II bob. O‘ZBEK TILIDA INGLIZCHA O‘ZLASHMA SO‘ZLARNING MA’NO TARAQQIYOTI
1. Inglizcha o‘zlashma so‘zlarning semantik tuzilishidagi o‘zgarishlar xususida
Ma’lumki, har bir til o‘z lug‘at boyligiga ega bo‘lar ekan, o‘zining ichki qonuniyatlari asosida tadrijiy ravishda rivojlanib boradi. Shuningdek, jamiyatda bo‘ladigan o‘zgarishlarga mos ravishda, o‘z tiliga ega bo‘lgan xalq til birliklarining o‘zga xalqlar bilan siyosiy, ma’naviy, madaniy, iqtisodiy aloqalari natijasida ham boshqasiga o‘tib borishi kuzatiladi. Bu holat manbalarda o‘z qatlam va o‘zlashgan qatlam guruhi sifatida tasniflanadi.
O‘zbek tili lug‘at boyligining katta qismi umumturkiy leksemalar bo‘lib, ularni o‘zlashma qatlam leksemalaridan farqlashning o‘ziga xos belgilari ham mavjud.
O‘zbek tiliga so‘zlar o‘zlashishining o‘ziga xos tadrijiy bosqichlari bor. O‘zbek tilidagi mumtoz badiiy manbalar kuzatilganda, ularda fors-tojik va arab tillaridan o‘zlashgan so‘zlarning o‘z davriga qarab o‘zlashish va qo‘llanilish ko‘lami kengaya borgani kuzatiladi. O‘zlashma so‘zlar o‘z tilidan boshqa tilga o‘zlashar ekan, ma’lum muddat o‘z qatlam so‘zlariga qaraganda barcha uchun birday tushunarli bo‘lmagan, ishlatilish doirasi o‘z qatlam so‘zlariga qaraganda nofaol xususiyatga ega bo‘ladi.
Professor E.Begmatov o‘zlashma so‘zlar masalasiga yondashar ekan, quyidagicha fikrni bildiradi: O‘zbekcha so‘zlar uchun asos bo’luvchi arabcha, forscha-tojikcha kabi so‘zlar materiali va genetik manbaiga ko‘ra chet til elementi bo‘lsa ham, ularni hozirgi o‘zbek adabiy tili nuqtai nazaridan, ya’ni davriy (sinxronik) holatga ko‘ra, tashqi resurs deyish bir tomondan to‘g‘ri, ikkinchi tomondan esa, shartlidir. Bu so‘zlar endilikda o‘zbek tiliga o‘zlashtirilgan, ko‘p davrdan beri bu tilda iste’molda bo‘lgan, o‘zbek tilining qonuniy boyligiga aylangan leksikadir. Shuning uchun bu so‘zlarning ko‘pchiligi o‘zbek tilida gaplashuvchi hozirgi davr kishilari uchun o’zlashma so’z tarzida tuyulmaydi. Mana shu xususiyatiga ko‘ra, yangi o‘zbekcha so‘zlar uchun baza bo‘luvchi arabcha, forscha-tojikcha so‘zlar funksiyasiga ko‘ra, traditsion tub turkiy so‘zlarga yaqin turadi. Demak, o‘zbekcha so‘zlar yasalishiga xizmat qiluvchi arabcha, fors-tojikcha so‘zlarning aksariyati keltirilgan ma’noda ichki resurs xarakteridadir”1.
Hozirda o‘zbek tiliga fors-arab tillaridan o‘zlashgan so‘zlarning iste’mol ko‘lami shu qadar kengayib ketganki, o‘zbek tilining izohli lug‘atida ularning o‘z qatlam so‘zlari kabi ma’nolari kengayib ketganini kuzatish mumkin. Muhimi esa, til sohiblari uchun forscha-arabcha so‘zlarning ma’nolari o‘z qatlam so‘zlari kabi tushunilishi aniqlashib ketgani, ko‘pchilik hollarda ularni umumturkiy so‘zlardan farqlanmay qolgani ham bu so‘zlarni “begonalik” holatidan uzoqlashtiradi.
Professor Sh.Rahmatullayev esa “Fors, arab tillaridan leksema o‘zlashtirish tarixan ko‘p bo‘lgan, hozir esa siyraklashgan. Hozirgi o‘zbek tilida rus tilidan o‘zlashtirishlar o‘rnini bevosita g‘arb tillarining o‘zidan o‘zlashtirish oldi2”, – deya ta’kidlaydi.
O‘zlashma so‘zlar haqida fikr yuritilar ekan, turli sohalarda qo‘llanuvchi baynalmilal so‘zlarning ommaviy ravishda ko‘pgina tillarga o‘zlashib borayotgani turli til sohiblari uchun qulaylik yaratishi jihatidan quvonarli holdir.
Tilshunos olim Sh.Rahmatullayev hozirda o‘zbek tili uchun ichki manbaga qaraganda tashqi manba ustunligini e’tirof etadi: “Umuman, keyingi vaqtlarda lug‘atning boyish jarayonida so‘z yasashdan ko‘ra o‘zlashtirish ustun bo‘lib bormoqda. Chunki o‘zlashtirish – so‘z yasashga nisbatan yengil yo‘l. Jamiyat taraqqiyotining hozirgidek tez sur’atlar bilan borishi til amaliyotida ham har on hozirjavoblikni talab qilmoqda. Tillar orasida o‘zlashtirishning faollasha borishiga asosiy sabab – shu”3.
O‘zbek tiliga rus tili orqali o‘zlashgan so‘zlar miqdori ko‘pchilik bo‘lsa-da, ularni ruscha o‘zlashmalar va ruscha bo‘lmagan o‘zlashmalar sifatida ajratish mumkin.
Istiqlol yillaridan so‘ng tilimizga jamiyatdagi turli sohalarining rivojlanishi va yangilanishi natijasida g‘arb tillaridan so‘z o‘zlashtirishni alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Jumladan, ko‘pgina sohalarda qo‘llanayotgan nanatexnologiya, innovatsion va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni o‘zida aks ettiruvchi ma’lum bir tushunchalar borki, ular qo‘llanayotgan ma’lum bir fan tili nomi bilan birga kundan-kunga quloch yozib bormoqda.
Bizga ma’lumki, ingliz, fransuz, rus, ispan, arab va xitoy tillari jahon tillari sifatida yetakchi mavqega ega bo‘lib, BMTning ish hujjatlari shu tillarda yuritiladi. Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) - yer yuzida tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni taʼminlash, davlatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot. 1945 yilda tuzilgan. Hozirda tilimizga o‘zlashgan va ayni paytda o‘zlashish darajasi faol hisoblanayotgan inglizcha so‘zlarning o‘zbek tili lug‘at boyligidagi o‘rni alohida ahamiyatga ega. Ayni paytda bunday so‘zlar o‘zga tilga o‘zlashishidan tashqari qisqa muddat ichida so‘z yasash bazasi sifatida ham faol rol o‘ynamoqda.
