|
DASTLABKI OLINGAN MA’LUMOTLARNI TAHLIL QILISH VA UMUMLASHTIRISH
|
bet | 17/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi
Neft va gaz konlarini o’rganishda olingan amaliy va nazariy birlamchi ma’lumotlarni umumlashtirish mumkin. Bizga ma’lumki, neft va gaz konlari geologiyasi fani unga yaqin bir qator fanlar bilan uzviy bog’liq.
Shu sababli, neft va gaz konlari geologiyasining nazariy metodlari unga yaqin geologiya va texnika hamda tektonika, stratigrafiya, petrografiya, geokimyo, yer osti gidromexanikasi, qatlam fizikasi, soha iqtisodiyoti fanlarining nazariy qoidalaridan unumli foydalanadi. Bunday nazariy va amaliy bilimlar turli ierarxik darajadagi geologik komponentlar elementlari xususiyatlarini belgilash, ular chegarasini aniqlash, sodir bo’ladigan jarayonlarni bashoratlash hamda boshqa tadqiqot masalalarini echishga yo’naltiriladi.
Shu bilan birga geologiya fanida va uning qatorida neft va gaz konlari geologiyasida nazariy metodlarni etarlicha rivojlanmaganligi ko’proq amaliy izlanishlar natijasidan foydalanishni taqazo etadi. Shu sababli neft va gaz konlari geologiyasi fanida amaliy ma’lumotlarni umumlashtiruvchi metod sifatida modellashtirish metodi qabul qilingan.
Neftchi geologning tadqiqot doirasi sifatida qaraladigan aniq bir geologik makon uzluksiz ko’pdan-ko’p nuqtalardan tarkib topgan deb qaraladi. Har qanday amaliy masalani echishda modda xususiyatlarining qiymatini yoki aniq geologik jismning har bir nuqtasida sodir bo’layotgan jarayonning tavsifini bilish zarur. Demak, geologik jismning tadqiq qilishni eng maqbul yo’li uni modellashtirishdir. Modellar moddiy va faraziy turlarga bo’linadi.
Faraziy modellar amaliyotda keng qo’llaniladi. Masalan, kuzatuv natijalarini, eksperiment ma’lumotlarini izohlash va b. Neft va gaz uyumlari parametrlarini o’rganish, kuzatuv natijalarini izohlash, uyum to’g’risidagi nazariy va faraziy tushunchalar, uyum strukturasi tuzilishini yoki unda sodir bo’layotgan jarayonlarni fikran tasavvur etish faraziy modellar tuzish orqali o’rganiladi. Neftchi geolog o’rganilayotgan ob’ektning yoki jarayonning turli xususiyatlari va taraflarini ifodalovchi kesim va kesmalar, sxemalar, xaritalar, turli parametrlar qiymatlari jadvali, ular orasidagi bog’liqliklar va boshqalarning fikran tasavvur etishi va ko’z oldiga keltiraolishi lozim.
Tuziladigan modellar ikki: tavsiflash va bashoratlash vazifasini bajaradi.
Modelni tavsiflashning birinchi usuliga neft va gaz uyumining joriy holati, ya’ni uning geologik tuzilishi, xususiyatlari, jarayonning tavsifi va shu kabilar to’g’risida to’plangan dastlabki ma’lumotlarni umumlashtirish vositasi deb qaraladi. Bunday hollarda qatlam ichida uning xususiyatlari o’zgarayotganligini aniqlab bo’lmaydi. Ma’lumotlarni umumlashtirishning bunday usuli ob’ekt strukturasini, ya’ni uning ichki tuzilishini o’rganish imkonini bermaydi. Bu usuldan ob’ekt ayrim sistema yoki kichik sistema elementi sifatida o’rganilayotganda foydalanish mumkin.
Modelni tavsiflashning ikkinchi usuliga qatlam ichidagi nuqtalarning ayrim diskret (uzlukli) qatori xususiyatlari qiymatini avvaldan bashoratlash kiradi. Bu maqsadda, xuddi struktura xaritasini tuzish usuli kabi, o’rganilayotgan xususiyatlar qiymatini ifodalovchi izochiziqlar xaritasi interpolyatsiyalash metodi yordamida tuziladi.
Tavsiflashning uchinchi usulida o’rganilayotgan ob’ektning ichki xususiyatlarining o’zgarish qonuniyatlarini tavsiflashda chiziqsiz interpolyatsiya metodi o’rniga turli murakkablikka ega bo’lgan matematik funktsiyadan foydalaniladi, masalan, turli darajadagi polinomlar (ko’phadlar), tasodifiy funktsiya, splayn-funktsiya va b. Ko’pgina hollarda ushbu ko’rinishda tavsiflanayotgan model sifatida izochiziqlar xaritasidan foydalaniladi.
Tavsiflashning to’rtinchi usulida o’rganilayotgan ob’ekt tarkibi bayon qilinadi, unda ehtimollar nazariyasi va matematik statistika metodlaridan taqsimlanish nazariyasi, korrelyatsion-regression tahlil va boshqalardan foydalaniladi.
