). Masalan, 2004 yilda O‘zbekiston importi (FOB) 3816,0 mln. AQSh doll., 2003 yil esa 2964,2 mln. AQSh doll. edi.
Demak, import ortirmasiga yalpi ichki mahsulot ortirma sonini 57,7% to‘g‘ri keladi. Chegaraviy moyillik koeffitsiyentlarini yuqorida ko‘rib chiqilgan o‘rtacha moyillik koeffitsiyentlari qo‘llanadigan barcha hollar uchun hisoblash mumkin.
|