Inglizcha o‘zlashma so‘zlar sirasidagi provayder, sammit, imij, reyting, menejment, menejer kabi so‘zlarning o‘zbek tilining izohi lug‘atidagi ma’nolari kuzatilganda, bu kabi so‘zlarning o‘zlashishi bilan bog‘liq ma’no o‘zgarishlari lug‘atlarimizda qayd etilganini kuzatish mumkin.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, tilimizga ingliz tilidan o‘zlashgan so‘zlarning o‘zlashishida ularning semantik tuzilishidagi o‘zgarishlari ham turlicha bo‘lgan. Shunga muvofiq ularni o‘z ma’nosini saqlab qolgan o‘zlashmalar, so‘z ma’nolarining kengayishi, so‘z ma’nolarining torayishi, o‘zlashmalarning yangi ma’no kasb qilishi kabi til hodisalariga uchragan o‘zlashmalar sifatida tasniflab o‘rganish mumkin. Bu haqda keyingi bo‘limda so‘z yuritiladi.
Ma’lumki, dunyoda 5000 dan ortiq til mavjud bo‘lib, ularning soni manbalarda turlicha ko‘rsatiladi. Bularning aniq sonini belgilash juda murakkab, chunki tillar o‘rtasidagi va bir tilning dialektlari orasidagi farqlar nihoyatda shartlidir1.
Hozirgi paytda o‘z ustivor siyosatiga ega bo‘lgan har bir davlatning global masalalari qatoridan til masalasi ham o‘rin olgan deyish mumkin. Zeroki, jahonda ayni paytda 1400 tilning yo‘qolib ketish xavfi mavjudligi ta’kidlanmoqda. Mutaxassislar tomonidan dunyo tillaridan faqat 40 tasininggina og‘zaki va yozma jihatdan mukammal shakllanib bo‘lgani qayd etiladi. O‘sha 40 tilning orasida o‘zbek tilining ham munosib o‘rin olgani quvonarli holdir1. Prezidentimiz I.A.Karimov tashabbusi bilan 1989-yil 21-oktabrda O‘zbek tiliga “Davlat tili” maqomi berilishi, shuningdek, 1995-yil 21-dekabrda “Davlat tili haqida”gi Qonunning yangi tahriri qabul qilinishi kabi til masalalariga bog‘liq hukumat qarorlarining o‘z vaqtida qabul qilinishi mamlakatimizda uzoqni ko‘zlangan davlat siyosati olib borilayotganining dalilidir.
O‘zbek tili rivojlangan tillar qatoriga kirar ekan, uning leksikasi ichki va tashqi boyish manbalari hisobiga kundan-kunga boyib bormoqda. Xususan, hozirgi paytda tilimizning tashqi manba asosida boyishi faollashganini ta’kidlash joiz.
O‘zbek tiliga o‘zlashgan va o‘zlashish jarayoni sezilarli davom etayotgan o‘zlashmalar xususida fikr yuritganda, ular sirasidan inglizcha o‘zlashma so‘zlarning o‘rni ayni paytda ilmiy jihatdan o‘rganish uchun asosli deyish mumkin. Zeroki, hozirgi paytda butun dunyo muloqot tili sifatida tan olinayotgan ingliz tilining boshqa tillarga ta’sir darajasi sezilarlidir. “XX asr lotini” nomi bilan yuritilayotgan bu til nafaqat o‘zbek tili, balki dunyodagi ko‘plab tillarga so‘z berib, ularning leksikasini boyitayotgani ko‘pchilikka ma’lum. Shunga ko‘ra, quyida tilimizdagi inglizcha o‘zlashma so‘zlarning semantikasiga doir o‘zgarishlar xususida fikr yuritamiz.
Tilimizdagi o‘zlashma so‘zlar semantikasi o‘rganilsa, leksik ma’no taraqqiyotining natijasi sifatida ikki xil holat – leksik ma’no hajmining kengayishi yoki torayishi kuzatiladi.
Ma’no kengayishi ma’lum bir so‘zlar uchun tarixiy taraqqiyot jarayoni bo‘lib, leksik ma’noning avvalgisiga nisbatan kengroq voqelikni bildirishiga nisbatan ishlatiladi.
Inglizcha o‘zlashma hisoblangan dizayn leksemasi eski nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan o‘rin olmagan. Tilimizga o‘zlashish tarixi uzoq bo‘lmagan bu leksema, avvalo, chizmachilik, tasviriy san’at, arxitektura soha atamasi sifatidagina ishlatila boshlagan edi. Bu leksemaning qomusdagi maqolasi quyidagicha. Dizayn [inglizcha design – loyiha, chizma, rasm] – narsalar muhitini estetik va funksional sifatlarini shakllantirish maqsadiga qaratilgan loyihalash faoliyati turlarini ifodalovchi termin. Dizayn 20-asr boshlarida yuzaga kelib, 30-yilllarda maxsus faoliyat turi sifatida G‘arbiy Yevropa va AQShda shakllandi. Amerika Qoʻshma Shtatlari (AQSh, ingl. United States of America) - Shimoliy Amerikadagi mamlakat. Poytaxti - Vashington shahri, BMT aʼzosi. Amerika Qoʻshma Shtatlari Sharqdan Atlantika, gʻarbdan Tinch okeani, janubi-sharqdan Meksika qoʻltigʻi bilan oʻralgan. 80-yillar 2-yarmidan dizaynning faoliyat doirasi kengaydi1. Unga berilgan izohdan ma’lum bo‘ladiki, bu leksemaning hozirda keng planda ishlatilishi aniq ma’noning mavhum ma’noga o‘tishi bilan farqlanadi. Ya’ni chizmachilik, tasviriy san’at, arxitektura soha atamasi tushunchasidan tashqari badiiy faoliyat turi – estetik xususiyatlarga ega bo‘lgan narsalar, sanoat buyumlarini loyihalash, joylashtirish, jihozlash; badiiy jihatdan loyihalash, tashkil qilish kabi umumiy ma’nolarda ishlatilmoqda2. Shunga asoslanib, bu leksemani so‘z ma’nosining kengayishi hodisasiga uchragan til birligi sifatida aytib o‘tish mumkin. Bundan tashqari, bu leksemaga bevosita aloqador hisoblangan dizayner leksemasi ham hozirgi kunda ko‘p ma’nolilik kasb etayotgan so‘zlar sirasiga kiradi.
Reyting leksemasi 1981-yil nashr etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga kiritilmagan. Keyingi yillarda esa reyting [inglizcha raiting – baho, daraja] baho berishning ball sistemasiga asoslangan turini ifodalovchi tushuncha sifatida lug‘atlardan joy oldi. Bu leksemaning tilimizdagi iste’mol doirasi faollashuvi natijasida ta’lim tizimidagi atamadan sport, madaniyat va boshqa sohalarda erishilgan yutuqlar natijasini belgilovchi me’yor tushunchasi bildiruvchi leksema sifatidagi ma’nolari kengaydi. Buni yangi nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” misolida ko‘rishimiz mumkin. Unda reyting leksemasi quyidagicha izohlangan: 1 O‘quvchilar va talabalar bilimini nazorat qilish va baholash usuli va tizimi. Oliy ta’lim tizimida bakalavrlik va magistrlik bosqichlaridagi ta’lim tobora takomillashmoqda, talabalar bilimini baholashning reyting usuli keng joriy etilmoqda. 2 sport. Sportning ba’zi turlarida (masalan, shaxmatda) erishilgan yutuqlarning samaradorligi va nufuzini baholashda raqamlar bilan ifodalanadigan shaxsiy ko‘rsatkich. Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) milliy terma jamoalar uchun avgust oyi reyting jadvalini e’lon qildi. 3 Siyosat, madaniyat va boshqa sohalardagi taniqli arboblarning jamoatchilik fikrini o‘rganish yo‘li bilan aniqlanadigan mashhurlik darajasi. Mashg‘ulot olib boradigan o‘qituvchilarning ilmiy darajasi, reytingi, ish stajiga qarab, qo‘shimcha haq to‘lash joriy etildi1.
