Qadimgi yunon va rim faylasuflarining tarbiya to‘g‘risidagi fikrlari




Download 3,04 Mb.
bet100/152
Sana07.01.2024
Hajmi3,04 Mb.
#131775
1   ...   96   97   98   99   100   101   102   103   ...   152
Bog'liq
Pedagogika kafedrasi umumiy pedagogika

Qadimgi yunon va rim faylasuflarining tarbiya to‘g‘risidagi fikrlari. Pedagogika nazariyasiga olim va faylasuflardan Suqrot, Platon, Aristotel va Demokritlar asos soldilar. Quyida bu faylasuf olimlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Suqrot (Sokrat) (eramizdan avvalgi 469-399-yillar) o‘zining ijtimoiy kelib chiqishiga qaramay (Suqrot haykaltaroshning o‘g‘li edi) konservativ zamindor aristokratlarning ideologi edi. Bu albatta, uning falsafiy va pedagogik qarashlarida o‘z aksini topdi. Suqrot keng maydonlarda so‘zga chiqar, axloqqa doir masalalar yuzasidan suhbatlar o‘tkazar, tinglovchilarni savol-javob yoki u bilan haqiqatni topishga undar edi. Bu «Suqrot metodi»(Evristik) nomi bilan fanga kirgan.
Suqrot — falsafiy dialektikaning asoschilaridan biri. Baxs orqali, ya’ni muayyan narsalarni o‘rtaga qo‘yish va ularga javob topish yo‘li bilan haqiqatni aniqlash mumkin deb uqtiradi faylasuf. Aristotelning yozishicha, Suqrot mavjud haqiqatan umumiy tushunchalarga o‘tishdagi induktiv ta’limotni hamda har bir narsaning mohiyatini bilishning birinchi imkoniyatini beradigan tushunchalarni aniqlashdagi ta’limotni yaratgan. Suqrotning etika sohasidagi asosiy tezislari quyi- dagilardan iborat: ezgulik bilimdir, donishmandlik, ya’ni yaxshilikni biluvchi yaxshilik qiladi; yomonlik qiluvchi esa yaxshilikni yo bilmaydi yoki pirovardida yaxshilikning tantanasi uchun yomonlik qiladi. Suqrotning ta’biricha, aql bilan axloq o‘rtasida ziddiyat bo‘lishi mumkin emas. Ulug‘ faylasuf tarbiyada axloqiy, estetik, jismoniy tarbiya mezonini ishlab chiqdi. Lekin Suqrotning axloqiy qarashlarida tengsizlikni yaqqol sezish mumkin. Uning fikricha, axloq faqat imtiyozli «mumtoz»largagina xos, «mumtoz» kishilar haqiqiy axloqning yagona egalari bo‘lganliklari uchun hokimiyat ham ularning qo‘llarida bo‘lmog‘i kerak deydi.
Aflotun (Platon) eramizdan ilgari (424-347-yillari) yashagan. Qadimgi yu- nonistonning mashhur - idealist faylasufi, Suqrotning shogirdi, obyektiv idealizm nazariyasining asosichisi «g‘oyalar dunyosi»ni birlamchi, his qiluvchi narsalar dunyosini ikkilamchi deb hisobladi. Aflotun olamni hodisalar dunyosi va g‘oyalar dunyosi deb ikkiga bo‘ldi. Uning fikricha g‘oyalar abadiy va o‘zgarmasdir. Uning nazarida, narsalar g‘oyalar olamining soyasidir. Afina aristokratiyasining namo- yondasi bo‘lgan Aflotun, zodagonlarning abadiy hukmronligi nazariyani ilgari surdi. Uning fikricha ideal aristokratik davlat uch xil ijtimoiy guruh: faylasuflar, jangchilar, hunarmandlar va dehqonlar guruhidan iborat bo‘lishi lozim. Faylasuflar davlatni boshqaradilar, jangchilar uni har qanday dushmandan himoya qiladilar, uchinchi guruh esa mehnat qilib, mo‘l hosil yetishtirib, faylasuflar va jangchilarni boqadilar. Uning tasavvuridagi ideal davlatda qullar ham hunarmandlar ham huquqsizdirlar, qanoat va itoatkorlik fazilatlariga xos deb ta’kidlaydi u. Aflotun davlat tomonidan tashkil etilmog‘i va hukmron guruhlarning — faylasuflar va jangchilarning manfaatini ko‘zlamog‘i lozim. Aflotun o‘zining pedagogika tizimida Sparta va Afina tizimining