|
-bob. O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning yashash sharoitlarini baholash, individual ijtimoiy xizmatlar rejasini tasdiqlash va Reyestrga kiritish
|
bet | 4/25 | Sana | 14.06.2024 | Hajmi | 1,37 Mb. | | #263644 |
3-bob. O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning yashash sharoitlarini baholash, individual ijtimoiy xizmatlar rejasini tasdiqlash va Reyestrga kiritish
12. Ushbu Reglamentning 8-bandiga muvofiq talabnoma kelib tushgan tashkilot ishchi guruh a’zosi bo‘lgan xodimini, u bo‘lmagan vaqtda boshqa mas’ul xodimni talabnomada ko‘rsatilgan muddatda ishchi guruh tarkibida ishtirok etishini ta’minlashi shart.
13. Ishchi guruh “Inson” markazi direktorining talabnomasida ko‘rsatilgan muddatda unda ko‘rsatilgan shaxslarning yashash sharoitlarini baholaydi hamda baholash natijalarini “Ijtimoiy himoya” AT orqali ushbu Reglamentga 4-ilovaga muvofiq shaklda rasmiylashtiradi.
14. Yashash sharoitlarini baholash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
sog‘lig‘i holatini baholash;
o‘zgalar parvarishiga muhtojligini baholash;
uy-joy-maishiy sharoitining holatini baholash;
ijtimoiy muhofaza qilish choralari bilan ta’minlanganligini baholash;
huquqiy jihatdan himoyalanganligini baholash;
moddiy va moliyaviy holatini baholash;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning qarindoshlari, do‘stlari va boshqa shaxslar bilan muloqoti hamda kundalik hayotdagi ijtimoiy faolligini (muloqot va dam olish xizmatiga ehtiyojini) baholash.
15. O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning sog‘lig‘i holatini baholash yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxsdagi mavjud kasalliklar, jumladan, ruhiy va yuqumli kasalliklar, uning tibbiy xizmat ko‘rsatishga va bepul dori-darmonga ehtiyojlari, uyda tibbiy xizmatga muhtojlik darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plashni nazarda tutadi.
Bunda ushbu ma’lumotlarning to‘g‘ri shakllantirilishi va baholanishi uchun ishchi guruh tarkibidagi oilaviy shifokor shaxsan javobgar hisoblanadi.
16. O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning o‘zgalar parvarishiga muhtojligini baholash uning o‘zgalar yordamiga bog‘liqlik darajasini Bartel va Lauton shkalalari orqali aniqlashni nazarda tutadi.
17. Uy-joy-maishiy sharoitlarini baholash uy-joyning yashash uchun xavfsizligi, uning sanitariya-gigiyenik holati, yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxsning jismoniy imkoniyatlariga moslanganligi, shu jumladan, markazlashtirilgan suv, issiqlik ta’minotining mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plashni nazarda tutadi.
18. O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning qonunchilik hujjatlariga muvofiq kafolatlangan ijtimoiy muhofaza qilish chora-tadbirlari bilan ta’minlanganligini baholash yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxsning imtiyozlar, nafaqalar va boshqa to‘lovlar, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlanishi, unga homiylik qilishni xohlovchi, shuningdek, uni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘lgan shaxslarni aniqlash, sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida dam olishi va boshqa ijtimoiy muhofaza chora-tadbirlarini olishga bo‘lgan huquqlarining amalga oshirilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plashni nazarda tutadi.
19. Huquqiy muhofaza qilinganligini baholash o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsda uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning, uning ijtimoiy muhofaza chora-tadbirlari bilan ta’minlanishga doir huquqlarini tasdiqlovchi boshqa zarur hujjatlarning mavjudligi, uning qonunchilik hujjatlariga muvofiq uy-joyga, boshqa shaxslardan yordam olishga bo‘lgan huquqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ishni nazarda tutadi.
20. Moddiy va moliyaviy holatini baholash shaxsning nomida uy-joy mavjud ekanligi, uning daromadi, unga to‘lanayotgan pensiya yoki kompensatsiya mablag‘lari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plashni nazarda tutadi.
21. O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning muloqot qilish va dam olishini sohasini baholash uning muloqot va dam olishga bo‘lgan ehtiyojlarining qondirilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plashni nazarda tutadi.
22. Ishchi guruh tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarning yashash sharoitlarini baholashda quyidagi ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadi:
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs hamda birinchi darajali qarindoshlarining (agar ular mavjud bo‘lsa) shaxsini tasdiqlovchi hujjat (tug‘ilganligi haqidagi guvohnoma, biometrik pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta)lar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs hamda birinchi darajali qarindoshlarining (agar ular mavjud bo‘lsa) nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotlari;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan (yoki ilgari doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan) shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga tayinlangan pensiya, nafaqa yoki boshqa kompensatsiya to‘lovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga tegishli ko‘chmas mulk obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar, mulkiy daromadlar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
23. Yashash sharoitlarini baholashning natijalari ishchi guruh tomonidan “Ijtimoiy himoya” ATda ushbu Reglamentga 5-ilovaga muvofiq shakldagi xulosada aks ettiriladi.
