|
FANNING MA’LUMOT OLISH METODLARI
|
bet | 15/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi 3.2. FANNING MA’LUMOT OLISH METODLARI
Neft va gaz konlari geologiyasida o’rganilayotgan ob’ekt to’g’risidagi birlamchi ma’lumotlar turli tadqiqot metodlari yordamida bajarilgan kuzatuvlar orqali olinadi. Kuzatuvlar quduqlardan jins namunalarini, qatlamlarni to’yintirib turgan suyuqlik va gaz namunalarini mineralogik, geokimyoviy va boshqa metodlar yordamida tahlil qilish bilan boshlanadi. Bulardan tashqari quduqlarda gidrodinamik va kon geofizikasi metodlari bilan ham tadqiqotlar bajariladi. Ayniqsa konni ishlatish chog’ida quduqning ish rejimini kuzatish muhim ahamiyatga ega.
Kern, shlam, neft, gaz va suv namunalari laboratoriya sharoitida maxsus asbobanjomlar yordamida o’rganiladi. Bunda tog’ jinslari, flyuidlar, gazlar va qatlam suvlarining moddiy tarkibi va fizik-kimyoviy xususiyatlari o’rganiladi va ular to’g’risida birlamchi ma’lumotlar olinadi. Bunday ma’lumotlarni to’plash juda murakkab ish sanaladi, chunki flyuid va jins namunalarining laboratoriya va qatlam sharoitlarida aniqlangan xususiyatlari bir-biridan keskin farqlanadi. Qatlam sharoitini saqlagan holda namunalar olishning imkoni deyarli yo’q. Hozirgi paytda qatlamdagi neft va suvdan germetik tuzilgan namunaolgich yordamida namuna olish mumkin. Qatlam sharoitida olingan jins, gaz va suv namunalarining laboratoriyada aniqlangan natijalari maxsus tadqiqotlar ma’lumotlari asosida tuzilgan yordamchi grafiklardan foydalanib hisoblanadi.
Quduqni geofizik metodlar bilan tadqiqot qilish quyidagi maqsadlarda bajariladi:
1) quduqning geologik kesimini o’rganish; 2) quduqning texnik holatini o’rganish; 3) konni ishlatish jarayonida neft va gazga to’yingan qatlamlarning xususiyatlari o’zgarishini nazorat qilish.
Quduqlarning geologik kesimini o’rganish quduq geofizikasining eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Bunda tog’ jinslarining tabiiy va sun’iy fizik maydonlarini o’rganishda qo’llaniladigan elektr, magnit, radioaktiv, termik, akustik, mexanik, geokimyoviy va boshqa metodlardan foydalaniladi. U yoki bu hudud elektr maydonining jadalligi ko’p omillarga bog’liq bo’lib, uning qiymati birinchi navbatda tog’ jinslarining fizik xususiyatlariga ― elektr toki o’tishiga qarshiligiga, elektrokimyoviy faolligiga, radioaktivligiga va sh.k.ga bog’liq.
Quduqda geofizik tadqiqotlar o’tkazishda tog’ jinslarining fizik xossalari diagramma ko’rinishida qayd qilinadi yoxud turli geofizik parametrlar ma’lum nuqtalarda o’lchanadi. Masalan, zohiriy elektr qarshilik, jinslarning o’z-o’zidan va sun’iy qo’zg’atilgan qutblanish potentsiallari, gamma nurlanish shiddati, issiqlik neytronlari, temperatura va b. Diagrammada qayd qilingan ushbu parametrlar qiymatining quduq tanasi bo’ylab o’zgarishi jinslarning litologik-petrografik tuzilishiga, ularning kollektorlik xususiyatlariga, gaz va suyuqlik bilan to’yinish yo’siniga, mahsuldorligiga va b. xususiyatlariga bog’liq. Geofizik metodlar nazariyasi va aniqlangan petrofizik bog’liqliklar asosida tadqiqot natijalarini izohlash mumkin. Bunda quyidagi masalalar hal qilinadi: 1) quduq kesimini tabaqalash va geofizik reperlarni aniqlash; 2) kollektorlarni ajratish va ularning qalinligini hamda xususiyatlarini (g’ovakliligi, o’tkazuvchanligi, gilliligi va sh.k.) aniqlash; 3) jinslarning neft, gaz, suv bilan to’yinganlik xususiyatini aniqlash hamda neft va gazga to’yinganligini miqdoriy baholash.