Ko‘rinadiki, ma’lum yillar ilgari monosemantik xususiyatga ega bo‘lgan reyting so‘zi tilimizga o‘rinlashib, faol so‘z sifatidagi qo‘llanishi natijasida hozirda polisemantik so‘z sifatida shakllangan.
Bunker leksemasi 1981-yil nashr etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da kombayn, paxta terish mashinasi va shu kabilarning yig‘ilgan narsa to‘planadigan qismi ma’nosida berilgan. Paxta terish mashinasining bunkerlari2. Yangi nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dan esa bu so‘zning ma’no jihatdan kengayganini kuzatish mumkin. Bunker [inglizcha bunker – ko‘mir solinadigan quti] 1 Kombayn, paxta terish mashinasi va shu kabilarning yig‘ilgan narsa kelib tushadigan, to‘planadigan qismi. So‘rib olingan paxta mashinadagi bochkasimon bunkerga kelib tushyapti. Bu yil Ergashev o‘z bunkeridan 100 tonna “oq oltin” terib to‘kdi. 2 Qum, shag‘al, sement, don, ko‘mir va shu kabi narsalarni qisqa muddat saqlash yoki tashishga mo‘ljallangan idish. 3 Mudofaa uchun mo‘ljallangan yer osti inshooti. Ular bunkerni qamal qilib, tobora yaqinlashib borardi3.
Ko‘rinadiki, bunker leksemasining qum, shag‘al, sement, don, ko‘mir va shu kabi narsalarni qisqa muddat saqlash yoki tashishga mo‘ljallangan idish sifatidagi 2-ma’nosi va mudofaa uchun mo‘ljallangan yer osti inshooti sifatidagi 3- ma’nolari hosila ma’nolar qatoriga kiradi.
Tilning leksik tarkibi jamiyatning siyosiy, madaniy va ma’naviy hayoti bilan bog‘liq ravishda takomillashib boradi. Jumladan, lug‘atlar ham jamiyatdagi siyosiy-ma’naviy qarashlarga mos holda yaratiladi. Yangi nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da biznes leksemasi [inglizcha businnes – ish, mashg‘ulot] daromad keltiradigan, foyda olish maqsadlari ko‘zlangan va qonunlarga xilof bo‘lmagan har qanday tashkiliy, xo‘jalik faoliyati; tijorat; ishbilarmonlik1 (Biznes, xo‘jalik yuritishi ko‘lamiga qarab, yirik, o‘rta va kichik turlarga bo‘linadi.) ma’nosida berilgan bo‘lsa, 1981-yil nashr etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da esa kapitalistik mamlakatlarda: shaxsiy boylik, foyda orttirishga qaratilgan ish2 (masalan, chayqovchilik, kommersiya, katta daromad keltiradigan korxona va shu kabi) ma’nosida keltirilgan.
Eski nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da fermer leksemasining kapitalistik mamlakatlarda: fermani ijaraga oluvchi kishi yoki ferma egasi ko‘rinishidagi ma’nosi ko‘rsatilgan. Yangi nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da esa fermer leksemasi [inglizcha farmer – fermer] o‘ziga qarashli yoki ijaraga uzoq muddatga olingan yerda ziroat, chorva, parranda mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi mayda yoki o‘rtacha qishloq xo‘jalik korxonasi egasi ko‘rinishida izohlangan. Fermerlarga atalgan yerlarni meros qilib qoldirish sharti bilan uzoq muddatga ijaraga olish huquqi mustahkamlanib qo‘yildi. O‘sha kuni... Ahmad Qodirov degan fermer ukamizni uchratib qoldim. Umuman olganda, biznes, fermer, savdogar kabi leksemalarning lug‘atlarda turlicha izohlanishi ularning tuzumga nisbatan yangi ifoda olishi bilan bog‘liq masaladir.
Lug‘atlarda shu til vakillarining ijtimoiy-siyosiy qarashlari aks etishi ko‘plab manbalarda qayd etiladi. Sobiq ittifoq mafkurasi bilan bog‘liq pioner [rKo‘ngilli bolalar kommunistik tashkilotining a’zosi. Pionerlar otryadi. 2 Biror ishni, narsani birinchi bo‘lib boshlagan, birinchi tekshirgan, kashf etgan, boshlab beruvchi ma’nosida ishlatilishi qayd e’tilgan3. Yangi nashrdagi O‘zbek tilining izohli lug‘atida esa fransuzcha o‘zlashma sifatida kiritilgan bo‘lib, пионер [фр. pionnier – boshlab beruvchi; tashabbuskor] 1 Fan, texnika, san’atda, umuman, tadqiq qilinmagan muayyan sohada yo‘l ochib, boshlab bergan kishi. Kosmosni o‘zlashtirish pionerlari. 2 tar. Sho‘rolar davrida (1922-1991-yillarda): bolalar pioner tashkilotining a’zosi4 ma’nolarida ishlatilgan. Ko‘rinadiki, bu o‘zlashmaning o‘zlashish manbasidan tashqari jamiyatdagi o‘zgarishlar hisobiga undagi semantik o‘zgarishlar ham ko‘zga tashlanganini kuzatish mumkin.
Ayrim so‘zlarni o‘zlashtirishda mutaxassislar so‘zlar imlosining differensiallash prinsipi bilan so‘z ma’nosini farqlashga harakat qilganlar. Eski nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da kolledj inglizcha so‘z sifatida Angliya va Amerikadagi oliy va o‘rta o‘quv yurti ma’nosida tavsiflangan bo‘lsa, kollej esa fransuzcha so‘z sifatida Fransiya, Belgiya va Shveytsariyadagi o‘rta o‘quv yurti ko‘rinishida izohlangan.
Yangi nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da kollej [ingl., fr. college – o‘rtoq, birodar; o‘quv yurti] leksemasi uch ma’noda 1 Buyuk Britaniya, AQSH va boshqa ba’zi mamlakatlarda: o‘rtadan oliygacha bo‘lgan turli xil o‘quv yurtlari. 2 Fransiya, Belgiya, Shveytsariya va boshqa ba’zi mamlakatlarda: o‘rta va to‘liqsiz o‘rta o‘quv yurti. 3 O‘zbekistonda: o‘rta maxsus kasb-hunar o‘quv yurti1. Ko‘rinadiki bu so‘zning ma’nolari ham izohli lug‘atning keyingi nashrida to‘ldirilgan holatda izohlangan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, eski nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da keltirilgan inglizcha kolledj so‘zi imlosi yangi nashrdagi lug‘atga kiritilmagan. Xulosa chiqarish mumkinki, kollej leksemasi turli davlatlarda turlicha o‘quv shakli sifatida qabul qilingan bo‘lsa-da, yagona imloga ega bo‘lgan kollej ko‘rinishidagi ko‘p ma’noli so‘z sifatida ifodalanishi lozim.
