|
«O’zbеknеftgaz» Milliy Xolding Kompaniyasi
|
bet | 93/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasiDarzlik o’tkazuvchanligi birligi deganda 0,1 MPa bosim gradienti ta’sirida, 1 sm2 ko’ndalang kesimga ega bo’lgan darzli jinsdagi, filtratsiya tekisligiga ko’ndalang joylashgan hamma darzliklar orqali harakatlanayotgan, qovushqoqligi 1 MPas bo’lgan suyuqlik sarfi miqdori bilan o’lchanadigan qiymat tushuniladi.
Darzli jinslarning umumiy o’tkazuvchanligi ichida darzlik o’tkazuvchanligi asosiy o’rin egallaydi, uni aniqlash murakkab masalalardan biri hisoblanadi. Neft konida quduqni sanoat miqyosida sinash ma’lumotlaridan foydalanib, darzli jins o’tkazuvchanligini mahsuldorlik koeffisienti miqdori yoki bosimning tiklanish egri chizig’i orqali belgilash mumkin. Agar bunday ma’lumotlar bo’lmasa (ayniqsa razvedka bosqichida), darzlik o’tkazuvchanligi shliflarni mikroskopik tadqiqotlari natijasidan «VNIGRI» instituti (Rossiya) tomonidan ishlab chiqilgan metodika yordamida hisoblab aniqlanadi.
Ushbu metodikaga ko’ra, darzliklar kengligining haqiqiy qiymatini shliflardan mikroskoplar yordamida aniqlab, quyidagi tenglamadan foydalanib darzlik sig’imi mt va darzlik o’tkazuvchanligini Kt hisoblash mumkin:
b 6b3mt , mT= ; Kt=8,4510 S
bunda b - darzlik kengligi (o’rtacha qiymati), sm; -darzlik uzunligi yig’indisi,
sm; S - shlif maydoni, sm2.
Darzli jinslarning umumiy o’tkazuvchanligi va umumiy g’ovakliligi shunday jinslarga xos bo’lgan filtratsiya jarayonini yuzaga keltiradi. Bu jarayonda jinsdagi turli-tuman bo’shliqlar va ularni o’zaro tutashtiradigan darzliklar ishtirok etadi, darzliklar bu jarayonda etakchi rol o’ynaydi.
Jinslarning darzliligini kern materiali bo’yicha o’rganish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
kerndagi oddiy ko’z bilan ko’rish mumkin bo’lgan darzliklarni o’rganish;
mikrodarzliklarni laboratoriyada o’rganish va shliflar tayyorlash maqsadida jins namunasi olish.
Kern darzliligini o’rganish uni geologik tavsiflash chog’ida amalga oshiriladi, bunda darzlarning jins qatlamlanishiga nisbatan qiyalik burchagi va darzliklar oralig’idagi burchagi o’lchanadi. Agar kernda stilolitlar, kovaklar yoki boshqa bo’shliqlar bo’lsa, ularga tavsif beriladi, shu bilan birga ularning darzliklar bilan aloqadorligi ham aniqlanadi. Kerndagi darzliklar zichligi hisoblanadi, bunda jinslarning qatlanishiga qiya joylashgan darzliklar e’tiborga olinadi, qatlanishga parallel bo’lgan darzliklar alohida hisoblanadi.
Darzliklar zichligini aniqlab, ularning darzlilik darajasini belgilash va yuqori darzlilikka ega bo’lgan gorizontlarni bilish maqsadida quduq kesimining turli uchastkalari o’zaro solishtiriladi. Bunday ma’lumotlarni bir qator quduqlarda o’zaro solishtirib, darzlilikni maydon bo’ylab o’zgarish yo’sinini kuzatish mumkin. Darzlik zichligini ushbu usulda aniqlash qiya yoki gorizontal yotuvchi qatlamlarda samara beradi. Agar jinslar qiya holatda yotgan bo’lsa va kern kesimi qatlanishga parallel bo’lmasa bu usuldan kam foydalaniladi. Bunday hollarda darzlik zichligi kernni kesib o’tuvchi darzliklar maydoni yig’indisini uning hajmiga nisbati bilan aniqlanadi.
