5
KIRISH (falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi annotatsiyasi)
Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati. Hozirgi globallashuv
davrida jahon mamlakatlari o‘rtasida integratsiyalashuv hamda turli sohalarda
hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Dunyo mamlakatlari
xo‘jaligida yetakchi sohalar qatorida tibbiyot va aholi salomatligini muhofaza
qilish, sifatli tibbiy xizmatni tashkil etish masalalari
ham muhim ahamiyat
kasb etadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va boshqa xalqaro tashkilotlar
yuqoridagi masalalar yechimiga qaratilgan qator tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Mazkur tashkilotlar aholi
salomatligini muhofaza qilish, ularning turmush
sharoitini yaxshilash va strategik dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha muayyan chora-
tadbirlar amalga oshirib kelmoqda.
Ayni
paytda dunyoning AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Yaponiya,
Koreya
Respublikasi, Hindiston, Isroil kabi davlatlari ilmiy markaz va tadqiqot
institutlarida tibbiyotning turli sohalari bo‘yicha tadqiqot ishlari amalga
oshirilmoqda. Jumladan, davolashning zamonaviy usullarini ishlab chiqish, diagnostika
texnologiyalarini takomillashtirish, tibbiy reabilitatsiya, ijtimoiy va yuqumli kasalliklar
patologiyasi, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, tibbiy ta’limni rivojlantirish,
kadrlar tayyorlashning samarali mexanizimini shakllantirish, sanitariya xizmati,
farmatsevtika sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda sifatli tibbiy xizmatni
tashkil qilish aholi
salomatligini muhofaza qilish tadbirlarini kuchaytirish va bu boradagi tarixiy
tajribani ilmiy tadqiq qilib, yakuniy xulosalar chiqarish tarixchilar oldidagi dolzarb
masalalardan biri hisoblanadi. Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab mazkur soha
davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilandiki, buning zamirida
tibbiy madaniyatni yuksaltirish, aholining turmush farovonligini oshirish ulug‘vor
maqsadlar qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
ta’kidlaganidek: “ ... xorijdagi ilg‘or yutuqlardan foydalanib, aholi salomatligini
asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarimizni yangi bosqichga
ko‘tarishimiz zarur”
1
. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida tibbiyot sohasini tubdan
yangilash, ushbu yo‘nalishda xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish
borasida ko‘pgina samarali ishlar olib borildi. Bu borada respublikada ko‘pgina
qonun va me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, muayyan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Mazkur soha tarixini ilmiy tadqiq etish natijasida qo‘lga
kiritilgan natijalardan
tizimdagi islohotlarda foydalanish muhim ahamiyatga egaligi tanlangan mavzuning
dolzarbligini belgilaydi. Shuningdek, bu ijobiy yangilanishlar tizim tarixini yangi
metodologik yondashuvlar va manbalarga asoslanib yoritishni talab qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 7-dekabrdagi PF-5590-son
“O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlash tizimini
tubdan takomillashtirish
bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2021-yil 5-maydagi PF-6221-son
1
Mirziyoyev Sh.M. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi. – Toshkent: O‘zbekiston, 2022. – B. 199-200.
6
“Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va
tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish
to‘g‘risida”gi, 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonlari, 2021-yil
28-iyuldagi PQ-5199-son “Sog‘liqni saqlash sohasida
ixtisoslashtirilgan tibbiy
yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi,
2021-yil 11-noyabrdagi PQ-6-son “Aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish sifatini
yaxshilash va sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar salohiyatini yanada oshirishga oid
qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari va soha faoliyatini takomillashtirishga
oid huquqiy-me’yoriy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda
mazkur dissertatsiya ishi muayyan darajada xizmat qiladi.