ba’zi bir belgilarini birlashtirishga intiladi. Aflotunning fikricha, bolalar 3 yoshdan 6 yoshgacha davlat tomonidan tayinlab qo‘yilgan tarbiyachilar rahbarligida maydonchalarda turli o‘yinlar o‘ynash bilan shug‘ullanishlari lozim. Aflotun o‘yinlarni maktabgacha tarbiya vositasi deb hisoblab, ularga katta ahamiyat beradi, shuningdek, bolalarga hikoya qilib beriladigan materiallarni sinchiklab tanlash kerakligini ham uqtirib o‘tadi. U bolalarga yoshlik chog‘idanoq ijtimoiy tarbiya berish tarafdori edi. Aflotun xotin- qizlar tarbiyasi xususida fikr yuritib, Spartadagi usulni ma’qullaydi. Umuman Aflotun tarbiya tizimining butun mazmuni va mohiyati jismoniy mehnatdan g‘oyat nafratlanish ruhi bilan sug‘orilgan. Aflotun g‘oyasiga ko‘ra bo‘lajak faylasuflar va jangchilarni «jismoniy mehnat to‘g‘risida xato o‘ylashlari» ham taqiqlab qo‘yilgan, shuningdek, qullarning bolalarini o‘qitmagan ma’qul. Biroq Aflotun maktabgacha tarbiya to‘g‘risida, davlat tomonidan izchillik bilan olib borilishi lozim bo‘lgan tarbiya tizimi to‘g‘risida bir qancha muhim fikrlarni aytib, ijobiy o‘rnak namunasida tarbiyalashni talab qilgan.
Aflotun o‘zining axloqiy g‘oyalarini ilgari surar ekan, ustozi Suqrotga ergashib, obyektiv idealizm yo‘lini tutadi.
Arastu (Aristotel) (eramizdan avvalgi 384-322-yillar)da yashagan. Aflotun olamni g‘oyalar va hodisalar dunyosiga bo‘lgan bo‘lsa, uning shogirdi Arastuning aytishicha, g‘oyani shaklga o‘xshatish mumkin. Har qanday buyumda biz uning moddasini va shaklini ko‘rishimiz mumkin. Moddada narsalar bo‘lishi uchun imkoniyatlar bor; modda biron shakl olganidan so‘nggina narsa bo‘lib qoladi. Chunonchi, marmarning o‘zi bir moddadir, ammo unga ma’lum shakl berilsa, haykal tusini olishi mumkin.
Arastu olamda tana va jon bor, tana bilan jon materiya bilan shakl tariqasida bir-biridan ajralmagan holda mavjuddir, deydi. Uningcha, uch xil jon bor: o‘simlikdan tarkib topgan jon oziqlanish va urchib ko‘payishda namoyon bo‘ladi; hayvonotdan tarkib topgan jon, o‘simlik xossalaridan tashqari sezgilarda va istaklarda namoyon bo‘ladi; aqlning ifodasi bo‘lgan jon, o‘simlik va hayvonot xossalaridan tashqari, u tafakkur yoki bilish xislatlariga ega. Insondagi jonning hayvoniy qismi aqlga tobe bo‘lganligi sababli, uni iroda deb atash mumkin.
Arastuning fikricha, jonning mana shu uch xiliga muvofiq uch xil tarbiya - jismoniy, axloqiy va aqliy tarbiyalardir. Tarbiyaning maqsadi aql va irodani kamol toptirishdan iborat. Har bir moddada rivojlanish imkoniyati bor bo‘lganidek, insonga ham tabiat faqat qobiliyatlarning boshlang‘ichinigina beradi, insonda kamol topish imkoniyati mavjud va bu imkoniyat tarbiya vositasi bilan ro‘yobga chiqariladi. Tabiat jonning uch xilini bir-biri bilan chambarchas bog‘lab qo‘ygan, biz ham tarbiyada tabiat belgilab bergan yo‘ldan borib, jismoniy, axloqiy va aqliy tarbiyani bir-biri bilan chambarchas bog‘lab olib borishimiz lozimligini uqtiradi.
Arastuning fikriga ko‘ra, davlatning umumiy bitta oxirgi maqsadi bor, u ham bo‘lsa, davlat hamma fuqarolarga bir xilda tarbiya berilishini ta’minlashi lozim, mana shunday tarbiya berish esa xususiy tashabbusning vazifasi bo‘lmasdan, balki davlatning ishi bo‘lishi lozim.