Darzli jinslarning petrografik xususiyatlarini shlifda o’rganish ahamiyatlidir. SHliflar metodi bilan darzli jinslarning kollektorlik xususiyatlarini miqdoriy va sifat ko’rsatkichlarini aniqlash mumkin. Sifat ko’rsatkichlari darzlik o’tkazuvchanligining nisbiy miqdorini, darzlik zichligini va darzlik sig’imini belgilashda zarurdir. Bunday hollarda bajarilgan tadqiqotlar quduq kesimining boshqa uchastkalariga nisbatan yuqori ko’rsatkichlarga ega bo’lgan uchastkalarini hamda yaxshi kollektorli xususiyatlari bilan ajralib turadigan jinslarni ajratish imkonini beradi.
Darzli jinslarni ko’rsatkichlarini o’rganish uchun quduqdan namuna (kern) har 2-4 m dan olinishi lozim. Agar mahsuldor yotqiziqlar qalinligi kam bo’lsa, kern olinadigan intervallar kamaytiriladi. Darzli jinslar parametrlarini miqdoriy jihatdan o’rganishda kern mahsuldor jinslarning har bir metr oralig’idan olinadi. Olingan namunalarga etiketka yopishtirilib, yashiklarga taxlab, laboratoriyaga tekshirish uchun yuboriladi.
Agar namunalar bir maromda (bir xil intervallardan) olinmagan bo’lsa, u holda kesimning ayrim intervallarini tavsiflash uchun hamda kesimning u yoki bu intervallarining kollektorlik xususiyatlari to’g’risida to’g’ri tasavvurga ega bo’lish maqsadida ulardan kern necha foiz miqdorida olinganligini hisobga olish zarur bo’ladi. Kesimning ayrim intervallaridan namuna kam olingan (kern kam miqdorda chiqarilgan) bo’lsa, uni jurnalda qayd qilish kerak. Jins namunalari (kern)ni ehtiyotlik bilan asrash, bo’laklarga bo’lganda sun’iy darzliklar hosil bo’lmasligiga e’tibor berish lozim. Bu maqsadda kernbo’lgichdan foydalanish yoki namunani kerakli o’lchamda olish zarur.
Burg’ilash jarayonida geologik kuzatuv ishlarini bajarish, quduqni sinash va o’zlashtirish katta ahamiyatga ega. Bunda gil eritmasi yutilgan, otqinlar yuzaga kelgan, asbob va b. tushib ketgan intervallar qayd qilinadi. SHuningdek, qazilayotgan tog’ jinslari qattiqligi, burg’ilash tezligi, quduq debiti va sh.k. to’g’risidagi ma’lumotlar yig’iladi. Strukturada joylashgan quduq debitining o’zgarish yo’sini, qatlam bosimi, suvlanish tabiati, mexanik karotaj ma’lumotlari o’rganiladi.
Mexanik karotaj dalillaridan yuqori darajada darzlangan zonalarda burg’ilash tezligining yuqoriligini, zich jinslar joylashgan intervallarda esa uning pastligini farqlash mumkin. Qatlam bosimi qiymatini notekis taqsimlanishi qayd qilinadi; qo’shni quduqlardagi qatlam bosimlarining bir-biridan keskin farqlanishi, ayrim hollarda bosimning eng yuqori va eng past miqdorlari aniqlanadi.
Quduqning suvlanishi ham notekis sodir bo’ladi, ayrim quduqlar tez va to’liq suvlansa, boshqalari uzoq muddat suvsiz neft bera olishi mumkin, qayd qilingan hodisalar xarakteri quduq tubi holatini suv-neft tutash yuza holatiga mos kelmasligini ko’rsatadi. Kondagi geologik kuzatuvlar darzli jinslarning kollektorlik xususiyatlarini tahlil qilishda yordam beradi.