Quduqlarning texnik holatini o’rganish maqsadida quyidagi geofizik tadqiqotlardan foydalaniladi: 1) inklinometriya quduqlarning qiyshayish burchagi va azimutini aniqlash; 2) kovernometriya quduqlarning haqiqiy diametrini belgilash; 3) sementometriya quvurning tashqi bo’shlig’iga haydalgan sementni taqsimlanish yo’sini, sifati, ko’tarilish balandligi, tog’ jinslariga yopishib qotish darajasini termik, radioaktiv va akustik karotaj metodlari bilan o’rganish; 4) pritokometriya suv oqimini quvur tashqi bo’shlig’iga kirib kelayotgan joyini elektr, termik va radioaktiv karotaj metodlari yordamida aniqlash.
Neft va gaz uyumlarini ishlatish chog’ida tog’ jinslarining neft va gazga to’yinganligining o’zgarish yo’sinini nazorat qilish kon geofizikasi ma’lumotlari asosida turli metodlar bilan bajariladigan radioaktiv karotajidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Quduqlarni gidrodinamik tadqiqot metodlaridan kollektorlarning fizik xususiyatlari va mahsuldorligini hamda quduq sarfini jinslarning xususiyatlariga va qatlamdagi bosimlar farqiga bog’liqligini aniqlashda foydalaniladi. Bunday bog’liqliklar matematik tenglamalarni echish orqali ifodalanadi. Tenglamada qatlamning fizik parametrlari va quduqning ayrim tavsiflari qiymatlaridan foydalaniladi. Gidrodinamik tadqiqotlar asosida quduq sarfi va qatlam bosimlari farqining haqiqiy qiymatlari aniqlanib, ushbu tenglamalar yordamida qatlamning va quduqlarning kerakli va zaruriy parametrlarini hisoblab topish mumkin bo’ladi. Bundan tashqari ular yordamida kesimda gidrodinamik (litologik) to’siqlarni ajratish, neft yoki gaz uyumining chegara tashqarisidagi jinslar bilan bog’liqlik darajasini belgilash mumkin.
Neft va gaz konlari geologiyasida gidrodinamik tadqiqotlarning uchta asosiy metodlaridan foydalaniladi: 1) qatlam bosimining tiklanishi (dinamik sath); 2) suyuqlik va gazlarni bir me’yorda (bir xil miqdorda) chiqarib olish; 3) quduqlarning o’zaro ta’sirini aniqlash.
Chiqarish va haydash quduqlari ishini nazorat qilish kon-geologiyasi
metodlaridan biri hisoblanib, uning yordamida birlamchi ma’lumotlar olinadi. Konni ishlatish jarayonida bajariladigan kuzatuvlar natijasida geolog quduqlarning debitini va suyuqlik qabul qilaolishligini, ularning suvlanishi va chiqarilayotgan suvning kimyoviy tarkibini, qatlam bosimini, quduq fondi holati va boshqalarning o’zgarishi to’g’risida ma’lumotlar to’playdi. Bu ma’lumotlar tahlil qilinib, konni ishlatish sistemasi tartibga solinadi va nazorat qilinadi, zarur hollarda kerakli o’zgartirishlar kiritiladi.
Har bir ob’ekt xususiyati sistemali-strukturaviy yondoshish va har xil metodlar yordamida o’rganilganda har xil birlamchi natijalar olinadi. Bu holat neft va gaz konlari geologik jism va sistema sifatida ko’rilayotganda yaqqol namoyon bo’ladi.
|
| |