|
O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘G‘risida
|
bet | 1/25 | Sana | 14.06.2024 | Hajmi | 1,37 Mb. | | #263644 |
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
O‘ZGALAR PARVARISHIGA MUHTOJ SHAXSLARGA IJTIMOIY XIZMAT VA YORDAM KO‘RSATISHNING SIFAT JIHATIDAN YANGI TIZIMINI JORIY ETISH TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 27-dekabrdagi PQ-410-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 27-dekabrdagi PQ-410-son qaroriga muvofiq 2024-yil 1-martdan boshlab:
har olti oyda bir marotaba ijtimoiy xizmatlar sifati hamda individual ijtimoiy xizmatlar rejasi natijalari “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimi, ijtimoiy xodim, tuman tibbiyot birlashmasining maxsus monitoring guruhi vakili hamda fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan monitoringdan o‘tkazilishi;
yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning oddiy va murakkab harakatlarni amalga oshirish imkoniyati baholab borilishi;
individual ijtimoiy xizmatlar rejasida belgilangan xizmatlarning mas’ul xodim tomonidan ko‘rsatilgan muddati, natijasi, sifati, samaradorligi, bexatarligi baholanishi va monitoring ma’lumotlari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga kiritib borilishi;
ijtimoiy xizmatdan foydalanuvchi tomonidan xizmatdan qoniqish hosil qilganligi darajasi baholanib borilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni e’tirof etish, individual tartibda ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejasini tasdiqlash va monitoring qilishning ma’muriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq;
O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi reglament 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar (keyingi o‘rinlarda — o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs) hamda ularni kuzatuvchi shaxslarga davlat sport tadbirlariga, teatrlarga va muzeylarga kirish bepul etib belgilanadi;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yoki yolg‘iz yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxslar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi (keyingi o‘rinlarda — “Inson” markazi) yo‘llanmalariga asosan davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida tashkil etilgan sport to‘garaklarida bepul shug‘ullanadi;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarning yashash joyida dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari tomonidan bepul amalga oshiriladi;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ularning uyida maishiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim assistentlariga budjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yo‘l haqi uchun kompensatsiya to‘lanadi;
ijtimoiy xodim assistentlariga o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ko‘rsatilgan hamrohlik xizmatlari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya to‘lanadi;
oilaviy shifokorning o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarning muhtojlik darajasi va yashash sharoitlarini baholovchi ishchi guruh tarkibidagi hamda tuman tibbiyot birlashmasi xodimining multidissiplinar guruhdagi faoliyati ularning ish yuklamasiga kiritiladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) 2024-yil 1-maydan boshlab eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga tadbirkorlik subyektlarini autsorsing asosida jalb etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Belgilansinki, eksperiment doirasida:
tadbirkorlik subyektlari eng yaxshi takliflarni tanlash orqali jalb etiladi;
xizmatlarning narxi Toshkent shahrining boshqa tumanlarida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun belgilangan xarajatlar smetasidan kelib chiqib shakllantiriladi;
autsorsing shartnomasi Agentlikning Toshkent shahar boshqarmasi va tadbirkorlik subyekti o‘rtasida tuziladi;
autsorsing asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar mazkur xizmatlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Agentlikning Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar ro‘yxati amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq tegishli tuman “Inson” markazi tomonidan shakllantiriladi;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishga doir talablar autsorsing shartnomasiga ilova qilinadi;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan autsorsing shartnomasi talablariga rioya etilishi Agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya tomonidan nazorat qilinadi.
6. Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi “Inson” markazi so‘rovnomasiga asosan shaxslarning o‘zgalar parvarishiga muhtojligini baholash, monitoring qilish va qayta baholashda ishchi va multidissiplinar guruhlar tarkibidagi mas’ul xodimlarning ishtirokini ta’minlash choralarini ko‘rsin.
7. Sport vazirligi “Inson” markazi yo‘llanmalariga asosan o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlaridagi sport to‘garaklarida bepul shug‘ullanish imkoniyatini yaratsin.
8. O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardagi hududiy bo‘linmalari hududdagi sport seksiyalari, sport inshootlari hamda ularning manzillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy ravishda “Inson” markaziga yuborilishini ta’minlasin.
9. Agentlik:
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar va ijtimoiy yordam ko‘rsatish turlari haqidagi ma’lumotlarni rasmiy veb-saytida hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida joylashtirsin va muntazam yangilab borsin;
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan reglamentlarga muvofiq xizmatlar ko‘rsatish jarayonida ishtirok etuvchi xodimlarning malakasini oshirish choralarini ko‘rsin;
2025-yil 1-mayga qadar eksperiment natijasi bo‘yicha o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga uyda maishiy xizmat ko‘rsatishni barcha hududlarda autsorsing asosida joriy etish bo‘yicha taklif kiritsin.
10. Raqamli texnologiyalar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Agentlik bilan birgalikda 2024-yil 1-aprelga qadar “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimini “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimiga integratsiya qilish choralarini ko‘rsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 4-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘G‘risida
|