Oilaviy tarbiya bilan ijtimoiy tarbiya o‘zaro bog‘liq bo‘lishi lozimligini uqtirib, u hatto oilaviy tarbiyaga doir bir qancha tavsiyalar beradi. Ammo Arastu davlat hamma fuqarolar uchun «bir xilda» tarbiya berishi lozim, deb aytganida qullarni nazarda tutmaydi.
Arastu pedagogika tarixida birinchi bo‘lib, yoshni davrlarga bo‘lishga urinib ko‘radi. U insonning yoshlik yillarini uchga bo‘lib o‘rganadi: 7 yoshgacha bo‘lgan davr; 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan davr (jismoniy balog‘at davrining boshlanishi) va jinsiy balog‘at davrining boshlanishidan 21 yoshgacha bo‘lgan davr. Uning fikricha, bunday davrlarga bo‘lish tabiatga mos bo‘lib tushadi.
Arastu o‘g‘il bolalar 7 yoshdan boshlab davlat maktabida o‘qishi lozim, deb uqtiradi. Bolalarga aqliy tarbiya berilishi kerakligini aytib, u o‘g‘il bolalar avvalo badantarbiya muallimlarining qo‘liga topshirilsin, deb talab qiladi; bunda u bola­larni haddan tashqari charchatib qo‘ymaslik kerakligini aytadi va ularning jismi mustahkamlanib olguncha yengil mashqlar bilan shug‘ullantirishni tavsiya etadi.
Arastu jismoniy, axloqiy va aqliy tarbiyani bir-biri bilan bog‘langan, deb qaraydi. Boshlang‘ich ta’lim vaqtida, badantarbiyadan tashqari, Yana o‘qish, yozish, grammatika, rasm va musiqa o‘rgatilishi kerakligini alohida uqtirib o‘tadi. O‘smirlar maktabda jiddiy ma’lumot olishlari kerak, ular adabiyot, tarix, falsafa, hisob, falakiyot, musiqani o‘rganishlari shart. Go‘zallikni his qilishni o‘stirish uchun musiqa o‘rganmoq kerak, ammo rasm chizish singari musiqa o‘rganish ham oddiy hunarga aylanib ketmasligini kuzatib turish muhim deydi. U xotin-qizlarning tarbiyasi xususida gapirib, bu erkaklarning tarbiyasiga o‘xshab ketmasligini, chunki ularning tabiati mutlaq erkaklarnikidan farq qilishini aytadi. Arastu o‘z pedagogik qarashlarida iroda, faoliyatni asos qilib olgani holda, aqliy tarbiya sohasida axloqiy ko‘nikmalarga katta ahamiyat beradi. Tabiiy iste’dod, shu bilan birga, ko‘nikma orttirish (matlub harakatlarni o‘rganish, tez-tez takrorlab turish) va aql — bular axloqiy tarbiyaning uch manbaidir,- deydi.
Fazilatlar hosil bo‘lishi uchun ezgu xulq-odatlarini va ko‘nikmalarini tarkib toptiradigan, yaxshi o‘ylab o‘tkaziladigan mashqlar bo‘lishi ham zarur, bunga odatlanish, buning uchun doimiy harakat qilish lozim, odatdan, ko‘nikishdan esa axloqiy xatti-harakat hosil bo‘ladi, deb ta’lim beradi.
Arastu Aflotundan farq qilib, oilani tarbiyadan chetlashtirmaydi, axloqiy tarbiya berish, asosan, oilaning zimmasida bo‘lishi kerak, deydi.
Arastuning qarashlari antik pedagogikaning taraqqiyotiga katta ta’sir o‘tkazadi. Uning «Nikoh axloqi» va «Siyosat» asarlari axloq masalalarini nazariy ishlab chiqishga bag‘ishlangan.
Arastu, axloqning jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, «Tabiat inson qo‘liga qurol — aqliy va axloqiy kuch bergan, ammo u shu qurolni teskari tomonga nisbatan ham ishlatishi mumkin: shu sababli axloqiy tayanchlari bo‘lmagan odam eng insofsiz va yovvoyi, o‘zining jinsiy va did mayllarida eng tuban mavjudot bo‘lib qoladi», - deydi.
Arastu antik davrining boshqa faylasuflariga qaraganda axloqiy munosa- batlarning tabiatini teran tadqiq qila oldi. Uning fikriga ko‘ra, axloqiy fazilat — faoliyat, xatti-harakat demakdir. Barcha axloqiy fazilatlar adolat, do‘stlik, muhabbat, saxiylik, sulhparvarlik, xushfe’llik va hokazolar faqat inson faoliyatida namoyon bo‘lishini asoslab beradi.
