– eshitish jarayoni bola burun orqali nafas olayotganda boshlanadi, shundan so‘ng
undan og‘i bilan bir necha marta chuqur nafas olishni iltimos qilish kerak – bu
qo‘shimcha tovushlarni kuchaytirishga imkon beradi;
kichkina bola chuqur nafas olishiga erishish uchun uning burnini bir necha
soniyaga bekitib qo‘yish, bolani qitiqlash, barmoq bilan astagina traxeyaga bosish
mumkin; bu jarayonda shifokorga bolaning yig‘isi yordam beradi, chunki
yig‘layotganda bola chuqur nafas oladi. Normal nafas olishning quyidagi turlari
mavjud: vezikulyar, pueril, bronxial turlari.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 3–6 oylik go‘daklarda o‘pkalarining elastik
to‘qimalari yetarlicha rivojlanmaganligi sababli, birmuncha sust nafas eshitiladi, 6
oylikdan boshlab 5–7 yoshlikkacha bo‘lgan bolalarda pueril nafas eshitilib, aslida u
kuchaytirilgan vezikulyar nafas hisoblanadi. Ayni paytda
nafas olishning ikkala
fazasida ham birmuncha kuchli va davomli shovqin eshitiladi. Bolalar pueril nafas
olishi ularning nafas olish organlarining quyida keltirilgan o‘ziga xos xususiyatlari
mavjudligi bilan izohlanadi:
– interstitsial to‘qima kuchli rivojlanib, o‘pka to‘qimasining yengilligini
kamaytiradi va laringeal nafas katta miqdorda qo‘shilishi uchun imkon yaratadi;
– ko‘krak qafasining o‘lchamlari kichik bo‘lganligi
sababli tovush tirqishidan
eshitish nuqtasigacha masofa kichik bo‘lib, bu ham laringeal nafas qo‘shilishiga
yordam beradi;
– bronxlar oralig‘i tor;
– ko‘krak qafasining yuqori elastikligi va devorining yupqaligi uning tebranishini
oshiradi.
7 yoshdan kattaroq bolalarning nafasi asta-sekin vezikulyar xususiyatga ega bo‘la
boshlaydi. Avvaliga u o‘tkinchi bo‘ladi, ya’ni pueril va vezikulyar nafas o‘rtasida
oraliq holatni egallaydi. Ayni vaqtda vezikulyar nafas paytida butunlay yo‘q bo‘lib
ketishdan oldin nafas chiqarilishi hali ancha yaxshi eshitiladi. Nafasni eshitish
jarayonida quyidagi joylarga alohida e’tibor qaratiladi:
– qo‘ltiqosti joylari – segmentar pnevmoniyada bronxial nafas erta paydo bo‘lishi;
– umurtqaning ikki tomonidagi bo‘shliqlari (paravertebral bo‘shliqlar)
–kichik bolalarda pnevmoniya holati tez-tez lokalizatsiya bo‘lishi, ayniqsa spina
scapulae ustida (o‘pkaning II, VI, X segmentlari shikastlanishi);
– umurtqa va kurak o‘rtasida (o‘pka ildizi qismi) – pnevmoniya va sil kasalligining
infiltrativ shakli boshlanishi;
– kurakosti qismlari – krepitatsiyaning erta paydo bo‘lishi;
– yurak qismi – chap o‘pkaning tilchali qismi shikastlangan holatidagi krepitatsiya.
Bronxial nafas, shuningdek traxeal
yoki laringeal deb nomlanib, stetoskop
teshigiga puflaganda yoki til uchini ko‘tarib ochiq og‘iz bilan nafas
chiqarayotganda va shu vaqtda ―x‖ tovushini talaffuz
qilayotganda bajarilishi
mumkin. Shunda nafas chiqarish doimo nafas olishga nisbatan yanada kuchliroq va
davomiyroq eshitiladi. Sog‘lom bolalarda bronxial nafas hiqildoq, traxeya, yirik
bronxlar ustida, kuraklar orasidagi qismida III–IV ko‘krak
umurtqasi sathida
eshitiladi. Fiziologik bronxial nafas havo oqimi tovush tirqishi orqali o‘tishi hamda
traxeya va hiqildoq tana yuzasiga yaqin joylashganligi natijasida yuzaga keladi.