Ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar ta’sirchanligini oshirish
Ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar ta’sirchanligini oshirish bo‘yicha
quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
talaba-yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga
qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni
amaliyotga tatbiq etish, jumladan talaba-yoshlarni madaniyat va san’at, jismoniy
tarbiya va sportga jalb qilish, ularning kompyuter va internet texnologiyalaridan
foydalanish savodxonligini oshirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, talaba-
qizlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish;
oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu
borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish,
yoshlarning intellektual salohiyati, tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish,
mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, vatanparvarlik, xalq manfaatlari uchun
xizmat qilish tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlod sifatida tarbiyalashga
qaratilgan talaba-yoshlarning ma’naviy-axloqiy ongini rivojlantirish konsepsiyasini
ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish;
davlat va jamiyat oldida turgan muhim vazifalarni hal etishda mas’uliyatni o‘z
zimmasiga olishga qodir, yurtparvar, tashabbuskor, zamonaviy bilim va
ko‘nikmalarni o‘zlashtirgan, insoniy fazilatlarga ega yoshlarni professional kasb
egasi sifatida tayyorlash, bu borada yangicha yondashuvlarni talab etadigan ta’lim-
tarbiya usullaridan foydalanish;
oliy ta’lim muassasalarida sportni qadriyat sifatida rivojlantirish, talabalar
o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab
chiqish va amalga oshirish;
yoshlarning qonun hujjatlari mazmun-mohiyatidan xabardorligi, huquqiy ongi
va madaniyatini rivojlantirish, ularda sog‘lom turmush tarziga rioya etish, inson
huquqlari, gender tengligi, tinchlikparvarlik va millatlararo totuvlik, vijdon erkinligi,
barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish kabi
umuminsoniy qadriyatlar bilan birga milliy-axloqiy qadriyatlarni kamol toptirish,
ijtimoiy-siyosiy
va
iqtisodiy
faollik,
mustahkam
fuqarolik
pozitsiyasini
shakllantirish;
imkoniyati cheklangan talabalarning ijtimoiy moslashuvi uchun keng sharoitlar
yaratish, inklyuzivlik g‘oyalarini targ‘ib qilish;
yoshlar tarbiyasida ota-onalar, mahallalar va oliy ta’lim muassasalari
hamkorligini tizimli tashkil etish;
oliy ta’lim muassasalarida sotsiologik va pedagogik-psixologik xizmat
guruhlari ishini takomillashtirib borish, talaba-yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash,
oilani mustahkamlash borasidagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish;
talaba-yoshlarni hunar o‘rganish, yangi bilim egallash, o‘z ustida ishlash,
zamonaviy
texnologiya
yutuqlaridan
maqsadli
foydalanish,
tadbirkorlik
ko‘nikmalarini shakllantirishga undash orqali ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli
o‘tkazish uchun ta’lim muassasalarida shart-sharoitlar yaratish;
talaba-yoshlarni turli axborot xurujlari, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishi, ular
tomonidan ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etilishi holatlarining oldini olish,
Vatanimiz istiqboli yo‘lida birlashtirish maqsadida ta’lim-tarbiyaning ta’sirchan
usullari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish,
ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda ularning qiziqishini e’tiborga olish va
tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash;
"Maktab - ma’naviyat va ma’rifat o‘chog‘i" konsepsiyasi doirasida oliy ta’lim
muassasalarining umumta’lim maktablari bilan o‘quvchi-yoshlarni ma’naviy-
ma’rifiy dunyoqarashini shakllantirish, huquqiy savodxonligini oshirish, kasbga
yo‘naltirish va mustaqil hayotga tayyorlash kabi masalalarda mentorlik modeli
asosida hamkorligini rivojlantirish.
Yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga kadrlar buyurtmachilarini
faol jalb etish borasida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining o‘ziga xosligidan kelib chiqib,
o‘quv rejalari va dasturlari mazmuni hamda mutaxassislik fanlari bo‘yicha soatlar
taqsimotini kadrlar buyurtmachilari bilan hamkorlikda fan va texnologiyalarning
so‘nggi yutuqlari asosida shakllantirish;
bitiruv-malakaviy ishlar, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari mavzularini
iqtisodiyotning real sektori, shuningdek hududiy (viloyat, tuman, shahar, mahalla,
hududiy obyekt) muammolardan kelib chiqib shakllantirish hamda mavzularni tor
qamrovda chuqur tadqiq qilishga o‘tish;
oliy ta’lim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari aloqalarini
mustahkamlash hamda klaster usulida faoliyat yuritishini tashkil etish;
ishlab chiqarish rivojlangan hududlar va iqtisodiy zonalarda oliy ta’lim
muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
talabalarning tegishli soha bo‘yicha ishlab chiqarish korxonalari va
tashkilotlarda ta’lim jarayonidan tashqari vaqtda mehnat faoliyati olib borishlariga
shart-sharoit yaratish;
ilmiy-texnik buyurtma va grantlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishda mavjud
muammolarga yangicha yechim topish, tajribali amaliyotchilarni o‘quv jarayoniga
faol jalb qilish, ta’limda ishlab chiqarish infratuzilmasi va amaliy misollardan keng
foydalanish kabi yo‘nalishlarda oliy ta’lim muassasalarining ishlab chiqarish
korxonalari, tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro manfaatli
hamkorligini ta’minlash;
ishlab chiqarish korxonalarida mutaxassislik kafedralari filiallari, oliy ta’lim
muassasalari huzurida ishlab chiqarish korxonalari tarkibiy bo‘linmalarini,
texnoparklar, biznes inkubatorlar, kovorking markazlari faoliyatini tashkil etish,
texnologiyalar transferini amalga oshirish orqali ta’limning ishlab chiqarish bilan
samarali hamkorligini rag‘batlantirish;
pedagog xodimlarning ishlab chiqarish jarayonida malaka oshirish tizimini joriy
etish, shuningdek ishlab chiqarishda katta tajribaga ega, biroq ilmiy darajasi
bo‘lmagan mutaxassislarni ta’lim jarayoniga, jumladan taklif etilgan va faxriy
o‘qituvchi sifatida jalb etishning ta’sirchan mexanizmlarini amaliyotga tatbiq etish,
bunda ushbu mutaxassislarni muayyan sohadagi stajiga muvofiq tegishli
lavozimlarga ishga qabul qilish;
ishlab chiqarish korxonalarida dars mashg‘ulotlari va talabalar amaliyotini
samarali tashkil etish tartibini takomillashtirish, bunda amaliy ko‘nikmalarni
tasdiqlovchi sertifikatlar berish tizimini joriy etish;
kadrlar buyurtmachilari murojaati asosida oliy ta’lim muassasalari bazasida
ishlab chiqarishdan tajribali amaliyotchilarni jalb etish yo‘li bilan maqsadli ta’lim
dasturlari, professional malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari, treninglar
tashkil etish mexanizmlarini yaratish;
oliy ta’lim muassasalari tuzilmasini isloh qilish asosida faoliyati talabalar
amaliyoti va ishga joylashishiga har tomonlama ko‘maklashish, potensial ish
beruvchilar ro‘yxatini shakllantirib borish va hamkorlik qilish, shuningdek avvalgi
bitiruvchilar salohiyatidan unumli foydalanishga qaratilgan "Karyera markazlari"ni
tashkil etish;
oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bilim hamda ko‘nikmalarini
baholovchi markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;
ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini tijoratlashtirish kabi
masalalarda kadrlar buyurtmachilari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta’lim
muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, biznes
inkubatorlar va venchur moliyalashtirish faoliyatini rivojlantirish, mazkur
masalalarda tegishli meyoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirib borish;
doktorlik dissertatsiyalari ilmiy natijalarining amaliyotga tezkor joriy etilishini
ta’minlash, yoshlarning ilmiy faoliyatga qiziqishlarini oshirish va rag‘batlantirish,
ilmiy faoliyat nufuzini ko‘tarish maqsadida doktorlik (tayanch doktorlik) ilmiy
darajasini beradigan binar (ikkitalik) himoyalar tizimini joriy etish;
fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar tanlovlarida ilmiy natijalarning
tijoratlashtirilishi, ularning amaliyotga joriy etilishi muddatidan kelib chiqqan holda
grantlar miqdori va davomiyligini belgilash;
vasiylik kengashlari tarkibini kadrlar buyurtmachilari, yirik ish beruvchilar,
jamoat arboblari va tegishli sohada katta yutuqlarga erishgan tadbirkorlar hisobidan
shakllantirish;
bitiruvchilar malakasining ishlab chiqarish talablariga mos kelishini aniqlash,
kadrlar tayyorlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf qilish
maqsadida har yili respublika miqyosida kadrlar buyurtmachilari o‘rtasida milliy
so‘rovlar o‘tkazish an’anasini yo‘lga qo‘yish.
|