|
Jinslarning darzliligi va kovakliligi
|
bet | 91/252 | Sana | 04.12.2023 | Hajmi | 11,69 Mb. | | #110957 |
Bog'liq NEFT VA GAZ konlari geologiyasi 6.1.4. Jinslarning darzliligi va kovakliligi
Ma’lumki, dunyo miqyosida qazib chiqarilayotgan neftning 60% idan ko’prog’i karbonat kollektorlari bilan bog’liq. SHu sababli karbonatli jinslardan tarkib topgan kollektorlarni o’rganish katta ahamiyatga ega. Binobarin, karbonatli jinslarning g’ovakliligi, o’tkazuvchanligi, stratigrafiyasi, tektonikasi va paleogeografik sharoitlarini tadqiq qilish razvedka ishlarini samarali amalga oshirish va ulardagi neft uyumlarini qazib chiqarishda katta rol o’ynaydi.
Darzlilik deganda tog’ jinslarida dinamik radial (qatlam ustiga va tagiga nisbatan me’yorli) siquvchi yoki tangentsial (qatlam ustiga va tagiga nisbatan parallel) kuchlanishlar ta’sirida paydo bo’lgan va har xil kattalikdagi, ko’pincha o’zaro tutashib ketgan darzliklar sistemasi tushuniladi. Darzlik miqdor jihatdan ma’lum jins namunasidagi darzliklar hajmining uning umumiy hajmiga bo’lgan nisbati bilan aniqlanadi.
Yer po’stida sodir bo’ladigan geologik jarayonlar darzlik paydo bo’lishiga olib keladi. Ularning bir qator tasniflari mavjud bo’lib, genezisiga ko’ra tektonik, epigenetik darzliklar; kuchlanish yo’nalishiga ko’ra sinish va egilish darzliklari; darzlik yo’nalishiga ko’ra diagonal va qatlamga perpendikulyar darzliklar; paydo bo’lish miqyosiga ko’ra mikrodarzlik va makrodarzliklar mavjud.
Darzliklarning paydo bo’lishini aniqlash murakkab ish bo’lib, bu jarayonni faqat geologik va petrografik tadqiqotlar orqali o’rganish mumkin. Jinslarning darzliligi asosan tektonik, ba’zan diagenetik jarayonlar bilan bog’liq.
Genetik yo’l bilan darzliklar asosan ohaktosh va dolomitlarda hosil bo’lib turli yo’nalishlarga egadir. Bir qatlamdan ikkinchisiga uning qatlamlanish yuzasini kesib o’tadigan darzliklar ham uchraydi, bunday darzliklar tektonik yo’l bilan paydo bo’ladi, odatda ular planda ko’pburchakli to’r hosil qiladi.
Neotektonik darzliklar ikkilamchi darzliklar deb nomlanib, kechki diagenez
(cho’kindini tog’ jinsiga aylanishi) va epigenez (cho’kindi tog’ jinsining mineral tarkibi va strukturasining birgalikda ikkilamchi o’zgarishi) bosqichlarida paydo bo’ladi. Tog’ jinslari paydo bo’lgandan so’ng ular eng kuchsiz tektonik (tebranma) harakatlar ta’siriga duchor bo’ladi, ulardagi birlamchi darzliklar tektonik darzliklarga aylanadi va unga xos bo’lgan xususiyatlarga ega bo’ladi. Agar yer po’stida dislokatsiyaga duchor bo’lmagan jinslar deyarli qolmagan, deb hisoblaydigan bo’lsak, u holda birlamchi darzliklarni ajratish ancha qiyin kechadi.
Hozirgi vaqtda mavjud hamma darzliklar genezisini tektonik yo’l bilan paydo bo’lgan, deb hisoblash mumkin. SHunga ko’ra ularning xususiyatlari ham o’ziga xosdir:
1) ma’lum darajada to’g’ri geometrik to’r hosil qiluvchi darzliklar sistemasi; 2) jinslarning qatlanishiga nisbatan darzliklarning qiyalanishi;
3) darzliklarning asosiy sistemasi yo’nalishini tektonik strukturalar yo’nalishi bilan bog’liqligi.
Bir qatlam doirasida hosil bo’ladigan darzliklar, tarkibi va qalinligidan qat’iy nazar bir necha qatlamlarni kesib o’tuvchi hamda turli litologik tarkibli jinslar chegarasida uchraydigan darzliklar shunday (neotektonik) yo’l bilan hosil bo’ladi. Jinslarning qatlamlanishiga perpendikulyar yo’nalishda bo’lgan darzliklar ichida qatlanish bo’yicha hosil bo’lgan darzliklar bundan istisnodir. Ularning paydo bo’lishi karbonat jinslardagi birlamchi va ikkilamchi erish (suv ta’sirida) jarayonlari hamda qayishqoq jinslarda bir tomonlama yo’nalgan tektonik deformatsiyalar bilan bog’liq. Jinslarning kollektorlik xususiyatlarini aniqlashda tektonik darzliklarni o’rganish ahamiyatlidir, chunki kollektorlardagi ko’p tarmoqli darzlar to’ri quduqlarga katta miqdordagi neft oqimi kelishini ta’minlaydi.