Polisemantik hodisa – bu nutq jarayoninig mahsuli ekan, o‘zlashma so‘zlarning “meva”si uning nutq jarayonidagi turlicha yondosh ma’no anglatishiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi o‘zlashma inglizcha so‘zlar kuzatilganda blok leksemasining 5 ma’nosi, blokada leksemasining 3 ma’nosi, detektiv, standart leksemalarining ot va sifat turkumiga xos 2 ma’nosi, dizayn leksemasining 2 ma’nosi, innovatsiya leksemasining 3 ma’nosi, kollej leksemasining 3 ma’nosi, monitor leksemasining 3 ma’nosi, park leksemasining 4 ma’nosi, reyting leksemasining 3 ma’nosi, terminal leksemasining 4 ma’nosi, test leksemasining 2 ma’nosi, xaker leksemasining 3 ma’nosi izohlangan. Bu kabi o‘zlashmalarning ko‘p ma’nolilik xususiyatini ko‘plab sanab o‘tish mumkin. Ko‘rinadiki, inglizcha leksemalarning o‘zlashish tarixi uzoq davrga borib taqalmaydi, biroq o‘zbek tili leksikasida allaqachon o‘zining taraqqiyot yo‘lini topib olgan deyish mumkin.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, o‘zbek tili leksikasidan o‘rin olgan inglizcha o‘zlashma so‘zlar semantikasidagi o‘zgarishlar sezilarli darajada bo‘lib, ular polisemantik xususiyatga ega bo‘lishdan tashqari, so‘z ma’nosining kengayishi, o‘zbekcha so‘z yasalishida faol qatnashishi kabi til hodisalarida yetakchi mavqe egallaydi.
2. O‘zlashma so‘zlarda leksik-semantik munosabatlar
Ma’lumki, jamiyat hayoti bilan birgalikda til ham rivojlanar ekan, bugungi kunda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy o‘zgarishlar leksikamizdagi so‘zlarning ma’noviy munosabatlari o‘rganilishini talab etyapti.
Bugungi kunda tilga tizim sifatida qaralayotgan bir paytda tilshunoslikda lisoniy birliklarning ma’noviy munosabati, ularning o‘zaro o‘xshash va farqli xususiyati masalasi ko‘pgina tilshunoslarni o‘ziga qiziqtirib qo‘ymoqda. O‘tgan asrimizning 40-90-yillarigacha so‘zlararo ma’noviy munosabatlar sinonimiya va antonimiya bilan chegaralanib qoldi. Sistem tahlil usuli asosida olib borilgan keyingi kuzatishlarda tilimizda ma’noviy munosabat rang-barang ekanligi oydinlashib, ularning graduonimiya, giponimiya, partonimiya, funksionimiya, iyerarxionimiya kabi turlari ham farqlandi. Shunga muvofiq ma’nodosh so‘zlar bilan darajalangan so‘zlar qatorini farqlash ham o‘quvchilar uchun bugungi kun talabidir.
Lug‘aviy ma’nodoshlik sememasi tarkibidagi atash va vazifa semalari bir xil, ifoda semalari har xil bo‘lgan, bir turdagi narsa-buyum, belgi-xususiyat, harakat-holatni ifodalovchi leksemalararo munosabatdir. Darajalanish esa umumiy atash semalari bir xil, lekin ma’lum bir semaning turli darajasini ifodalovchi leksemalardir. Bundan tashqari, ma’nodoshlik va darajalanish orasidagi ikkinchi farq shundaki, ma’nodoshlik qatoridagi leksemalar o‘zaro ifoda semalari bilan farqlansa, darajalanish qatorida bu shart bo‘lmaydi. Tilshunosligimizda darajalangan so‘zlarni maxsus o‘rgangan olima Sh.Orifjonova graduonimlarda lug‘aviy paradigma bir yetakchi (dominanta) atrofida birlashishini ta’kidlab, «darcha» va «darvoza» so‘zlarining ma’nosi «eshik» yetakchi so‘ziga nisbatan ochilishini qayd etadi va ularni darajalangan so‘zlar qatoriga kiritadi.
Leksik birliklar lisonda turli semantik munosabatlar asosida har xil paradigmalar hosil qilgan holda mavjud bo‘ladi. Sinonimik, antonimik, graduonimik, partonimik, giponimik munosabatlar ana shunday lisoniy munosabatlardir. Shulardan biri bo‘lgan sinonimiya tilning serqirraligini, boyligini ko‘rsatuvchi munosobatlardan biridir.
Shaklan har xil, ammo bir tushunchani turli bo‘yoq va ottenkalar bilan ifodalaydigan leksemalar sinonimlar hisoblanadi. Sinonim leksemalar orasidagi munosabat sinonimiya yoki sinonimik munosabat deyiladi.
Park [ingl. park < lot. parricus - ihota qilingan, o‘rab olingan joy] leksemasi rus tili orqali o‘zlashgan inglizcha o‘zlashmadir. Uning O‘zbek tilining izohli lug‘atida to‘rt ma’nosi keltirilgan bo‘lib, 1 Gulzor, daraxtzor va xiyobonlari bo‘lgan, dam olish, ko‘ngil ochish uchun moslashtirilgan katga bog‘. Park oqshomda yasan-tusan odamlar, rang-barang chiroqlar, xilma-xil ajoyibotlar bilan to‘lib, juda katta ko‘rinar ekan. P.Qodirov, Uch ildiz; 2 Transport vositalari (tramvay, avtobus, taksi kabilar) turadigan va ularga texnik xizmat ko‘rsatiladigan joy. Elmurod Muharram bilan xayrlashib, Xadraga kelganda, tramvaylar parkka kirib ketmoqda edi. Shuhrat, Shinelli yillar; 3 Xalq xo‘jaligi, sanoat tarmog‘i, korxona va shu kabilarga qarashli transport yoki ishlab chiqarish vositalari majmui. Otasi – traktor parki qorovuli. “Yoshlik”; 4 harb. Harbiy mashinalar va boshqa texnika vositalari saqlanadigan, ta’mirlanadigan hudud; shuningdek, harbiy mol-mulk saqlanadigan statsionar (ko‘chmas) yoki ko‘chma ombor. Artilleriya parki kabi misollar asosida izohlangan.
Zoopark leksemasi inglizcha o‘zlashma sifatida etimologik zоо park shaklida qo‘shma so‘zlik tabiatiga ega bo‘lib, hayvonot bog‘i leksemasiga sinonim bo‘ladi.
Sinonim leksemalar sememalaridagi atash va vazifa semalari aynan bir xil bo‘lib, ifoda semalari farqlanadi. Misol sifatida yuz-bet-aft-bashara-turq qatorini keltirish mumkin. Ma’nodoshlik qatoridagi mazkur leksemalarning barchasida atash semalari bir xil: «odam boshi old tomoni», «peshanadan iyakkacha». Ammo ifoda semalari har bir leksemada o‘ziga xos. Aniqrog‘i, «shaxsiy munosabat» har bir leksemada boshqa-boshqa namoyon bo‘lgan. U yuz leksemasida «shaxsiy betaraf munosabat» ko‘rinishda bo‘lsa, turq leksemasida «o‘ta kuchli shaxsiy salbiy munosabat» tarzidadir.