Odam jamiyatda yashagani sababli uning axloqiy fazilatlari hech qachon sof, xolis holda namoyon bo‘lmaydi, balki faqat ijitimoiy faoliyatdagina amalga oshadi. Shuning uchun barcha axloqiy fazilatlar ijtimoiydir, deydi Arastu.
Inson tabiatan fazilatlarga ega bo‘lmagani, balki fazilatga o‘rgangani sababli, tarbiyaning (faqat bolalarnigina emas, shu bilan birga barcha aholini tarbiya qilish) roliga katta ahamiyat berib, xususan hissiyotlarni tuyg‘ularda idrokli tarbiyalashga ahamiyat qaratadi. Uning fikricha, bunday tarbiya kishilarning axloqli bo‘lib yashashga o‘rganishlari uchun zarur bo‘lgan mavjud qonunlar yordamida armalga oshiriladi. Mutafakkir fazilat deganda, hamisha ota-ona o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan davlatga xizmat qilishni nazarda tutadi.
Arastu axloqiy fazilatlar bilan bir qatorda inson uchun muhim bo‘lgan aqliy fazilatlarga—bilim, donishmandlik, fahmlash va boshqalarga ham katta ahamiyat beradi. Ammo axloqiy fazilatlarni aqliy fazilatlarga bo‘ysundirgan holda ifodalaydi.
Arastu faqat aql faoliyatini tan oladi. Shu sababdan u baxt idealini haqiqatan intellektual mushohada etishda deb biladi.
Umuman antik faylasuflar Suqrot, Aflotun, Arastular o‘zlarining nazariyalarida har bir narsada me’yor bo‘lmog‘i lozimligini uqtirib o‘tganlar. Ular axloqni insonning baxtga erishish vositasi deb qaraganlar.
Demokrit (eramizdan avvalgi 460-370-yillar) qarashlari qadimgi yunon falsafasining cho‘qqisidir. U atomizm nazariyasini yaratgan materialist faylasufdir. Demokrit o‘z asarlarida yuqorida nomlari qayd etilgan mutafakkir faylasuflar kabi tarbiya masalalariga katta e’tibor beradi. U o‘z nazariyasida tabiat qonunlariga, xurofotni va qo‘rquvni yemirib tashlaydigan chinakam bilimlarga murojaat qiladi.
Demokrit tarbiyani tabiatga muvofiqlashtirish masalasini birinchi bo‘lib ilgari surdi. «Tabiat bilan tarbiya bir-biriga o‘xshaydi» deb yozadi u.
Demokrit «ta’lim mehnat asosidagina go‘zal narsalarni hosil qiladi», deb, tarbiya ishida mehnatning roli juda katta ekanligini ta’kidladi. U doimo mehnat qilib turishni talab qildi, mehnatga odatlana borgan sari, mehnat yengil bo‘lib boradi, deydi. U yomon o‘rnakdan ehtiyot bo‘lish kerak, deb ta’kidlaydi va yaxshi hulq hosil qilishda mashqning ahamiyati katta, deb hisoblaydi. Demokrit axloqni odamning o‘z tabiatidan kelib chiqib, asoslashga harakat qiladi. Bilish nazariyasida Demokrit moddiy olamni bilish va haqiqatga erishish mumkinligini ta’kidladi, bilish jarayonida sezgi va tafakkur rolini ko‘rsatdi. Uningcha sezgilarimiz orqali olingan bilim «qorong‘i»; u olamning mohiyatini ochib berolmaydi; aql orqali olingan bilim «yorug‘«, haqiqiy bilimdir. Tabiat sirlarini faqat fikrlash yo‘li bilan bilib olish mumkin. Demokritning axloqiy va pedagogik qarashlari diniy qobiqdan xoli edi. Shuning uchun ham u o‘z g‘oyalari bilan o‘zidan keyingi faylasuf olimlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, ularning inson kamolotidagi nazariy qarashlari, tarbiyaning roliga bergan katta ahamiyatlari pedagogika tarixi nazariyasini yaratishda asosiy zamin bo‘lib xizmat qildi.

Download 3,04 Mb.
1   ...   96   97   98   99   100   101   102   103   ...   152




Download 3,04 Mb.

Bosh sahifa
Aloqalar

    Bosh sahifa



Qadimgi yunon va rim faylasuflarining tarbiya to‘g‘risidagi fikrlari

Download 3,04 Mb.