|
QUDUQLARNI BURG’ILASH CHOG’IDA BAJARILADIGAN GEOLOGIK TADQIQOTLAR
|
bet | 18/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi QUDUQLARNI BURG’ILASH CHOG’IDA BAJARILADIGAN GEOLOGIK TADQIQOTLAR
Neft va gazga boy bo’lgan tog’ jinsi qatlamlari yer yuzasidan katta chuqurliklarda joylashgan, shu sababli ularni bevosita kuzatish yo’li bilan o’rganish ancha qiyin. Binobarin, yer qa’rining chuqur joyidagi tog’ jinslarining fizik-geologik xususiyatlari to’g’risidagi ishonchli ma’lumotlar quduqlar qazish chog’ida bajarilgan tadqiqotlar natijasida olinadi.
Burg’ qudug’i turli burg’ilash mexanizmlari yordamida qaziladigan tog’ inshooti bo’lib, odatda, uning diametri uzunligiga nisbatan bir necha yuz, hatto ming marotaba kichik bo’ladi. Uning yordamida tog’ jinslarining yotish sharoiti, qalinligi, tarkibi, jinslarni to’yintirib turgan neft, gaz va suvlarning fizik-kimyoviy va boshqa xususiyatlari o’rganiladi.
Har bir qazilgan quduqning ahamiyati uni burg’ilash, o’rganish va sinash jarayonida olingan geologik-konchilik ma’lumotlarining to’laqonligi va sifati bilan belgilanadi. Shuning uchun ham quduqlarda ochilgan jinslarning moddiy tarkibi, yoshi va tuzilishi, flyuidlarga to’yinish yo’sini, shuningdek, qatlamdagi neft, gaz, suv va hakozolarning fizik-kimyoviy xossalari haqida to’liq ma’lumotlar olish bajariladigan geologik ishlarning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Quduq kesimi haqida to’liq ma’lumotlar olish uchun uni burg’ilashda puxta va malakali geologik kuzatuv ishlarini tashkil etish bilan bir qatorda quduqda bajariladigan barcha ishlarni to’g’ri yo’naltirish va doimiy geologik rahbarlikni amalga oshirish lozim.
Neft va gaz konlaridagi quduqlarni burg’ilash paytida quyidagi geologik ishlar bajariladi: 1) quduq burg’ilanadigan joyni belgilash; 2) quduq burg’ilash jarayonini nazorat qilish; 3) quduqning geologik kesimini o’rganish; 4) qatlamni ochish va sinash ishlarining bajarilishini geologik nazorat qilish; 5) yer osti boyliklarini muhofaza qilish; 6) quduq hujjatlarini rasmiylashtirish.
4.1. QUDUQLARNI BURG’ILASH JOYINI ANIQLASH, ULARNI QURISH VA BURG’ILASH UCHUN TAVSIYA ETISH
Qaziladigan quduqlar o’rni geologik va texnik vazifalar mazmuniga va hal qilinadigan masalalarning turiga qarab belgilanadi. Konda qaziladigan foydalanish, haydash, chiqarish va boshqa turdagi quduqlarning joylashtirish tartibi o’quv qo’llanmasining maxsus boblarida keltirilgan. Quduqning qaziladigan o’rni belgilangandan so’ng geologiya xizmatidagi xodimlar quyidagi ishlarni bajarishlari lozim:
1)topografiya xizmati xodimlariga quduqni xaritada belgilangan o’rnini quduq qaziladigan yerga ko’chirishga ko’rsatma berish;
quduq burg’ilanadigan joy (nuqta)ni quduq qurishga tayyorlash;
quduqni burg’ilash uchun geologik-texnik naryad tuzishda qatnashish.
Konda yoki maydonda razvedka yoki foydalanish quduqlarini qazish avvaldan tuzilgan reja asosida amalga oshiriladi. Quduqlarni maydonda joylashtirish loyihasi geologik yoki struktura xaritasida ko’rsatiladi.
Quduqning burg’ilanadigan o’rni (nuqtasi)ni joyga o’tkazish ishlari topografiyageodeziya xizmati xodimlari tomonidan bajarilib, quduq og’zining o’rni va uning mutlaq balandligi topiladi. Loyihalangan quduqni xaritadan joyga o’tkazish burg’ilash ishlarini bajaruvchi tashkilot bosh geologining yozma ko’rsatmasiga asosan amalga oshiriladi. Yozma ko’rsatmaga loyihalangan quduq tushirilgan topografik xaritadan nusxa ko’chirib ilova qilinadi. Bu nusxada loyihalangan quduq qizil rangda beriladi.
Loyihalangan quduqning joydagi o’rni (nuqtasi) belgi (temir quvur, qoziq) bilan qayd qilinadi, uning yuqori qismiga loyihalangan quduq raqami va uning o’rnatilgan muddati yoziladi. Loyihalangan qiya yo’naltirilgan quduq o’rni joyda uch stvorli belgi (temir quvur, qoziq) bilan qayd qilinadi. Suv havzasida (akvatoriyada) loyihalangan quduq o’rni suvga o’rnatilgan qalquvchi belgi (bo’y) bilan belgilanadi.
Loyihalashtirilgan quduqning joydagi o’rni dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Agar quduq o’rnini 5,0 m dan ko’proq masofaga ko’chirishga qaror qilinsa dalolatnomada buning sababi ko’rsatiladi. Bunday hollarda yangi nuqta belgilanadi, eskisi esa tugatiladi.
Burg’ilash boshlanishida quduq og’zining va rotor stolining, burg’ilash nihoyasida esa shtangalar kolonnasi uchining koordinatalari va mutlaq balandliklari yana bir bor qayta aniqlanadi. Burg’ilash minorasini o’rnatish uchun quduq o’rni (nuqtasi)ni ish boshlanishidan ancha avvalroq tayyorlash va topshirish lozim. Nuqtani topshirish korxonaning geologiya xizmati xodimlari tomonidan tuzilgan maxsus dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
|
| |