To’plangan ma’lumotlar sistemaga solinib, jadval, turli diagramma va grafiklar ko’rinishida umumlashtiriladi, so’ngra ular kerndagi mavjud makrodarzliklar va shliflardagi mikrodarzliklar kuzatuvlari bilan taqqoslanadi. Ushbu parametlarni har tomonlama o’rganish orqali jinslarning darzliligini aniqlash, kern kam olingan intervallardagi jinslarning darzlilik xarakterini baholash mumkin bo’ladi.
Tog’ jinslarining elektr o’tkazuvchanligiga undagi g’ovaklar, darzliklar va namlik ta’sir etadi. Jinslarda g’ovak va darzliklarning taqsimlanish xarakteriga ko’ra uning solishtirma qarshiligi turli yo’nalishlarda har xil bo’lishi mumkin. Darzli jinslarning solishtirma elektr qarshiligining bunday xususiyatlaridan ularda darzlarning paydo bo’lish va rivojlanish qonuniyatlarini o’rganishda foydalanish mumkin.
Jinslarning solishtirma elektr qarshiligi zarralar oralig’idagi g’ovaklarning o’zgarishidan ko’ra darzlik sig’imining o’zgarishini yaxshi sezadi. SHu sababli jinslarning solishtirma elektr qarshiligi xaritasidan foydalanib, darzlilikning maydon bo’ylab o’zgarishi to’g’risida fikr yuritish mumkin. Darzlilik ko’p va yuqori darajada bo’lgan uchastkalarda elektr qarshiligi past qiymatga ega bo’ladi va aksincha.
Quduq kesimining ayrim qismlaridagi darzli jinslarning kollektorlik xususiyatlari to’g’risidagi ishonchli ma’lumotlar shliflar metodi yordamida olingan bo’lsa, kesimning shu qismi uchun dala-geofizikasi dalillaridan ham foydalanish mumkin. Olingan ma’lumotlar kesimning boshqa, litologik jihatdan bir tarkibli qismini tavsiflash va aniqlash uchun zarurdir. Bunday ekstrapolyatsiya (quduq kesimining bir qismini kuzatish asosida olingan xulosalarni uning boshqa qismiga yoyish yoki tatbiq etish) quduq kesimi bo’ylab darzlilik qiymatining o’zgarishi darzlik kengligining o’zgarishi hisobiga sodir bo’lganda yaroqli hisoblanadi.
Bosim tiklanishi egri chizig’idan foydalanishga asoslangan gidrodinamik metod yordamida darzli kollektorlarning darzlilik koeffisienti, darzlik zichligi va boshqa fizik parametrlarini aniqlash juda muhim hisoblanadi. Bu metod oddiy bo’lib, undan ochiq va yopiq tubli quduqlarda tadqiqotlar olib borishda foydalaniladi. Neft konlarida darzli kollektorlar keng tarqalganligi sababli ularning fizik parametrlarini mufassal o’rganish lozim.
Karbonat kollektorlarda kovaklar ko’p uchraydi. Ular jinslar ichida yotqiziqlarning to’planish jarayonida yoki undan keyinroq, asosan jins tarkibidagi organik moddalarning parchalanishidan hosil bo’ladi. Birinchi xil kovaklar bo’lgan ohaktoshlar rif massivlarida uchraydi. Ikkinchi xil kovaklar esa yer osti suvlari harakati ta’sirida ohaktoshlarning erishidan paydo bo’ladi. Bunday kovaklarning shakllanishi, kattalashishi karst bilan bog’liq bo’lib, dolomitlar va ohaktoshlarda keng tarqalgan, ularda darzlarning bo’lishi suvlarning shimilishi va harakatlanishiga imkoniyat yaratadi. Odatda karbonat jinslarda kovaklar notekis rivojlanadi, shu sababli ularning sig’imini (bo’shliqligini) o’rganish qiyin kechadi.
|
| |