Ma’nodoshlik qatoridagi leksemalarning ifoda semalari turli-tumandir. Ulardan ayrimlari quyidagilar:
1) ijobiy yoki salbiy baho yoxud munosabat semalari;
2) leksemaning qo‘llanish davrini ko‘rsatuvchi semalar: «eskirgan», «yangi», «o‘ta yangi», «arxaik», «tarixiy».
3) leksemaning qo‘llanilish doirasini ko‘rsatuvchi semalar: «shevaga xos», «so‘zlashuvga xos», «kitobiy», «ko‘tarinkilik» va boshqalar.
Ma’nodoshlik qatoridagi leksemalarning bittasi dominanta (bosh) leksemasi bo‘lib, boshqalari shu leksema atrofida birlashadi, ma’nodoshlik qurshovi hosil qiladi. Dominanta leksemaning yuqorida sanalgan barcha ifoda semalari neytral, betaraf bo‘ladi.
Ma’nodoshlik qatoridagi dominanta leksemaning bir qancha o‘ziga xos xususiyatlari bor:
1. Dominanta leksemaning mazmuni boshqa leksemalarnikiga nisbatan «kambag‘al»roq bo‘ladi. Qiyoslaymiz: chiroyli, go‘zal va suluv. Ushbu qatordagi chiroyli leksemasida go‘zal va suluv leksemasidagi ko‘tarinkilik bo‘yog‘i yo‘q.
2. Dominanta leksemaning qo‘llanish doirasi va miqdori boshqa ma’nodoshlarnikiga nisbatan keng va ko‘p bo‘ladi.
3. Dominanta leksema belgilanmagan ifoda semasiga ega bo‘lganligi bois istalgan vaqtda o‘z ma’nodoshlarini almashtira oladi.
4. Ma’nodoshlik qatori mansub bo‘lgan katta tizimga faqat dominanta leksema kiradi. Masalan, «kishi tanasi a’zolari» lug‘aviy ma’noviy guruhiga yuz dominanta leksemasi kirib, quloq, burun, lab, qosh, peshona leksemalari bilan paradigma hosil qiladi. Boshqa ifoda semasi belgilangan leksemalar «betaraf» bo‘lolmaganligi bois yuqori paradigmaga kira olmaydi va ularning betaraf vakili bu huquqqa ega bo‘la oladi, xolos.
Ingliz tilidan o‘zlashgan biznes leksemasi O‘zbek tilining izohli lug‘atida [ingl. businnes – ish, mashg‘ulot] daromad keltiradigan, foyda olish maqsadlari ko‘zlangan va qonunlarga xilof bo‘lmagan har qanday tashkiliy, xo‘jalik faoliyati ma’nosida izohlangan. Bu leksemaning mustaqillikdan so‘ng qo‘llanilishi faollashdi. O‘z o‘rnida biznes leksemasi tijorat, savdo so‘zlariga ma’nodoshlik munosabatida bo‘lsa, polisemantik xususiyatiga ko‘ra ishbilarmonlik leksemasi bilan ham sinonimik munosabatda bo‘ladi. Shunga muvofiq inglizcha qo‘shma so‘z hisoblangan biznesmen [ingl. businnessman – biznes bilan shug‘ullanuvchi shaxs], ishbilarmon, tadbirkor leksemalari bilan ko‘p hollarda erkin almashinish xususiyatiga egadir.
Blokada [blockade – qamal; qurshamoq] harbiy sohaga oid so‘z bo‘lib, “O‘zbek tilining izohli lug’ati”da Dushman egallab turgan hududning ayrim qismini yoki hammasini qurshab olish, qamal qilish ma’nosiga ega. Uning eski kitobiy uslubga xos muhosara, shuningdek, qamal, qurshov so‘zlari bilan ma’nodoshligini kuzatish mumkin.
Ma’nodoshlik paradigmasi doimo ochiq bo‘ladi. Jamiyat, davr talabi asosida keraksizlari iste’moldan chiqib, qator yangilari bilan boyib boraveradi. Nutqda ma’nodoshlik qatorlari nutqning atash birliklari, iboralar, mustaqil leksema sememalarining turlari, yasama so‘zlar, so‘z birikmalari, nutqiy ko‘chma so‘zlar bilan to‘lib, kengayib boradi. Bular konteksual sinonimlar sifatida nutqning go‘zalligi va boyligini ta’minlovchi bebaho vosita sanaladi.
Mustaqillikdan so‘ng tilimizga, xususan, inglizcha so‘zlarning o‘zlashishi kuchaydi, ayrimlarining esa ishlatilish o‘rni faollashdi. Broker [ingl. broker – o‘rtada turib vositachilik qiluvchi, dallol, makler] leksemasi lug‘atimizda tovar, valyuta, savdo birjalarida oldi-sotdi bitimlari tuzishda vositachilik (dallollik) qiladigan ayrim shaxs yoki firma ma’nosida o‘rinlashgan. Shuningdek, uning dallol, vositachi leksemalari bilan ma’nodoshlik kasb etishi tabiiy hol.
Sinonimiya va ko‘p ma’nolilik munosabati ham xarakterlidir. Ko‘p ma’noli so‘z har bir ma’nosi bilan boshqaboshqa sinonimik qatorda bo‘lishi mumkin.
Detektiv [ingl. detective < lot. detectio - ochish, fosh qilish; aniqlash] leksemasining tilimizga ot va sifat so‘z turkumlariga xos semalar bilan o‘zlashganini kuzatish mumkin. Ot so‘z turkumi sifatida jinoiy ishlarni qidirish, ochish bo‘yicha mutaxassis; politsiyaning yashirin ayg‘oqchisi: josus yoki izquvar leksemalari bilan alohida-alohida ma’nodoshlik kasb etsa, sifatlik xususiyatiga ko‘ra josuslar, yashirin ayg‘oqchilar, izquvarlar hayoti, sarguzashtlari, murakkab jinoyatlarning ochilishi haqida hikoya qiluvchi (badiiy asar yoki film) ma’nosida belgi ifodalaydi. Detektiv leksemasi semalarining ikki so‘z turkumiga moyilligi sifatida izohlanishi bu so‘zning leksikamizda keng planda ishlatilishi bilan belgilanadi.
Golkiper [ingl. goal-keeper – saqlovchi] leksemasi futbol, xokkey kabi o‘yinlardagi darvozabon leksemasi bilan sinoninimik munosabatda bo‘ladi.
Dispetcher [ingl. dispatch - tez bajaraman] kasb-hunarga oid leksika bo‘lib, transport vositalari harakatini yoki korxonadagi ish jarayonini xabar berish qurilmalari va aloqa vositalari: telefon, radiotelefon, signalizatsiya, faks va televizion uskunalar, kompyuter va shu kabilar orqali bitta markazdan, bir joydan turib nazorat qiluvchi va boshqarib turuvchi xodim ma’nosida ishlatilsa, ko‘chma ma’noda esa dispetcher, tashkilotchi sinonimik qatorini hosil qiladi.
