|
-§. O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga uyda ijtimoiy-maishiy xizmat
|
bet | 18/25 | Sana | 14.06.2024 | Hajmi | 1,37 Mb. | | #263644 |
2-§. O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga uyda ijtimoiy-maishiy xizmat
14. Uyda ko‘rsatiladigan ijtimoiy-maishiy xizmatlar o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarning o‘zgalar parvarishiga muhtojligi va yashash sharoitlarini baholash natijalariga muvofiq individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga kiritiladi.
15. Ushbu xizmat ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi asosida ko‘rsatiladi.
Bunda individual ijtimoiy xizmatlar rejasi tasdiqlangandan so‘ng, “Inson” markazi va o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan tasdiqlanadigan namunadagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi (keyingi o‘rinlarda — ijtimoiy shartnoma) rasmiylashtiriladi.
Ijtimoiy xodim o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsni ijtimoiy shartnoma shartlari bilan tanishtiradi. “Inson” markazi va o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs tomonidan imzolangan ijtimoiy shartnoma “Ijtimoiy himoya” ATga yuklanadi.
16. Uyda ijtimoiy-maishiy xizmatlarni ko‘rsatish individual ijtimoiy xizmatlar rejasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
Bunda Reyestrga kiritilgan ikki va undan ortiq o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar birgalikda yashagan taqdirda, ijtimoiy xodim assistentining ularga xizmat ko‘rsatish chastotasi va davomiyligi ushbu shaxslarning o‘zgalar parvarishiga muhtojligining eng yuqori darajasi bo‘yicha belgilanadi.
17. Yuqumli hamda ruhiy kasalliklarga chalingan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga uyda ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatilmaydi.
18. Uyda ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim assistentlari lavozimi har bir o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs uchun ajratilgan vaqt normalaridan kelib chiqqan holda joriy etiladi.
Mazkur vaqt normalariga ko‘ra hisoblab chiqilgan yuklama uyda ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim assistentlar shtat birligini aniqlash uchun asos bo‘ladi.
Bunda 1 shtat birligidagi ijtimoiy xodim assistentining vaqt normasi mehnat qonunchiligiga muvofiq belgilanadi.
Dam olish va bayram kunlari uyda ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish faqat Bartel va Lauton shkalasi bo‘yicha 53 va undan past ball to‘plagan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun amalga oshiriladi. Dam olish va bayram kunlari ishlaganlik uchun mehnat qonunchiligiga muvofiq haq to‘lanadi.
19. Ijtimoiy xodim assistentlari mehnat ta’tilida, ish haqi saqlanmagan holda ta’tilda, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrida yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z vazifalarini bajara olmagan taqdirda, “Inson” markazi direktorining buyrug‘iga asosan uning vazifalari bajarish boshqa ijtimoiy xodim assistentlariga ularning roziligi bilan yuklatiladi.
Qo‘shimcha vazifalarni yuklatish ijtimoiy xodim assistentlariga amalda yuklatilgan vazifalarning hajmi hamda qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish talab etiladigan hududning ular tomonidan amalda xizmat ko‘rsatilayotgan hudud bilan uzoq yoki yaqinligini inobatga olgan holda yuklatiladi.
Bunda mehnat ta’tilida, ish haqi saqlanmagan holda ta’tilda, vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo‘lgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z vazifalarini bajara olmaydigan ijtimoiy xodim assistenti tomonidan uyda ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatilayotgan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsga ushbu xizmatni ko‘rsatish vaqti unga vaqtinchalik biriktirilayotgan ijtimoiy xodim assistentining ish vaqtiga moslashtiriladi.
Ijtimoiy xodim assistentlari tomonidan qo‘shimcha vazifa bajarilganligi uchun haqiqatda ishlangan vaqtga mutanosib ravishda haq, shu jumladan yo‘l haqi uchun kompensatsiya to‘lanadi.
Agar mehnat ta’tilida, ish haqi saqlanmagan holda ta’tilda, vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo‘lgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z vazifalarini bajara olmaydigan ijtimoiy xodim assistentining vazifalarini boshqa ijtimoiy xodim assistentiga yuklash imkoniyati mavjud bo‘lmagan taqdirda, ushbu xodim o‘z vazifalarini bajarishga kirishgunga qadar uning vazifalarini bajarish uchun o‘rindoshlik asosida boshqa xodim ishga qabul qilinishi mumkin.
20. Ijtimoiy xodim assistentlari budjet mablag‘lari hisobidan ishga kirgan paytda hamda har yili 1 tadan maxsus xo‘jalik sumkasi va yiliga 2-marta maxsus forma (yozgi, qishki), shuningdek, ijtimoiy xodim assistentlari xizmat ko‘rsatayotgan har bir o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs uchun 2 oyda bir marotaba xo‘jalik qo‘lqoplari bilan ta’minlanadi.
21. Uyda ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim assistentlarning lavozim-maoshlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
22. Uyda ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim assistentlarining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) baholanadi va baholash natijalariga asosan rag‘batlantiriladi.
23. Ijtimoiy xodim assistentining faoliyatini baholash hamda ularni rag‘batlantirish Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
24. Ijtimoiy xodim assistenti tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarning uyidan turib shu kuni ko‘rsatilgan xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumot “Ijtimoiy himoya” ATga kiritiladi va ma’lumot kiritilgan geolokatsiya saqlanib qoladi.
25. Ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordam va xizmatlardan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning qoniqish darajasi quyidagi tartiblardan biriga muvofiq bir oyda kamida bir marotaba ushbu shaxs tomonidan baholab boriladi:
mahalladagi ijtimoiy xodim tomonidan uyma-uy yurish vaqtida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga so‘rovnoma berish orqali;
“Inson” markazi tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsga SMS-xabarnoma yuboriladi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs SMS-xabarnoma orqali 5 ballik tizim bo‘yicha baholaydi. Bunda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs qo‘shimcha shaxsiy izoh qoldirishi mumkin bo‘ladi.
|
| |