Tog’ inshootlari, kern va ochilmalardagi jinslarning oddiy ko’z bilan ko’rinadigan darzliklari makrodarzliklar deb ataladi. Ularning ochiqligi 0,1 mm dan katta bo’lib, ko’pincha yuzlab metrga cho’ziladi. Makrodarzliklar quyidagi turlarga bo’linadi (M.I.Maksimov, 1965): 1) qatlam ichi darzliklari. Qatlamlanishga nisbatan kam qiyshaygan bo’lib, qatlam chegarasidan chiqmaydi; 2) odatda, bir-ikki qatlamni
kesib o’tadigan ikkinchi tartibli darzliklar. Bir qatlamdan ikkinchisiga kesib o’tishida og’ish burchagi va azimutini o’zgartiradi. Karbonatli jinslarda ko’pincha qatlamlanish yuzasiga tik yo’naladi. Makrodarzliklar devorlari g’adir-budir, goho unda turli yo’nalishdagi chiziqli o’ymalar paydo bo’ladi; 3) mahsuldor qalin qatlamning butunlay yoki ko’p qismini kesib o’tuvchi birinchi tartibli darzliklar. SHliflardan mikroskop yordamida ko’rish mumkin bo’lgan darzliklar mikrodarzliklar deb ataladi. Mikrodarzliklar kengligining eng yuqori qiymati 100 mkm ga teng.
Tog’ jinslaridagi makro va mikrodarzliklar ko’rinishi to’g’ri geometrik shakllarga ega. Geometrik to’r asosan ikki o’zaro perpendikulyar yo’nalishlardagi vertikal (qatlanishga nisbatan) darzliklardan iborat. Ayrim hollarda jins darzliklarining geometrik to’ri qatlamlanish tekisligiga nisbatan gorizontal yo’nalishda paydo bo’lgan bir sistemali darzliklardan hamda o’zaro perpendikulyar uchta sistemalardan yoki turli yo’nalishlardagi o’zaro qo’shilib ketgan (sistemasiz) darzliklardan iborat bo’ladi.
Darzliklarning tog’ jinslarida joylashish qonuniyatini va yo’nalishini aniqlash uning muhim belgilaridan biri hisoblanib, ular yordamida darzliklarning asosiy sistemasi yo’nalishini va darzlanish jadalligini belgilash mumkin. Qatlamning darzlanish jadalligi jinsda paydo bo’lgan darzliklarning umumiy miqdori bilan tavsiflanadi va u jinslarning litologik tarkibiga, metamorfizm darajasiga, qalinligiga va qatlamning yotish sharoitiga bog’liq bo’ladi.
Jinslarning darzlilik jadalligi hajmiy (T) va sirtqi (P) darzlik zichligi bilan tavsiflanadi. T=S/V ; P= /F , bunda S - V hajmdagi jinslarni kesib o’tuvchi bo’ylama darzlar maydoni yig’indisi; ― jins yuzasini F maydon bo’ylab kesib o’tuvchi hamma darzlar uzunligi yig’indisi.
Darzli jinslarning kollektorlik xususiyatlariga ularning litologik tuzilishi sezilarli ta’sir etadi; jinslarda darzlilikni rivojlanish shiddati va taqsimlanish xarakteri uning moddiy tarkibi va struktura-tekstura xususiyatlari bilan chambarchas bog’liq; darzlilik dolomitlashgan ohaktoshlarda kuchli rivojlangan bo’lib, ulardan keyingi o’rinlarda toza ohaktoshlar, dolomitlar, argillitlar, qum-alevritli, angidrit-dolomitli jinslar va angidritlar turadi.
Ilmiy-tadqiqot institutlarida bajarilgan eksperimentlardan olingan daliliy ma’lumotlar tahlili natijasi darzli jinslarning o’tkazuvchanligi ularda rivojlangan darzlik sistemalariga bog’liqligini ko’rsatdi. O’tkazuvchanlik jinsdagi darzlilik zichligiga to’g’ri proportsionaldir. Tog’ jinsidagi darzlikning darzlilik sistemalari bo’yicha taqsimlanishini o’rganish orqali ularning zichligini aniqlash mumkin.
|
| |