O‘zbek tilidagi o‘z va o‘zlashma qatlam so‘zlari materiallariga e’tibor qilsak, tilda sinonimlar quyidagi yo‘llar bilan paydo bo‘lishini kuzatamiz:
- bir tildan ikkinchi tilga so‘z o‘tishi natijasida: manglay, peshona; kuch, quvvat; josus, agent;
- mahalliy shevalardan so‘z olish natijasida: do‘ppi, kalapo‘sh; buzoq, go‘sala;
- so‘z yasalishi yo‘li bilan sinonim hosil qilish, ya’ni yasama so‘z tub so‘z bilan: his, sezgi; savol, so‘roq; vazifa, topshiriq;
- so‘zning yangi ma’no kasb etishi bilan: o‘rin so‘zi joy va lavozim ma’nosida.
Gangster [ingl. gangster – bandit] leksemasini uyushgan jinoyatchilar guruhining ishtirokchisi ma’nosida bosqinchi, bandit leksemalari bilan ma’nodoshligi kuzatiladi.
Zombi [ingl. zombi(e) < afrika tillaridan: muqaddas ilon; afsun, jodugarlik bilan tiriltirilgan murda] leksemasi begona kimsaning ta’sir ko‘rsatishi (kuchli uyqu dorilar, narkotiklar, ong-fikrni xiralashtiruvchi preparatlar, gipnoz va boshqa ruhiy vositalar ta’siri) yordamida birovning buyrug‘iga, xohish-irodasiga so‘zsiz bo‘ysunadigan, mustaqil fikrlay olmaydigan, o‘z shaxsi va erkiga ega bo‘lmagan kishi, aniqrog‘i, manqurt leksemasiga ma’nodosh deb hisoblash mumkin.
Interfaol leksemasi ham kalka usulida so‘z o‘zlashtirish usuli bo‘lib, tilimizda o‘z manbasi bo‘lgan interaktiv [ingl. interactive] leksemasi bilan erkin so‘z almashinish xususiyatiga ega. Tilimizda informatsiyani, axborotlarni kompyuter tarmog‘i orqali qabul qilish yoki uzatishga asoslanganlik atash ma’nosini ifodalaydi.
Oromgoh [forscha daxma, maqbara;Maqbara (arab, marqad, turbat) - biror mayitning jasadi joylashgan meʼmoriy inshoot yoki tosh tobut (daxma, sagʻana). M. usti qubbali chortoqli bino boʻlib, ramziy gʻoyalarni oʻzida ifodalagan. Chortoq - yer kurrasini ifoda etuvchi barqaror shakl, qubba - osmon gumbazi ramzi, bular birgalikda Koinotni anglatgan. dam, orom olish xonasi] leksemasi kishilar dam oladigan, rohat qiladigan joy; maktab o‘quvchilarining yozgi ta’tilda dam olishi uchun qurilgan joy kabi ko‘p ma’nolilik xususiyatiga ega. Shunga yaqin bo‘lgan kemping [ingl. camping < camp – lager bo‘lib joylashmoq] leksemasi avtosayohatchilar uchun qurilgan, chodirlar, kichik uychalari hamda avtomobilga texnik xizmat ko‘rsatadigan joylari bo‘lgan yozgi oromgoh ma’nosini ifodalaydi va ayrim o‘rinlarda bu leksema bilan sinonimik munosabatda bo‘lishi mumkin.
Layner [ingl. liner < line – chiziq, yo‘l] leksemasining tilimizdagi birinchi ma’nosi muayyan bir yo‘ldan qatnab, yuk yoki yo‘lovchi tashiydigan katta tezyurar kema sifatida izohlanadi. Uning ikkinchi ma’nosi esa uzoq masofaga ma’lum yo‘nalishda katta tezlikda uchuvchi ko‘p o‘rinli yo‘lovchi samolyoti tushunchasi teng keladi va leksema bilan sinonimik munosabatda bo‘ladi. Odatda bunday o‘rinlarda u havo layneri moslashuv ko‘rinishidagi birikma sifatida ishlatiladi.
Lider [ingl. leader – yetakchi, boshliq, rahbar] leksemasi biror siyosiy partiya yoki tashkilotning asosiy a’zosi ma’nosida yo‘lboshchi, rahbar leksemalariga sinonim bo‘lsa, polisemantik xususiyatiga ko‘ra boshqa ma’nosi bilan sport musobaqalarida oldinda boruvchi shaxs yoki jamoa ma’nosini ifodalaydi. Okkozional xususiyatga ko‘ra yetakchi, peshqadam leksemalari bilan ham ma’nodosh bo‘la oladi.
Metodist [ingl. methodists < юн. methodos] leksemasi rus tili orqali o‘zlashgan inglizcha o‘zlashma bo‘lib, metodika mutaxassisi tushunchasini ifodalaydi. Matnda uslubchi leksemasi bilan erkin almashinish xususiyatiga ega.
Otel [fr. hotel – hashamatli uy, bino] leksemasi fransuzcha bo‘lib, mehmonxonaning xalqaro nomi sifatida ishlatiladi. Biroq u bilan uyadosh bo‘lgan мотель [ingl. motel < motor - avtomobil hotel – mehmonxona] leksemasi inglizcha olinma sifatida avtosayyohlar uchun mo‘ljallangan, bir qator xizmat turlariga (texnik xizmat ko‘rsatish va yonilg‘i quyish stansiyalari, garajlar, to‘xtash joylari va boshqalarga) ega bo‘lgan mehmonxona tushunchasini ifodalaydi. Ko‘rinadiki, otel, motel va mehmonxona leksemalari nutqiy sinonimik xarakterga ega.
Tilimizga etimologiyasi inglizcha press – matbuot, bosish lug‘aviy ma’nosi bilan bog‘liq bir necha rus tili orqali o‘zlashgan juft so‘zlar bor. Masalan, press-byuro [ingl. press-bureau < fr.] o‘z muqobili bo‘lgan matbuot byurosiga, press-konferensiya [ingl. press-conference < fr.] matbuot konferensiyasi leksemasi bilan press-sekretar [ingl. presse-secretary] leksemasi esa prezident yoki bosh vazirning matbuot bo‘yicha kotibi ma’nosida matbuot kotibi leksemasi bilan erkin almashinish xususiyatiga ega. Biroq hozirda press-byuro, press-konferensiya, press-sekretar leksemalarining qo‘llanilishi o‘z muqobillariga nisbatan passivlashgan.
Ko‘rinib turibdiki, sinonimlarning material asoslari turlicha bo‘lib, ular umumiy ma’nolari asosida o‘zaro bog‘lanadilar. Har bir sinonim so‘z ma’no ottenkalariga ko‘ra farqlanadi. Shuning uchun ham ularning ba’zilarini ikkinchisining o‘rnida ishlatib bo‘lmaydi.
Og‘zaki va yozma nutqda sinonimlarning amaliy ahamiyati katta. Sinonimlar so‘zni o‘rinsiz takror ishlatishga yo‘l qo‘ymaydi, uslubning ravonligini ta’minlaydi.
Reyting [ingl. rating – baho, daraja] leksemasining lug‘atda uch ma’nosi qayd etilgan: 1 O‘quvchilar va talabalar bilimini nazorat qilish va baholash usuli va tizimi; 2 Sport sohasida sportning ba’zi turlarida (masalan, shaxmatda) erishilgan yutuqlarning samaradorligi va nufuzini baholashda raqamlar bilan ifodalanadigan shaxsiy ko‘rsatkich; 3 Siyosat, madaniyat va boshqa sohalardagi taniqli arboblarning jamoatchilik fikrini o‘rganish yo‘li bilan aniqlanadigan mashhurlik darajasi. Bu leksema nufuz, obro‘, maqom shuningdek, o‘rni bilan status leksemalari bilan ham ma’nodoshlik munosabatiga kirishadi.