Matematik modellashtirish neft va gaz uyumlarini fikran modellashtirish turi. Qayd qilingan chiziqli interpolyatsiya, turli murakkablikdagi funktsiyalar, ehtimoliystatistik metodlarning qo’llanishi matematik modelni yaratadi. Matematika fani konchi geologga u yoki bu aniq ob’ektning modelini yaratishga imkon beradigan mavhum strukturadan foydalanishni o’rgatadi. Matematik strukturaning geologik hodisalar yoki jarayonlarning modeliga aylanishi ushbu struktura (mavhum matematik ob’ekt) elementlari geologik mazmunga ega bo’lgandagina, ya’ni matematik struktura elementlari qiymati uyumning eksperiment natijasida aniqlangan xususiyatlariga mos kelgandagina amalga oshadi.
Grafik modellashtirish neft va gaz konlarini fikran modellashtirishning boshqa turi. Neft va gaz konlari geologiyasida grafik modellar tuzish usuliga mufassal korrelyatsion sxema, mufassal geologik kesim (kesma), izochiziqlar va shartli belgilar bilan ifodalangan turli xaritalar, blok-diagrammalar, grafiklar va boshqa grafik hujjatlar taalluqli.
Korrelyatsion sxema quduqlar kesimini solishtirish, ularni mufassal izohlash, tog’ jinslarining yotish ketma-ketligini belgilash va har xil quduqlarda ma’lum bir qatlamni ajratish natijasi-(vositasi)dir. Korrelyatsion sxemalardan foydalanib mahsuldor qatlamning mufassal kesimi va kesmasini, aniq struktura xaritasini tuzish, qatlam qalinligini, litologik tarkibini, suv-neft, gaz-neft, gaz-suv tutash yuzalarining maydon bo’ylab o’zgarishini hamda konning ishlatish rejimini tahlil qilish bilan bog’liq boshqa masalalarni hal qilish mumkin. Geologik kesmalar mahsuldor yotqiziqlarning vertikal kesimi bo’lib, ulardan uyumlar strukturasining geologik tuzilishini, neft va gazning joylashish sharoitlarini ifodalashda foydalaniladi.
Izochiziqlarda ifodalangan xaritalar neft-gazli jinslarning makonda joylashishini va shaklini tasvirlash imkonini beradi. Ularga struktura xaritalari, izopaxit xaritalari va b. kiradi. Izochiziqlar metodi matematik modellashtirishning xillaridan biridir.
Xaritalar va ular uchun tuzilgan shartli belgilar uyum strukturasining ichki tuzilishini, turli litologik tarkibi va har xil kollektorlik xususiyatlari hamda mahsuldorligi bilan ajralib turadigan qatlamlarni, ya’ni turli darajadagi elementlarning nisbatini, o’lchamini, o’zaro joylashishini aniq ifodalash imkonini beradi. Bunday xaritalar yordamida konni ishlatish jarayonini kuzatish, quduqlarni suvlanish jarayonini turli vaqtlar uchun belgilash va xaritada tasvirlash mumkin.
Ko’p hollarda neft va gaz uyumlarining geologik tuzilishini blok-diagramma deb nomlanuvchi hajmiy grafiklar yordamida ifodalash maqsadga muvofiqdir.
Jarayonlarni modellashtirishning grafik metodlariga turli grafiklarni misol qilish mumkin. Masalan, haydash va chiqarish quduqlarining sonini, ularning texnologik tavsifini, neft, gaz va suvlarning joriy chiqarish va jamg’arishdan to’plangan miqdorini, qatlam bosimining vaqt o’tishi bilan o’zgarishini ko’rsatuvchi grafiklar va sh.k. Bunday grafiklar majmui konni ishlatishning asosiy hujjati hisoblanadi.
Neft va gaz konlarining geologik tuzilishini, uyumni ishlatish sistemasini,
qatlam ichida sodir bo’ladigan jarayonlarni va boshqalarni modellashtirish metodlari ularni nafaqat tavsiflash, balki bashoratlash imkonini ham beradi. Masalan, konni ishlatish jarayonini matematik tavsiflashda yer osti gidrogazomexanikasi fani tenglamalari yordamida quduqlar suvlanishining boshlanish muddatini; qatlam bosimining o’zgarish yo’sinini; gaz va neftni chiqarib olish yakuniy koeffisientlari qiymatini kollektorlar xususiyatlari va konni ishlatish sistemasining parametrlari bilan bog’liqligini hamda ishlanayotgan konlarga geologik tuzilishiga ko’ra o’xshash bo’lgan uyumlarning neft beraolishligini yakuniy koeffisienti miqdorini oldindan aniqlash va bashoratlash mumkin bo’ladi.
Qayd qilingan va boshqa grafik hujjatlarning tuzish metodikasi ushbu qo’llanmaning tegishli boblarida keltiriladi. Neft va gaz uyumlarining matematik modellashtirish masalalari maxsus o’quv qo’llanmalarida keng yoritilgan.
4-bob.
|
| |