Yashash sharoitlarini baholash natijalari bo‘yicha Ishchi guruhning xulosasi ijobiy bo‘lgan taqdirda, “Ijtimoiy himoya” ATda individual ijtimoiy xizmatlar rejasi shakllantiriladi.
Bunda individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga ishchi guruh tomonidan zaruratga ko‘ra qo‘shimcha xizmatlar kiritilishi mumkin.
Ishchi guruh xulosasi va individual ijtimoiy xizmatlar rejasi ishchi guruhning barcha a’zolari tomonidan ularning “Ijtimoiy himoya” ATdagi shaxsiy kabineti orqali yoki “Ijtimoiy himoya” AT orqali ishchi guruh a’zolarining imzosi ularga SMS-xabarnoma orqali yuborilgan kod orqali tasdiqlanadi.
24. Ishchi guruh shakllantirilgan xulosani tasdiqlash va ushbu Reglamentning 25-bandiga muvofiq qaror qabul qilish uchun “Inson” markazi direktoriga kiritadi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan shakllantirilgan xulosa “Inson” markazi direktori tomonidan uning ERIsi orqali tasdiqlanadi hamda “Ijtimoiy himoya” AT orqali o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning mobil aloqa vositasiga xulosa mazmuni to‘g‘risida SMS-xabarnoma yuboriladi yoki xulosa nusxasi mahalladagi ijtimoiy xodim tomonidan yetkaziladi.
25. “Inson” markazi direktori tomonidan ushbu Reglamentga 6-ilovaga muvofiq o‘zgalar parvarishiga muhtoj har bir shaxs bo‘yicha alohida quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan yolg‘iz shaxs toifasini belgilash va uni Reyestrga kiritish yoki ushbu toifani belgilash va Reyestrga kiritishni rad etish haqida;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi nogironligi bo‘lgan shaxs toifasini belgilash va uni Reyestrga kiritish yoki ushbu toifani belgilash va Reyestrga kiritishni rad etish haqida;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksa toifasini belgilash va uni Reyestrga kiritish yoki ushbu toifani belgilash va Reyestrga kiritishni rad etish haqida;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi keksa toifasini belgilash va uni Reyestrga kiritish yoki ushbu toifani belgilash va Reyestrga kiritishni rad etish haqida.
Bunda ishchi guruh tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ularning yashash sharoitlarini baholash natijasida 116 va undan yuqori ball qo‘yilishi ularni o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxs deb e’tirof etish va Reyestrga kiritishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
26. “Inson” markazi direktori ushbu Reglamentning 25-bandiga muvofiq o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsga mazkur Reglamentning 2-bandida belgilangan toifalardan birini belgilash va Reyestrga kiritish haqidagi qarorni tasdiqlash bilan bir vaqtda ushbu Reglamentga 7-ilovaga muvofiq individual ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejasini tasdiqlaydi.
Mahalladagi ijtimoiy xodim o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsni tasdiqlangan individual ijtimoiy xizmatlar rejasining mazmuni bilan tanishtiradi.
27. Individual ijtimoiy xizmatlar rejasi quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi:
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsni sog‘lomlashtirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsga uyda ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning uy-joy-maishiy sharoitlarini to‘siqsiz harakatlanish uchun moslashtirish;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsni ijtimoiy va huquqiy muhofaza qilish choralarini ko‘rish;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning qarindoshlari, do‘stlari va boshqa shaxslar bilan muloqoti hamda kundalik hayotdagi ijtimoiy faolligini oshirish;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsga vasiylik va homiylik qilishni xohlaydigan shaxslarni, shuningdek uni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘lgan ko‘ngillilarni jalb etish.
28. Individual ijtimoiy xizmatlar rejasi tasdiqlangandan so‘ng shu kunning o‘zida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish uchun ushbu Reglamentga 8-ilovada belgilangan ijtimoiy xizmatlar va yordamni ko‘rsatuvchi tashkilotlarga yuboriladi.
29. Ijtimoiy xodimlar tomonidan individual ijtimoiy xizmatlar rejasida belgilangan har bir ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatilganligi to‘g‘risidagi axborotni tasdiqlovchi ma’lumotlar “Ijtimoiy himoya” ATga kiritib boriladi.
|
|
Bosh sahifa
Aloqalar
Bosh sahifa
-bob. O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning yashash sharoitlarini baholash, individual ijtimoiy xizmatlar rejasini tasdiqlash va Reyestrga kiritish
|