Reportyor [ingl. reporter] leksemasi tilimizga arab tilidan o‘zlashgan muxbir leksemasi bilan erkin almashish xususiyatiga ega.
Referi [ingl. referee < lot. refero – xabar qilaman] leksemasi sport musobaqalari (masalan, futbol, kurash, boks, tennis kabilar)ni o‘tkazuvchi hakam, sudya leksemalari bilan ma’nodosh bo‘lsa ham, hakamlikning xalqaro nomlaridan biri hisoblanadi.Kurash - sport turi, belgilangan qoidaga muvofiq ikki sportchining yakkama-yakka olishuvi. Kurashish sanʼati koʻp xalqlarda qadim zamonlardan buyon maʼlum. K. ayniqsa Yunonistonda keng tarqalib, qad. olimpiada musobaqalaridan doimiy oʻrin olib kelgan.
Etimologik asosi yapon tiliga mansub bo‘lgan riksha [ingl. ricksha – yap. dzinrikisya < dzin – odam riki – kuch sya – arava] leksemasi leksikamizga ingliz tilidan o‘zlashgan bo‘lib, Sharqiy va Janubiy Osiyoning ayrim mamlakatlarida odam tortib yuradigan, odam va yuk tashuvchi ikki g‘ildirakli qo‘larava va shunday aravani tortib yuruvchi kishi, hammol leksemasiga sinonim hisoblanadi.
Sayt [ingl. site – o‘rin, joy] leksemasi hozirda faol leksemadir. Internetda muayyan mavzu yo‘nalishi bo‘yicha to‘plangan va shakllantirilgan, doimo yangilanib, to‘ldirib boriladigan, o‘z nomi (sarlavhasi)ga ega bo‘lgan ma’lumotlar yig‘indisi ma’nosida ishlatiladi, o‘rni bilan elektron sahifa leksemasi bilan ma’nodoshlik hosil qiladi.
Ingliz tilidan o‘zlashgan leksema orasida sifat turkumiga mansubi ham o‘rni bilan uchrab turadi. Sentimental [ingl. sentimental < fr. sentiment – his-tuyg‘u < lot. sentire – sezmoq, his qilmoq] leksemasi ko‘p ma’noli so‘z sifatida ko‘ngli bo‘sh, ko‘ngilchanlik tushunchasini ifodalaydi va ko‘ngilchan, ta’sirchan leksemalari bilan ma’nodoshlik hosil qiladi.
Skver [ingl. square – to‘rtburchak maydon < lot. exquadrare – to‘rtburchak qilib qirqmoq] leksemasi ikki tomoniga qator daraxt, buta va gullar o‘tqazilgan yo‘l yoki yo‘lka, sayrgoh ma’nosida forscha xiyobon, nutqiy holatda fransuzcha bulvar [fr. boulevard – shahar devori; ikki tomonlama harakatli ko‘cha o‘rtasidagi keng xiyobon] leksemasiga sinonim hisoblanadi.
Homiy arabcha bo‘lib, ingliz tilidan o‘zlashgan sponsor [ingl. sponsor < lot. spondeo – kafil bo‘laman, kafolat beraman] leksemasiga qaraganda ko‘p asrlik tarixga ega. Biroq sponsor leksemasi ham qisqa muddat ichida o‘zbek tili leksikasida o‘z o‘rnini topib ulgurdi.
Bizga ma’lumki, tilimizda tovush tomoni bir xil bo'lib, turlicha ma'nolarni ifodalovchi so'zlar va qo'shimchalar shakldoshlar (omonimlar) hisoblanadi. Shakldoshlik leksemalar, morfema (qo‘shimcha)lar va frazeologik birliklar orasida ham mavjud. Keys [ingl. case – portfel] leksemasi diplomatga o‘xshash yapasqi qattiq portfel ma’nosida bo‘lib, zamonaviy pedagogik texnologiyada qo‘llanayotgan keys (keys-stadi) leksemasiga omonim hisoblanadi. Bu ikki leksemaning ham o‘zlashish va olinish manbasi bir bo‘lsa-da, o‘zlashishiga ko‘ra makon va zamon jihatidan o‘ziga xos farqlarga ega. O‘quv vaziyat tushunchasini ifodalovchi keys (keys-stadi inglizcha sase – yig‘ma, aniq, amaliy holat, stadi-o‘quv) o‘quv uslubi bo‘lib, u tashkilot, shaxslar guruhi yoki alohida shaxslar hayotidan olingan real vaziyat yoki talabalarni muammoni aniqlash va uni maqsadga muvofiq yechish variantlarini qidirishga yo‘naltiruvchi, tashkiliy hayotda vujudga keladigan muammolarni aks ettiruvchi yasama (sun’iy) vaziyatga asoslanadi1. Uslub - tilning inson faoliyatining muayyan sohasi bilan bogʻliq vazifalariga koʻra ajratilishi. Kishilar faoliyatning barcha sohalarida aloqa qilish jarayonida tildagi leksik, frazeologik, grammatik va fonetik vositalarni tanlash va ishlatishda birbirlaridan maʼlum darajada farq qiladilar.
Leksik (lug'aviy) omonimlar nutq jarayonida, ayniqsa, so’z o’yinida so’zlovchining nutqiy mahoratini ko’rsatish uchun imkoniyat yaratadi.
O‘zbek tiliga o‘zlashgan inglizcha o‘zlashma leksemalar orasida omonim leksemalar ham o‘ziga xos. Ular sirasiga bar, boks, boks, boks, jaz, kart, logistika, pas, reyd, pom, standart, tanketka, tender, tik, fen kabi leksemalarni kiritish mumkin.
Zid ma'nolilik sinonimlar singari o'zaro so'z va qo'shimchalarga ham xos. Leksemalar orasidagi zidlik leksik (lug'aviy) antonim, morfemalar orasidagi zidlik esa affiksal antonimlar hisoblanadi.
Import [ingl. import < lot. importare – kiritmoq; olib kirmoq] leksemasi iqtisod sohasida ichki bozorda sotish yoki uchinchi bir davlatga tranzit qilish uchun mamlakatga chet ellardan tovarlar, xizmatlar, qimmatli qog‘ozlar va boshqalar olib kirish ma’nosiga ega bo‘lib, unga teskari ma’no ifodalovchi eksport [ingl. export < lot. exportare – chetga (tashqi bozorga) chiqarmoq] leksemasi bilan antonimik munosabatga kirishadi.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida keltirilishicha, menejerlar [ingl. manager – boshqaruvchi] leksemasi shu ko‘rinishda bo‘lib, korxona va kompaniya egalari bo‘lmagan, maxsus tayyorgarlik ko‘rgan malakali yollanma boshqaruvchilar ma’nosini ifodalaydi. Matnlar tarkibida kelgan menejer va ish boshqaruvchi leksemalari o‘zaro erkin almashinish xususiyatiga ega va sinonim hisoblanadi.
Sinonimiya va antonimiya hodisasi nutqda fikrimizni ta'sirli ifodalashda xizmat qiladi. Ayniqsa, badiiy adabiyotda ijodkorlar bundan o’rinli foydalanishadi.
Tilshunos olim Sh.Rahmatullayevning fikricha, leksik arxaizm o‘z mohiyatiga ko‘ra ikki guruhni tashkil qiladi:
a) leksema yaxlitligicha arxaizm bo‘ladi. Buni arxaizm-leksema deb nomlash mumkin: sas- (G‘afur G‘ulom, "Avval o‘qi"), yit- (G‘afur G‘ulom, "Biz tinchlik istaymiz"), zamla- (G‘afur G‘ulom, "Ozarbayjonlik paxtakor qardoshlarga") kabi.
b) leksema emas, balki uning sememalaridan biri arxaizm bo‘ladi. Buni arxaizm-semema deb nomlash mumkin: tik- (“ek-“ ma'nosida - G‘afur G‘ulom, "Тerimchi qizlarga") kabi.
Leksik arxaizmning har ikki turi leksik ma'noga asoslanadi. Shunga ko‘ra arxaizmning bu turlarini "leksik arxaizm", "semantik arxaizm" deb nomlash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Arxaizm-leksema monosemem leksemaning eskirishi natijasida, arxaizm-semema esa polisemem leksemaga xos sememalardan birining eskirishi natijasida yuzaga keladi. Har ikki turdagi arxaizmning voqe bo‘lishi tilning o‘z taraqqiyot yo‘li bilan bog‘liq. Arxaizm-sememaga nisbatan arxaizm-leksema ko‘p bo‘ladi1.
Kompakt-disk [ingl. compact-disk] leksemasi diametri uncha katta bo‘lmagan, doimiy, o‘chmaydigan tovush signallari (musiqa, qo‘shiq, matn va boshqalar) yozib olingan optik disk sifatida izohlanadi.
Leksik sath tez o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega. Disketa [ingl. diskette – kichik disk] texnika sohasiga oid bu leksema kompyuterning tashqi ma’lumotlar saqlanadigan, almashinuvchi yassi qurilmasi; egiluvchan magnit diskli kasseta sifatida izohlangan bo‘lib, hozirgi vaqtda arxaik xarakterga ega.
Trest [ingl. trust – ishonch] leksemasi izohli lug‘atda quyidagicha izohlangan: iqt. 1 Monopoliya shakllaridan biri – tadbirkorlar (firmalar) ning iqtisodiy birlashmasi; bunda ishtirokchilar o‘zlarining avvalgi ishlab chiqarish, tijorat va yuridik mustaqilligini to‘la yo‘qotib, yagona boshqaruvga bo‘ysunadilar. 2 esk. Sobiq ittifoq mamlakatlarida: mahsulotlarning bir turdaligi yoki xomashyoga ishlov berish bosqichlari bo‘yicha o‘zaro bog‘langan korxonalar birlashmasi. Ko‘rinadiki, leksemaning ikkinchi ma’nosi eskirgan bo‘lib, yuqoridagi nazariy ma’lumotlarni tasdiqlaydi.
Reyd I [ingl. raid – yopirilib kelish, bosib kelish < nem. bereit – tayyor, shay] leksemasi ham rus tili orqali o‘zlashgan bo‘lib, hozirgi kunda ishlatilish o‘rni kengaygandir. Lug‘atda 1 Davlat yoki jamoat tashkilotlari, matbuot organlari topshirig‘iga muvofiq muayyan obyektlarni, korxona va shu kabilar faoliyatini to‘satdan tekshirish; 2 Harbiy sohada dushmanning bazalariga, shtab va boshqa obyektlariga qarshi jangovar ish olib borish maqsadida harakatdagi harbiy yoki partizan otryadlarining dushmanning orqa tomoniga o‘tishi ma’nolari ko‘rsatilgan.
BOB BO‘YICHA XULOSA
Mustaqillikkacha bo‘lgan so‘z o‘zlashish jarayonida ayrim leksemalarning tilimizga rus tilining fonetik, leksik, morfologik yoki sintaktik hodisalariga moslashgan holda o‘zbek tili leksikasiga o‘zlashganini kuzatish mumkin. Trenirovka leksemasi ham shu hodisa mahsuli bo‘lib, ma’lum sifat-xususiyatlarga ega bo‘lish yoki ularni saqlab qolish uchun muntazam ravishda amalga oshiriladigan mashqlar, mashg‘ulotlar tushunchasini ifodalaydi. Bu leksemaning asl varianti mustaqillikdan so‘ng trening shaklida o‘zlashtirildi.
Trening leksemasining faollashganini hozirgi paytda turli vaqtli matbuot sahifalarida ham kuzatish mumkin. Bu leksema seminar-trening, o‘quv-trening leksemalari tarkibida ham uchrab turadi. O‘zlashish tarixi bo‘lmagan bu leksema ingliz tilida keng ma’noda ishlatilsa-da, hozirda tilimizda ko‘proq o‘quv sohasiga xoslangan holda qo‘llanmoqda.
Leksik sath tez o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega. Ijtimoiy hayotimizdagi o’zgarishlar sabab trest leksemasining izohli lug‘atda ko’rsatilgan sobiq ittifoq mamlakatlarida mahsulotlarning bir turdaligi yoki xomashyoga ishlov berish bosqichlari bo‘yicha o‘zaro bog‘langan korxonalar birlashmasi tarzidagi ikkinchi ma’nosi eskirgan.
Tilning leksik tarkibi jamiyatning siyosiy, madaniy va ma’naviy hayoti bilan bog‘liq ravishda takomillashib boradi. Lug‘atlar ham jamiyatdagi siyosiy-ma’naviy qarashlarga mos holda yaratiladi. Eski va yangi nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” dagi biznes, fermer, savdogar leksemalariga berilgan izohlar qiyoslanganda yangi nashrdagi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da bu birliklarning tuzumga nisbatan xolisona va yangicha ifoda olgani ma’lum bo’ladi.
Polisemantik hodisa – bu nutq jarayoninig mahsuli ekan, o‘zlashma so‘zlarning “meva”si uning nutq jarayonidagi turlicha yondosh ma’no anglatishiga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi o‘zlashma inglizcha so‘zlar kuzatilganda blok leksemasining 5 ma’nosi, blokada leksemasining 3 ma’nosi, detektiv, standart leksemalarining ot va sifat turkumiga xos 2 ma’nosi, dizayn leksemasining 2 ma’nosi, innovatsiya leksemasining 3 ma’nosi, kollej leksemasining 3 ma’nosi, monitor leksemasining 3 ma’nosi, park leksemasining 4 ma’nosi, reyting leksemasining 3 ma’nosi, terminal leksemasining 4 ma’nosi, test leksemasining 2 ma’nosi, xaker leksemasining 3 ma’nosi izohlangan. Bu kabi o‘zlashmalarning ko‘p ma’nolilik xususiyatini ko‘plab sanab o‘tish mumkin. Ko‘rinadiki, inglizcha leksemalarning o‘zlashish tarixi uzoq davrga borib taqalmaydi, biroq o‘zbek tili leksikasida allaqachon o‘zining taraqqiyot yo‘lini topib olgan deyish mumkin.
|